15-16-oktyabr kunlari HAMROH kompaniyasi BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning turli hududlarida faoliyat yurituvchi tadbirkor ayollar uchun ikki kunlik oʻquv safari oʻtkazdi. Tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi (WESP) doirasidagi ushbu oʻquv jarayonlari amaliy treninglar, ekspertlar bilan muhokamalarni oʻz ichiga oladi.

WESP HAMROH kompaniyasi tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi koʻmagida amalga oshiriladi.

Tadbirda soʻzga chiqqan masʼullarning qayd etishicha, mazkur loyiha boshlanganidan beri 2000 nafardan ortiq tadbirkor ayollar oʻqitildi. Taʼkidlash lozimki, ularning biznesi koʻlami kengayishi nafaqat oʻziga foyda, balki jamiyatdagi boshqa ayollarni ham ish oʻrinlari bilan taʼminlashi bilan ahamiyatlidir.

Seminar davomida IT vositalaridan foydalanish, byudjetni rejalashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilish masalalari koʻrib chiqildi.

Interaktiv koʻrinishda oʻtgan mazkur tadbirda xotin-qizlar amaliyotda oʻzlari duch kelayotgan muammolar (moliyaviy, inson kapitaliga oid, sharoit bilan bogʻliq toʻsiqlar) haqida savol berib, ekspertlardan javoblar olishdi.

Maʼlumot uchun, ushbu tashabbus tadbirkor ayollar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish va amaliy bilimlarni oʻrganishga koʻmaklashadi. Bu orqali ular koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, boshqaruv amaliyotini takomillashtirish va barqaror biznesni rivojlantirish boʻyicha bilimlarini

mustahkamlaydi.