Maqollar, nazarimda, hozirgi yoshlar nutqini tark etayotgandek. Goʻyoki ular endi eskilik sarqiti, bugungi avlod uchun munosib emas. Ming yillar osha bizgacha yetib kelgan maqollar aslida chinakam xalq donishmandligi, har qanday badiiy asar bilan bellasha oladigan xalq ogʻzaki ijodi namunalaridir. Ajdodlarimiz xoh xos, xoh avom boʻlsin, nutqini albatta maqollar bilan bezagan. Maqollar ularga milliy anʼanalar, qadriyatlarga amal qilib toʻgʻri yashashga koʻmak bergan.
Koshgʻariy bobomiz ham “Devonu lugʻotit-turk”da yuzlab maqollar keltiradi va albatta ularning maʼnolari, qachon, qanday holatda ishlatilishi haqida tushuntirish beradi. Buni qarangki, ular hozir ham ahamiyatini yoʻqotmagan, dolzarb. Mana, shunday maqollardan biri:
“Tamu qapugʻin achar tavar”.
Bu yerda: “tamu” – tamug‘, yaʼni doʻzax; “qapug‘” – eshik; “achar” – ochar; “tavar” – tavar, buyum, ammo ushbu maqolda “tavar” soʻzi, Mahmud Koshgʻariy izohiga koʻra, “pora” maʼnosida ishlatilgan. Maqolning mazmuni: “Pora doʻzax eshigini ochadi”.
Demak, ming yil, ikki ming yil oldingi ajdodlarimiz-da pora berishni nafaqat jamiyat uchun, balki insonning oʻzi, oxirati uchun ham salbiy hodisa deb bilganlar.
Abduvohid HAYIT