Yurtdoshibiz, jahon adabiyoti maydonida oʻzining salmoqli asarlari bilan eʼtirof etilgan yozuvchi va tarjimon Hamid Ismoilning 2026-yilgi Nobel mukofoti nomzodlari qatorida borligi adabiyotimiz tarixidagi muhim voqealardan biri boʻldi. Xoʻsh, bu ijodiy parvoz boshlanishi qanday kechgan?
Taniqli jurnalist Pahlavon Sodiqning bundan oʻttiz yil muqaddam – 1995-yil bahorida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida chop etilgan, adib bilan qilgan suhbati aynan shu savolga javob beradi. Unda Hamid Ismoilning Gʻarb va Sharq qutblari, shaxsiyat erkinligi, mumtoz meros va ijodiy izlanishlar haqidagi oʻsha paytdagiyoq teranlashgan qarashlari aks etgan. Bugun ushbu gurungni qayta oʻqish orqali yozuvchining yillar davomida qanday estetik evolyutsiyani bosib oʻtganiga guvoh boʻlasiz.
Quyida eʼtiboringizga havola etilayotgan mazkur suhbat oʻquvchiga Hamid Ismoil shaxsiyati va ijod laboratoriyasini yaqindan tanishtiradi.
(Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, Oyina.uz Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” romani haqida avvalroq ikki qismli tahliliy maqola eʼlon qilgan edi.)
Ikki qutb orasida
– Hamid aka, siz dunyo koʻrgan shoirsiz. Ayni paytda oʻzbek va butun umumturkiy sheʼriyatni gʻarbda targʻib qilayotgan qalam ahllaridan birisiz. Ijodingizda koʻpincha bir jihatni kuzataman: “Oʻzdan qochish”. Siz biz koʻnikib qolgan adabiy va nafaqat adabiy, balki hayotiy qoliplarni ham inkor qilishga tirishasiz. Ayting-chi, bu “qochish”, falsafiy maʼnoda “musbat” qochishmi yoki “manfiy”mi?
– Bilasizmi, “oʻzdan qochish” degani, “oʻzingizni tekshirish” degani. Yaʼni butun umr qilib yurgan ishim – “oʻzimni tekshirish”dan iborat. Masalan, oʻzimni oʻzimdan ajratib koʻrishim. Aslida bu tabiatan mumkin boʻlmagan narsa. Istasam ham bu narsadan ajray olmayman. “Qochish”ga harakatlar qilganman. Yoshlikda “qochish”ga harakatlar qilasiz. Gʻarb adabiyotini avaylaysiz. Oʻzingizcha yangi narsalar topishga urinasiz.
Men ham rus tilida koʻp yozdim. Bir tomondan turgʻunlik deymiz, boshqa baʼzi narsalar... Odam oʻzgargisi keladi. Biroq xamirturushing, butun vujuding oʻzbek boʻlganidan keyin qocholmas ekansan. Yoshlikda juda gʻarbga berilib, oʻta syurrealistlarni oʻqib yurgan paytlarimizda, ruscha sheʼrlarda “uh, shu narsani topdim” deb oʻylaganmiz, keyin qarasak, Navoiyda ayni shu narsa boshqacharoq shaklda ifoda etilgan ekan. Istaysizmi, istamaysizmi, bu sizning tabiatingizdan kelib chiqqan.
Bir misol: daraxt oʻsar ekan, uning ichida qancha daraxtlar birga oʻsayotganini xayolimizga ham keltirmaymiz. Holbuki, bu katta daraxtning ichida oʻtgan yilgi, undan avvalgi yilgi, qoʻyingki, yigirma besh yil oldin oʻtqazilgan nihol bor. Shunga oʻxshab, bizning shakllanishimizda ham, istaymizmi, yoʻqmi, ota-bobolarimiz ichimizdan “oʻsib chiqishadi”. Bu yerda bir masʼuliyat bor. Ular sizni yaratishgan ekan, ruhiy dunyongizni shakllantirishgan ekan, siz ham ular uchun bir koʻpriksiz. Bu masalada ikki xil qarash bor. Biri “odam oʻz-oʻziga xoʻjayin, oʻz-oʻziga sohib” degan gʻarbona qarash; ikkinchisi esa, odam Olloh bilan boshqa odamlar oʻrtasidagi, aytaylik, bir koʻprik” degan sharqona qarash. Menga qonimdan, kelib chiqishimdan ikkinchi nuqtayi nazar yaqinroq. Yaʼni haqiqat boʻlsa, boshqa narsalar boʻlsa, unga biz sohib emas, balki shu narsalarni yetkazib beruvchi bir vositachimiz. Shu jihatdan, oʻzimning shaxsiy biografiyamga qaraydigan boʻlsam ham, men bir vositachiman. Yaʼni mening orqamda qancha insonlar oʻtib ketishgan. Kimlardir yashagan, kimlardir ulgurmagan. Shularning masʼuliyati sifatida bugungi kunda men yashab yuribman. Men bugun Hamid Ismoil sifatida faqat oʻzim uchun javobgarmasman, ayni paytda butun boshli shajara uchun masʼulman. Shundan xulosa qilishim mumkinki, oʻzim masʼul boʻlgan millatga – oʻzbeklarga munosabatim mening oʻz-oʻzimga munosabatimdir.
– Nazarimda, suhbatimiz oʻz-oʻzidan “men” tushunchasiga borib taqalyapti. Sharq adabiyotida “men” yoʻq. Yaʼni “fard” tushunchasi istisno, balki “umma”, yaʼni “biz” bor, degan qarashlar mavjud. “Men” gʻarb tafakkurida hokim boʻlgan bir narsa va gʻarbdagi butun gʻoyaviy kurashlarning asosida ana shu “men” yotadi, degan daʼvolar, sizningcha, toʻgʻrimi?
– Bu ancha murakkab savol. Bir tomondan biz aytamizki, oʻzbekchilik, bu – qavmchilik, yoki Islom bu – qavmchilik, deymiz. Islomda umma bor, lekin shaxs yoʻq, deymiz. Ummaning shaxs ustidan ustuvorligi hamisha taʼkidlanadi. Bu bizning ongimizga singib ketgan. Hattoki, deylik, sheʼriyatimizda. Anʼanaviy sheʼriyatimizda hamisha jumlaning bir soʻz ustidan ustunligi keladi. Jumla, “umma” sifatida, deylik, “shaxs” yoki bir soʻz ustidan hamisha ustun. Shuning uchun oʻzbek sheʼriyati odatda satrlar bilan yoziladi. Soʻzlar bilan emas-da, satrlar bilan.
Lekin harakatlar boʻlgan. Islomning oʻzida: Tasavvuf. Mansur Hallojni olasizmi, kimni olmang, bu – Shaxsiyat. Bevosita “Men”ga qaytish. Shuning uchun buni Islomga yoʻyish mumkin ham, mumkin emas ham. Ikkinchidan: Choʻlpon sheʼriyatini olaylik, yoki shu asr boshi sheʼriyatini. Choʻlponning oʻzbek sheʼriyatidagi eng katta xizmati – soʻzga soʻzligini qaytarib bergani, alohida soʻzlar bilan yozganligidir. Choʻlponning sheʼrlari haligacha yurak-yuraklarimizga, deylik, bizning qoʻshiqchi shoirlarimiz bor-u, shular qadar singimagan. Chunki bu mutlaqo shaxs nuqtayi nazaridan yaratilgan sheʼriyat.
Aytmoqchi boʻlganim, harakatlar boʻlgan. Menimcha, haqiqat na u yoqda, na bu yoqda. Na “men”da, na “biz”da. Oʻsha “biz” “men”lardan tashkil boʻladi. Lekin “men” “biz”lardan ajralib “men” boʻladi. Biz hamisha oʻzimizni chegaralashga oʻrganib qolganmiz. Yo u haqiqat, yo bu haqiqat, deb. “Qars ikki qoʻldan chiqadi” deymiz-u, aslida qars – bir shapaloq ham, ikkinchi shapaloq ham emas, ikkalasining orasidan chiqqan ovoz. Shunga oʻxshab “haqiqat” ham “u” yoki “bu” emas, balki oʻrtadagisidir.
Mana, Sharq falsafasini olib koʻring: Attordagi Semurg‘ obrazi. Haqiqat – Semurg‘ mujassam bir shakl emas, balki oʻttizta qushning bosib oʻtgan yoʻli (tariqat). Bu yerda ham haqiqat bir nuqta emas, balki yoʻl, jarayon sifatida koʻrsatiladi. Lekin buni ana shu “nuqta”da anglaysiz. Yana yuqoridagi mavzuga qaytyapmiz. Siz oʻzgarasiz. Siz endi eski “men” emassiz, boshqa “men”siz, ayni paytda Sizning ichingizda ilgarigi “men” ham bor. Daraxtning ichida boshqa daraxt boʻlgani kabi.
– Gʻarb Uygʻonish (renessans) madaniyati haqida koʻp gapiriladi. Bu madaniyatga shubha bilan qarovchi baʼzi tadqiqotchilar, biz tushungan maʼnodagi renessans Gʻarbda paydo boʻlgan emas, u atay oʻylab chiqarilgan, renessans bir mafkuradir va bu mafkura boʻlmasa, Gʻarb madaniyati ostin-ustun boʻladi, deyishadi. Sizning bu masaladagi qanoatingiz qanday?
– Umuman, Gʻarb bilan Sharqning orasidagi boʻlinishga keladigan boʻlsak, hozir aytganimday, siz sohiblikka egasiz, yaʼni shaxs oʻzini sohib deydi, bu – Gʻarb qarashi. Musulmon Sharqida esa hamma narsa – Ollohga molikdir. Biz ijarachilarmiz xolos. Aslida odamzod shu ikki qutbning orasida yashaydi. Lekin moyillik, tendensiya doim bir tomonda boʻladi yoki ikkinchi tomonda. Gʻarb haqiqatan ham shaxsiyat tomoniga oʻtib ketgan. Buning natijasida ancha-muncha narsalarni yoʻqotgan, gʻurbatlarga ham duchor boʻlgan. Lekin shaxsiyatingizni butunlay yoʻqotib yuborishingiz ham mumkin emas, chunki Olloh sizni shaxs sifatida yaratgan. Olloh har bir insonning zimmasiga bir masʼuliyatni yuklab qoʻygan. Boʻlmasa hammamizni bir xil, aytaylik, gidralarga oʻxshatib yaratishi mumkin edi-ku? Nima uchun bizni turli qilib yaratdi? Demak, bunda ham qandaydir hikmat bor. Biz shundan kelib chiqishimiz kerak. Shaxs ekanmiz, shaxsiyat haqida ham oʻylashimiz kerak.
Ayni paytda bir butun odamzod ekanmiz, odamzodga xos xususiyatlar bizni bir-birimizga bogʻlab turadi, bunga ham mahkummiz. Shu yerda bir narsani aytib oʻtmoqchiman: Gʻarb bilan Sharq orasidagi farqni chuqurlashtirish ham mumkin. Biroq ayni paytda ularni birlashtiruvchi talaygina nuqtalar bor. “Faust”ni olaylik. “Faust” Gʻarb adabiyotining mahsuli. Asarning kompozitsiyasiga eʼtibor bering. Faustning bosib oʻtgan yoʻli ayni “Mantiq ut-tayr” yoki “Lison ut-tayr”da bosib oʻtilgan yoʻl. Yoki “Xamsa”. Nima uchun Nizomiy alohida-alohida yozgan beshta doston birlashtirilib, keyin unga naziralar yozila boshladi. Chunki ularning asosida insonni inson qilib turgan beshta asosiy gʻoya yashiringan: Yaʼni, goʻzallik, ezgulik, ishq, hokimiyat, adolat gʻoyalari.
“Iskandarnoma” hokimiyat, adolat gʻoyasi bilan sugʻorilgan. “Layli va Majnun” – ishq va hokazo... Jahon adabiyotiga nazar soladigan boʻlsak, har bir adabiyotning yetuk namoyandalari ayni shu shaklni qaytarishadi. Masalan, Pushkinda toʻrtta kichik fojia bor. Shulardan biri – “Mis chavandoz”. “Mis chavandoz” – “Iskandarnoma”dan boshqacha emas. Yaʼni odamning hokimiyatga munosabati, adolat masalasi va boshqa masalalar.
Shekspirni oling. Uning asarlaridagi gʻoyalar ham “Xamsa”dagi gʻoyalarning oʻzginasi. U bu chegaradan chiqolmaydi. Odamzodning asli, tabiati bor. Shuning uchun ham u “odamzod” deyilgan. Bu Rumiyning “Ma’naviy masnaviy”idagi mashhur rivoyatni eslatadi. Yaʼni bir bosh uzumni har xil tilda aytib yuribmiz. Chuqurroq qarasak, hammasining zamiri bir. Intilish bir – ezgulikka, goʻzallikka, eng oxirida, agar taʼbir joiz boʻlsa, Ollohga deyishimiz mumkin.
– Hatto Dantening “Ilohiy komediya”dagi sheʼriy shaklni Islomdan keyingi Andalusiya sheʼriyatidan olgani haqida fikrlar yuradi...
– Shunday. Insoniyat doim bir-biridan oʻrganadi. Sharqdan Gʻarb oladi, Gʻarbdan Sharq, chunki biz ikki qutb orasidamiz. Mohiyatga qaytadigan boʻlsak, bola – inson ikki qutb – ayol va erkak orasida tugʻiladi. Demak, hammasi tabiiy bir jarayon.
– Ijodiy intelligensiya har qanday tuzumda sotsialist boʻlib qolaveradi, degan fikr bor. Yaʼni kapitalizmda ham, kommunizmda ham u haqlarini himoya qilishi kerak boʻlgan, u ezilib qaraydigan mazlum bir qatlam boʻladi. Mana, siz anchadan beri Londonda yashayapsiz. Shubhasiz, u yerda inson va inson, inson va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar bizdagidan farq qiladi. Ammo bizdagidan mukammalroq deb ayta olasizmi?..
– Albatta, men ham hayotimda koʻp narsalarni koʻrdim, koʻp narsalardan xulosa chiqardim, nimalargadir intildim. Baʼzi yerlarda burnimni qonatdim, baʼzi yerlarda bir narsalarga erishdim. Ertangi fikrim oʻzgarishi mumkin. Biroq hozir oʻylayotganim, xulosa qiladigan boʻlsam, shundan iborat: odamning butun dunyoni baxtli qilaman, deb urinishi behuda. Bilasizmi, bu biroz safsatabozlikka oʻxshab ketadi. Albatta, bunday fikrlar boʻlishi kerak. Masalan, butun dunyoning bir burchagida “MacDonalds” paydo boʻlayotgan boʻlsa, ikkinchi bir burchagida “MacDonalds”ning kartoshkasini yetkazib berish hisobiga oʻrmonlar kamayib ketyapti. Kimdir qaygʻurishi kerak bu haqda. Hammamiz qaygʻurishimiz kerak. Inson eng avval oʻzidan boshlashi kerak. Xalq, deymiz. Siz ham xalqsiz, men ham xalqman. Xalq degan ibora, boʻsh ibora. Uni toʻldiruvchi bizlarmiz. Olloh bizni barkamol qilib yaratishi mumkin edi. Yaratmaganiki, bizlarning barkamollikka intilishimizga asos boʻlsa kerak. Barkamollikka intilishni esa “men”dan boshlash kerak. Chunki “biz”ga toʻnkab qoʻyishdan osoni yoʻq. Baʼzan hamma aybni tuzumga yoki zamonga toʻnkaymiz. Eng oxirida odam oʻziga toʻnkay boshlaydi. Aksincha boʻlishi kerak. Biroq bunga erishish juda qiyin.
– Yaqinda qoʻlimga bir kitob tushib qoldi. “Yoʻl” deb nomlangan mazkur kitobning muallifi oʻzbek kitobxonlariga mutlaqo notanish boʻlgan ism – BELGI. Kitobni oʻquvchilarga taqdim qilar ekan, Siz (soʻzboshisi – Hamid Ismoilniki – P.S.) oʻzbek sheʼriyatida uch yoʻl borligi, bulardan birinchisi Navoiy, ikkinchisi Choʻlpon va uchinchisi Belgining yoʻli ekanini qayd etgansiz. Bu yerda mubolagʻa yoʻqmi?
– Mubolagʻa bor. Lekin bilasizmi, Belgi holatida bir xususiyat bor. Aslida, u oʻsha, biz bilgan oʻzaklardan chiqib keladi. Intilishlari ham oʻsha oʻzaklardan. Ulardan uzilib qolgan emas. Yana haligi savollarga qaytib kelyapmiz. Menimcha, hammasi ongdan boshlanadi. Yaʼni xamirturush ongda paydo boʻladi.
Yozuvchi va jamiyat deymiz, shu munosabatlarni siyosatga aralashish, siyosat qilish, deymiz. Yozuvchining kuchi, menimcha, siyosatchining kuchidan ancha buyukroq. Masalan, Abdulla Qodiriy hech qachon siyosat bilan shugʻullanmagan. Lekin uning 20-yillarda mahkamada aytgan soʻzlarini eslang: “Men hammasiga chidashim mumkin. Modomiki, shu qora koʻzlar mening oʻlimimni istayotgan ekan, menga oʻlim jazosini beringlar”. Bu soʻzlar bizning ongimizni agʻdar-toʻntar qilib yuboradi. Odamni agʻdarib tashlaydi. Vaholanki, Qodiriy siyosiy pamflet yozib ham bizning ongimizni bunchalik larzaga sola olmagan boʻlur edi. Shunday holatga tushadigan boʻlsak, koʻz oldimizga Abdulla Qodiriy keladi. Uyalamiz, sharmanda boʻlamiz uning oldida. Shunday holatlar insonni tarbiyalaydi. Shu nuqtayi nazardan hozir ongimizda qandaydir siljishlar boʻlyapti. Bir tomondan, biz “oʻzbekchilik”ka haddan tashqari bogʻlanib qolayotgandaymiz. Aslida bunday emas. Aslida hayot siz bilan biz oʻylagandan ancha murakkabroq. Yoki tarix faqat bizning tariximiz der ekanmiz, boshqalarning ham tarixi borligini unutib qoʻyamiz. Biz boshqalarga bogʻliqmiz. Aytaylik, Aflotun boʻlmaganda, Ibn Sino boʻlmas edi yoki Ibn Sino boʻlmaganda Hegel boʻlmas edi.
Albatta, oʻzbekchilikning oʻziga xos tomonlarini targʻib qilish kerak, milliy ongni shakllantirish kerak, men bunga qarshi emasman. Lekin unutmaslik kerakki, biz odamzodmiz. Odamzodning boshqa qavmlaridan ayri holda bor boʻlolmaymiz.
Hozirgi zamon sheʼriyatimizda xuddi shu jihatdan siljishlar bor. Oʻzimiz oʻzbek boʻla turib, oʻzbekchiligimizdan hech qachon voz kechmagan holda, dunyoga koʻzlarimizni kattaroq ochishimiz kerak. Shu Belgida bor, menimcha. Shuning uchun men uni oʻquvchiga biroz mubolagʻa qilishdan oʻzimni tiyolmadim. O‘zim ham bir paytlar shunday harakatlar qilganman. Lekin mening harakatim koʻproq eksperiment tariqasida boʻlardi. Yaʼni ularda tabiiylik yetishmas edi. Belgida esa tabiiylik bor. Kuchanish yoʻq, unda avvaldan “shu sheʼrni ashula qilib yozaman” degan maqsad yoʻq. Hammasi tabiiy. Menimcha, bu juda muhim. Belgi bir qarashda anʼanalarimizdan uzoqqa oʻxshaydi. Aslida unday emas. Esingizda boʻlsa, biz yaqin-yaqingacha baʼzi shoirlarimizni anʼanalarimizdan uzoqlikda ayblab keldik. Lekin sal kengroq qaraganimizda koʻrdikki, ular ham butun vujudi, mushohada tarzi bilan anʼanalarimizga bogʻliq va bir oʻzbekning ongi oʻsha shoirlarda yoki Belgida boʻlgani kabi farqli bir toʻxtamga kelishi mumkin ekan.
– Kelgusi rejalaringiz haqida gapirib bersangiz.
– Oʻylab qoʻygan niyatlarim talaygina. Keyingi paytda asosan nasr bilan shugʻullanyapman. Hozirgi holatim, bilasizmi, sal tinish jarayoniga oʻxshaydi. Hilvatnishinlik jarayoni. Adabiy munozaralarga koʻpam ehtiyojim yoʻqdek. Hozirgi nasllardan yoshligim biroz uzoqlashib qolganidanmi, baʼzi narsalarga masʼuliyatsizlik, havoyilik bilan qarashga oʻrganib qolganman. Ana shu havoyilikdan qutilib, biroz ishlash niyatidaman...
Suhbatdosh Pahlavon SODIQ.
Toshkent, 1995-yil.