Dunyoda hech qachon oʻzgarmaydigan qonun-qoida
Hayot azal-azaldan ustoz-shogirdlik asosiga qurilgan. Odam bolalikdan ustoz tufayli ilm-hunar, hayot taʼlimotlarini oʻzlashtiradi, tillar, ixtisoslarni oʻrganadi. Uning maʼnaviy-maʼrifiy qiyofasi ham ustoz orqali shakllanadi. Dunyoda tamoyillar, qonun-qoidalar doim oʻzgarib, yangilanib turadi. Ammo ustoz-shogird tamoyili oʻzgarmaydi. U inson oʻsishining tub asosi. Talant tarbiyasi esa tamomila tengsiz. “Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar” degan maqolning qanchalar haqligi hayot, turmush, ish yumushda har daqiqada achchiq tajribalarini koʻrsatib turadi. Jomiy va Navoiy oʻrtasidagi ustoz-shogirdlik barcha insoniy, ruhiy qirralari barobarida insoniyatning bu boradagi ideallari qatoriga kiradi.
1969-yilda onam qazo qildilar, bor olam huvillab qoldi. Mahallamiz qariyalari taʼziyaga kelishdi. Toʻqsondan oshgan Qoravoy bobo taʼziyadan soʻng meni bagʻirlariga bosdilar: “Yuragingdagi gavharni avayla”, dedilar va yelkamga qoqib qoʻydilar-da: “Onang oʻrniga oʻtadi”, dedilar. Men buni pir oʻgiti deb qabul qildim.
Hayot yoʻlimda duch kelgan odamlarni tasodif deb oʻylamadim. Faqat bir marta beriladigan hayotda ularni yoʻldosh deb qaradim. Har bir odamning dunyoga kelishi – Xudoninng sirli hikmatlaridan nishon. Hayotdagi barcha nomutanosibliklar, tuganmas ziddiyatlar, jinoyatlar ushbu hikmatni anglamaslik, yoki unga eʼtiborsiz, bepisand boʻlishdan kelib chiqadi. Odam oʻz bepisandligida nihoyatda ojiz, hatto uning qulidir. Xudoyi taoloning haqiqati shuki, “har bir kelgan ogʻirchilikning oxirida yengili bor”. Barcha ishlar shunga koʻradir. Bizga bu dunyoda duch kelgan odamlarning hammasi qaysi bir maʼnoda yo tayanch, yo ibrat, yo oʻgit, yo nadomatdirlar. Ulardan oʻrganib yoʻlini doim toʻgʻrilab borgan sobir va donodir. Diyonatingga zarra dog‘ tushmagani ana shundan. Boring ziyoda boʻlsin
Ibrohim Gʻafurov,
Oʻzbekiston Qahramoni
Hech kim bilmaydigan ustozlarim
Ustozlarim haqida gapirsam, ular shu qadar koʻpki, ularning har biriga alohida-alohida toʻxtalsam ham kimdir, albatta, qolib ketadi. Shu bois, xotiramga bir umr naqshlanib qolgan ikki voqeani aytib bersam...
Talabalik yillari oilam bilan bir xonali uyda ijarada turganmiz. Shu xonada bir necha yil yashab, bolalarni katta qildik. Oʻsha yillari matbuotda eʼlon qilingan koʻplab maqolalarim shu xonada, aniqrogʻi, xona oʻrtasiga qoʻyilgan, kunduzi bir chetga surib qoʻyiladigan... choy yashik ustida yozilgan. Ertalab, kechqurun ustiga dasturxon yozib ovqatlanamiz, bolalar uxlaganidan keyin esa u men uchun ijod stoliga aylanadi.
Oradan ancha vaqt oʻtgach, yashik eskirib, bir tomonga qiyshayadigan boʻlib qoldi. Ovqatlanish qiyin, yozish mushkul. Ozroq taxta topib, ichini ikkiga boʻldim. Tepa qismida non-choy, qand-qurs, pastki qismida esa choynak-piyola, idish-tovoq turadigan qoʻlbola mebelga aylandi-qoʻyoldi. Yashik shu maqomda bizga yana koʻp yillar xizmat qildi. Keyinroq ozroq ustachilik qilib, guruch, un, makaron, yog‘ saqlaydigan idishga aylantirdim. Bu “ixtiro”dan ham koʻp foyda koʻrdik.
Nihoyat, bizga shaharning boshqa bir chetidan uy berishdi. Yangi uyga koʻchib ketayotib, choy yashikni ham olib ketdik. Unga balkondan joy tegdi. Endi unda bolalarning poyabzallari, qoramoy, choʻtka turadigan boʻldi.
Oradan ikki-uch yil oʻtgach, yashik butunlay yaroqsiz boʻlib qoldi. Bir kuni ertalab yashikni hovlidagi chiqindi toʻkiladigan joyga tashlab uyga qaytdim. Kiyinib ishga otlandim. Xizmat mashinasiga oʻtirayotib, koʻzim choy yashikka tushdi. U menga: “Ha, xoʻjayin, kerak boʻlmay qoldikmi endi, mayli, zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq”, deganday moʻltirab turardi.
Koʻnglim buzildi. Xuddi gunoh ish qilgan odamday xayollarim chuvalashib ishxonaga keldim. Lekin choy yashik koʻzimga otasi tashlab ketgan boladay koʻrinaverdi. Tushlikka yaqin mashinani chaqirdim. Hozir borib yashikni uyga olib chiqib qoʻyaman.
Katta yoʻldan uyimiz tomonga burilishimiz bilan chiqindixonaga qaradim – yashik joyida yoʻq, kimdir olib ketgan boʻlsa kerak. Mashinadan tushdim. Aʼzoyi badanim muzlab ketganday boʻldi. Ishxonaga shoshilishim kerak, ammo... u yerga ertalab kim boʻlib borgan edim-u, endi kim boʻlib boraman?...
Oradan koʻp oʻtmay uch xonali uyga koʻchib oʻtdik. Xorijda ishlab chiqarilgan “Stenka”, oshxona mebeli, stol-stul sotib oldik. Ular uzoq yillar savlat toʻkib turdi, ammo oʻsha choy yashik qilgan xizmatning yuzdan birini ham qilmadi...
Bir gal yozgi taʼtilda sinfdoshlar bilan qishlogʻimiz tepasidagi Sanochsoyga bordik. Biz joylashgan oʻtovning yonidan Sanochsoy oqib oʻtadi. Suvining tiniqligidan hayratga tushasan. Shu suvdan ichmoqchi boʻldik, bizni mehmon qilayotgan choʻponning umr yoʻldoshi paqirda suv olib kelib, yogʻoch choʻmichda bizga navbat bilan uzatdi. Hammamiz ichib boʻlganimizdan keyin onaxon paqirda qolgan suvni... soyga olib borib toʻkdi.
Shu ikki voqea hayotdan olgan unutilmas saboqlarim qatorida turadi. Mendan kimdir ustozlarim haqida soʻrasa, ularning nomlarini aytayotib, oʻsha – oʻzim tashlab yuborgan choy yashikni va paqirda qolgan suvni yerga emas, soyga sepgan choʻpon ayolni eslayman. Bugun suvni tejash haqida gap ochilgudek boʻlsa, bu yorug‘ olamni allaqachon tark etgan oʻsha ayol qoʻlida paqir bilan bizga miyigʻida kulib qarayotganday boʻladi.
Ahmadjon Meliboyev,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist
Millat ustozlari
Ustoz va shogirdlik anʼanasi Odam Ato, Momo Havodan bizga meros. Farishtalar Odam Ato va Momo Havoga ustozlik qilgan boʻlsa, ular keyin avlodlariga, ajdodlar avlodlarga navbatma-navbat hayotni oʻrgatib kelgan. Shuning uchun bu anʼana qon meros, gen meros desak toʻgʻri boʻladi.
Ustoz kitoblar bor. Asli odamda tarbiyalanadigan, muhim narsalar nimalar? Insonda tuygʻu, aql, nafs, qalb va did tarbiyalanishi kerak. Bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan bu jihatlarning tarbiyasida ustoz kitoblarning ahamiyati katta. Masalan, “Oʻtgan kunlar” asarini oʻqiyotganingizda, siz didingiz, aqlingiz, tuygʻularingiz qanday tarbiyalanayotganini sezmasligingiz mumkin. Lekin shu jarayonda bu kitob sizga haqiqiy ustozlik qilayotgan boʻladi.
Yana bir narsani aytib oʻtishim kerak. Maktabdagi ustozlar bor, hayotdagi ustozlar bor, ishxonadagi ustozlar bor. Lekin millat ustozlari ham bor. Millat ustozlari deganda yaqin tariximizdagi Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Shukur Xolmirzayevdan tortib, Oybek, Mirtemir, Qodiriy, Na voiy, Beruniygacha nazarda tutayapman. Millat ustozlari bitta-ikkita guruh yoki qatlamni emas, balki bir qancha avlodlarning didini, tafakkurini, farosatini tarbiyalaydi.
Biz juda murakkab, qaltis zamonda yashayapmiz. Mana shunday paytda millat ustozlarining etagini mahkam tutishimiz kerak. Ulardan yiroqlashayotgandekmiz. Holbuki, xuddi shu tarixiy muallimlarimizning zakosi bizni birlashtirishi kerak. Biz ulguni shulardan olishimiz kerak. U yoq, bu yoqdan bostirib kelayotgan har xil taʼsirlardan emas.
Ustoz va shogirdlik haqida gap ketganida, yana bir narsa haqida oʻylab qolaman. Keyingi vaqtlarda tinglashdan koʻra, gapirishni afzal koʻradiganlar koʻpayib ketdi. Lekin eramizdan 500 yilcha oldin yashab oʻtgan faylasuf Pifagor oʻz shogirdlariga 7 yil davomida ogʻziga tosh solib yurishni buyurgan ekan. (Balki bu dars va saboqlar jarayonida boʻlgandir). Maqsad, ularni tinglashga oʻrgatish boʻlgan. Tinglashni bilgan odam fikrlashni oʻrganadi. Bilim va tafakkur tinglashdan oziqlanadi. Bu ham ustoz va shogirdlik anʼanasining muhim saboqlaridan biridir.
Eshqobil Shukur,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, publisist
“Ustozga ehtirom” kitobidan