“Tilimizdagi yanglishliqlar adabiyotimizni sustlatgan kabi, madaniyatimizning yuksalishiga ham toʻsiq boʻladir” – Elbekning 100 yil oldingi ogʻrigʻi
Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil toʻladi. Ulkan imperiya, saltanatlarning davlat tili boʻlib kelgan oʻzbek tili, shubhasiz, millatimizning gʻururi va iftixoridir. Adabiyotshunos olim Ulugʻbek Hamdam taʼriflaganidek, oʻzbek tili – bu millatimizning maʼnaviy pasportidir.
Ming afsuski, Turkiston zamini XIX asr oxiri XX asr boshlarida dastlab Chor imperiyasi, soʻng Sovet bolsheviklari tomonidan ikki marotaba zabt etilgach, milliy tilimizga nisbatan shovinistik siyosati olib borildi.
Tilning mavjudligi millatning mavjudligi ekanini teran anglagan jadidlar, xususan Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Xoji Muʼin, Gʻoziy Yunus, Ashurali Zohiriy kabilar yuritilayotgan badbin siyosatga qarshi oʻzbek tilining turkiy tillar oilasiga mansub boy til ekanini, zamonaviy ilm-fanda ham uni bemalol amaliyotda qoʻllash mumkinligini baralla aytib chiqdilar, amalda isbotlab berdilar. Milliy tilni himoya qilgan jadidlarimiz ichida Elbek ham (Mashriq Yunusov (1898–1942) alohida ajralib turadi.
Ayniqsa, Elbek ilmiy merosiga oid “Turkiston” gazetasining 1924-yil 14, 17, 21, 24, 26 va 29-sonlarida eʼlon qilingan “Tilimizdagi yanglishliqlar” nomli turkum maqolalar uning oʻzbek tili xususiyatlarini chuqur tushunadigan, milliy til uchun astoydil jon kuydiradigan chinakam ziyoli ekanini koʻrsatadi.
Elbekning ushbu turkum maqolalari о‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil toʻlishi munosabati bilan nashrga tayyorlanib, ilk bor bugungi kun oʻquvchilari eʼtiboriga havola etilmoqda.
Tilimizdagi yanglishliqlar I
Uzoq boshlangʻich bilan soʻz boshlasak, asl masala qolib ketadir: butunlay asl masalaning oʻzidan boshlab yuborsak, masala tumanli kabi koʻrinib qoladir. Bas, shuning uchun ham bahs etmakchi boʻlgʻon masalamizga qisqagʻina boshlangʻich qoʻshib oʻtamiz.
Bizning bu yerda yozadurgʻon narsamiz, oʻz tilimizning yanglish ishlatilish natijasida buzulgʻonligʻi va shu buzuqliqlar orasida kalimalarning[1] koʻp oʻrinda tegishsiz[2] oʻrinlargʻa ishlatilishi yozilish toʻgʻrisidadir.
Matbuot betida chiqmoqda boʻlgʻon har bir narsaga bir turli qarash kelgusidanmi ekan, bilmayman, bugun koʻp-koʻp jiddiy maqolalar ham oddiy-joʻn xabarlar kabi bir oʻqilib tashlanmoqdalar. Toʻgʻrisi soʻngradan bah jadal boʻlmay qoʻlmoqdadir.
Biz, bunga misolni koʻribgina olmasdan bittaginasini olib koʻrsatamiz. Oʻtgan oylarning birida umidli “Fargʻona” gazetasida “Oʻzbakmi, oʻzbekmi?” degan bir masala qoʻzgʻoldi. Bunga qarab jim turish toʻgʻri kelmaganidan (koʻp ilm sotib oʻlturmasdan) qisqagʻina qilib “Oʻzbak emas, oʻzbek” degan maqola yozib oʻtgan edik. Bilmadik, bunga qarshi bir soʻz aytilmagan holda yana “oʻzbak” suvratida yozilmoqda.
Endi biz oʻzimizning asli boshlamoqchi boʻlgʻon masalamizga kelsak, bu ham shul yuqoridagʻi “Oʻzbakmi, oʻzbekmi?” degan masalalar qatoridagʻi bir masala ustidadir.
Bu kun tilimizning ishlatilishidagi yanglishliq, imlomizdagʻi buzuqliqdan ham ortiqroqdir. Mana bul yanglishliqlarni tuzatish masalasida oʻzbek gazetalarining birlashishlari tegishdir[3].
Bu kun har bir kimsaning “Oʻzim bilarman!” degan “oʻzbilarmonligi” yangi tugʻilmoqda boʻlgʻon yosh adabiyotimizni heyli[4] sustlatgan kabi, madaniyatimizning yuksalishi va oʻsishiga ham ancha toʻsiq boʻladir.
Biz mana shul yuqoridagʻi ishlagan xato-yanglishliqlarimizni koʻzda tutib masalaga jiddiy qarab, masalani koʻrgan choqda uning yanglish oʻrunlarin koʻrsatishga, yanglish oʻrunlari topilmagʻonda uni shul kundan boshlab ishga oshira borishgʻa kirishmagimiz zarur va farzdir.
Mana endi bizning masalamiz boshlandi, qani, aytaturgʻoningizni aytib qoling!
1 – Ila, bilan: men buning “ilan”, “birlan”larini olmayman. Chunki, “birlan”lar bu kun matbuotimizdan chiqqon soʻzlar va buning ustiga, bular, shul ikki soʻzimizning ishlatilishi soʻnggʻida oʻzgargandir.
Bu kun biz bir jumla yozgʻuday boʻlsak, shul ikki soʻzning qaysi biri toʻgʻri kelsa, shuni yozaveramiz. Holbuki, “bilan” kalimasining bergan maʼnosi “ila” kalimasining bergan maʼnosiga toʻgʻri kelmaydir. “Ila” ham birgalikni, yoʻldoshliqni bildirgan holda, “bilan” vositaliqni yani bir ishni shuning orqali ishlanganini bildiradir.
Misol: “Qalam bilan yozuv yozdim”, “Qoshiq ila osh yedim” desak yozuvni qalam ila odam birga yozgʻon va oshni qoshiq ila kishi birga yegan boʻlib chiqadir.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 14-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar II
Kelaylik endi “liq”, “lik” masalasiga. Bu toʻgʻrida ham shul yuqorida yozilgʻon “ila”, “bilan” masalasidagi holni naq oʻzini koʻramiz. Matbuotimizda hаm butunlay deyarli bu “yolgʻov”[5] soʻzi boʻlgʻon “liq”, “lik” yasama sifatlarda ham ayni shul yasama sifat belgisi boʻlgʻon “li” yolgʻovining oʻrnigʻa ishlatiladir. Demak, buning bilan biz, yasama sifatlarni-da masdar[6] otlari holigʻa aylantirib ikkisini bir tusda yozaveramiz.
Misol: koʻz, shahar biror ismdir, buni sifat holigʻa aylantirmak, yaʼni bir kishining sifati qilmoq uchun bularning ketiga “li” yolgʻovini qoʻshib “koʻzli”, “shaharli” deyish oʻrnigʻa, “koʻzlik”, “shaharlik” deb uni butunlay boshqa bir tusgʻa solib yuboramiz. Toʻgʻrisi, ularni yasama sifatlikdan chiqaramiz.
Holbuki, bu “liq” yoxud “lik”lar koʻp vaqt ismning ketiga kelib uni sifat yasatish emas, balkim sifatlarning ketlariga kelib ularni masdarga aylantirib yuboradir.
Misol: yomon, yaxshi, koʻk. Bular har biri bir kimsa va yo bir narsaning holini yoxud tusini bildirgan (bildirish – M.Alijonov) barobarida, bularning ketiga “liq” yoxud “lik” yolgʻovini yolgʻasaq “yomonliq”, “yaxshiliq” “koʻklik” boʻlib biror masdarga, yaʼni ish otigʻa aylanadirlar.
Ba, endi bizga “liq”, “lik” va “li” yolgʻovlarining bir-biriga boʻlgʻon oradagʻi ayirmasini ayrishgʻa va har birini oʻz oʻrnigʻa ishlatishga vaqt yetgan boʻlsa kerak!
Bizning bu kungacha yozilib kelmakda boʻlgʻon kitoblarimiz va bosma soʻzlarimiz shoyad bundan soʻng shul masalaga ichikib qarorlar va shunday masalalarni qoʻldan kelgan qadar tuzata borarlar.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 17-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar III
Endi “turgʻon” soʻziga kelaylik. Bu soʻz koʻp vaqt oʻzidan ilgarigi soʻzga qoʻshilib qoʻshma feʼl yasaydir. Misol: kelaturgʻon, oʻqiyturgʻon, yozaturgʻon kabi bularning har biri ikki feʼldan yasalgʻon holda ikkisi qoʻshilib bir maʼno beradir. Shuning uchun bunday feʼlga qoʻshma feʼl deb aytilar.
Biz endi shul qoʻshma feʼldagi kelgan soʻnggʻi soʻzimiz yaʼni “turgʻon” soʻzini tekshiraylik!
Bu kun bir qancha kishilarimiz bizni “durgʻon”, “dirgan” suvratida yozib turadirlar. Hatto matbuotimiz ham shundayin soʻz bilan yozila boshladi. Holbukim, bu toʻgʻri emasdir. Bizningcha bu soʻzning “turgʻon” ravishida yozilishi kerak, qalin soʻzda “dirgʻon”, ingichka soʻzda “dirgan” suvratida yozgʻonlariday buni qalinda – “turgʻon”, ingichkada “turgan”da yozilmas.
Bu kun barcha turk tillarida uchrayturgʻon qoʻshma soʻzlar har vaqt oʻz holicha yozilib boriladir. Oldingʻi soʻzga keyingi soʻz qalinliq va ingichkalikda ergashmas. Ikkinchidan bu “turgʻon” soʻzi “turmoq” soʻzidan olingʻon bir soʻzdir. Zotida qalinliq bor boʻlgʻonliqdan buni “turgan” yozish ham yanglishdir. Netaykim xalqimiz ham bolasi turmagʻon choqda “turgan” deb emas, balki “turgʻon” yohud “turgʻun” deb ot qoʻyadir.
Qozoqlar bunday feʼllarda bizdagi “turgʻon” soʻzi oʻrnigʻa “jotir”, “jotqon” soʻzini ishlatadirlar. Yani: “kelajotqon”, “kelajotir”, deb aytadirlar.
Bas, bizning bu yerdagi “dirgʻon”, “dirgan” soʻzimiz hech bir suvratlarda toʻgʻri emas. Hatto maʼnosi ham yoʻq. Nega desangiz, birinchi bu “dir” qoʻshimchasigʻa “gʻon” yoxud “gan” qoʻshilib yasalgʻon soʻz esa bu yanglishdir, chunki “dir” qoʻshimchasigʻa “gʻon”, “gan qoʻshib bir soʻz yasash toʻgʻri emas. Endi “dirgʻon”, “dirgan” ravishida bizda bir soʻz bor esa men bunday soʻzni hali eshitganim yoʻq!
Qisqasi matbuotimizdagi bu “turgʻon”, “dirgʻon” yoxud “turgan”, “dirgan” masalasi yanglish qoʻllashimizning natijasidan kelgan bir narsadir. “Dirgʻon”, “dirgan”, “turgan” soʻzlari bizda yoʻqdir. Bularni qoʻshma feʼl hukmida uritish boʻlmaydir.
Bizcha (bizningcha – M.Alijonov) buning toʻgʻrisi va muvofiqi hatto xalqimizning 70 foizi aytaturgʻoni mana shul “turmoq” maʼnosidan olingʻon “turgʻon” soʻzini ishlatadir.
Demak, bizningda ayta va yozaturgʻon soʻzimiz shuldir. “Keladirgan” va “yozadirgʻon” ravishida yozish emasdir.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 21-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar IV
Endi “qattiq”, “yarim” kabi soʻzlarga kelamiz. Mana bunday soʻzlar toʻgʻrisida gazeta va kitoblarimizda juda koʻp yanglishliqlar yozilib turmoqda. Soʻzlarni tuban[7] tekshirmasdan bir qancha xatoliqlar ishlanmakda emish, xalq shunday der emish! Tuzuk, xalq shunday deb aytsun, biroq, butun erk xalqning oʻziga ham berilishi kerak emas, xalq soʻzlagan tilni maʼlum bir qoida ostigʻa olib, uni buzilishdan saqlash uchun choralar izlash ham kerak.
Bu kun boshqa yoqlarni uncha bilmasamda Toshkentning oʻzidagi tilchilarning tilning xususiyatiga qarashlari turlichadir. Jumladan, shunday tilchilardan bir qanchalari ishlatilgancha yozmoq boʻlib, oʻzlaricha yanglish bir yoʻlgʻa kirib ketganliklarini ham sezmay qolmoqdalar.
Masalan, “qattiq”, “yarim” kabi qalin ust bilan yozilgʻuvchi soʻzlar toʻgʻrisida ular Toshkentning shevasi bilan oʻlchab qattiq, yarim shaklida yozmoqni sevadirlar. Bularning bu fikrlariga “yuritma professorlarimiz” ham aralashmasdan qolmaydirlar. Ular ham bu toʻgʻrida ulug‘[8] narsa kashf etgan kishilarday hovriqib[9] turli yoqqa chopishmoqdalar.
Men bilmayman, bu qanday soʻz ekan, oʻzlaricha “toshkentskiy dialekt” deyishib qichqirmoqdalar. Bizningcha istar (xoh) til professorlari va istar soʻzlarning tuban tekshirmay ishlatilganicha yozamiz deb yurguvchilar anglasinlarkim, “qattiq” (قاتتق), “yarim” (یارم) kabi soʻzlar “qattiq” (قه تتق), “yarim” (یه رم) shaklida hech vaqtda yozilishi tuzuk va toʻgʻri emasdir.
Chunki, “qattiq” (قاتتق) soʻzi “qotmoq” (قاتماق) masdaridan va “yarim” (یارم) soʻzi esa “yarmoq” (یارماق) masdaridan olingʻon soʻzlardir. Tilimizda bunday yasalgʻon soʻzlar juda koʻpdir, istasangiz tilimizning 50 foizi bunga misol boʻla oladir.
Bas, bu yerda “qotmoq”dan (قاتماق) olingʻon “qattiq” (قه تتق) soʻzini yoxud “yarmoq”dan (یارماق) olingʻon “yarim” (یارم) soʻzini “qattiq” (قه تتق), “yarim” (یه رم) deb yozish va aytish sira yaramaydir. Zero, bu vaqtda bularning masdarlari “qotmoq” (قه تمه ق), “yarmoq” (یه رمه ق) boʻlishi tegishdir. Holbukim, bizda bunday soʻzlaguvchilar juda oz va balkim yoʻq deyarlikdir.
Shuning uchun biz bu yerda bir soʻzni yozishda ishlatilishi koʻzda tutilgʻon bilan birga asli hollarin tekshirish ham kerak, deymiz. Qaysi bir akalarcha “qori” (قاری) yozgʻonda Qurʼon oʻqigʻuvchi qori maʼnosida boʻlib qoladir deb mugʻalat qilish tilimizning xususiyatiga katta zarba berishdir.
“Qori” (قاری) Qurʼon oʻqigʻuvchi qori maʼnosida kelar ekan, kelaversun, undan bizga zarar yoʻq, bunday oʻxshama soʻzlarimiz ham toʻlib yotadir. Birta (bitta – M.Alijonov) “oʻt” soʻzining oʻzi toʻrt maʼnoda keladir. Misol:
- Ariq boʻyida oʻt;
- Buning gunohidan oʻt!
- Dorixonaga oʻt ketdi.
- Tursunning oʻti yorildi.
Koʻrasizmi bu soʻzlarnim, nima qilmoq kerak, har biriga ayricha belgilar qoʻyish kerakmi yoxud boshqa biror chorasi bormi?
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 24-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar V
“T”, “D” harflari qotishgʻon soʻzlar toʻgʻrisida. Bu kun tilimizdagi eng chuvalchiq (chigal, murakkab – M.Alijonov) masalalardan biri mana shul “T” (ت), “D” (د) harflari qatnashgʻon kalimalardagi “T”, “D”larning bir-birining oʻrnigʻa almashinib oʻqulishlaridir.
Bu kun tilimizda mana shul masala ham katta rol oʻynarliq bir masala sanaladir. Misol: Tovush (dovush), topqir (dopqir), tala (dala), tengiz (dengiz) kabi koʻp soʻzlarda “T”, “D” harflari almashinib aytilaveradir. Bunday ishlatish mahalliy ayrilishlar bilan boʻlmay bir shaharning oʻzida ham ikki turli aytiladir. Misol uchun Toshkentni olsaq, Toshkentda qaysi choqda “tovush” va qaysi choqda “dovush” deb aytadirlar.
Bu “T”, “D” harflarining bir-birining oʻrnigʻa kelishlari tub soʻzlarda, yaʼni asliy kalimadaginadir. Endi biz tub feʼllarning soʻnggigʻa qoʻshilib zamon oʻzgarishlari yasayturgʻon qoʻshimchalargʻa kelsak, bunda yana ish boshqacha boʻlib qoladir.
Misol uchun oʻtmish zamon feʼlining boʻlishligʻini olsaq, bunda tilning tabiiy ohanggi bilan bir qancha harf soʻnggʻida “d”ning “t” boʻlib ishlatilishi anglashiladir. Misol: “keldi”, “qochti”, “berdi”, “otti” kabi.
Mana biz bunday soʻzlarning soʻnggʻidagʻi “t” qay vaqtda “d” ishlatilishiga qaramasdan barchasini-da “d” harfi bilan “keldi” va “ketdi” suvratida yozib kelamiz. Ammo tub kalimalarda uchrayturgʻon “t”, “d”larni koʻp vaqt almashtirib aytaveramiz.
Bas, endi mana shunday soʻzlarni aytilish holatlariga qarab tekshirish va yozish toʻgʻri keladir. Meningcha, bul oʻrindagʻi “topqir”, “dovush” soʻzlarini “dopqir”, “dovush” suvratida yozib ikkilanib oʻlturmasdan toʻgʻridan toʻgʻri “t” bilan “tovush”, “topqir” suvratida yozish tegishdir. Chunki bizda “d” harfi bilan soʻz aytishdan koʻra “t” bilan soʻz aytish koʻprakdir. Bu kun usmonli shevasida ham bizdagi “t” harfi bilan aytilaturgʻon soʻzlardir. Koʻp choqda “d” bilan aytiladir.
Misol: bizcha tog‘, tosh, tomar kabi soʻzlar dog‘, dosh, domar suvratida “d” bilan yoziladir va aytiladir. Ammo endi asliy kalima yani tub soʻzga ergashgan qoʻshimchalardagʻi “t”, “d” harflari toʻgʻrisigʻa kelsak, bunda eski chigʻatoychada bir qancha harflardan soʻng “t”, bir qancha harflardan soʻng “d” ishlatiladir. Biz bu toʻgʻrida qoidani yengilrak olamiz degan niyatda “t” ishlatilaturgʻon oʻrunlarda ham “d” ishlatib keldik. Misol: “otti” soʻzini “otdi” yozgʻonimiz kabi.
Holbukim “oqdi” soʻzini “otdi” kabi kalimalarning yozilish istagi “d” va “t” bilandir. Bularni “oqitdi”, “otti” suvratida yozish kerak boʻladir.
Chunki “bordi” degandagi “d” harfi istagi oʻzidan soʻng “t” harfini emas, balki “d” harfini istaydir. Bunga “t” keltirib “bortiy” deb oʻqish va aytish ogʻirdir. Shuning kabi “otti”, “oqti” kalimalardagi “q”, “t” kabi harflar oʻzidan soʻng “d” emas “t” harfining kelishini istaydir.
Bas, endi bizga bularni-da ayirib yozishgʻa vaqt yetgan koʻrinadir.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 26-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar VI
Endi tilimizdagi imloq soʻzlarining feʼl yasalish toʻgʻrilarigʻa kelamiz.
Tilimizdagi koʻp soʻzlar ishlatilishlariga qarab yasalgʻon va olingʻon soʻzlar boʻladir. Bularning keyinlariga belgilar – qoʻshimchalar qoʻshmagʻon choqda yolgʻiz ishlatilish chogʻidagʻi kishiga bergan sezgisiga maʼnosi anglanadir. Misol: taq, shaq-shaq, qars kabi.
Mana bu kalimalarning har biri ishlatilgan bir tovushlargʻina boʻlib maʼnosi ham shul ishlatilgan choqda berilgan sezgiga qarab anglashilgʻon bir maʼnolardir. Netakim, toq, qars etganda miltiq kabi bir narsaning otilgʻonini va yo tosh kabi bir narsaning boshqa qattiq narsaning ustiga kelib tushganini anglaymiz. Holbukim, bu kalimalarning birortasi zamonni anglatmaydir.
Yaʼni maʼni (maʼno – M.Alijonov) anglatgʻon bilan shul ishlarning qay choqda boʻlgʻonligʻini koʻrsatmaydir. Buning bunday kalimalarga “mubham”[10] kalimalar deb qaramoq mumkindir.
Endi mana shil mubham kalimalarning qaysi birini boʻlsa-da zamon, anglashiladurgʻon bir holgʻa qoʻymoqchi boʻlsaq, bularning ketlariga “r” (ر), “l” (له), “la” (لا) belgilarini orttirib buyruq feʼli yasaydirmizda, soʻngra ul feʼllarning ketlariga istagan zamonimizning belgilarin keltirib maʼni berdira olamiz. Misol: taq – taqirla, shaq – shaqirla kabi.
Bularning endi siygʻalariga boʻlib sarf qilib chiqmoq qulaydir. Endi bizning bu yerdagi aytmakchi boʻlgʻon fikrimiz mana shul va imloqlardan feʼl yasash chogʻidagʻi yanglishliq ustidadir. Bizda koʻpincha bunday soʻzlardan feʼl yasalgʻonda imloqning ketiga keltiriladurgʻon “r” harfining oʻrnigʻa “l” harfini keltirib “tiqirla” soʻzining oʻrnigʻa “tiqilla” holida bir soʻz keltirib qoʻyadirlar.
Mana bu, bizdagi yanglish ishlatilguvsi soʻzlarning sonini orttirishgʻa yana bir koʻmakchi boʻladir. Bularning tuzuk yozilishlari uchun imloq kalimasining soʻnggigʻa “l” emas, “r” harfini keltirish kerakdir.
“Eshik taqirladi, qurvaqa vaqirladi”. Bularni “Eshik taqilladi, qurvaqa vaqilladi”, dez yozish yanglishdir.
Bundan boshqa yana yozilmogʻi kerak boʻlgʻon juda koʻp yanglishliqlar boʻlsa-da, bularning koʻplari juzʼiy yanglishliqlar boʻlgʻonliqdan va qaysilari imlogʻa oid boʻlgʻonliqdan bu yerda aytilib oʻtilmadi.
Shuning bilan birga “ning”, “ni” masalasi ham bu oʻrinda aytilmay qoldi. Chunkim, bu yanglishliq matbuot betida oz koʻrinib va kundan kun bitib boradir.
Bundan tashqari istak feʼlidagi “liq”, “lik”lar, yʼani “kelaylikmi” (کیله یلکمی), “kelayikmi” (کیله یکمی) toʻgʻrisidagʻi masalalarni ham soʻnggʻa qoldirdiq. Gali bilan u masala ustida yaxshigʻina bahs ocharmiz.
(Bitdi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 29-oktyabr.
Nashrga tayyorlovchi: Muslimbek ALIJONOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta oʻqituvchisi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
[1] Kalima – soʻz.
[2] Tegishsiz – keraksiz.
[3] Tegish – lozim, kerak.
[4] Heyli – biroz, ozgina.
[5] Yolgʻov – qoʻshimcha.
[6] Masdar – arabcha manba, kelib chiqish. Feʼlning arab tiliga xos infinitiv shakli. Biror narsaning sodir boʻlish, kelib chiqish oʻrni, boshlanishi, boshi.
[7] Tuban – bu oʻrinda “chuqur” maʼnosida.
[8] Ulug‘ – bu oʻrinda “katta”, “ulkan” maʼnolarida.
[9] Hovriqib – hovliqib.
[10] Mubham – yashirin, noaniq.