Boychechakni tutdilar,

Tut yogʻochga osdilar.

Qilich bilan chopdilar,

Baxmal bilan yopdilar.

Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,

Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.

Xalq qoʻshigʻidagi boychechakning oʻrniga avval Buxoroni, keyin Varaxshani qoʻyib oʻqidim. Birda mungli, birda oʻlmas va hashamdor tarix gavdalandi koʻz oldimda... Ularning iztirobi, koʻrgan-kechirganlari bir boʻlib koʻrindi...

 

Moziy qaʼridan hayqirdim – Buxoro...

Bu nuroniy maskan VI-VIII asrlarda Buxorxudotlarga boshkent boʻldi. Soʻngra Arab xalifaligiga, usmoniylarga, qoraxoniylarga tobe boʻldi, qonli janglarda yanchilib, moʻgʻullar izmiga oʻtdi. Vaqt oʻtib, Temuriylar bayrogʻi ostida gurkiradi, XVI asr boshlarida Shayboniylar tasarrufida yashadi. Buxoro xonlik (amirlik)ka qaradi, soʻng shoʻrolar tomonidan bosib olindi. Buxoro chindan boychechak kunini koʻrdi. Bugun esa u zambaraklar toʻpidan, yongʻinu buzgʻunlardan horib tin olayotgan goʻsha... Xullas, Muqimiy domlaga yoʻlida – “Buxoroga qildim yurush...”

Qoʻnimsiz Varaxsha

Ilk borar manzilimiz yoʻllariga entikib koʻz tikdik. Tong sahardan taniqli adib va jurnalist, ustoz Jahongir Ismoilov hamrohligida shahardan 40 chaqirim olisdagi Buxorodan-da moʻysafidroq Varaxsha xarobalari sari otlandik. Yoʻl-yoʻl gurunglarimiz, ziyoratu qoʻnoqlarimiz bir-biriga ulandi.

“Varaxshaning yoʻli yomon, ancha choʻllashib qolasiz” deyishlariga qaramadik. Ulovda boshda ravon, soʻngra yoʻl terib yurdik. Bora-bora yerning borligiga shukr ham qildik. Telefon xaritasidan Varaxshaning qoʻnimi (lokatsiya)ni izlayman. Har holda koʻz tikkan manzil chiqmadi. Mashina oynasidan ahyon-ahyonda uchragan kishidan yoʻl soʻraymiz. Nom-nishonsiz manzilni qanday tushuntirish mumkin: shu yoʻldan ketaverasizlar, ketaverasizlar. Uyogʻini yana soʻraysizlar-da. Oʻzi oynadek yoʻlda bu masofa “gʻuv” etib bosib oʻtgulik. Ammo quyosh tigʻidagi 40 chaqirimli Varaxsha yoʻli...

Ketaverdik, ketaverdik. Atrof tap-taqir choʻl, issiq hovur yantoqlar gʻaramini yumalatib-yumalatib oʻynaydi. Borgan sari yovvoyi qushlar, quloqqa notanish sayroqlarga yaqin boʻldik. Yurakka ogʻir botgani shu boʻldi: Varaxsha shahar chetidagina emas, maʼnaviy dunyomiz, oʻzligimizdan-da panaroqda – qarovsiz va tashlandiq holda qolibdi.

Mashinani toʻxtatdik. Soʻngsiz yoʻl adogʻi, oʻnqir-choʻnqirliklar ulovimizni toʻlqindagi kemaday chayqatgani-chayqatgan. Ustoz jilmayib soʻz qotdi: “Sayr ham sayr, sargardonlik ham sayr”. Kayfiyatni koʻtaring, Bobur aka (“Aka” deyish ustozning ehtiromi edi). Oʻzimga oʻzim savol beraman. Nega afsonaviy Varaxsha shu ahvolga kelib qoldi? Manbalarda miloddan avvalgi III asr va milodiy I-II asrlarda bu shahar gullab-yashnagani aytiladi. Ulugʻvor qoʻrgʻon bir-biriga tutashgan istehkomli qishloqlar tarzida qad koʻtargan. III-IV asrlarda esa tanazzulga uchray boshlagan. V asrda Varaxsha yana tiklanib, Buxoroning qadimgi hukmdorlari – buxorxudotlarning qarorgohiga aylangan.

Demak, vayron boʻlgan shahar bir necha marta qayta tiklangan. Hukmdorlar uni mustahkam va qalin devor bilan oʻratgan. Narshaxiyning yozishicha, yil oxirida Varaxshada olomon bilan gavjum bozor yigirma kun qaynagan. Uni dehqonlarning Navroʻzi, Yangi yil deb atashgan. Yil hisobi shu kundan boshlangan.