Biz keltirmoqchi boʻlgan ushbu maʼlumotlardan ehtimol xabardordirsiz. Ammo takror bong urishdan muddao bitta: eshitganga amal qilish boshqa, shunchaki beparvo oʻtkazib yuborish mutlaqo boshqa narsa...
Zero, suv taqchilligi, qurgʻoqchilik xavfi bizning yashnab turgan hayotimizga shu qadar yaqin kelib qoldiki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi.
* * *
Suv haqida gap ketsa bolaligim koʻz oldimga keladi. Qishlogʻimiz buloqdan suv ichardi. Erta bahorda mahalla ahli oqsoqollar boshchiligida hashar boshlardi. Buloq boshi mol va boshqa hayvonlar oʻtmaydigan qilib toʻsilar, ariq bosh-adoq qirtishlab tozalanar edi. Oʻsha joyda jonliq soʻyilib, doshqozon osilar, nuroniylar yilning barakali kelishini soʻrab duoga qoʻl ochar, xullas, suvning hurmatini qilishardi. Ezgu soʻz va amal birlashar edi. Ha, biz suvni qadrlash, unga tuflamaslik, chiqindi tashlamaslik shart ekanini koʻrib ulgʻaygan avlodmiz. Keyinchalik bunday amallar soʻzga koʻchdi, suvning azizligi faqat tilda qoldi. Tabiatga bepisand qarash vujudga keldi. Odamlar tabiatdan uzoqlashgani sari muqaddas tuygʻularini boy bera boshladi.
Achchiq haqiqat shuki, suvga munosabat butkul oʻzgardi. Bugun ariqlar, dengiz va okeanlar odamlar tashlagan chiqindilarga toʻlib borayotir. Suvning xotirasi bor. U yaxshilik va yomonlikni farqlay oladi. Ancha yillar oldin bir tadqiqot oʻtkazilgan: olimlar bir joydan olingan suvni ikki idishga quyib, ularga bir siqimdan guruch soladi. Keyin ikkala idish alohida joyda saqlanib, ularning biriga yaxshi gaplar, ikkinchisiga soʻkish-u qargʻish “eshittirilgan”. Yomon gap eshitgan suvdagi guruch aynib, qorayib ketdi. Bunisida esa aksi – guruchning rangi u solingan suv kabi tiniqlashdi. Shu kabi tadqiqotlar bir necha marta oʻtkazildi va suvning odam kabi maʼlumotlarni qabul qilish, saqlash hamda tashish xususiyati bor degan yakdil qarorga kelindi.
Bilamizki, inson tanasining katta qismi suvdan iborat. Hayvonot va nabotot olaminiki ham. Binobarin, bizga suv emas, toza suv yetishmayapti. Aslimiz, tabiatimiz kirlashmoqda. Bugungi toza suv taqchilligi ham aslida tabiatga munosabatimizning natijasi. Tabiatda hech narsa oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi. Hammasiga bir sabab bor. Jumladan, bugungi ichimli suv taqchilligining sababi insoniyatning keyingi ikki asrlik jadal texnik taraqqiyotiga bogʻliq.
Darhaqiqat, dunyo mislsiz texnik rivojlanishga erishdi. Inson tuygʻulari shunga mutanosib ravishda globallashdi, qadriyatlar, xususan, tabiatga munosabat esa aks tomonga oʻzgardi. Inson oʻzini tabiatning bir qismi emas, xoqoni kabi tuta boshladi. Endi shu jarayonning ogʻir oqibatlari yuzaga chiqayapti. Suv yetishmasligi butun dunyoda global muammoga aylandi. Iqlim oʻzgarishlari hamma yerda kuzatilmoqda. BMTning maʼlumotlariga koʻra yaqin qirq yilda yer sharidagi harorat eng pasti 0,5 daraja, eng yuqorisi 2,5 daraja koʻtarilgan.
Xususan, 2050-yilga borib Markaziy Osiyoda suv taqchilligi kuchayishi mumkin degan taxmin ilgari surilmoqda. Bu holat dunyo xalqlari uchun ham jiddiy ogohlantirish deya baholanmoqda. Negaki, sayyoramizdagi maʼlum hududda iqlim oʻzgarishi, suv kamayishi boshqa mintaqalarga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Suv taqchilligi esa insoniyatning muqarrar inqirozidir. “Suv – hayot” deb bekorga aytilmagan. Suv boʻlmasa hech narsa unib-oʻsmaydi. Oziq-ovqat yetishmaydi. Shu bois qadim ajdodlar doim suv boʻylariga koʻchib, oʻsha yerlarni makon tutishgan.
Ilm-fan suv taqchilligining bir nechta sababini koʻrsatadi. Quyosh faolligining yildan-yilga oshib borayotgani bir sabab. Yerning tub qatlamlarida ham kuchli isish boshlangan. Yer yadrosidagi harorat koʻtarilsa, u okeanlarga ham taʼsir koʻrsatadi. Dunyo ummonlaridagi suv oxirgi vaqtlarda 2 darajagacha isigan. Bu esa katta miqdorda bugʻlanishni vujudga keltirdi. Ayni paytda suv tarkibi ham oʻzgarib borayotir.
Bugungi kunda shularning yoniga inson omili ham kelib qoʻshildi. Maktab davridan bilamizki, ummon, dengiz, muzliklar erib, bugʻlanadi va u qor-yomgʻir boʻlib yana zaminga qaytadi. Bu jarayon million yillarki oʻzgarmay kelayotgan edi. Zamonamizga kelib inson kashf etgan texnik taraqqiyot suvning aylanma harakatiga soya tashladi. Minglab, millionlab zavod-u mashinalardan chiqayotgan zaharli gazlar havoda karbonat angidridning koʻpayishiga olib keldi. Oqibatda bug‘ boʻlib havoga koʻtarilgan suvning maʼlum qismi yaroqsiz boʻlib qolayotir.
Shuningdek, havoga koʻtarilgan zaharli gazlar osmonning yuqori qismlarida yupqa parda hosil qilib, yerdagi ortiqcha issiqlikning koinotga tarqalib ketishiga toʻsiq boʻlib qoldi. Buni parnik effekti – issiqxona hodisasi deb atashadi.
Havo qancha issiq boʻlsa, bugʻning bulutga aylanishi shuncha qiyin kechadi. Samoda suv bugʻlarining keragidan ortiqcha toʻplanishi esa ulkan bulut, katta yomgʻir deganidir. Bunday yomgʻir asosan savalab yogʻadi. Bu oʻz navbatida tabiiy ofatlar, jumladan, jala va toshqinlarni keltirib chiqaradi. Tuproq bunday suvni toʻla oʻzlashtira olmaydi.
Baʼzilar tez bugʻlanish suv tanqisligiga barham beradi deb oʻylaydi. Ammo bunday emas. Tez bugʻlanish oqibatida oʻsimliklar keskin kamayib ketadi. Chunki ular kecha-yu kunduz tinim bilmagan odam kabi bugʻlanishdan charchaydi. Koʻpincha don, hosil qoldirishga ulgurmay, qovjiraydi. Tabiat muvozanati shu zayl izdan chiqadi.
Koʻpchilik suvni asrash uchun uni tejab ishlatish kerak degan torroq xulosada. Toʻgʻri, suvni tejash, ayniqsa yer qaʼridan olinadigan ichimli suvni koʻz qorachigʻiday asrash shart. Shunda u keskin kamayib ketmaydi. Lekin bu bizning suvni asrashdagi vazifalarimizdan bittaginasi, xolos. Aslida zavodlardan chiqayotgan zararli gazlarni kamaytirish, mashinadan kamroq foydalanish ham suvni tejash degani. Toshkentda ishxonalar atrofi shaxsiy avtomobillar bilan toʻla. Ulov qoʻyishga joy topilmaydi. Ularning deyarli barchasidan faqat bir kishi, oʻsha ishxonaga kelgan shaxs foydalanadi. Agar ularning hech boʻlmaganda yarmi jamoat transportidan foydalansa, zararli gaz miqdori keskin kamayadi. Tabiat nafas olishi uchun toza havo koʻpayadi. Azim choʻqqilarda yana qor koʻrina boshlaydi.
Tabiatning nafas olishi yashillik dunyosiga bogʻliq. Daraxtlarni koʻpaytirish ham suv tejashning samarali usullaridan hisoblanadi. Afsuski, bu borada ham ogʻriqli nuqtalarimiz koʻp. Shundoq ham Oʻzbekistonning 80 foiz yeri choʻl va chalachoʻllardan iborat. Biz esa uni yanada choʻllashtirib, tinimsiz daraxt kesish bilan shugʻullanayapmiz. Bunga qarshi moratoriy eʼlon qilingan edi. Ayrim “ishbilarmon”lar sogʻlom daraxtni dori bilan oʻldirib, osongina kesib tashlayapti. Holbuki, yashillik qancha koʻpaysa yomgʻir suvlari shuncha barakali boʻladi. Chunki daraxt, buta va oʻsimliklar suvni bargi va ildizi orqali yer qaʼriga yuboradi. Shu bilan birga ular ildizi atrofida yer osti suvlarini toʻplab, uzoq saqlash xususiyatiga ega. Afsuski, bu borada ham ahvolimiz maqtanishga arzimaydi.
Masalan, hozirgi vaqtda qariyb oʻn mln gektar yaylov tubdan yaxshilanishga muhtoj. Mollarni bir yaylovda qayta-qayta oʻtlatish, daraxtlarni kesish choʻl zonasida buta va boshqa oʻsimliklarning kamayib ketishiga olib keldi. Oqibatda mamlakatimiz hududida koʻchadigan qumlar qariyb bir mln gektar maydonni egallamoqda. Soʻnggi vaqtlarda qum koʻchadigan ikki yuz ming gektar joy paydo boʻldi. Bu choʻllashishning kuchayishidir.
Buning oldini qanday olamiz degan savol tugʻiladi. Birinchi navbatda daraxt kesishga barham berish kerak. Buni qonun bilan taqiqlash barobarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tabiatni asrashdagi qadim qadriyatlarimizni tiklash lozim. Axir biz ertaga qiyomat ekanini bilsang ham daraxt ek degan millatning avlodlarimiz. Shunday ekan, nega bugun faqat daraxt kesish bilan shugʻullanayapmiz?! Sababi – oilada tarbiya izdan chiqdi. Oʻzlikni unutdik. Qanday boʻlmasin, nima qilib boʻlsa ham pul top degan qarash ongimizni egalladi. Illatlardan qutulish uchun esa yaxshilikni koʻproq targʻib etish zarur.
Shu maʼnoda Orolning qurigan tubida yaratilayotgan yashil makon loyihasini eʼtirof etish kerak. Ayni paytda bu ishlar koʻlamini kengaytirish zarur. Chunki havoga chang va qum qancha kam uchsa, choʻllashish shuncha kamayadi. Tan olaylik, bu jarayonni toʻxtatish oson kechmaydi. Shu bois endi tez-tez yogʻadigan jalalarga tayyor turishimiz kerak. Negaki, yuqorida aytganimiz kabi bugʻlanish tezlashganda, yomgʻirning savalab yogʻishi kuchayadi. Agar ana shu toshqinlar oqimini boshqarishni oʻrganib, undan foydalana olsak, juda katta yutuqqa erishgan boʻlamiz.
Bunga misollar juda koʻp. Qadimda bobolarimiz sel yoʻllarini toʻsib koʻl hosil qilgan. Bunday koʻllar qoq deyilgan. Qoqda avval mollarini sugʻorishgan. Suv tugagach, mana shu nam yerda lalmi dehqonchilik qilishgan. Poliz va dukkakli ekinlar moʻl hosil bergan. Muhimi, bunday joyda suv yer ostiga koʻproq singib, keyin u toza suv sifatida oʻzimizga qaytadi. Boz ustiga, yer qaʼridagi haroratning pasayishiga, demak, bugʻlanishning ham kamayishiga xizmat qiladi. Bu narsalar kimgadir joʻn tuyular, lekin zamonaviy usullarda yangicha vositalarni izlab topsak foydali boʻlishi aniq.
Muxtasar aytganda, tabiat bir butun halqadir. Inson ham oʻsha halqaning bir boʻlagi. Bu biz oʻylab topgan gap emas. Dunyo xalqlarining qadriyatlarida, tabiatga munosabati zamirida ana shu haqiqat boʻrtib turibdi. Shu bois suv tejashni avvalo tabiatga yaqin boʻlgan dehqonlar fikratini oʻzgartirishdan boshlash kerak chogʻi. Chunki shu sohada juda koʻp suv yoʻqotayapmiz. Xususan, mamlakatimizda ishlatiladigan suvning 90 foizi qishloq xoʻjaligiga sarflanadi. Achinarlisi, uning yarmidan koʻpi loqaydligimiz va uquvsizligimiz bois isrof boʻladi.
Toʻgʻri, keyingi vaqtlarda suvdan unumli foydalanish toʻgʻrisida bir nechta qonun qabul qilindi. Suv tejash texnologiyalari, jumladan, tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish, plyonka toʻshab sugʻorish yoʻlga qoʻyildi. Ulardan foydalanish uchun fermerlarga subsidiya hamda yengil kreditlar ajratilmoqda. Xorijdan keltiriladigan sugʻorish texnologiyalari uchun boj toʻlovi bekor qilindi. Ulardan foydalanish yer soligʻidan ozod qilish bilan ragʻbatlantirildi. Lekin taassufki, bu texnologiyalardan fermerlarimizning katta qismi toʻgʻri foydalana olgani yoʻq. Ayrimlari bu texnologiyani qanday oʻrnatishni ham bilmasligini, ehtimol, oʻrganishga ragʻbati ham yoʻqligini hisobga olsak, zamonaviy fermerga nafaqat kuch, balki aqliy salohiyat va fidoyilik ham zarur ekaniga amin boʻlamiz. Bu dehqonchilikda ham ming yillik maktabning inqirozga yuz tutganini koʻrsatadi. Axir kechagina suvchilar bir tanob suvni shunday mahorat bilan tarashlab, katta maydonlarni sugʻorar edi-ku. Ularda zamonaviy texnologiya yoʻq edi. Ular yerning past-balandini, suvning kelishini hisobga olib, bir egatning uch-toʻrt joyiga band qoʻyib sugʻorardi. Bugun katta ariqda suv boshqarib kelinadi va sel bosganday qilib ochib yuboriladi.
Oldinlari namlikni saqlash uchun yer har ikki-uch yilda bir marta 60 santimetrdan 1 metrgacha yumshatilar, dam berilar edi. Natijada yomgʻir suvi yerga chuqur singar, namlik koʻpayardi. Ayni paytda yerga mol goʻngini solish ham samara beradi. U yerga oʻgʻit boʻlish barobarida namlik paydo qilish xususiyatiga ega. Agar har gektarga oʻn tonna goʻng tashlasak, tuproq oʻzida ikki-uch foiz namlikni ishlab chiqara oladi. Bu juda yaxshi koʻrsatkich hisoblanadi.
Odamning boshi ogʻrisa bora-bora oyoqdan ham qoladi. Oyoqdan qolgan odamning esa boshi ogʻriqdan chiqmaydi. Tabiat ham shunday. Uning barcha dardiga malham boʻlish evaziga suvsizlikka ham, boshqa ogʻriqlarga ham barham berish mumkin. Biz unga munosabatimizni oʻzgartirsak, tabiat ham bizga faqat yaxshilik yoʻllaydi. Yuqorida biz tabiatni asliga qaytarishimiz kerak dedik. Ha, bu nihoyatda muhim vazifa. Buning uchun esa avvalo inson oʻzligini tanishi zarur.
Usmon NORQULOV,
Toshkent agrar universiteti professori
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023 yil 4-son.
“Suvsayotgan zamin dardi” maqolasi