Bu mahalla raislari hududi bo‘yicha master reja qilishni, bo‘sh yerlar, bino-inshootlarni iqtisodiy aktivga aylantirishni o‘ylamayotgani, tuman, viloyat, respublikadan kelgan rahbarlarga aniq masala qo‘ya olmayotgani bilan ham bog‘liq.
Shuningdek, “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida joriy yil 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta loyiha g‘olib chiqmagan. Davlatimiz rahbari mahalladagi hamjihatlik, daxldorlik va tashabbuskorlik aynan shunday amaliy natijalar bilan o‘lchanishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda mahallalarda kichik loyihalarni ko‘paytirish va aholini ishli qilish masalalari tanqidiy tahlil qilindi. So‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik-kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratildi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming odam ishli bo‘ldi. Lekin 47 ta mahallada bor-yo‘g‘i 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.