Dunyo globallashib borayotgan hozirgi sharoitda faqat milliy tilgina muayyan etnosning oʻziga xos ruhiyatini saqlab qolishi mumkin boʻlgan qoʻrgʻon sanaladi. Chunki yemak, kiymak, turmush kechirmak singari jabhalardagi oʻziga xoslik tobora yoʻqolib, ommaviy universallashuv qaror topayotgan sharoitda muayyan millat ruhiyatiga xos qirralar faqat tildagina saqlanib qoladi. Shuning uchun ham tilning tozaligi, boyligi va aniqligi uning oʻzaro aloqasini taʼminlaydigan lingvistik vositagina boʻlib qolmay, millatning oʻzligini kafolatlaydigan maʼnaviy-ruhiy omil ham hisoblanadi. Ushbu holat milliy tilning alifbosi mukammal, grammatikasi puxta, ishlatishga qulay boʻlishini taqozo etadi. Negaki, bugungi odamdagi isteʼmolchilik psixologiyasi tildan foydalanishda ham namoyon boʻladi.
Koʻpchilik oʻrtaga tashlaydigan: “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun qanday bajarilyapti?” degan savolga qisqa qilib: “Koʻngildagidek emas”, deb javob berish mumkin. Bizningcha, “davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning kutilgan darajada bajarilmayotganiga bir qator obyektiv va subyektiv sabablar bor:
Birinchidan, bu qonunning oʻzi yetarlicha puxta ishlanmagan boʻlib, unda majburiylikdan koʻra tavsiyaviylik ustuvor. Koʻpchilik moddalar tavsiya xarakterida boʻlib, majburiylik koʻzda tutilmagan. Qonun esa, birinchi navbatda, majburiyat yuklashi kerak.
Ikkinchidan, qonunda ijro mexanizmi koʻzda tutilmagan. Zero, ushbu qonun oʻzbek tilining ikkinchi darajali boʻlishiga koʻnikkan mualliflar tomonidan tayyorlangan va ularning nazarida, tilimizning davlat tili ekanini yuridik jihatdan qayd etishning oʻzi yetarli boʻlgan.
Uchinchidan, keyingi yillarda yurtimizda chet tillarini oʻrganishga eʼtibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratildi, davlat tili esa nazardan chetda qoldi. Bu hol tirikchilik tashvishi bilan ovora koʻpchilikda yashash uchun oʻzga tilni bilish muhim degan fikr uygʻotdi.
Toʻrtinchidan, mamlakatning oʻzbek tilida soʻzlashuvchi qismida hanuz milliy gʻurur shakllanmadi. Millatdoshlarimiz koʻpchiligi oʻzlariga, binobarin, tillariga ham ikkinchi darajali deb qarash illatidan qutula olganlari yoʻq. Oʻtgan yillar orasida koʻpchilikda gastarbayterlik kayfiyati shakllandi. Jamiyatning katta qismida tirikchilik oʻtkazish uchun chetga chiqish, chetga chiqish uchun esa rus tilini bilish shart degan toʻxtam qaror topdi.
Beshinchidan, jamiyatning boshqaruv qatlamida va millat oydinlari orasida chet tillariga mahliyolik yetakchilik qiladi. Mutaxassisni ishga olish, lavozimga tayinlashda chet tilini bilish asosiy koʻrsatkichga aylandi. Shuningdek, hali ham davlat tilini bilmaganlari holda yuqori lavozimlarda ishlayotgan anchagina shaxslar bor.
Oltinchidan, ishbilarmonlarimiz bozor iqtisodi qoidalarini yaxshi bilmaganliklari uchun reklamaga olarmanni chorlashga xizmat qilishi kerak boʻlgan vosita deb emas, balki shunchaki yaltiroq va jimjimador bezak sifatida qaramoqdalar. Shu bois oʻzbek ishbilarmonlari reklamaning odamlarni chorlashga xizmat qilishiga emas, boshqalarnikiga oʻxshamagan tarzda tushunarsiz va ohanjamoli boʻlishiga diqqat qiladilar. Ochilgan katta-kichik ish joylariga tushunarsiz chet tilidagi nomlar qoʻyib tashlanayotgani shundan.
“Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning bajarilishiga erishish uchun uni bajarmagan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan koʻrilishi mumkin boʻlgan huquqiy, maʼmuriy, iqtisodiy jazo choralari aniq koʻrsatilishi, bu ishga javobgar shaxslar sifatida tuman, shahar va viloyat miqyosidagi birinchi rahbarlar belgilanishi lozim. Shuningdek, tumanlar va viloyatlar miqyosida “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun bajarilishini taʼminlaydigan alohida ijtimoiy-maʼmuriy tuzilma shakllantirilishi zarur. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning bajarilishini taʼminlashga qaratilgan hujjatda pastdan eng yuqoriga qadar barcha davlat va xususiy tashkilotlarda ish yuritish faqat oʻzbek tilida olib borilishi majburiyligiga amal qilinishi kerak. Bu qonunning ijrosi parlament nazoratiga olinishi va har olti oyda qilinayotgan ishlar yuzasidan tuman, shahar, viloyat va respublika tashkilotlari birinchi shaxslarining hisoboti eshitilishi yoʻlga qoʻyilishi kerak.
Yurtimizda qonunning toʻliq bajarilmayotgani muammosi ustiga alifbo muammosi ham qoʻshildi. Tilga doir bir qonunning bajarilmayotgani baʼzilarda boshqasining ham bajarilishi shart emas deganga oʻxshash kayfiyat uygʻotdi, chamasi. Shunga boʻlsa kerak, yangi alifboga oʻtish toʻgʻrisidagi qonun qabul etilganidan oʻttiz yillar oʻtib, haliyam kirill yozuviga qaytib qoʻya qolgan maʼqul, deb aytadiganlar bor. Bu hol jamiyatda chiqarilgan qonunlarga ishonchsizlik, ularni bajarish shart emas, degan qarash shakllanayotganini koʻrsatadi.
Lotin yozuviga asoslangan alifboning oʻzbek tiliga mos kelish-kelmasligi borasida shuni aytish mumkin-ki, ochundagi birorta yozuv ham biror bir tilning tabiatiga toʻla mos kelmaydi. Negaki, tilchilarga oʻxshab chiyratma qilib aytganda, audial yaratiqni toʻliq holda vizual ifodalab boʻlmaydi. Oʻzbek tili uchun maxsus alifbo ixtiro qilingan taqdirda ham barcha tovush tovlanishlarini harflar orqali berish mumkin emas.
Alifbo – osmondan tushirilgan ilohiy hodisa emas, odam aqlining mahsuli. Har qanday yozuv – odam tomonidan oʻylab topilgan sunʼiy til. Binobarin, hech qaysi alifbo mukammal emas. Chunki tovush – barcha nozikliklari bilan yozuvda ifodalash mumkin boʻlmagan hodisa. Gap yozuvni muayyan tilning tabiatiga maksimal darajada moslashtira bilishda. Ayrimlarning lotin yozuvidan koʻra kirill yozuvi oʻzbek tilining tabiatiga muvofiqroq degan fikrlariga mutlaqo qoʻshilib boʻlmaydi. Agar yangi imlo tilimiz tabiatiga mos kelmayotgan boʻlsa, uni moslashtirish kerak. Zero, uni mos kelmaydigan kepatada yaratgan oʻzimizga oʻxshagan odamlar-ku?
Lotin yozuviga asoslangan alifboga oʻtish haqida gapirganda, birinchi navbatda, yozuvni oʻzgartirishning asl sababi nima ekaniga teranroq qarash kerak boʻladi. Kiril yozuvidan lotin yozuviga oʻtish barcha turkiy xalqlarni birlashtirish, ularni bir-birini tarjimonsiz oʻqiydigan va tushunadigan qudratli etnos sifatida uyushtirish niyatida qilingan ish edi. Bu niyatga yetish uchun hali uzoq yillar ogʻishmay kurashish kerak boʻladiganga oʻxshaydi. Negaki, yangi yozuvni qabul qilish bir mamlakatda shuncha muammo tugʻdirar ekan, turli turkiy xalqlar yozuvini oʻrtoq holga keltirish uchun koʻp jon koyitish kerak boʻladi. Shu sabab lotin yozuviga tayanilgan yangi alifboga kimgadir qulay-noqulayligiga qarab emas, balki turkiy dunyoni birlashtirishning yagona omili sifatida qarash kerak boʻladi. Shuning uchun ham bu alifbo oʻzining birlashtiruvchilikday asl missiyasini bajara oladigan yoʻsinda qabul qilinishi kerak. Buning ilmiy va harfiy asosi bundan rosa yuz yil oldin Bokuda boʻlib oʻtgan Butunittifoq turkologlar qurultoyida ishlab chiqilgan edi. Bunday puxta alifbo oʻn yildan ortiq yurtimizda amal qilingan ham edi. Turkiy xalqlarning oʻrtoq alifbosi yanada takomillashtirilgan holda 2026-yilda turkiy mamlakatlar ixtiyoriga havola etildi. Unda unli tovushlar uygʻunligi (singormonizm) umumturkiy hodisa ekani koʻzda tutilgan.
Hozirgi holidagi yangi alifbo oʻzbeklarni boshqa turkiy xalqlardan bir qadar uzoqlashtirishga xizmat qiladi. Chunki yangi alifboda oʻzbek tilining tabiatiga xos jihatlar toʻliq hisobga olinmagan. Yana taʼkidlagim keladi: yangi oʻzbek yozuvi qandaydir texnik qulayliklarga intilish tufayli emas, balki turk dunyosi birligiga erishishday muqaddas niyat sabab paydo boʻldi. Negaki, globallashuv sharoitida oʻzligimizni faqat bir yozuv va bir tilli turkiy xalqlar sifatidagina saqlab qolishimiz mumkin. Aks holda oʻzimiz ham sezmagan holda buyuk millatlar tomonidan soʻrilib ketishimiz mumkin.
Nihoyat, biz koʻnikishimiz kerak-ki, biror bir nohaq qarash bizga yoqqani uchun haqiqat boʻlib qolmaydi. Shuning uchun, umuman, yangi zamondagi oʻzbek alifbolarini, xususan, lotin yozuviga asoslangan alifboni ishlab chiqish borasida shu vaqtga qadar yoʻl qoʻyilgan xatolarning ildiziga chuqurroq nazar tashlash va tegishli xulosa chiqarib olish kerak. Barcha turkiy xalqlarning tiliga singormanizm xosligini koʻra bila turib, qariyb bir asr davomida oʻzbek tilida tovush uygʻunlashuvi hodisasi yoʻqligiga oʻzimizni ishontirishga urinib keldik. Deyarli hamma qardoshlar alifbosida toʻqqiz unli tovush boʻlgani holda yolgʻiz oʻzbek alifbosida unlilar oltita ekani qonunlashtirildi.
Aslida lotin yozuviga asoslangan alifboni qabul qilish borasida yuzaga kelgan qiyinchiliklarning koʻpchiligi sunʼiy ravishda oʻylab topilgan. Holbuki, bu kechimni hech bir ogʻriqsiz oʻtkazish mumkin. Buning uchun taqdim etilgan oʻrtoq turk alifbosiga tayanish yetarli boʻlardi. Toʻgʻri, bunda dastlab muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi. Chunki odamlar “oʻzbek” soʻzidagi “o‘” tovushi bilan “oʻtin” soʻzidagi “o‘” tovushini farqlashga oʻrgatilmagan.
Kishini oʻylantiradigan yana bir jihat – oʻzbek soʻzlashuv tili qashshoqlashib va dagʻallashib borayotganidir. Bu – bizning hanuz madaniy millat darajasiga koʻtarila olmayotganimiz belgisi. Jamiyatda soʻzni tanlamay ishlatish odati juda keng yoyildi. Tilga eʼtiborsizlik norma darajasiga chiqdi, deyish mumkin. Chunki jamiyat miqyosida intellektual-estetik saviya pasaygani kuzatilmoqda. Millatning kattadan kichigiga qadar oʻz asl soʻzlarimiz qolib duch kelgan soʻzni pala-partish qoʻllash kasaliga yoʻliqdi. Negadir, “tushlik”, “bekat”, “chiqit yoki qoʻqim”, “koʻprik” singari oʻzbek soʻzlari oʻrniga “abed”, “ostanovka”, “musor yoki axlat”, “most” soʻzlarini ishlatish yalpi tus oldi. Hatto adabiy asarlarda ham “butilka”, “topchan”, “vodka” kabi soʻzlar qoʻllanila boshlandi.
Imlo qoidalariga amal qilish borasida oʻzboshimchalik hukmronligi ham haqiqat. Va buning obyektiv sabablari bor. Asli imlo qoidalarini tamomila tubdan isloh qilish va uni imkon qadar soʻzlashuv tiliga yaqin, muayyan grammatik bilimlarni egallamay turib ham xatosiz yozish mumkin boʻlgan holatga keltirish joiz. Tilimizning imlo qoidalari hozirgi holida buzmaslikning iloji boʻlmaydigan qonunlar kabidir. Negaki, ular oʻzbek tilining tabiatiga emas, balki bu qoidalarni yaratgan olimlarning istaklariga moslashtirilgan.
Odatda tilning imlo qoidalarini tayin etishda koʻproq fonetik tamoyillarga amal qilinadi. Negaki, til nutqda, soʻzlashuvda voqelikka aylanib, moddiylashadi. Tilning stixiyasi nutqda namoyon boʻladi. Hazrat Navoiy bekorga: “Koʻngil holati soʻz degach bilgurur”, demaganlar. Agar soʻzlarning aytilishi bilan yozilishida ayrichalik minimal darajaga keltirilsa, millatning savodxonlik darajasi tez yuksaladi.
Bizda normativ talablar nutqqa xos belgilarni emas, balki qoida mualliflarining istaklarini aks ettirgani uchun oʻzbek tilining tabiatiga yotdir. Yangi imlo qoidalarida nuqsonlar juda koʻpligi bor gap. Ammo qoidalardagi nuqsonlar kamlik qilganday, amaliyotdagi “nau-xau”lar ahvolni yanada ogʻirlashtiryapti. Chunonchi, asrlar davomida bobolar qoʻllab kelgan “Beshogʻoch” soʻzi keyingi vaqtda, hatto, matbuotda ham “Beshyogʻoch” tarzida “toʻgʻri”lab yozilayotir. “Ogʻoch”- ning forscha “daraxt” soʻzining oʻzbekchasi ekani, u qirqilgandan keyingina “yogʻoch”ga aylanishi mumkinligi oʻylab ham koʻrilmayotir. Minglab yillik madaniyatga ega xalqimiz biror joyni qandaydir miqdordagi yogʻoch bilan moʻljal qilmaydi. U joyni yogʻochning nomi bilan atashi-ku aslo mumkin emas. Chunki beshta yogʻoch hech qachon koʻchada uzoq turmaydi, demakki, birovga moʻljal boʻlolmaydi. “Ogʻoch” esa boshqa gap. Gurkirab oʻsayotgan beshta ogʻoch oʻsha joy uchun, avval, moʻljal boʻlishi, keyinchalik uning otiga aylanishi mumkin. “Sariogʻoch”, “Qoʻshogʻoch” toponimlari ham shundan dalolat beradi. Fitrat “Sharq” sheʼrida: “Ogʻochlari yashil kiyimlar kiygan Terilishar topingʻani Tangriga”, deb yozadi. Maʼlumki, “yogʻoch” yashil kiyim kiya olmaydi, buni u “ogʻoch” ekanida qila oladi.
Bizda begona tildan kirgan soʻz-ki bor, toʻgʻri-notoʻgʻriligiga qaramay, qoʻllayverishga ruju qoʻyilgan. Chunonchi, bolalar dam oladigan joy “oromgoh” deyiladi. Holbuki, forschadan olingan bu soʻz faqat “goʻriston” maʼnosidagina ishlatiladi. “Uslub”, “uslubchi” soʻzlarining qoʻllanishida ham shu holni koʻrish mumkin. Maʼlumki, “uslub” soʻzi biror shaxs tutumining oʻziga xosligini taʼminlaydigan unsurlar jamini anglatadi. Bizning rasmiy va ilmiy adabiyotlarimizda esa bu soʻz “metod”, “usul” soʻzlarining muqobili sifatida qoʻllaniladi va shundan kelib chiqib, “metodist” tushunchasi “uslubchi” sifatida “oʻzbekcha”lashtiriladi.
Tilimizda ilmiy atamalarning yetarlicha ishlanmaganiga oʻzbek tili emas, balki oʻzbek olimlari, ulardagi jurʼatsizlik aybdor. Bizning til borasidagi andishamiz qoʻrqoqlik darajasiga yetgan. Turmushimizga kirib kelgan narsa-hodisalarni oʻzimizcha nomlashga botinmaymiz. Chetdan kirib kelgan narsani mohiyatdan kelib chiqib, oʻzbekcha atash oʻrniga tarjima qilishga urinamiz. Tabiiyki, bir tildagi biror tushunchani oʻzga tilga aynan oʻgirish juda kamdan-kam mumkin boʻladi. Shuningdek, bizda xatoni toʻgʻrilashdan koʻra unga tegib boʻlmaydigan muqaddas narsaday qarash keng yoyilgan. Shaxslikka doir hujjatlar beradigan tuzilmalarda hamisha xatoni tuzatishga emas, balki qonunlashtirishga harakat qilinadi. Xoʻp, qaysidir bosqichda, nimadir sabab bilan xatoga yoʻl qoʻyilibdi. Keyingi bosqichda uni toʻgʻrilagan maʼqul emasmi? Shunday mahkamalar sharofati bilan, hatto, filolog mutaxassislar ham Xoltoyev oʻrniga “Xaltayev”, Qodirova oʻrniga “Kadirova” boʻlib yurishga mahkumlar. Holbuki, xatoga yopishib olmay, unga sal ijodiy yondashilsa, masalaga yechim osongina topiladi.
Atama yasashdagi haddan tashqari ehtiyotkorlik ham tilimiz boyishi yoʻlidagi toʻsiqdir. Chunonchi, ruslar qurilishda ishlatiladigan taxtani “doska” deyishadi. Ayni vaqtda oʻqish kechimida foydalaniladigan oʻquv qurolini ham shunday atayverishadi. Biz qurilishda foydalaniladigan ashyoni “taxta” deganimiz holda oʻquv quroli boʻlmish taxtani negadir ruschalab “doska” deymiz. Bizda ming yillar oldin ham oʻquv quroli sanalmish “taxta” va “taxtaxonlik” deb atalmish oʻquv davri boʻlganini esa oʻylab ham koʻrmaymiz.
Yigirmanchi yuz yillikning oʻrtalariga qadar hudud birligi, iqtisod birligi, madaniyat birligi, psixologik birlik va til birligi singari xususiyatlarga ega boʻlgan etnos millat sanalardi. Keyingi yarim asrdan buyon shiddat bilan davom etayotgan globallashuv ana shu besh omilning toʻrttasini yoʻqqa chiqardi. Bugun millatning yagona belgisi uning tili boʻlib qoldi. Joʻgʻrofiy chegaralar omonatlashib, axborot olish umumiy boʻlgani sari bashariyat universallashib, global dunyo bir tilga intilib boraveradi. Ana shunday sharoitda oʻz ruhiy-maʼnaviy qiyofasini saqlab qolmoqchi boʻlgan millat oʻzining tili toʻgʻrisida jiddiy qaygʻurishi kerak boʻladi. Ota tilimiz shu vaqtgacha bizning milliy qiyofamizni saqlab kelgan qoʻrgʻon edi. Endi bu qoʻrgʻonni zamonlar sinovidan eson-omon saqlab olib oʻtish bizning ilmiy, madaniy va insoniy saviyamizga bogʻliq.
Qozoqboy YOʻLDOSH,
pedagogika fanlari doktori, professor
“Adolat” gazetasi, 2026-yil 41-son.
“Milliy ruh qoʻrgʻoni” maqolasi.