Uxlab yotgan odam uygʻonsa ham, gohida oʻrnidan darrov turib ketolmaydi. Dardga chalinib yotib qolgan bemorning oyoqqa qalqishi bundan ham qiyin. Ana endi qariyb bir yarim asr mustamlaka zulmini chekkan xalqning uygʻonib, milliy tiklanishga erishuvini tasavvur qilib koʻring. Bir xalqning mustamlakadan qutulib, oʻz mustaqil davlatini qurishi va taqdirini oʻzi belgilash qudratiga ega boʻlishi tarixan olamshumul ahamiyatga ega.

Xoʻsh, xalqning mustaqil boʻlib yashashdan koʻzlagan bosh maqsadi nima oʻzi? Milliy yuksalishga erishish! Milliy yuksalish nima unda? Har mamlakatning oʻz hududi, muayyan imkoniyat va sharoitlari, yerosti va yerusti boyliklari, tarixiy qadriyatlari boʻladi. Xalq ana shularni ishga solib, oʻz taqdirini oʻzi belgilaydi, milliy taraqqiyotning turli yoʻllarini izlaydi, jahon hamjamiyatida oʻziga munosib oʻrin egallashga intiladi. Bunda u bir soʻmini birovga bekorga bermaydi ham, birovning bir chaqasiga zoriqmaydi ham. Bersa, evaziga nimanidir oladi. Olsa, uni albatta qaytaradi. Shu maʼnoda biz mustaqillikning dastlabki chorak asri mobaynida, shak-shubhasiz, milliy tiklanish bosqichini bosib oʻtdik.

“Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya biz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. “Milliy yuksalish” deganda biz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga koʻtarishni tushunamiz”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimizning yigirma sakkiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida. Darhaqiqat, endigi vazifamiz milliy yuksalishga erishish boʻlib qolmoqda.

Yer yuzida rivojlangan va jadal rivojlanayotgan 19 ta davlat bor. Mazkur davlatlar Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda “katta yigirmatalik”ni hosil qiladi. “Katta yigirmatalik” hududida sayyoramiz aholisining 65 foizi istiqomat qiladi va ular jahon yalpi mahsulotining 90 foizini ishlab chiqaradi. Qolgan 210 tacha davlatda dunyo aholisining 35 foizi yashaydi va bu aholi jahonning bor-yoʻgʻi 10 foizgina mahsulotini ishlab chiqaradi. Bu – 210 tacha davlatda bir kishi uchun kerakli oʻrtacha mahsulotni 3,5 kishi isteʼmol qilishiga toʻgʻri kelyapti, degani! Aynan shuning uchun ham, istaymizmi-yoʻqmi, dunyo ikkiga – boylar va kambagʻallarga ajraladi. Afsuski, biz hozircha boylar guruhiga qoʻshila olmadik.

Oʻtgan yili mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining kishi boshiga taqsimoti 1,5 ming dollarni tashkil etdi. Turkiyada bu koʻrsatkich – 9,5 ming; Janubiy Koreyada esa 35 ming dollar. AQShda dunyo aholisining bor-yoʻgʻi 5 foizi istiqomat qiladi. Biroq bu mamlakat xalqi jahon umumiy mahsulotining 21 foizini ishlab chiqaradi. Yoki biz 1 gektar yerda 300 dollarlik mahsulot yetishtiramiz. Turkiyada bu koʻrsatkich 2 ming, Misrda 8 ming, Isroilda esa 12 ming dollarni tashkil etadi. Sirasi, ishlab chiqarishni rivojlantirmay, yaʼni mamlakat yalpi ichki mahsuloti miqdorini oshirmay turib milliy yuksalishga erishib boʻlmaydi.

Qoloqligimiz, taraqqiyotdan ortda qolganimiz – texnika-texnologiyamiz, ilm-maʼrifatimiz, salohiyatimiz, maʼnaviyatimizni oʻstirmaganimizdan. Buning obyektiv va subyektiv sabablari bor, albatta. Taraqqiyotga erishish uchun ikki narsa – mablag‘ va uni oqilona sarflay oladigan aql kerak. Agar ana shu aqlni keng maʼnoda “maʼnaviyat” deb atasak, milliy yuksalishimiz darajasi bevosita ham, bilvosita ham milliy maʼnaviyatimizga bogʻliq ekani ayonlashadi.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining maʼnaviyat, maʼrifat hamda milliy gʻoyani rivojlantirishga doir farmon va qarorlari, jami 9 qonunosti hujjat qabul qilindi. Xususan, 2017-yil 28-iyulda Prezidentning “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”, 2019-yil 3-mayda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarorlari qabul qilindi.

Mamlakatimizda 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, taʼlim sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish orqali mamlakatda taʼlim tizimini isloh qilish har qachongidan koʻra ham muhim bir vazifaga aylandi. Milliy yuksalishimiz kadrlar salohiyatiga chambarchas bogʻliqligini oʻylasak, bu farmon mohiyati va ahamiyatini chuqurroq anglab yetamiz.

Hozirgi vaqtda poytaxtimizning har yerida yigit-qizlarni ishga daʼvat etayotgan eʼlonlarga koʻp duch kelamiz. Bilinar-bilinmas koʻringan bu yangilik zamirida hayotimizda jiddiy oʻzgarish yuz berayotganini his qilish qiyin emas. Demak, yangi-yangi ish oʻrinlari paydo boʻlyapti. Bundan xursand boʻlishimiz kerak. Lekin ana shu eʼlonlarning bir nozikkina joyi bor. Eʼlonlarda falon-falon kasblar boʻyicha malakali yigit va qizlar kerakligi qayd etiladi. Yoshlarimiz koʻp, lekin ular orasida ana shu malakali kasb egasini topish oson emas-da. Malakali mutaxassislar tayyorlashni davlat va xalq birgalikda hal etishi kerak.

Joriy yil 6-sentyabrda Prezidentning “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. 2020/21-oʻquv yilidan taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil qilinadigan boʻldi. Ochigʻini aytish lozimki, kasb-hunar kollejlari oʻzini oqlamadi. Buning sabablarini sanab oʻtirishning mavridi emas. 2020/21-oʻquv yilidan boshlab ana shu kollejlar oʻrniga tamoman yangi, yaʼni boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi joriy etiladi. Bu tizim kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan tashkil topadi.

Baʼzilarimizning taʼlim bilan bogʻliq tasavvurlarimiz hayot talablariga mos emas. Yaqinda ikki ota bilan gaplashdim. Birining oʻgʻli toʻqimachilik boʻyicha bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tugatgan, ikkinchisining farzandi esa Toshkent islom akademiyasining bakalavriat boʻlimini tamomlagan. Bir-biriga aloqasiz ravishda ikkala otaning ham dardi – nima qilib boʻlsa ham, oʻgʻlini iqtisodiyot sohasida magistraturada oʻqitish. Axir, daraxt bir joyda koʻkarmaydimi? Bu yigitlar oʻsha oʻzi tanlagan, oʻqigan sohada yana bilimini oshirishi, zoʻr mutaxassis boʻlishi kerak emasmi? Hozir dunyodagi yirik paxtachilik davlatlaridan birimiz. Lekin ertaga ulkan toʻqimachilik mamlakatiga aylanamiz-ku. Yoki bugun maʼnaviy hayotimizda islomshunoslarga ehtiyoj kuchayib borayotir. Nima, iqtisodiyot sohasida oʻqigan yoshlar hash-pash deguncha katta boyga aylanib qoladimi? Biz koʻpincha hamma narsaga birdaniga erishmoqchi boʻlamiz. Boshqacha aytganda, uzoqni emas, yaqinni koʻramiz. Bu ham aslida maʼnaviyat masalasi.

Muqaddas dinimizda “Hamma narsa niyatga bogʻliq” degan qoida mavjud. Insonda hamma narsani fikr boshqaradi. Xalq tafakkuri qancha teranlashsa, maqsadlarini ana shunga mos ravishda belgilab, harakat qiladi. Yaʼni iqtisodiy ravnaqqa ham aynan maʼnaviy yuksalish orqali erishiladi.

Agar mamlakat taraqqiy etsa, tabiiyki, yangi-yangi ish oʻrinlari yuzaga keladi. Ish oʻrinlari koʻpaysa, oʻz-oʻzidan, yoshlar ish izlab xorijga borishiga hojat qolmaydi, loaqal chetga ishlash uchun ketayotganlar soni keskin kamayadi.

El orasida yurib, ayrim holatlardan xafa boʻlib ketaman. Kaminani baʼzi birovlarning ezgulikka yoʻgʻrilgan ana shu jarayonlarga befarqligi, hayotdan uzilib qolgani, oʻzgarishlarni ich-ichdan his qilolmayotgani, hattoki, koʻzi bilan koʻrib turgan ishlarni inkor etayotgani tashvishga soladi.

Bugun aynan qanday kishilar mamlakatda kechayotgan ijobiy oʻzgarishlar jarayoniga qoʻshila olmayapti?

Birinchi navbatda – ishsizlar. Shoʻro davridan fuqaro uchun ish joyini davlat yaratib beradi degan xato tasavvur oʻrnashib qolgan. Holbuki, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning ishlab chiqarishdagi ulushi kamaygandan kamayib boradi. Fuqarolar oʻziga oʻzi ish topishi, yangi-yangi ish joylari barpo etib ketaverishi kerak. Davlat bunga yoʻl ochib, qulay sharoit yaratib berishi lozim.

Yana bir toifa bor. Na gazeta, na jurnal oʻqiydi, na radio eshitadi, na televizor koʻradi. Qoʻlida – telefon. Ovqat yeyayotganda ham ikki koʻzi – ana oʻsha tumtumagida. Uni titkilagani titkilagan. Internetga kirib, ijtimoiy tarmoqlardagi axborotni saralab-saralamay “hazm” qilaveradi. Ijtimoiy tarmoqda esa nimalar yozilmayapti deysiz! Shunday qulay ommaviy axborot vositasidan oʻzining gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanmoqchi boʻlgan kuchlar kam deb oʻylaysizmi? Ularning aksari aynan suvni loyqalatib, baliq tutishdan, yaʼni odamlar ong-tafakkurini bulgʻash, ularni asl maqsaddan chalgʻitish, davlat bilan xalq oʻrtasiga ishonchsizlik choʻgʻini tashlab qoʻyishdan juda-juda manfaatdor.

Gʻarazli guruhlarning davlatimiz siyosatiga bunday yondashuvi – xuddi futbolda aldab oʻtayotgan oʻyinchini chalib yiqitishdek gap. Chalib yiqitishda esa qoida buzilgan hisoblanadi va yiqitgan komanda jarima toʻpi bilan jazolanadi. Chunki futbolda ham, siyosatda ham gʻirrom oʻyinga yoʻl qoʻyilmasligi shart va zarur! Agar yoʻl qoʻyilsa, buning nomi “igʻvo” deyiladi. Ammo, ming afsuski, kimlardir ana shu igʻvoga uchadi-da.

Yana bir toifa bor. Faqat Rossiya telekanallarini tomosha qiladi. Uning axboriy maydonini ana shu mamlakatda kechayotgan voqea-hodisalargina tashkil etadi. Albatta, Rossiya – hududi jihatidan eng katta, xalqaro jarayonlarga taʼsiri sezilarli boʻlgan davlat; yerosti va yerusti boyliklari bisyor. Mustamlaka boʻlmagan, aksincha, hozir ham, rosti, bir imperiya. Uning tosh-u tarozisi tamoman boshqacha.

Ana shu “rusiyona” mezonlar bilan Oʻzbekistonga yondashib boʻladimi? Yondashganda nima yuz beradi? Ichki qaramlik tuygʻusi paydo boʻladi. Bundaylarning nazarida mamlakatimiz rivojlanishi uchun bittagina yoʻl bor emish – bu ham boʻlsa, yana qaytadan Rossiyaga bosh egish emish. Hay-hay, hay-hay! Endi bunday boʻlmaydi. Hech qachon bunday boʻlmasligini Rossiya davlatining oʻzi ham teran anglaydi.

Ochigʻi, bir shaharda turib ikkinchi bir shahar xaritasi bilan yurib boʻlmagani singari, bir mamlakatda istiqomat qilib, ikkinchi bir mamlakat mafkuraviy-axboriy maydoni bilan yashashning aslo imkoni yoʻq. Oqibat nima boʻladi? Oʻzbekistonda oʻzbek tili davlat tili deb eʼlon qilinganidan 30 yil oʻtib ham kimlardir “Oʻzbekiston Respublikasi degan mustaqil mamlakatda rus tili davlat tili boʻlishi kerak”, deb xarxasha qila boshlaydi. Holbuki, bu gapni yozganlar butun dunyo ahli oldida uyalishi kerak.

Shoʻro davrida ustozimiz, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Gʻaybulla as-Salom “Yahudiylar oʻlik tilini tiriltirdi, biz tirik tilimizni oʻldiryapmiz. Oʻzbek boʻl – yahudiy boʻl!” deb yozgan edilar. Mana, oʻsha tirik tilini oʻldirganlar avlodi bugunga kelib tap-tayyor oʻz tilidan voz kechib, boshqa bir xalqning tiliga davlat tili maqomi berilishini taklif qilib chiqyapti-ya, qarang. Baʼzan “Oʻzligimizni hali ham toʻliq anglab yetmadikmikan” degan oʻy kechadi koʻngildan.

Yana bir toifa paydo boʻlgan. Bundaylar davlat nima yangilikni amalga oshirsa, uni teskari talqin qilishga urinadi. Shunaqa mafkuraviy kasallik bor, chamamda. Oqni “qora” deb tursang, hamma senga qaraydi-da. Odamzodning feʼli shuki, kimdir fikrni chaynab bersa, uni yamlamay yutadi. Oʻsha gapni eshitganlar orasidan kamdan-kami eʼtiroz bildiradi. Oqibatda xato, hatto davlatga qarshi, igʻvogarona, eskicha atama bilan ifodalaganda, provakatsion gʻoya el­ulus orasida tarqala boshlaydi. Endi kim uyma-uy yurib, shu davrada bu gapni eshitganlarga toʻgʻri gapni aytib chiqadi?

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnatga layoqatli har bir fuqaro oʻnglanib ololmagan boʻlsa, bilingki, u oʻzini, oilasinigina emas, butun mamlakatni orqaga tortgan boʻladi. Chunki milliy yuksalish mamlakatdagi har bir inson mehnatining misqollab yigʻilgan mahsuli oʻlaroq voqelanadi. Chunki milliy yuksalish, avvalo, har bir fuqaroning yuksalishi asosiga quriladi. Demak, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan gʻoya bugun hammamizning maqsadimiz, yaʼniki milliy shiorimiz boʻlmogʻi darkor.

Sultonmurod OLIM

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.

“Yuksalish yuki” maqolasi