Bilasizmi, oʻzbek tilida qarindoshlikni bildiruvchi soʻzlarning koʻpligi soʻzlovchi uchun ancha qulaylik tugʻdiradi. Deylik, birgina “togʻa” deyish bilan gap onaning aka/ukasi yo ona tomondan erkak qarindosh haqida ekanligi anglashiladi. Ota qarindoshlarni esa “amaki” deymiz. Ingliz, fransuz, rus va hokazo tillarda bu qulaylik yoʻq, yaʼni ularda “togʻa” va “amaki” bir soʻz bilan ifodalanadi (ingliz: “uncle”; fransuz: “oncle”; rus: “дядя”).
Manbalarga tayanib aytish mumkinki, ilgari turkiy tillarda bunday soʻzlar yana ham koʻproq boʻlgan. Lekin, afsuski, ularning aksari boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlar evaziga unutilgan. Deylik, “amaki” ham yarim arabiy, yarim forsiy soʻz (’am+ak+i), bugun biz ota qarindoshlarni: “amaki aka”, “amaki uka”, “amaki buva”... deymiz. Ammo “amaki” hali ham shevalarga butunlay singib ulgurmagan, aytaylik, hozir ham shevalarda otaning aka-ukasi yoki amakilarga “aka” deb murojaat etiladi.
Xoʻsh, “amaki” tilimizga oʻzlashmasdan oldin shu maʼnodagi boshqa bir turkiy soʻz boʻlganmi?
Ha, boʻlgan. Qadimgi turkiyda “ab”, “aba” soʻzlari – “ota”, “bobo” maʼnolarini bildirgan. Aytaylik, tugʻishgan aka, ukaga nisbatan “aka”, “uka”, “ogʻa”, “ini” deyilsa, baʼzi turkiy lahjalarda ularning oldiga “ab” soʻzini qoʻshib: “abagʻa” (ab ogʻa), “abaka” (ab aka), “avaqa” kabi soʻzlar yasalgan. Yaʼni, bu soʻzlar aynan otaning aka-ukalari, ota tomondan erkak qarindoshlarga nisbatan ishlatilib, bugungi “amaki” maʼnosini bildirgan.
Ona qarindoshlarni atash uchun esa maxsus “tay” old qoʻshimchasidan foydalanilgan. Deylik, “tay ogʻa” – togʻa, “tay ota” – ona tomondan bobo, “tay ona” – ona tomondan buvi, “tay äjä” – onaning opasi yo singlisi, xola va hokazo. Qirgʻiz tilida hozir ham “xola, yaʼni onaning opasi yo singlisi” maʼnosidagi “taeje” soʻzi saqlangan. “Oʻzbek xalq shevalari” kitobida keltirilishicha, Namangan hududida yaqin yillargacha ham “ona qarindosh” maʼnosida “tay” soʻzi va shu soʻz ishtirokidagi “tay ɔtǝ”, “tay ɔnǝ” kabi soʻzlar qoʻllanilgan (OʻXShL. T. 1971. 355-bet). “Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida turli turkiy tillardagi: “tayaba” (xakas: “ona tomondan bobo”), tayne (oltoy: “tay ona”), “dayka” (gagauz: “day aka”), “täinäk” (shor: “ona tomondan buvi”) kabi soʻzlar keltiriladi (ЭСТЯ. III. 128).
Mutaxassislarga koʻra, qadimgi turkiy yoki prototurk tilida “tay” (“day”) soʻzi – “ona” maʼnosini anglatgan boʻlishi mumkin. Shunday qilib, “togʻa” ham “tay” va “ogʻa” soʻzlarini qoʻshish yoʻli bilan yasalgan deb qaraladi. “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati” muallifi Shavkat Rahmatullayev bu evrilishni shunday koʻrsatadi: tay + agʻa = tayagʻa > ta:gʻa > tâg‘ä (OʻTEL. I. 352).
“Devonu lugʻotit-turk”da bu soʻz: “tagʻay” (تَغاىْ) shaklida keltiriladi. (Ammo “Devon”ning oʻzbekcha nashrida uning “amaki” deb izohlanishi, bizningcha, toʻgʻri emas, Basim Atalayning turkcha nashrida esa – “dayi”, yaʼni “togʻa” deb toʻgʻri oʻgirilgan (DLT. III. 256; DLT. III. 238).
“Devon”da “tagʻay” shaklining keltirilishi uning birlamchi koʻrinishi “tagʻay” boʻlganmi yoki “tay”mi? degan savol tugʻdiradi. Agar olmon turkshunosi Gerhard Dorfer mulohazalariga tayanilsa, “tagʻay” birlamchi boʻlishi ham mumkin (tagʻay > ta:ay > tay).
Biz “tagʻay” shaklini turkshunoslikka oid yana bir muhim manbada uchratdik. Bu manba XIII-XIV asrlarda yevropalik missionerlar tomonidan kumonlar, yaʼni Qirim yarimorolida yashagan turkiy xalqlar, asosan qipchoqlar oʻrtasida nasroniylikni joriy etish maqsadida tuzilgan lugʻat – “Kodeks kumanikus”dir. Unda ushbu maqolada mushohada etilayotgan ikki soʻz: “abagʻa” hamda “tagʻay” soʻzlari uchraydi. “Kodeks”da “abagʻa”– “abaga” shaklida keltirilgan va lotinchada “auunculuc”, yaʼni: “amaki” deb, “tagʻay” (“tagay”) esa “consanguineus”, yaʼni “qondosh” deb izohlangan. Bu ikki soʻzning mazkur lugʻatda keltirilishi XII-XIII asrlarda “abagʻa” va “tagʻay” qipchoq turkchasida faol boʻlgani va keng tarqalganini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda yana bir muhim manba xususida toʻxtalib oʻtish joiz. Maʼlumki, XIII asrdan Misrda kelib chiqishi qipchoq turklaridan boʻlgan mamluklar hukmronligi boshlanadi va bir necha asr davom etadi. Oʻsha davrda turk tilini arablarga oʻrgatish yoki turk tilli hukmdorlarning arab yerlaridagi hukmronligi uchun qoʻlaylik yaratish maqsadida bir necha turkcha-arabcha lugʻatlar yaratilgan. Shunday lugʻatlardan biri XIV asrda Jamoliddin at-Turkiy tomonidan bitilgan “Kitabu bulgʻatul-mushtaq fiy lugʻatit-turki val-qifchaq” (“Turk va qipchoq tillarini oʻrganishni istovchilar uchun yetarli darajada boʻlgan qoʻllanma”) asaridir. Mazkur lugʻatda ham “tay” (“طاى”) va “tay yeze” (“طاى ازا”) soʻzlari keltirilgan va “tay” – “ona tomondan qarindosh” deb, “tay yeze” (tayeje) – “xola” deb izohlangan.
“Tay”, “tagʻay” soʻzlari faqat qipchoq va qarluq lahjalari emas, balki oʻgʻuz turkchasida ham keng tarqalgan. Faqat u oʻgʻuzlarda, jumladan Xorazm shevasida ham, “tay” emas, “day”, yaʼni “d”lashgan shaklda, “togʻa” esa – “da:yi” deb talaffuz etiladi. Maʼlumki, qorluq va qipchoq shevalaridagi “t” tovushi oʻgʻuz shevalarida koʻpincha “d”ga aylanib, “g‘” tovushi baʼzan talaffuz qilinmaydi. Shu qoidaga koʻra, “dayi” soʻzining kelib chiqishini mutaxassislar shunday tushuntiradi: dastlab “tagʻay” soʻziga uchinchi shaxs egalik qoʻshimcha “i” qoʻshilib “tagʻayi” (“togʻasi”) hosil boʻlgan, oʻgʻuz shevalarida “t” tovushi “d”lashib, “g‘”ning tushib qolishi natijasida “da:yi” shakliga kelgan. “ Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida “day” oʻzagidan yasalgan qator soʻzlar keltiriladi: “да:йы” – “togʻa”, “дайка” (дай+ака) – “togʻa”, “дайза” (дай+эжа) – “xola”, diyaza, diyeze, deyze, dēze – bularning hammasi “xola” maʼnosida (ЭСТЯ. III. 127).
Oʻgʻuzcha “dayi” keyinchalik fors tiliga ham “doyi” (دايی) shaklida oʻzlashgan va hozirgi kunda Eronda “doyi” deganda “togʻa” tushuniladi.
Abduvohid HAYIT