Temuriylar davrida matnshunoslik ham ilmiy-nazariy, ham amaliy jihatdan yuqori bosqichga koʻtarildi: matn tuzishning ilmiy prinsiplari ishlab chiqildi, amaliy matnshunoslik ham uygʻun holda rivojlandi. Bu davrni oʻzbek amaliy matnshunosligining klassik bosqichi deyish mumkin.
Temuriylar davri matnshunosligida oʻz davri asarlarigagina emas, ota-bobolar tomonidan yaratilgan klassik yozma merosga ham alohida eʼtibor qaratildi. O‘tmishda yashab ijod etgan adiblarning asarlari koʻchirtirildi; shuning bilan birga, klassik manbalarning tayanch matnini yaratishga kuch berildi.
Bu davr yozuv madaniyatida oʻtmish anʼanalariga, ota-bobolardan qolgan yozuvlarga ham eʼtibor katta edi. Temuriylar davlatida tarixnavislik, badiiy adabiyot, taʼlim va fan sohasi, davlat devonxonalari va xoʻjalik ishlarida, rasmiy-diplomatik munosabatlarda ikki xil yozuv – eski uygʻur va arab alifbolari ishlatilgan.
Turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida XIV–XV yuzyilliklar qadimgi turkiy yozuvdan arab xatiga oʻtish davri sanaladi. Shunga qaramay, badiiy adabiyot, tarixnavislikda, shu qatori davlat hujjatchilik ishlari, xalqaro diplomatik munosabatlarda uygʻur xatining mavqeyi yuqori edi. Qadimgi turk yozuv anʼanasini saqlab, turk islom dunyosida uygʻur xatini soʻng bor qoʻllagan ham temuriylardir. Temurbek oʻz saltanatining rasmiy ishlarida, ichki hamda tashqi diplomatik munosabatlarida, badiiy adabiyot sohasida, bilim kishilari orasida ota-bobolardan meros qolgan uygʻur xatining keng amal qilishiga xayrixohlik qildi va buning ijrosiga katta eʼtibor qaratdi. Temuriylar davrida uygʻur xati turkiy yozma adabiy tilning yetakchi, butun bir saltanatning ish yurituvchi rasmiy yozuviga aylandi.
Eski oʻzbek adabiy tili yozma meʼyorlarining tartibga tushuvida, til funksional uslublarining takomillashuvi, matn tuzish va kitobat ishining yangi bir bosqichga erishuvi, uning gullab-yashnashida uygʻur xatining oʻrni katta boʻlganini alohida taʼkidlamoq kerak. Ushbu yozuv mumtoz oʻzbek yozma adabiyotining sara asarlarini, temuriylar yaratgan tengsiz obidalarni bugungi kunimizgacha yetkazib keldi.
Oltin O‘rda hamda Temuriylar davlatida uygʻur xatining keng amal qilgani tarix kitoblarida ham qayd etib oʻtilgan. Mashhur tarixchi Ibn Arabshoh “Ajoibu-l-maqdur fi navoibi Taymur” kitobida uygʻur xatining tarixi toʻgʻrisida yaxshi maʼlumot bergan. Tarixchi yozadi: “Ular [chigʻatoyliklar – Q.S.] oʻzlarining tilxat, maktub, farmon, xat, kitob, bitim, solnoma, sheʼr, qissa, hikoyat, hisob, xotira va devonga tegishli hamma ishlarini, chingizona tuzuklarini shu yozuvda yozadilar. Bu yozuvni yaxshi bilgan ularning orasida xor boʻlmaydi, chunki bu ularda rizq ochqichidir”. Ibn Arabshoh ushbu maʼlumotida davlat ishlari, xalqaro diplomatik munosabatlarda, tarixnavislikda uygʻur xatining mavqeyi yuqori ekanini koʻzda tutgan.
Oʻsha chogʻlardan qolgan turkiy adabiy asarlarning qoʻlyozmalari uygʻur va arab yozuvlarida. Yodgorliklarning eski, qadimiy qoʻlyozmalari koʻproq uygʻur xatida bitilgan boʻlsa, keyingi davrlarga tegishlilari arab xatidadir.
Uygʻur yozuvi qoʻllanilmay qoʻygach, xon va beklarning kutubxonalari demaganda, keng ulus qadimgi turkiy yozuvdagi kitoblarni saqlashga urinmadi. Shuning uchun ham ularning koʻpi yoʻqolib ketgan. Ehtimol, temuriylar zamonida yaratilgan asarlarning koʻproq keyingi, arab xati bilan koʻchirilgan nusxalarigina saqlanganining sababi ham shundandir? Uygʻur yozuvli yodgorliklar koʻp boʻlmasa-da, oʻsha davrning yozuv madaniyati toʻgʻrisida aniq-taniq xulosa chiqarishga imkon beradi.
Yozma manbalarga tayanadigan boʻlsak, Amir Temur koʻzi tirikligida oʻz yorliqlarini, muhim bitiglarini uygʻur xatida yozdirgan. Ana shunday manbalardan biri oʻz davrining ulug‘ obidasi sifatida tarixda qolgan. Bu Temurbekning Toʻxtamishxonga qarshi yurish boshlagan chogʻida toshga yozdirgan bitigidir.
Yozma manbalarda Sohibqironning chet mamlakatlarning hukmdorlariga ham uygʻur xatida maktublar yoʻllagani haqida maʼlumotlar saqlangan.
XIV–XV asrlarda Movarounnahr va Xurosonda kitobat sanʼati gullab-yashnadi. Oʻsha kezlar Yazd, Hirot, Samarqand madaniy markazlarida uygʻur xatida bituvchi xattotlarning maktablari yuzaga keldi. Temuriylar bu noyob kasb egalariga gʻamxoʻrlik qildilar, uygʻur xati bilan yozuvchi kotiblar ularning otaligʻida ish yuritdi. Chunonchi, Hirotda koʻchirilgan uygʻur yozuvli qoʻlyozmalar Shohruxning, Samarqandda Mirzo Ulugʻbekning, Yazdda esa Mir Jaloliddin (Jaloliddin Mir Chaqmoq)ning buyrugʻi va otaligʻi ostida bitildi.
Ilk oʻrta asrlarda turkiy tilda yozuvchi kotiblar bitigchi deyilgan. Keyinchalik arab yozuviga oʻtila boshlagach, uygʻur xatida bituvchi kotiblar alohida nom bilan atala boshladi. Mahmud Koshgʻariyning yozishicha, xon maktublarini uygʻur xatida yozuvchi kotib ilimgʻa atalgan. XIV–XV yuzyilliklarda esa uygʻur xatida bituvchilarni baxshi deganlar. Bu soʻz tarixiy istiloh sifatida shu kasb bilan shugʻullanuvchi kishilarning otiga ham qoʻshib aytilgan. Turkiy yozma manbalarda oʻsha davrda yashab ijod qilgan baxshilarning otlari ham qayd etiladi. Masalan, Mansur baxshi, Hasan Qora Sayil baxshi, Zayn ul-Obidin baxshi, Abu Malik baxshining otlari maʼlum.
Temuriylar zamonida bitilgan bebaho yozma obidalarning ayrimlari va, aniq aytish mumkinki, eng nodirlari kunimizgacha yetib kelgan. Ana shunday nodir qoʻlyozmalardan biri Yusuf Xos Hojib yozgan “Qutadgʻu bilig” masnaviysining uygʻur yozuvli nusxasidir. Uni Hasan Qora Sayil Shams baxshi koʻchirgan. Qoʻlyozma kitob hozir Vena milliy kutubxonasida saqlanmoqda.
“Qutadgʻu bilig”ning Hirot maktabida koʻchirilgani temuriylar zamonida oʻtmish adiblarining asarlariga eʼtibor katta boʻlgani, shuningdek, qoraxoniylar davri adabiyoti, eski turkiy adabiy til va yozuv anʼanasining davom etganidan dalolat beradi.
Asarning Hirot nusxasi, uygʻur yozuvi boʻyicha mutaxassislarning ozligi uchunmi yoki matnning murakkabligidanmi, bilim kishilarining nazaridan chetda qolib kelmoqda. Vaholanki, bu nusxaning oʻziga yarasha yutuqlari oz emas. Kuzatuvlarga koʻra, uygʻur yozuvli qoʻlyozma boshqalariga qaraganda eskiroq nusxadan koʻchirilgan. Uning boshqa nusxalardan farqli yerlari koʻp. Muhimi, ushbu farqlar matnda yoʻl qoʻyilgan xatolar emas, mazmun bilan bogʻliq. Uning kotibi qoraxoniylar davri tilini juda yaxshi bilgan, matnga bilim va uquv bilan yondashgan. Qoʻlyozma qunt bilan oʻrganilsa, asar va uning mazmuni bilan bogʻliq koʻp tugunlar yechiladi, ilkin nusxa, yaʼni muallif varianti sari yoʻl ochiladi.
Hasan Qora Sayil Shams oʻz matnini hijriy 843, qoʻy yilida, muharram oyining toʻrtinchi kuni (melodiy 1439-yilning 18-iyunida) Hirotda koʻchirib tugatgan. Bu toʻgʻrida masnaviy tugagandan keyingi tarixda shunday qayd etiladi: Tugandi Qutadgʻu kitabi tarix sekiz qirq uch yilda, qoʻy yil muharram ayning toʻrti Haruda. Qoʻlyozmaning eng soʻnggi varagʻida ham yuqoridagi sana qaytariladi: Tarix sekiz yuz qirq uchta, qoʻy yil axiri, muharram ayning toʻrt yangisi Haru shahrinda bitildi.
Hirotda baxshichilik maktabining yirik namoyandalaridan yana biri Abu Malik baxshidir. Uning qoʻlidan chiqqan nodir qoʻlyozma hozir Parijdagi Fransiya milliy kutubxonasida saqlanib turibdi. Baxshi mazkur qoʻlyozmani hijriy 840 (melodiy 1436-1437)-yili koʻchirgan. Qoʻlyozmaga ikki yirik asar bitilgan boʻlib, ikkovi ham forschadan tarjima qilingan: birinchi asar “Meʼrojnoma”, keyingisi esa Farididdin Attor qalamiga tegishli “Tazkirat ul-avliyo” asarining turkiy tarjimasidir. Turkiyda u “Tazkira-yi avliyo” deyilgan.
Samarqand baxshilari ichida Zayn ul-Obidinning dovrugʻi ketgan edi. Baxshi “Hibat ul-haqoyiq” dostonining tayanch matnini yaratgan. Muhim jihati, temuriylar davri oʻzbek matnshunosligida matn tuzish prinsiplari, qiyosiy matn yaratishning ilmiy asoslari tugal bir koʻrinishda ishlab chiqilgan edi. Chunonchi, 1444-yili Samarqandda yirik davlat arbobi, adabiyot va ilm-fan homiysi, shoir Amir Arslon Xoʻja Tarxon buyrugʻi bilan Adib Ahmad Yugnakiy “Hibat ul-haqoyiq” dostonining tayanch matni tuzib chiqildi. Arslon Xoʻjaning asarni qayta kitob holiga keltirishdan maqsadi, adib oʻgitlarining xato talqin qilinishiga chek qoʻyish, ularni tuzatish va asarning tayanch, ishonchli nusxasini yaratish edi. Tayanch matn tuzilgach, asarning keyingi nusxalari uning asosida koʻpaytirilgan. “Hibat ul-haqoyiq” (“Atabat ul-haqoyiq”)ning ushbu tayanch matnini Zayn ul-Obidin baxshi tuzib chiqdi. Ushbu qoʻlyozma bizgacha yetib kelgan asar nusxalarining eng eskisi, toʻligʻi va ishonchlisidir. Shuning bilan birga, qoʻlyozma oʻz davri kitobat sanʼatining ajoyib yodgorligi ham.
Zayn ul-Obidin baxshi uygʻur xati bilan XV asr turkiy adabiyotining yirik namoyandasi Mir Haydarning “Mahzan ul-asror” asari hamda oʻttiz baytli qasidasi, Yusuf Amiriy “Dahnoma”sini ham koʻchirgan. Kunimizda ushbu qoʻlyozmalar oʻz davrining qimmatli yodgorligi sifatida ardoqlanadi.
Kitobat tarixida Yazd xattotlik maktabi namoyandalarining ishlari ayricha oʻringa ega. Yazd shahrida bitilgan noyob qoʻlyozmalardan biri Mansur baxshi qalamidan chiqqan majmuadir. Bu kitob hozir Britaniya muzeyida “Or. 8193” koʻrsatkichi ostida saqlanmoqda. Qoʻlyozma temuriylar davridan qolgan uygʻur yozuvli eng chiroyli, shuning bilan birga, kitobat sanʼatining ajoyib namunalaridan. Matn mahorat bilan koʻchirilgan, sahifalari geometrik shakllar va islimiy naqshlarga boy. Uygʻur yozuvli matn toʻgʻri chiziq boʻylab oʻn olti qatordan yoki turli geometrik shakllar orasiga bitilgan. Mansur baxshi ushbu kitobni 1432-yili koʻchirgan edi. Majmuaga uygʻur xati bilan Xorazmiyning “Muhabbatnoma” dostoni, diniy-falsafiy mazmundagi “Siroj ul-qulub”, “Masʼala kitobi”, “Rohat ul-qulub” asarlari, Mansur baxshining qasidasi, Mavlono Lutfiyning toʻrt gʻazali, Qambar oʻgʻlining uchta, Javhariy, Qosim, Sayyidning bittadan gʻazali va bir nechta toʻrtlik bitilgan. Hoshiyasida esa Kamol Ismoil Isfahoniyning (XIII asr) forsiy devoni (arab xatida). Soʻnggi ikki betining hoshiyasiga uygʻur xati bilan Rashididdin Vatvot “Sod kalima”sining bir boʻlagi koʻchirilgan. Mazkur uzindi arab va fors tilidadir.
Mansur baxshi uygʻur yozuvi bilan “Baxtiyornoma” asarini ham koʻchirgan. Uygʻur yozuvli mazkur qoʻlyozma hozir Oksforddagi Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda. Qoʻlyozma hijriy 838 (melodiy 1434)-yili koʻchirilgan.
Uygʻur xati temuriylar davlatining rasmiy yozuvi ham edi. Temuriylar oʻz yorliqlarini, rasmiy hujjatlarini, hatto chet ellarga yuboriladigan xatlarini ham uygʻur yozuvida bitganlar. Uygʻur xati devon ishlarida, rasmiy-diplomatik yozishmalarda keng ishlatilgan. Temurbek oʻzi yorliqlarini, qoʻshni ellarning hukmdorlariga yoʻllagan maktublarini uygʻur xatida va turkiy tilda yozdirgan, temuriylarning shajaralari ham ayni yozuvda. Temurbekning oʻlimidan keyin Shohrux va Mirzo Ulugʻbek, Abu Said mirzo va uning oʻgʻli Umarshayx mirzo ham oʻz devonida, davlat ishlarida qadimgi turkiy alifboni keng qoʻllagani maʼlum. Bu yozuvni Zahiriddin Muhammad Bobur ham yaxshi bilgan.
Temuriylar davlati, jamiyat va davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatik munosabatlar tarixini oʻzida tamgʻalagan yorliqlardan ayrimlari hozirgacha saqlanib qolgan.
Umuman, turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida uygʻur xatining ahamiyati katta boʻldi. Uning tarixiy taraqqiyoti davomida temuriylar davri muhim bosqich sanaladi. Qadimgi turk yozuv madaniyati uzluksizligini taʼminlashda, uygʻur xatining ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotdagi oʻrnini belgilashda, rasmiy va diplomatik munosabatlardagi mavqeyini taʼminlashda temuriylarning xizmati katta boʻldi.
Shu oʻrinda temuriylar davri yozuv madaniyati, uning qoʻshni ellarga taʼsiri bilan bogʻliq bir masala toʻgʻrisida ikki ogʻiz. XV yuzyillikning ikkinchi yarmiga kelib Movarounnahr va Xuroson bilan Rum oʻrtasida adabiy va madaniy aloqalar kuchaydi. Turk sultonlari temuriylarga ergashib, oʻz saroylarida, adabiy doiralarda qadimgi uygʻur xatini ommalashtirishga katta eʼtibor qaratdilar. Buni yuzaga chiqarish harakatida temuriylar mamlakatidan oʻta bilimli, uygʻur xatini yaxshi bilgan yetuk baxshilar chaqirtirilgan. Zamonasining ana shunday yetuk oʻqimishlilaridan biri Abdurrazzoq baxshi edi. U asli samarqandlik boʻlib, keyinchalik turk sultonining chorloviga koʻra Istanbulga borgan va oʻsha yerda uygʻur yozuvli matnlarni koʻchirish bilan shugʻullangan. Baxshining ismi-sharifi uygʻur yozuvli manbalarda Shayxzoda Abdulrazzaq baxshi yoki Abdurazzaq Shayxzoda baxshi deb berilgan.
Uygʻur yozuvli nodir kitoblar Abdurrazzoq baxshining soʻroviga koʻra Samarqand, Hirot, Yazd singari madaniy markazlardan Istanbulga (Kustantaniyaga) olib borilgan. Masalan, “Qutadgʻu bilig”ning 1439-yili Hirotda Hasan Qora Sayil Shams baxshi koʻchirgan nusxasi, “Hibat ul-haqoyiq”ning 1444-yili Samarqandda Zayn ul-Obidin baxshi koʻchirgan nusxasi Istanbulga olib ketilgani manbalardan ayon. Hatto “Qutadgʻu bilig” Hirot qoʻlyozmasining oxirgi betiga uygʻur yozuvi bilan ushbu kitobning Hirotdan Toʻqatga, u yerdan esa Abdurrazzoq baxshi uchun 879 (melodiy 1474)-yili Istanbulga keltirilgani yozib qoʻyilgan. Mana, oʻsha yozuv: Tarixqa sekiz yuz yetmish toʻquzda yilan yil bu Qutadgʻu bilig kitapni Abdurazzaq Shayxzada baxshi uchun Istanbulda Toʻqattin Fanari oʻgʻli Qozi Ali bitig yibarip kelturdilar. Muborak boʻlsun, davlat kelsun, mehnat ketsun (Tarix (hijriy) sakkiz yuz yetmish toʻqqizda, ilon yili, bu “Qutadgʻu bilig” kitobini Abdurrazzoq Shayxzoda baxshi uchun Fanari oʻgʻli Qozi Ali Istanbuldan xat yuborib Toʻqatdan keltirdilar. Muborak boʻlsin, davlat kelsin, zahmat ketsin). Baxshi “Qutadgʻu bilig”ning ushbu qoʻlyozmasidan nusxa koʻchirganmi-yoʻqmi, buni bilmaymiz.
Abdurrazzoq baxshi Istanbulda 1480-yili uygʻur va arab yozuvlari bilan koʻchirgan oʻta nodir majmua maʼlum. Qoʻlyozma Istanbuldagi Ayosofiya kutubxonasida saqlanmoqda. Majmuaga Adib Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” asari, Mavlono Lutfiy va Sakkokiy sheʼrlari va boshqa bir qancha asarlar kiritilgan. Undagi “Hibat ul-haqoyiq” asari, Mavlono Lutfiy va Sakkokiy sheʼrlari ikki xil yozuvda: uygʻur xatida bitilib, oʻqilishi tagma-tag arab harflarida berilgan. Muhimi, baxshi ushbu majmuani tuzganda undagi “Hibat ul-haqoyiq” matnini asarning uygʻur yozuvli Samarqand qoʻlyozmasidan olib koʻchirgan. Anglashiladiki, Abdurrazzoq baxshi koʻchirgan asarlar, asosan, uygʻur yozuvli qoʻlyozmalardan olingan. Yozuv anʼanasini saqlamoq uchun, shuning bilan birga, asarni koʻpchilik oʻqiy olishini koʻzda tutgan holda, oʻsha zamon turkiy matnchiligida rusum boʻlgan usulni qoʻllab, matnlarini ikki xil yozuvda bitgan.
Bugina emas, baxshining soʻroviga koʻra Istanbulga Lutfiy va Sakkokiyning uygʻur xatida bitilgan devonlari yoki uygʻur yozuvli majmualar ham keltirilgan boʻluvi kerak. Abdurrazzoq baxshi tuzgan majmuadagi sheʼrlar kunimizgacha saqlanmagan oʻsha qoʻlyozmalardan (devon nusxalari yo majmualardan) olingan, deya taxmin qilsa boʻladi.
Shunday qilib, temuriylar davri matnshunoslik amaliyotida ota-bobolar merosiga katta eʼtibor qaratildi. Ularning shijoati va fidoiyligi tufayli ulkan yozma meros yaratilib, kelgusi avlodlarga saqlanib qoldi.
Qosimjon SODIQOV,
filologiya fanlari doktori, professor