Temuriylar davri hukmdorlarining ilm-fan va madaniyatga homiyligi oʻnlab qimmatli tarixiy asarlarning yaratilishiga asos boʻldi. Xoja Tojiddin as-Salmoniy, Hofizi Abru, Fasih Havofiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir va Mirzo Haydar kabi mualliflar qoldirgan meros shular jumlasidandir.

Mazkur manbalarda Amir Temur davri voqealari kabi harbiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar bilan bir qatorda muhim etnik maʼlumotlar ham uchraydi. Xususan, asosiy etnik qatlamlar amir, sarkardalar va qabila yetakchilarining nomlari orqali yoritilgan.

Oʻsha davrda Movarounnahr aholisining asosini turk va tojiklar tashkil etgan. Shuningdek, oʻtroq aholi bilan bir qatorda dugʻlot, olchin, jaloyir, arlot, barlos, mangʻit, markit, qangʻli, qipchoq, argʻin, qavchin va nayman kabi oʻnlab koʻchmanchi hamda yarim oʻtroq qabilalar istiqomat qilgan.

Bu etnogenetik jarayonlar birlamchi manbalarda quyidagicha aks etgan:

Fasih Havofiyda: apardiy, arab, arlot, jaloyir, qoʻngʻirot, mangʻit, moʻgʻul, oʻyrot (oyrat), sulduz, tojik, tatar, turk, turkman va oʻzbek;

Abdurazzoq Samarqandiyda: qavchin, barlos, jaloyir, qurchi, oʻzbek, turkman, sulduz, argʻun, tatar, arlot, nayman, xalaj, mangʻit, makrit, axtachi;

Zahiriddin Muhammad Boburda: barlos, dugʻlot, arlot, sulduz, keroyit, togʻchi, chagʻroq, makrit, qavchin, jaloyir, turkman;

Mirzo Haydarda: bekchik, bulgʻachi, barin, qirgʻiz, qoraxitoy, kerayit, qangʻli, dugʻlot, qavchin, arlot, qipchoq, jaloyir, kurlakut.

Movarounnahrning ijtimoiy-siyosiy hayotida arlot, jaloyir, barlos, sulduz, nayman, moʻgʻul, qavchin, qipchoq, argʻun va dugʻlot kabi etnoslar yetakchi mavqeni egallagan. Shuning bilan birga, mintaqada oʻyrot, yasuriy, nukuz, toyjiyut, chinoz, makrit, buruldoy, turkman, doʻldoy, tagʻoyi va qoʻngʻirot kabi nisbatan kam sonli urug‘-qabilalar ham yashagan.

Temuriylar davri forsiy manbalarida tilga olingan yirik etnoslardan biri arlotlar boʻlib, ular bu davrda asosan Murgʻob daryosining oʻrta havzasida istiqomat qilgan. Amir Temur vafotidan soʻng arlotlarning mavqei yanada kuchayib, ayrim vakillari markaziy hokimiyat uchun kechgan kurashlarga faol aralashgan. Xususan, Eronning Shaki viloyati dorugʻasi Sayyid Ali arlot Mironshoh Mirzoga muxoliflik qilib, hokimiyatni qoʻlga kiritishga intilgan.

Temuriylar davrida arlotlarning yana bir guruhi Xurosonda yashagan. XIV asr oʻrtalarida apardiylar bilan birga Malik Husayndan (Kurtlar sulolasidan Malik Gʻiyosiddinning oʻgʻli) qochib, amir Qazagʻan xizmatiga oʻtgan bu guruh keyinchalik Xuroson, Maymana va Faryob hududlarida oʻrnashgan.

Temuriy hukmdor Alouddavla arlotlar sardori, avvallari Shohruxga xizmat qilgan amir Yodgorshoh arlotning qiziga uylangan. Amir Yodgorshoh va uning oʻgʻli Sulton Mahmud boshliq arlotlar Alouddavla hokimiyatini qoʻllab-quvvatlagan asosiy kuch boʻlgan. Mazkur guruh keyinchalik Husayn Boyqaroning taxtga chiqishiga ham koʻmaklashgan. Bu davrda arlotlarga Yodgorshohning farzandlari – Pir Muhammad, Jaʼfar va Zaynulobidinlar boshchilik qilgan.

XIV–XV asrlarda arlotlarning yana bir tarmogʻi Moʻgʻulistonda yashagan. Moʻgʻul xoni Yunusxon (Boburning ona tomondan bobosi) davrida ularning obroʻsi ancha baland boʻlgan, biroq keyinchalik Sulton Ahmadxon arlot amirlarini davlat ishlaridan chetlatgan.

Argʻunlar ham davrning yirik etnoslaridan biri boʻlib, Fargʻona vodiysi, Zarafshon vohasi, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda istiqomat qilgan. Ular Amir Temur eʼtirof etgan qirqta oʻzbek qavmidan biri hisoblangan va Temuriylar davrida yirik yer egalari – tarxon maqomiga ega boʻlgan.

Ulugʻbek qoʻshinida argʻunlar salmoqli qismni tashkil etgan boʻlsa-da, Ulugʻbekning Abdullatifga qarshi kurashida unga xiyonat qilganlar. Shundan soʻng argʻunlarning bu guruhi Abu Said Mirzo tomoniga oʻtib, uning hokimiyatini qoʻllab-quvvatlagan. Abu Said davrida argʻun amirlari (Oʻrus argʻun, Nur Saʼid, Sulton Argʻuniy va Sayyid Asil Argʻuniy) har qachongidan ham nufuzli boʻlgan. Sulton Argʻuniy va Nur Saʼid keyinchalik Mirzo Muhammad Joʻkiyga ham xizmat qilgan.

XV asrda argʻunlarning bir qismi Qobul va Qandahorni boshqargan. Ularning yetakchilari Zunnun argʻun va uning oʻgʻillari – Shoh Shujo‘ (Shohbek) hamda Muqim argʻunlar edi. Argʻunlarning bu guruhi Husayn Boyqaro markaziy hokimiyatni egallagach, uning umrining oxirigacha sadoqat bilan xizmat qilgan.

909/1503–1504-yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur aka-uka Shoh Shujo‘ va Muqim argʻunlar bilan kurashib, Qobulni qoʻlga kiritgan. “Boburnoma”ga koʻra, oʻsha paytda argʻunlarning qoʻshini 6–7 ming kishidan iborat boʻlgan.

Argʻunlarning boshqa bir guruhi bevosita Boburga xizmat qilgan. “Boburnoma”da qayd etilishicha, uning qoʻshinida argʻunlarning alohida harbiy boʻlinmalari boʻlgan. Boburga xizmat qilgan argʻun yetakchilari davlat boshqaruvida ham faol qatnashgan; jumladan, amir Sulton Husayn argʻun maʼlum muddat Qorakoʻlni boshqargan. Argʻunlarning keyingi avlodlari Movarounnahrda qolib, vaqt oʻtishi bilan mahalliy aholi bilan aralashib ketgan.

Barloslar Temuriylar davridagi eng nufuzli va forsiy manbalarda eng koʻp tilga olingan qabilalardan biridir. Temuriy shahzodalarning aksariyat sarkarda va mulozimlari barloslar vakillaridan chiqqan. Jumladan:

Shohruxning amirlari: Toʻkal barlos, amir Nushirvon barlos, Pir Luqmon barlos, Sultonshoh barlos, Sulton Boyazid barlos (keyinchalik Abdullatif xizmatiga oʻtganlar);

Pirmuhammad ibn Jahongir Mirzoning amiri: Bahlul Muhammad barlos (Darvesh barlosning oʻgʻli);

Ulugʻbekning amiri: Pirmuhammad barlos;

Pir Muhammad ibn Umarshayxning amiri: Choʻlponshoh barlos;

Abu Bakr Mirzoning amirlari: Poyanda Sulton barlos, Husayn barlos;

Halil Sultonning amiri: Poyanda Sulton barlos;

Rustam ibn Umarshayxning amiri: Saʼid barlos;

Iskandar Mirzoning amirlari: Togʻay Bugʻa barlos, Nurak barlos, Dovud Malik barlos, Jalbonshoh barlos;

Abu Said Mirzoning amirlari: Gʻiyosiddin Ali Forsiy barlos (Tus yurishiga boshchilik qilgan), Nizomiddin Ahmad Toʻkal barlos (Qandahor hokimi);

Abulqosim Boburning amiri: Pir Sulton barlos;

Husayn Boyqaroning amirlari: Muhammad Burunduq barlos (avval Shohrux Mirzoning amiri boʻlgan), Muzaffar barlos, Ahmad Tavakkul barlos, Jahongir barlos, Islim barlos, Sulton Junayd barlos;

Sulton Mahmud ibn Abu Saidning amirlari: Shayx Abdullo barlos, Mahmud barlos va boshqalar.

Barloslar va temuriy hukmdorlar oʻrtasidagi munosabatlar har doim ham bir xil darajada iliq boʻlmagan. Taxt uchun kurashlar natijasida ayrim barlos amirlari boshqa oʻlkalarga koʻchib ketishga majbur boʻlganlar. Jumladan, Temuriy Alouddavla va uning oʻgʻli Sulton Ibrohimdan yuz oʻgirgan bir guruh barlos amirlari oʻz yaqinlari bilan Movarounnahrdan Jurjon va Mozandaronga – Husayn Boyqaro huzuriga bosh olib ketgan.

Temuriylar davrida barloslarning yana bir guruhi Xoʻjandda yashab, shaharni idora qilgan. Bu guruh Shayboniyxonga qarshi ayovsiz kurash olib borgan va shahar bosib olingandan keyin ham koʻchmanchi oʻzbeklarga taslim boʻlmagan. Bu haqda Muhammad Solih shunday yozadi:

Olti mingcha kishi gʻavgʻo aylab,

Ikki barlosni mirzo aylab.

Barloslar Moʻgʻulistonda ham yetakchi harbiy va siyosiy kuch hisoblangan. XV asr oxiri – XVI asr boshlarida bu yerdagi barloslarga amir Mirak Mirzo boshchilik qilgan. Boʻlajak moʻgʻul xonlarining otabegi (tarbiyachisi) faqat barloslar vakillaridan tayinlangan; masalan, Mir Gʻoʻri barlos Abdurashidxonning otabegi boʻlgan. Bu holat barloslarning moʻgʻul xonlari saroyida yuqori mavqega ega boʻlganini koʻrsatadi.

Barloslar Tugʻluq Temurdan tortib Abdurashidxongacha boʻlgan davrda moʻgʻul xonlari tarixida muhim oʻrin tutgan boʻlsa-da, keyinchalik Abdukarimxon bilan munosabatlar keskinlashgan. Natijada Abdukarimxon amirlar – Mirzo Muhammad va Mirzo Ahmad boshchiligidagi 3 ming aholini mamlakatdan surgun qilgan.

Davrning faol etnoslaridan biri bahrin (borin)lar boʻlib, ularning bir qismi Movarounnahrda, boshqa bir qismi esa Moʻgʻulistonda istiqomat qilgan. Soʻnggi temuriylar davrida bahrinlar mamlakatdagi yetakchi etnik guruhlardan biri sifatida faoliyat yuritgan.

Ularning aksariyati moʻgʻullar bilan ittifoqda boʻlib, Boburning moʻgʻul xonlari bilan qarindoshlik aloqalari tufayli u bilan ham yaxshi munosabatda boʻlgan. “Boburnoma”da qayd etilishicha, Toʻlun xoja borin Boburning moʻgʻullar orasidagi eng ishonchli kishisi boʻlgan. Bahrinlar Boburning qator janglarida, jumladan, Shayboniyxonga qarshi Saripul jangida 400–500 kishilik harbiy guruh bilan qatnashgan. Shuningdek, Boburning Ahmad Tanbalga qarshi kurashida Jon Hasan boshliq borinlar ham yaqindan koʻmaklashgan.

Sharqiy Chigʻatoy ulusi kuchayib-zaiflashuvi jarayonida bahrinlar oʻz mavqeini mustahkamlab olgan. Moʻgʻul xoni Uvaysxon vafotidan soʻng ular kuchayib, hattoki moʻgʻul xonlariga ham xavf sola boshlagan. “Boburnoma”da Erzan borin va Mirak turkman yosh moʻgʻul xoni Yunusxonni asir olib, 30 ming uylik moʻgʻullar bilan birga Samarqandga kelgani aytiladi. Mirzo Ulugʻbek qabila boshliqlarini jazolab, qolganlarini Movarounnahrga joylashtirgan, Yunusxonni esa asirlarning beshdan bir qismi bilan otasi Shohrux Mirzo huzuriga joʻnatgan. Bahrinlar keyinchalik Toshkent, Zarafshon vohalari va Fargʻona vodiysida oʻrnashib qolgan.

XV asrda Movarounnahrda yashagan yirik etnoslardan yana biri dugʻlotlar edi. Ularning Fargʻona, Samarqand, Qorategin va Hisorda tarqoq holda yashagani “Boburnoma”da eslatilgan. Manbaga koʻra, Hisor dugʻlotlari Boburga begʻaraz xizmat qilgan.

Dugʻlotlar Temuriylar davrida ham asosiy harbiy kuchlardan biri boʻlgan. Bobur ular bilan yaqin munosabatda boʻlib, xususan, Ahmad Tanbalga qarshi kurashda Muhammad Hisoriy va Sulton Husayn boshliqdagi dugʻlotlar boʻlinmasidan yordam olgan. Dugʻlotlarning aksariyati Sharqiy Chigʻatoy ulusida (Moʻgʻulistonda) yashab, moʻgʻul xonlariga xizmat qilgan va bu iliq munosabatlar Sulton Saidxonning oʻgʻli Abdurashidxon davriga qadar davom etgan.

Jaloyirlar ham Temuriylar davridagi yirik etnoslardan biri boʻlgan. Biroq Amir Temurga nisbatan sadoqatsizlik qilgani uchun ularning ayrim guruhlari tarqatib yuborilgan va shu bois Temuriylar davri manbalarida ular boshqa qabilalarga qaraganda kamroq tilga olingan. Jaloyirlar keyinchalik temuriy hukmdorlarga ham itoatsizlik koʻrsatgan; jumladan, Abu Said Mirzo amir Halil boshchiligidagi jaloyirlarning xiyonatidan soʻng bu elga nisbatan qattiq choralar koʻrgan.

Temuriy Husayn Boyqaroning saroyida Husayn Ali (Hasan Ali) jaloyir degan amir boʻlib, u Tufayliy taxallusi bilan qasidalar bitgan. Movarounnahrdagi jaloyirlar keyinchalik oʻzbek, qozoq, qirgʻiz va qoraqalpoq xalqlari tarkibiga singib ketgan.

Forsiy manbalarda tez-tez tilga olingan etnoslardan yana biri sulduzlar edi. Bu davrda sulduzlarning bir qismi Seistonda yashab, ularga Pir Ali Sulduz boshchilik qilgan. XV asr oʻrtalarida sulduzlarning yana bir guruhi Andijonda boʻlib, ularni Jaloliddin Buzurk Sulduz boshqargan. Sulduzlarning ushbu guruhi keyinchalik Bobur xizmatiga oʻtib, uning harbiy yurishlarida ishtirok etgan.

Temuriylar davri manbalaridan koʻrinib turibdiki, aksariyat temuriy hukmdorlarning qoʻshinida sulduz guruhlari mavjud boʻlgan. Bunga Amir Temur davridanoq sulduzlarning nufuzi tuman darajasida boʻlgani va temuriy shahzodalarga suyurgʻol qilingan hududlarga yuborilgan qoʻshinlar tarkibida sulduzlar koʻpchilikni tashkil etgani sabab boʻlgan. Temuriylar sulolasining tanazzulidan soʻng sulduzlar Shayboniyxon xizmatiga oʻtgan. XVI–XVII asrlarda Movarounnahrdagi sulduzlar batamom oʻtroqlashib, mahalliy aholi tarkibiga singib ketgan.

Mazkur davrdagi faol qabilalardan biri qipchoqlar boʻlib, ular Fargʻona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda istiqomat qilgan. Ular Amir Temur davridayoq yetakchi harbiy kuchga aylangan edi. Hukmdor vafotidan soʻng qipchoqlar yanada kuchayib, temuriy hukmdorlarga tahdid sola boshlagan.

Xususan, Abu Said Mirzoning oʻgʻli Sulton Mahmudning Hisravshoh qipchoq degan amiri cheksiz vakolatlarga ega boʻlgan. Hisravshoh boshchiligidagi qipchoqlar Sulton Mahmud vafotidan keyin markaziy hokimiyatni tan olmay, mustaqil siyosat yuritgan va hatto Temuriylarga qarshi bosh koʻtargan. Jumladan, Hisravshoh Sulton Mahmudning oʻgʻli Boysunqur Mirzoni oʻldirgan, boshqa oʻgʻli Sulton Masʼudning esa koʻziga mil tortgan.

Qavchinlar Movarounnahrdagi yirik qabila boʻlib, yetakchi harbiy kuch maqomiga ega edi. Ular Fargʻona vodiysi, Qashqadaryo va Buxoro hududlarida oʻrnashgan boʻlib, Temuriylarning barcha janglarida qatnashgan va hukmdorning shaxsiy gvardiyasi sanalgan.

Qavchinlar oʻzlarining sadoqati bilan boshqa etnoslardan ajralib turgan, shuning uchun ham aksariyat temuriylar yonida qavchin amirlari boʻlgani manbalarda qayd etilgan. Jumladan:

Shohruxning amirlari: Toʻploq qavchin, Kepakchi qavchin, Jahonmulk qavchin (Shohruxning bolalikdagi mulozimi, amir Milkotning oʻgʻli, amir Xoriyning amakivachchasi boʻlib, Amir Temur vafotidan keyin Shohruxga qarshi isyon koʻtargan);

Ulugʻbekning amirlari: Xizr qavchin, Shoh Vali qavchin, Uvays qavchin (ular 1425-yilgi Moʻgʻulistonga qarshi yurishda qatnashgan), Ali qavchin, Mironshoh qavchin (1449-yil sentyabrda Ulugʻbek oʻgʻli Abdullatifdan yengilib, Samarqanddan panoh topmoqchi boʻlganda uni shaharga kiritmagan);

Mirzo Iskandarning amirlari: Xurqujoq qavchin, Bayon qavchin;

Abdullatifning amiri: Saodat qavchin (Domgʻon dorugʻasi boʻlib, Abdullatifga qarshi chiqqan, biroq Abdullatif uni omon qoldirgan);

Abu Said va uning oʻgʻillari Ahmad hamda Mahmud Mirzolarning amirlari: Pirdarvish qavchin, Qulmuhammad Bugʻdo qavchin, Bugʻo qavchin;

Umarshayx va Boburning amirlari: Mir Qanbarali qavchin, Ali Mazidbek qavchin, Qosimbek qavchin (Oʻsh hokimi boʻlib, Bobur uni oʻz otasidek ardoqlagan);

Husayn Boyqaroning amiri: Husayn Ali qavchin (Hamadon va Darguzin noibi).

Bu davrda qavchinlarning yana bir qismi Qoshgʻarda istiqomat qilgan.

Hazoralar Movarounnahr va Xurosondagi etnoslardan biri boʻlgan. Bu haqda Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi: “Hazorayi Oqo deb mashhur boʻlgan hazora qavmi koʻp el va ulusdan iborat boʻlib, son-sanoqsiz chorva mollariga egadirlar. Shohrux davrida oʻlpon toʻlab turgan. Shohruxdan keyin mustaqil boʻlib olib, mol-mulki koʻp boʻlsa ham yoʻltoʻsarlik qilib, musulmonlarni qatl eta boshlagan”.

Hazora va nikudariylarning keyingi vakillari XV asr oxiri – XVI asr boshlarida ham shimoliy Afgʻonistonda yashagan. Shayboniyxon 1510-yilda hazoralar ustiga yurish qilsa-da, ularni topa olmagan. Bu davrda Gʻazni, Karnud va Gʻur togʻlarida hazora va nikudariylar yashaganini Bobur ham tasdiqlaydi.

Temuriylar davri manbalarida tilga olingan etnoslardan yana biri chagʻraq (chigʻraq, chakrak)lardir. Bu davrda chagʻraklarning bir qismi Fargʻona bilan Qoshgʻar orasidagi togʻli hududlarda yashab, chorvachilik bilan shugʻullangan. “Boburnoma”da bu haqda shunday deyiladi: “Andijon viloyatining sahronishinlaridan bir chagʻrak eldir, qalin eldur. Besh-olti ming uyli el bordur. Fargʻona bilan Qashgʻar orasidagi togʻda boʻlurlar. Otlari koʻp va qoʻylari qalindur”. Shunga oʻxshash maʼlumot Mirzo Haydarning asarida ham uchraydi. Unga koʻra, Qoshgʻar hokimi Abubakr dugʻlot chagʻraklarni Oʻzgan aholisi bilan birga qirib yuborgan.

Movarounnahrda yashagan qabilalardan yana biri togʻchi (tagʻochi)lardir. “Togʻchi” soʻzi “togʻlik” degan maʼnoni anglatadi. Hozirgacha saqlanib kelinayotgan Zomin va Chiroqchi tumanlaridagi Toqchi, Jizzax tumani hamda Kitob shahridagi Toqchilik, Sherobod tumanidagi Toqchiguzar toponimlari aynan togʻchi etnonimi asosida vujudga kelgan. Togʻchilar baʼzan oʻzlarini Dashti Qipchoq oʻzbek-qatagʻonlariga mansub deb bilishadi. Biroq togʻchilarning ajdodlari janubiy Oʻzbekiston hududida Dashti Qipchoq oʻzbeklari kelishidan ancha oldin ham istiqomat qilgan.

“Boburnoma”da tilga olingan, Umarshayx Mirzoning amirlaridan boʻlgan Vays Logʻariy Samarqandning toʻqchi elatidan chiqqan. Manbada qayd etilgan toʻqchi etnonimi togʻchi yoki tagʻochining keyinchalik oʻzgargan shakli boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa oʻsha davrda Samarqandda ham togʻchilarning alohida guruhi yashaganidan dalolat beradi.

Temuriylar davrida Movarounnahrda istiqomat qilgan yana bir etnos qarluqlar edi. Qoraxoniyshunos K.Shoniyozovning yozishicha, qarluqlar XIV–XV asrlarda ikki etnik qatlamdan iborat boʻlgan. Birinchi qatlam Fargʻona vodiysi, Toshkent vohasi va Toxaristonda milodiy VI asrdan buyon yashab kelgan. Ikkinchi qatlam esa moʻgʻullar hukmronligi davrida (XIII–XIV asrning 60-yillari) Ili daryosi boʻylari va Yettisuvdan koʻchib kelib, Toshkent va Zarafshon vohalari hamda Oʻzbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlarida oʻrnashgan va bu yerda avvaldan yashab kelgan qarluqlar bilan qoʻshilib ketgan.

XV asrda qarluqlarning bir qismi Dashti Qipchoq hududida koʻchmanchi hayot kechirgan va keyinchalik Shayboniyxonning harbiy yurishlarida faol qatnashgan. Yana bir guruhi XIV asrda Taroz shahri bilan Sirdaryo oraligʻidagi yaylovlarda koʻchib yurgan. Fargʻona vodiysida ham qarluqlarning jamoalari istiqomat qilgan boʻlib, “Boburnoma”da ular koʻp bor tilga olingan.

Shuningdek, Movarounnahrda oʻyrot, yasuriy, nukuz, toyjiyut, chinoz, makrit, buruldoy, turkman, doʻldoy, tagʻoyi va qoʻngʻirot kabi urug‘-qabilalar ham yashagan. Ular yirik etnoslarga nisbatan kam sonli boʻlishiga qaramasdan, mintaqaning etno-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan.

XV asrda Movarounnahrda ilk oʻrta asrlarda va undan keyingi davrlarda kelib oʻrnashgan arablar ham hayot kechirgan. Ularning soni koʻp boʻlmagan va asosan Buxoro vohasi, Samarqand hamda Kattaqoʻrgʻon atroflari, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tarqoq holda istiqomat qilgan.

Bundan tashqari, turli istilolar natijasida Amir Temur va temuriy hukmdorlar tomonidan Movarounnahrga koʻchirib keltirilgan xalqlar ham boʻlgan. Shu bilan birga, mahalliy aholining boshqa hududlarga majburiy olib chiqilishi holatlari ham kuzatilgan. Masalan, moʻgʻul xoni Esan Bugʻa (Yunusxonning akasi) Andijonni egallagach, aholining bir qismini Qoshgʻarga asir sifatida olib ketgan; “Tarixi Rashidiy”da bu aholining qisqa vaqt ichida moʻgʻullashib ketgani qayd etilgan. Shayboniyxon yurishlari davrida esa ham mahalliy aholi, ham yarim koʻchmanchi etnoslar Movarounnahrning Samarqand, Hisor va Qunduz kabi hududlaridan chiqib, qoʻshni viloyatlarga, xususan, Qobulga koʻchib borgan.

Temuriylar davriga kelib Movarounnahrning yirik shaharlaridagi demografik va etnik manzara qisman oʻzgardi. Bu davrdagi etnomadaniy jarayonlarning asosiy xususiyatlaridan biri oʻlkaga koʻplab turk-moʻgʻul etnoslarining kelib joylashishi natijasida turklashish jarayonining kuchayganidir. Natijada asosan forsiyzabon aholi yashaydigan shaharlar muhitiga ham turkiy unsurlar faol kirib bordi.

Davr etnomadaniy jarayonlarining yana bir jihati hukmron doira siyosati tufayli urug‘-qabilalarning boʻlinib ketishi va turli hududlarga tarqalishida namoyon boʻldi (bunga barloslar va jaloyirlar misol boʻla oladi). Bu kabi parchalanishlar urugʻlarning tez fursatda mahalliy xalq bilan qorishib ketishiga sabab boʻlgan.

Temuriylar davrida Movarounnahrning demografik manzarasi, ijtimoiy tarkibi va etnomadaniy jarayonlari kuchli markazlashgan davlatchilik tizimi hamda iqtisodiy yuksalish sharoitida yangi bosqichga koʻtarildi. Hukmdorlarning faol shaharsozlik va urbanizatsiya siyosati, ichki hamda tashqi migratsiya omillari, hunarmandchilik va savdo-sotiqning qoʻllab-quvvatlanishi vohalarda oʻtroqlashish jarayonlarini tezlashtirib, koʻp qatlamli madaniy muhitning shakllanishiga zamin yaratdi. Mazkur davr ijtimoiy-demografik dinamikasini tizimli tahlil qilish Oʻrta asrlar Markaziy Osiyo jamiyatining ichki qonuniyatlarini va bugungi milliy-etnik jarayonlarning tarixiy ildizlarini chuqurroq anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sevinch ULASHOVA,

Afrasiab University dotsenti, tarix fanlari doktori