Mashhur orif va muhaddis Sufyon Savriy “Koʻngildan kibr zangini ketkazishdan koʻra togʻni igna bilan quduqqa aylantirish osonroq”, degan ekan. Mavlono Jaloliddin Rumiyga koʻra esa, takabburlikning eng tuban koʻrinishi koʻpincha ilm ahli orasida uchraydi, binobarin, kibru havo bois ilohiy dargohdan haydalgan Iblis ham dastavval farishtalarga ustozlik qilgan. Alhol, ilmiga shoista amal qilgan xoksor olimlarning maqomi ham, martabasi ham koʻngil atalmish ulug‘ dargohning toʻrida boʻladi.
Kibrini yengib, nafsi ustidan hokim boʻlganlar har kuni ham uchravermaydi. Shukrlarkim, kamina xodimingiz ana shunday darveshtabiat, oʻzini tuproqdek xoksor tutgan, aslida, maqomi azim togʻlardek baland munavvar bir zotning suhbati, tarbiyatidan bahramand boʻlganman. Oʻzbek tasavvufshunosligi hamda mumtoz tarjimashunoslik maktabi asoschisi, atoqli adabiyotshunos Najmiddin Komilov (1937 – 2012) ana shunday naziri yoʻq kishi edi.
Ilk saboq
Talabalik kezlarim oʻzim ham takabburlik xastaligiga mubtalo boʻlganim haqrost. Tasavvuf va irfonga oid eng moʻtabar manbalarni mustaqil ravishda oʻqiganim sababli, roʻzgʻor tashvishida xayoli parishon ustozlardan oʻzimni bir bosh baland hisoblab yurardim. Bir kuni qiblagohim qoʻlimga “Tafakkur” jurnalining toʻrtta sonini tutqazib mutolaaga daʼvat etdilar:
– Oʻqi! Tasavvuf haqida toʻrt salmoqli maqola chiqqan. Muallifini yaxshi taniyman. Juda ulug‘ inson.
Jurnalni olib, istar-istamas oʻqimoqqa tutindim. Najmiddin Komilov qalamiga mansub maqolalar ekan. Oʻsha vaqtlarda mahalliy matbuotda tasavvuf va irfon haqida asosan oldi-qochdi gaplar, mahobatu mubolagʻadan iborat tizmalarni oʻqiyverib, olimlardan hafsalam pir boʻlgan edi. Ammo “Tafakkur”dagi maqolalar birinchi satrdanoq meni butkul hushimni oʻgʻirlab oldi. Muallif dalil oʻlaroq keltirgan manbalarning deyarli barchasi menga tanish edi. Ayrimlarini hatto betma-bet yodlab olgan edim. Ammo oʻqigan boshqa-yu, uqqan va ayniqsa, boshqalarga toʻgʻri uqtirgan boshqa ekan. Manbalarda shunchaki oddiy gap deb oʻqib oʻtganlarimdan Najmiddin Komilov shunchalar chuqur, shunchalar choʻng xulosalar chiqargan ediki, har bir jumla va ibora olam-olam maʼno tashirdi.
Alqissa, maqolalar kibr oralagan koʻnglimni, koʻnglim ne fikru xayolimni ostin-ustun qildi. Domlaga shogird tushmoq ishtiyoqida azza-bazza Toshkentga yoʻl oldim.
Sirdaryo viloyati soliq inspeksiyasida ishlaydigan Azimjon togʻam bilan domlani izlab-izlab, Davlat va jamiyat qurilish akademiyasidan topdik. Ilmiy ishlar boʻyicha prorektor Najmiddin Komilovni qoʻriqchilar ham boshqacha hurmat qilarkan – serjantlardan biri oʻzi bizga yoʻl koʻrsatdi.
Bizni keng, shinam kabinet eshigida ozoda kiyingan salobatli domla qarshiladi. Qisqa hol-ahvol soʻrashuvdan soʻng togʻamning poyintar-soyintar gaplaridan muddaoni tushungan domla menga yuzlandi:
– Diplomingiz qanaqa sizni?
– Tojikiston diplomi.
– Pasportingiz-chi?
– Hozircha SSSR pasportida yuribman.
Domla birpas jim oʻtirib, keyin togʻamga qarab muloyimlik bilan gap boshladi:
– Yangi qoida chiqqan deng. Diplomni nostrifikatsiya qilish kerak. Test markazi qoʻshimcha imtihon olarkan. Savollari biram gʻalati... Pasport olish ham oson emas. Bir shogirdimning pasporti boʻyicha iltimos qildim. Olimlarni hamma hurmat qiladi-yu, lekin iltimosini bajarmaydi. Oʻzbekiston pasportini olib berish qoʻlimdan kelmadi. Holbuki, uyam Moskvaga oʻqishga ketib, endigina qaytib kelgan edi.
– Domla! Men sizning oldingizga diplomimni nostrifikatsiya qilib bering yo pasportimni almashtirib bering deb kelganim yoʻq. Mabodo aspiranturaga oʻqishga kirsam, menga ilmiy rahbar boʻlishga rozimisiz? Shundan gapiring.
...Ochigʻi, hozir ham oʻsha betamizligim, gustoxligimni eslasam, yuzim xijolatdan lovullab yonadi. Ammo nachoraki, “Yoshlik – tentaklikning bir turi” (hadisi sharif) ekan.
Domla pastga qaragan holda bir dam sukut saqlab, soʻng muloyimlik bilan menga boqdilar:
– Oʻzbekcha zoʻrgʻa gapirar ekansiz, dissertatsiyani qanday yozasiz, taqsir?
– Shunchasini ikki-uch oyda oʻrgandim, buyogʻiniyam amallarman, – deya yana “egar”dan tushmadim men.
Suhbatimiz davomi tojikcha kechdi. Domla universitetdagi ustozlarim, oʻqigan kitoblarim, qiziqishlarim haqida surishtirib, soʻng aspirantura boʻlimiga uchrashimni tayinlab, juda iliq xayrlashdilar. Kuzatayotgan vaqtda bir gapni shunchaki yoʻliga aytgandek qoʻshimcha qildilar:
– Ilmda qaysi tilda tadqiqot olib borishingiz unchalik muhimmas. Muhimi – fanga nima hissa qoʻsha olishingiz. Shaxsan men uchun Bertels ayrim vatandoshlarimdan ham, millatdoshlarimdan ham yaqinroq.
Liftga kirganim zahoti vijdonim uygʻondi shekilli, ichimda oʻz-oʻzimni malomat toshlari bilan toshboʻron qilaketdim: “Ey, sen, diplomini hali qoʻlga ham olmagan, fuqaroligining tayini yoʻq olifta! Yoshi otangdan ham ulug‘ professor, prorektor odam muloyimligi, husni xulqi bilan bir chaqaga ham arzimasligingni koʻrsatdi-qoʻydi. Oʻl bu kuningdan! Yoshing bir joyga borganda birorta yigitcha shunday betgachoparlik qilsa, kechirarmiding? Aslo! Qanday ulug‘ odam ekan-a bu Komilov deganlari!”
Oʻshanda oʻzimga soʻz berdim – nima boʻlsa ham Toshkentga koʻchib kelib, Najmiddin Komilovning etagini mahkam tutaman.
Bir yildan soʻng pasport muammosini hal qilib, aspiranturaga kirdim va ustozning rahbarligida ilmiy ishimni boshladim.
Achchiq sabrning shirin mevasi
Bir kuni ilmiy ishim doirasida maqola tayyorlab, ustozning huzuriga olib bordim. Maqolada rahmatli Natan Mallayevning kitobidan bir iqtibos keltirib, oʻzimcha muallifning rosa poʻstagini qoqqan edim. Mallayev domlaning boshqa din vakili ekani, islom dini taʼlimotini bilmasligi, bilsa ham tan olmasligini ham qistirib oʻtgan edim. Domla maqolani diqqat bilan oʻqib, soʻng qaytarib berdilar:
– Ilmni tanqiddan boshlabsiz-ku, taqsir?!
Boshqa hech narsa demadilar. Yotoqxonaga qaytib, ustozning “Tasavvuf” kitobini qayta oʻqiy boshladim. Domla juda nazokat bilan, koʻp hollarda xatoga yoʻl qoʻyganlarning nomini ham tutmay yuzlab gʻalati mashhurlarni isloh qilganlarini koʻrib, Boburning oʻsha kitobda keltirilgan “Yoʻlni ne bilgay kishi to rahnamo koʻrsatmagay” satrining mohiyatini qaytadan kashf etgandek boʻldim...
“Alisher Navoiy sheʼriyatida Qurʼon oyatlari va hadislarning badiiy talqini” mavzusidagi dissertatsiyamning uchinchi bobi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam siyrati xususida edi. Domla bir kuni suhbat chogʻida soʻradilar:
– Alisher Navoiy gʻazallarida Rasululloh (s.a.v.) koʻp hollarda “habib” sifati bilan eslangan. Manbasini aniqlasak boʻladimi?
Qurʼoni karimda ham, “Sahihi Buxoriy”da ham Paygʻambarimizga nisbatan qoʻllangan ushbu sifatga oid biror oyat yo hadis topolmay, rosa izlandim. Diniy ulamolarimizga qilgan murojaatlarim ham javobsiz qoldi.
Bundan chorak asr muqaddam internet bazasi ham gʻaribgina, islomiy manbalar yetarli emas edi. Izlab yurganim hadisni qidira-qidira “Sunani Termiziy”dan topdim. Topgunimcha besh oycha vaqt oʻtib ketibdi. Xijolat aralash xursandlik bilan ustozni yoʻqlab bordim. Domla diqqat bilan yozganlarimni oʻqib:
– Achchiq sabrning mevasi shirin boʻladi, – dedilar odatdagidek donishmandlik bilan.
“Sirni oʻzim bilan olib ketaman”
Ustozning oilasi shogirdlarni xuddi tugʻishganidek qabul qilgan edi. Ellik yilga yaqin vaqt davomida ikkita qozon osib, birida domlaga parhez taom, birida oila va mehmonlarga tansiq ovqatlar pishirishdan charchamagan Muzaffara yangamullomizning soʻzlari oʻtkir boʻlsa ham, qalbi yumshoq, fidoyi bir ayol oʻlaroq domlaga mushfiq, mehribon edi. Najmiddin aka umrining oxirigacha bozor-oʻchar va boshqa turmush tashvishlaridan ozod qilingan edi. Balki shu ham bir sababdirki, ustozning suhbatiga biror marta dunyoviy tashvishlar, siyosiy va adabiy gʻiybatlar oralamagan edi.
Umrining oxirida domla biroz yotib qoldi. “Farzandnoma” kitobi muallifi Obiddin Mahmudov, angrenlik maʼrifatparvar tadbirkor Rahmon Davlatov hamda kamina navbat bilan u kishiga tong otguncha suhbatdosh boʻlardik. Kunduzi biroz uxlab, tunni bedor oʻtkazadigan ustoz bizga sokin va xasta ovozda kechmishlarini gapirib bergani kechagidek yodimda.
Onasi Qurʼonni xatm qilmaguncha oʻn yoshigacha maktabga bermagani; roʻza tutgani va “eski yozuv”dan xabardorligi uchun maktabdan haydamoqchi boʻlganlarida tatar millatiga mansub mayzada bir oʻqituvchi “Kompartiyaga eskichani biladigan kadrlar ham kerak”, deb joniga ora kirgani; Toshkentda ijarashinlik va muhtojlikdan qiynalayotganini koʻrib, maʼnaviy padari – Qutbiddinxon eshon oʻz hovlisining yarmini arzongina narxga sotgani; Toshkent dorilfununi va Prezident devonida ishlagan davrida davlat uy bergani-yu ikki oʻgʻlini vatanli qilgani; himoyaoldi jarayonlardagi qiyinchiliklar va ustozlarning yaxshiliklari... Bu hikoyalarning har biri oʻz holicha muruvvat va odamiylik, toʻgʻrilik va halollikdan saboq edi aslida. Ayrim voqealarni ikki-uch marta ham eshitdik, tasanno-ki, domla har safar bir xil, birorta yolgʻon qoʻshmasdan, ortiqcha pardoz bermasdan gapirib bergan edi. Ayrim zamondoshlarimiz haqidagi baʼzi qitmir savollarimga javoban esa “Bu sirni oʻzim bilan olib ketganim maʼqul”, deb gapni qisqa qilardi.
Tafakkur karvonining sarboni
Mamlakatimizda minglab fan doktori, professor bor. Xoʻsh, ulardan qanchasi chinakam olim?.. Nazarimda, haqiqiy olim shunchaki unvondor olimdan ilmning zalvorli muammolarini hal etgani bilan ajralib turadi. Najmiddin Komilovning har bir asari, har bir maqolasi fanning eng dolzarb muammolarini yechishga qaratilgani bilan qadrlidir.
Domla, avvalo, mumtoz tarjimashunoslik bobida maktab yaratdilar. Xorazm tarjima maktabiga oid ulkan tadqiqot orqali oʻzbek mutarjimlik sanʼati koʻp asrlik tarixga ega ekanini koʻrsatib berdilar. Unga qadar ilmda “oʻzbek tarjima sanʼati sovetlar sharofati bilan vujudga kelgan” degan daʼvo ilgari surilgan edi. Najmiddin Komilovning dissertatsiyasi ilovasida Xorazm tarjima maktabining yuzdan ziyod namunasi keltirilgan-ki, shu birgina fakt oʻzbek tarjima sanʼatining ildizi nechogʻli chuqur va baquvvat ekanini tasdiqlaydi.
Sovet davrida mumtoz adabiyotimiz mehnat vasfi, ijtimoiy-siyosiy gʻoyalar, din va dindorlar tanqidi, peyzaj, ishq-muhabbat, xalqlar doʻstligi kabi mavzu-motivlar tegrasida, yagona qolipda oʻrganilar edi. Ustoz salmoqli maqolalari, tadqiqotlari bilan daqqi qolipni yakson qildilar va mumtoz adabiyotni anglash, idrok etishning mutlaqo yangi metodologiyasiga asos soldilar.
Tasavvuf taʼlimoti ham ilmda shunchaki bir moziy voqeligi oʻlaroq oʻrganilgani maʼlum. Najmiddin Komilov tasavvuf goʻzal axloqni shakllantiruvchi sarchashma, odamlarni birlashtiruvchi, jamiyatni fozillik maqomiga koʻtaruvchi maʼrifiy kuch ekanini koʻrsatib berdi. Domla har bir fikrini sahih manbalar bilan quvvatlantirgani, Qurayshiy, Sulamiy, Navoiy, Jomiy, Iroqiy kabi tasavvuf mutafakkirlari risolalariga tayangan holda xulosalar chiqargani eʼtiborga molikdir. Ikki jildlik “Tasavvuf”, “Najmiddin Kubro”, “Komil inson haqida toʻrt risola”, “Faqr nuri ila porlagan qalb”, “Xizr chashmasi”, “Maʼnolar olamiga safar”... bu asarlarning har biri ilmda katta voqea boʻlgan edi.
Najmiddin Komilovning Sharqu Gʻarb ilmiy, adabiy aloqalariga doir tadqiqotlari alohida bir olam. Ustoz “Tafakkur karvonlari” kabi yirik asarlari bilan ovruposentrizm daʼvolari puch ekani, Magʻrib-u Mashriq xalqlari oʻzaro bahramandlik asosida taraqqiy etgani, Gʻarbning manaman degan mutafakkirlari ham Sharq maʼnaviy xazinasidan ilhomlanganini isbotlab berdilar.
Mubolagʻasiz butun umrini, borligʻini ilmga baxsh etgan ustoz “Ilohiynoma”, “Mantiq ut-tayr” (Farididdin Attor), “Futuvvatnomai sultoniy” (Husayn Voiz Koshifiy), “Zubdat ul-haqoyiq” (Aziziddin Nasafiy), “Maorif” (Sulton Valad) kabi Sharq maʼnaviyati durdonalarini ham oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qildilar.
Tafakkur karvonining sarbonlaridan biri boʻlgan Najmiddin Komilovning ilmiy-maʼnaviy merosi haqida koʻp va xoʻb yozish mumkin. Hazrat Alisher Navoiyga chuqur ixlos qoʻygan ustoz bir maqolasida mutafakkir bobomiz ijodini Xizr chashmasiga oʻxshatgani bejiz emas. Zero, domla umrbod Navoiy ilgari surgan maslakka sodiq boʻlmoqqa intilib yashadi. Jumladan, “Ilm, Navoiy, sanga maqsud bil, / Emdiki ilm oʻldi, amal aylagil” degan purmaʼno bayt ustozning hayotiy shioriga aylanganiga biz shogirdlar shohidmiz.
Soʻnggi oʻgit
2012-yil. Navroʻz ayyomida biroz ahvoli yaxshilanib, bizni xursand qilgan ustozni beayov dard yana yiqitdi. Boshi yana yostiqqa teggan ustozning yonlaridan bir on ham jilgimiz kelmaydi. Oʻsha kunlari u kishidan xabar olgani Oliy Majlis qoʻmita raisi lavozimida ishlayotgan atoqli yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad keldi. Xurshid akaning aytishicha, sobiq kasbdoshlari (Najmiddin aka bir muddat Markaziy saylov komissiyasi raisi lavozimida ham ishlagan edi) ziyoratiga kelmoqchi boʻlib, u kishini vaziyatni bilish uchun yuborgan ekan. Biz ustozning ahvoli ancha yomonlashgani, hozir ham shifokor muolaja qilayotganini aytib, birpas kutishlarini iltimos qildik. Shifokor ketgach, Xurshid aka bir ogʻiz soʻrashgani ustoz huzuriga kirdi. Domlaning lablari dard zoʻridan koʻkarib ketgan edi. Koʻzlarini zoʻrgʻa ochib, mehmonni tanidilaru:
– Xurshid! Yolgʻon! Hammasi yolgʻon!!! – dedilar.
Najmiddin Komilovdan eshitgan soʻnggi oʻgitim shu boʻldi. Ikki kundan keyin ustoz bu yolgʻonchi dunyoni tark etdi...
Janozani juma namozidan keyin muftiy Usmonxon Alimov Hastimom masjidida oʻqidi. Domla Sagʻbonda yashagani bois Chigʻatoy qabristoniga qoʻyiladigan boʻldi.
Qabriston darvozasidan mozor boshigacha ustozning safdoshlari, doʻstlari, shogirdu muxlislari saf tortdi. Izdihom kattaligidan ayrimlarning qoʻli hatto bir marta ham tobutga tegmadi. Oʻsha pallada Parvardigordan oʻzimga ham ana shunday chiroyli xotima tiladim, jamiyatga manfaatli ilm sohibi etishini, egallangan ilmga amal qilmoq baxtini, el-yurt hurmati hamda oxirat saodatining goʻzal bashoratini soʻradim.
Ustozlar bayrami va Ustozning tavallud kuni bahonasida oʻzbek ilm-fani tarixida yorqin iz qoldirgan, olimlikning chin timsoliga aylangan Najmiddin Komilovni baqadrihol esladim. Shoyad, ustoz yodi ila koʻnglimiz poklansa!..
Olimjon DAVLATOV,
Najmiddin Komilovning shogirdi
“Jadid” gazetasi, 2025-yil 3-oktyabr №40 (92)
“Olim-u ilm-u amal” maqolasi