Avvallari “Suvday serob boʻl” degan niyatni koʻp bor eshitganmiz. “Suvga tupurma, isrof qilma”, degan gaplardan ham xabarimiz bor, ammo vaqt kelib, suv tanqisligi degan hadik paydo boʻlishini oʻylab ham koʻrmaganmiz. Keksalar suvda xotira bor, deyishadi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan. Shunday ekan, bu bebaho neʼmat oldida yuzimizning shuvutligi aniq. Negaki, suvga nisbatan oʻta yomon munosabatimiz oʻzimizga ham ayon. Azim daryo deganlari qoʻshiqda “oqadi-yu ketadi”, hayotda esa suvning biz isrofgarlar toʻgʻrisidagi xotirasi oʻzi bilan birga ketadi. 

Yashirishdan foyda yoʻq, gapni oʻzimizdan boshlasak, biror kishi “Men hozirgacha bir qultum suvni isrof qilmaganman”, deya oladimi? Taassufki, bunday deyishning iloji yoʻq.

Yevropada oʻtkazilgan yirik anjumanlardan birida notiqlar iqlim oʻzgarishi, ichimlik suvi muammosi va yer osti boyliklarining beayov qazib olinishi bugungi kunning tashvishli muammosi ekanligini aytib, maʼnaviy targʻibot ishida bu mavzuga eʼtibor kamligi, bu esa yangi, yanada ogʻir va talafotli muammoni yuzaga chiqarishi mumkinligini taʼkidlashdi. Bu muammo kurrai zaminda tiriklikni saqlab qolish bilan bogʻliq. Negaki, bugunning oʻzida dunyoda bir milliarddan ortiq kishi toza suv isteʼmol qilish imkoniyatiga ega emas. Keyingi oʻn besh yil ichida ikkinchi jahon urushidan keyingi jamiki harbiy harakatlarda halok boʻlgan bolalar sonidan koʻproq norasida toza suv muammosi tufayli orttirgan kasalliklar bois nobud boʻlibdi. Yer yuzida istiqomat qilayotgan jamiki aholining deyarli yarmi suv isteʼmol qilishda bundan ikki ming yil avval yashagan qadimgi Rim aholisi darajasidan ancha orqada ekan.

YUNESKO maʼlumotlariga koʻra, toza ichimlik suvi boʻyicha dunyo mamlakatlari oʻrtasida Finlyandiya birinchi, Kanada va Yangi Zelandiya ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallaydi. Boshqa jihat ham bor: har bir qitʼada ifloslanishlar sababli foydalanish uchun mutlaqo yaroqsiz boʻlib qolgan “oʻlik” koʻl va daryolar mavjud. Ganga daryosining Bangladeshdagi soʻl tarmogʻi, Missisipi daryosidagi koʻrfaz allaqachon oʻlib boʻlgan, ularda tozalash tizimlari mavjudligiga qaramay, hech qanday tirik organizm yoʻq ekan. Yava orolidagi Sitarum dunyodagi eng iflos daryo hisoblanadi. Har yili okeanlar tubida 260 million tonnadan ziyod plastik buyumlar toʻplanadi. Odamlar har kuni ikki million tonna chiqindini tabiiy suv havzalariga tashlaydi. Suv tufayli davlatlar oʻrtasida mojarolar kelib chiqadi. Kuzatuvlarga koʻra, yana oʻttiz yildan keyin okeanlar suvining tuzlanishi bir yarim barobarga oshadi va bu holat dengiz ekotuzilmasida qayta tiklanmas yoʻqotishlarga olib keladi. Yana maʼlumot: yil davomida har bir kishi 60 tonna suvni oziq-ovqat orqali isteʼmol qiladi – bir kilogramm kartoshka yetishtirish uchun 100 litr, bir kilogramm guruch uchun 4000 litr, bir kilogramm mol goʻshti uchun 13000 litr suv sarflanadi.

Bu raqamlar oʻtgan asrning saksoninchi yillari oʻrtalarida ijodkor ziyolilarning matbuotda Orol muammosiga doir dastlabki kuyunchak maqolalarini yodga soladi. Ularda bu noyob bahri ummonning suv sathi muttasil pasayib borayotgani bois, zudlik bilan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi aytilgan edi. Taassuf-ki, mutasaddilar bunga quloq tutmadi. Respublikaning oʻsha paytdagi rahbarlari bu kuyunchaklikni davlat ishlariga oʻrinsiz aralashish, ortiqcha ayyuhannos solishga yoʻydi. Ekologik falokat oyoqqa turayotgani, qum va tuz toʻzoni havoni bulgʻayotgani, olis qitʼalargacha yetib borayotgani tuzum koʻzini ochmadi. Kasallik maddalab, yirik mintaqaning vujudini chirmovuqdek qamrab, qon tomirlari-yu nafas yoʻllarini toʻsa boshlaganidagina maʼlum harakatlar boshlandi. Ammo koʻp narsa boy berib boʻlingandi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bilan Nukusda taniqli adib Toʻlepbergen Qaipbergenov tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etganmiz. Rasmiy marosimlar tugagach, bizni yengil katerda Amudaryo boʻylab sayr qilishga taklif etishdi. Daryoning baʼzi joylarida suv sathi bir metrdan oshmasdi. Katerdan tushib, oyoqyalang suv kechdik. Oʻynab, oʻynoqlab, qirgʻoqlariga toʻsh urib oqadigan daryo tuzalmas dardga chalingan bemorday nomigagina harakat qilar va bu harakatidan oʻzi ham qoniqmayotgan edi. Abdulla aka birdan joʻshib ketdi. “Daryoni quritib boʻpsizlar, birortang Amudaryo haqida durustroq asar ham yozmading, nahotki nima boʻlayotgani, ertaga nima boʻlishini, hammamizni qanday falokat kutayotganini sezmayotgan boʻlsangiz?” – deya mahalliy yozuvchilarga tanbeh berdi.

Dunyoda mavjud jamiki suv manbalarining toʻqson yetti foizi isteʼmol uchun yaroqsizligidan xabarimiz bor, ammo parvoyimiz palak. Dunyo mamlakatlarida ichimlik suvining bahosi qanchaligini bilsak-da, qancha mehnat hisobiga tozalangan suvni hovliga, yoʻlaklarga olachalpoq qilib ham emas, koʻllatib sepamiz, qoʻlbola favvora yasaymiz.

Bundan koʻp yillar avval yaponiyalik taniqli olim Oʻzbekistonga kelib, Buyuk ipak yoʻli oʻtgan shaharlar boʻylab sayohat qiladi. Sayohati yakunida oʻzbek xonadonlaridan birida mehmon boʻladi. Uy egalari yugurib-yelib tansiq taomlar tayyorlashadi, dasturxonga sarxil meva qoʻyishadi. Qiz-kelinlar koʻcha, yoʻlak va hovlini supurib-sidirib, shlangda sharros-sharros suv sepishadi, gul-rayhonlarning barglarini yuvishadi. Ayni shu payti hovliga xorijlik mehmonlar kirib keladi. Yaponiyalik olim ayollarning bu harakatini koʻrib, avvaliga yerga sepilayotgan suv haqida soʻraydi, ichishga yaroqliligini bilib, hayratga tushadi va hamrohlaridan biriga: “Uy sohibi milliarder boʻlsa kerak” deydi...

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Tomorqani sugʻorganda har bir daraxtning tagida suv koʻllab, qoʻshni tomonga paynov chiqmaguncha koʻnglimiz toʻlmaydi. Dalaga suv ochsak, egatlarga tarab qoʻyib, ertalab xabar olamiz... Televizorda necha ming yillardan beri bir qultum suvga zor choʻl-u biyobonlarni, suvsizlikdan lablari qaqrab, yorilib ketgan bolalarni, qurib-qaqshab yotgan oʻrmonlarni koʻramiz, ammo bunga ajablanmaymiz ham. Oʻrta Yer dengizi atrofidagi ayrim davlatlar ichimlik suvi muammosini hal qilish uchun Shimoliy Muz okeanida suzib yurgan chuchuk suvli bahaybat aysberglarni shatakka olib sudrash, eritib isteʼmol qilish rejalarini tuzishayotgan ekan. Qamchiq dovonidan oʻtayotganimizda togʻning naq belida qolib ketgan suv izlariga koʻzimiz tushadi, suv sathi yildan-yilga pastlab borayotganiga, bu jarayon hali-beri orqaga qaytmasligiga guvoh boʻlamiz.

Qadimda suv tanqisligi bois, karvon yoʻllarida sardobalar qurilgan. Manbalarda aytilishicha, Movarounnahrda qirqdan ortiq toza suv saqlagich sardobalar boʻlgan. Sardoba qurilishi uchun suv, tuproq va qum alohida toza joydan, ganch Qorovulbozor, Nurotadan olib kelingan. Qumga yantoq, qamish, yulgʻun kuli qoʻshilgan. Xumdonga tut, oʻrikning quruq novdalari yoqilgan. Gʻishtlarni bir-biriga yopishtiradigan maxsus qorishmaga qoʻy suti, tuya juni qoʻshilgan. Natijada inshoot mustahkam boʻlib, suv sizib chiqib ketmagan va, muhimi, ikki yilgacha aynimagan, qish-qirovli kunlarda issiq, yozda esa muzdek turgan. Buning uchun Sardobaning ostiga uch qavat qoramol va tuya terisi, uch qavat kigiz, uning ustiga bir qavat ganch, eng yuqorisiga sifatli gʻisht yotqizilgan.

Umuman, bizning suv haqidagi tasavvurimiz yo toʻla emas, yo butunlay notoʻgʻri. Negaki, suv nafaqat bugungi kun odamlarining, shu bilan birga butun tabiat, jamiki jonzot, yer-u osmon, bu yorug‘ olamga bizdan keyin keladigan avlodlarning ham rizq-nasibasi. Birovning rizqiga xiyonat qilish ogʻir gunoh.

Suv haqida kuyunchaklik bilan yozilgan bir maqolani takror-takror oʻqiyman: “Alloh taolo bandalarining hojatiga yaraydigan, uning tirikligiga sabab boʻladigan suvni dengiz, ummonlar shaklida toʻplab beradi. Suv bir joyda turib aynib qolmasligi uchun Parvardigorimiz uni tuzlar bilan toʻldirib qoʻyadi... Xudovand: “Boʻldi, men suvni yaratib qoʻydim, endi undan oʻzing foydalanib ol”, demadi, balki bulutni ummon tepasiga keltirib, undagi chuchuk suvlarni oʻziga soʻrib olib, shamol bilan bandalari ustiga olib kelib, suv qilib yogʻdirdi. Alloh taolo koʻrinishidan togʻlarga husn boʻlib turgan qor-u muzliklarni bizlar uchun oʻsha yerda jamlab qoʻydi. Xudovand: “Boʻldi, ana togʻlarga jamlab qoʻydim, endi uni oʻzing borib, parchalab, uyga olib kelib, eritib ishlataver” demadi, balki oʻzi Quyoshni uning ustiga olib kelib, tagidan eritib, ariqlar, soylar qilib, xonadonlarimizning oldigacha oqizib qoʻydi...”

Olimlarning fikricha, bugun yomgʻir, doʻl, jala boʻlib yerga singiyotgan suv – kecha, oʻtgan oy yoki oʻtgan yili yerdan koʻtarilgan bug‘ emas, necha million yil avval bugʻlangan, yerdan koʻtarilgan suv. Demak, bugun shivalab yogʻayotgan yomgʻir tomchilarida oʻtmish ajdodlarning xotirasi bor. Shuning uchun ham bu neʼmatni isrof qilmaslik kerak. Yozning jazirama kunlari yirik shaharlarda yashayotgan aholi jon boshiga 600-800 litrgacha suv ishlatadi. Afrikaning qurgʻoqchil hududlarida buncha suv kichikroq qishloq aholisining bir kunlik isteʼmol meʼyori.

Tarixga nazar tashlasak, suv hamisha Yaratgan egamning noyob moʻjizasi hisoblanib kelgan. Miroblik kasbi ulug‘ kasblardan biri boʻlgan. Chanqagan kishining qoʻliga bir piyola suv tutish beadoq savob hisoblangan. Bugun yurtimizga xorijiy davlatlardan ilgʻor tajriba sifatida kirib kelayotgan tomchilatib sugʻorish usuli dastlab oʻzimizda qoʻllanilgan. Ha-ha, oʻzimizda. Taassufki, keyin-keyin suvga doir koʻp qadriyatlar unut boʻlib ketdi.

2050-yilga borib yer yuzi aholisi 9 milliardga yetishi bashorat qilinmoqda. Global iqlim oʻzgarishi natijasida tabiatda turli xil xavf-xatar, masalan, qurgʻoqchilik yuz berishi mumkin. Hozirgi ilm-fan koʻp narsaga qodir, ammo hech narsa suvning oʻrnini bosa olmaydi. Shunga qaramay, ichimlik suvi zaxiralarining kamayishi va ifloslanishi, ekin maydonlarining shoʻrlanishi, suv isrofgarchiligi davom etmoqda. Tugab borayotgan suv zaxiralari bor. Suvning ifloslanishi tufayli odamlar oshqozon-ichak, buyrak, jigar, allergik xastaliklarga duchor boʻlmoqda. Zamonaviy sanoatning tez surʼatlar bilan rivojlanishi, ishlab chiqarish va maishiy chiqindilarning koʻpayishi, qayta ishlanmasligi, zaharli kimyoviy moddalar ishlatilgan ekin maydonlaridan oqib chiqqan paynov suvlarning zarari toʻgʻrisida koʻp yozilmoqda, ammo erishilayotgan natijalar qoniqarli emas.

Keyingi yillarda togʻlarga qor kam tushdi, muzliklarning umumiy maydoni qisqardi, tog‘ zonalaridagi suv zaxirasini toʻplovchi oʻrmon va archazorlar kamaymoqda. Oʻzbekiston Ekologik harakati maʼlumotlari kishiga biroz tasalli beradi: toza ichimlik suvidan oqilona foydalanish borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, bu boradagi faoliyatni huquqiy jihatdan yoʻlga solish maqsadida qonunlar, hukumat qarorlari qabul qilingan. Zarafshon daryosi suvini ekologik sogʻlomlashtirish yuzasidan aniq tadbirlar ishlab chiqilgan. Mamlakat hududidagi barcha daryo va kanallar qirgʻogʻida suv muhofazasi zonasini tashkil etish va uni amalga oshirish, daryo va kanallarga tashlanayotgan oqova suvlarini nazoratga olish, kanalizatsiya tizimlarini mukammallashtirish, shuningdek, bakteriologik ifloslanishning oldini olish muhim vazifa deb belgilangan. Bu yoʻnalishda jiddiy ish boshlangan.

Bir qarashda, tashvishga tushadigan joyi yoʻq, hammasi joyida: chora-tadbirlar belgilangan, suvni tejab ishlatish harakatlari mavjud. Ammo shu bilangina muammoni hal qilib boʻlmaydi. Suvni tejaydigan, tozalaydigan moslamalardan foydalanish, yangi suv omborlari qurish, suvga oʻch ekinlarni kamaytirish, suv narxini oshirishdan ham muhim bir vazifa bor – suvga nisbatan munosabatimiz oʻzgarishi kerak. Bu oʻzgarish sodir boʻlmas ekan, muammo yildan-yilga, mavsumdan-mavsumga murakkablashib, oxir-oqibat dovondagi choʻqqilar poyida bir vaqtlar suv sathi qoldirgan izlar ham yaqin oʻtmishga bogʻliq afsonaga aylanadi.

Vaqt bor, najot eshiklari hali yopilmagan.

Ahmadjon MELIBOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

“Hurriyat” gazetasi, 2026-yil 41-son.

“Najon eshiklari hali yopilmagan” maqolasi.