Tilimizga davlat miqyosida maxsus farmon asosida eʼtibor qaratilayapti. Ammo, uning jamiyatdagi nufuzi, oʻrni, obroʻsini oshirish, huquqiy maqomini belgilash, tom maʼnodagi davlat tili darajasiga olib chiqish uchun nima qilish kerak, yaʼni “Davlat tili muhofazasi qanday boʻlishi kerak?” degan masala koʻpchilikni oʻylantirishi tabiiy. Buning uchun esa tilimizni har tomonlama mukammal ishlangan qonun vositasida himoyalab qoʻyishimiz kerak boʻladi. Maʼlumki, qonun – inson, jamiyat va davlat manfaatlari nuqtayi nazaridan eng muhim hisoblanadigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasi. Demak, tilimizning mavqeyi, martabasi qonun orqali himoyalanishi kerak.

1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni oʻz davrida buyuk hodisa boʻlganligi eʼtirof etilgan. Lekin yurtboshimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bagʻishlanib oʻtkazilgan tantanali yigʻilishda qilgan maʼruzasida taʼkidlaganidek: “...bundan oʻttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda”.

Prezidentning mazkur taklifi normativ-huququiy hujjat asosida alohida topshiriq sifatida belgilanib qoʻyildi. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-sonli farmonida “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga kiritsin” degan vazifa qoʻyildi. Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti masʼulligida respublikadagi taniqli olimlar, huquqshunoslardan iborat ishchi guruh tomonidan yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha Qonunchilik palatasiga taqdim qilinib, uning muhokamasi ham boʻlib oʻtdi. Muhokama jarayonlarini jonli tarzda kuzatishga ham muvaffaq boʻldik, lekin mustaqil davlatchilikning belgisi boʻlgan, millatni millat sifatida namoyon qiladigan milliy tilimiz himoyasiga aksariyat deputatlarning beparvoligi, uni himoya qilish tugul, qonunning eng asosiy moddalariga qarshi chiqqanligi jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻldi, bir soʻz bilan aytganda, eng asosiy qonunimizga bepisandlik bilan qaraldi. Mana oradan toʻrt yilga yaqin vaqt oʻtishiga qaramasdan, Prezident farmoni ijrosi hanuzgacha taʼminlanmay qolinmoqda. Qonun loyihasi qayerda? Qanday oʻzgartirishlar kiritildi? kabi savollarga javob yoʻq. Oliy Majlis Senatida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan mavzu boʻyicha savol berilganida, bir senatorimiz qonun loyihasi senatda muhokama qilinmaganini aytdi. Koʻrib turganimizdek, mavhum holatlar... 

“Oʻychi oʻyiga yetguncha tavakkalchi ishini bitiribdi” deganlaridek, bizning “xalqparvar” deputatlarimiz loyihani eslashga ham urinmay, esdan chiqarvorib yurishganda, rossiyalik deputatlar oʻz tili mavqeyi borasida ulkan tarixiy missiyani amalga oshirdilar. Joriy yilning 16-fevral kuni Rossiya Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi oʻqishda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildi. 28-fevral kuni esa Rossiya prezidenti tomonidan imzolandi. Unda rus tilini qoʻllashni tartibga solishning meʼyoriy  mexanizmlari va uni hech qanday qoidalarsiz oʻzlashayotgan xorijiy soʻzlardan himoya qilinishi aks etgan.

Tabiiy savol tugʻiladi: Rossiya Federatsiyasida rus tili davlat tili sifatida mustahkam nufuzga ega boʻlsa, nega qonunni takomillashtirish zarurati tugʻildi? Gap shundaki, rus tiliga ham xorijiy soʻzlarning kirib kelish koʻlami juda katta ekan. Hatto rus tilida sinonimi mavjud boʻlsa-da, ajnabiy soʻzlarni qoʻllash urfga aylangan, natijada rus adabiy tili buzilib ketayotgan ekan.

Bizda-chi?! Bizda esa ahvol ulardan ham yomon holatda. Tilimizga xorijiy soʻz-atamalar hech qanday toʻsiqlarsiz, milliy imlo qonun-qoidalarini pisand qilmasdan kirib kelayotgani xususida mutaxassislar tinmay bong urib kelmoqda. Hukumat qarori bilan shakllantirilgan Atamalar komissiyasi kirib kelayotgan xorijiy soʻzlarni qanday prinsip asosida isteʼmolga kiritish, ularning tilimizdagi muqobil variantini topish boʻyicha biror tayinli harakat qilganicha yoʻq. Xuddi shunday muammoga bir asr avval jadid bobolarimiz ham duch kelgan edilar. Ularning oldida arab va fors tillari qoidalari asosida shakllangan birikmalar, gaplar bilan murakkablashib ketgan, oddiy xalq uchun tushunarsiz holatga kelgan adabiy tilni soddalashtirish, chet soʻzlardan tozalash kabi juda murakkab vazifa turgan edi. Ular oʻzbek adabiy tilini soddalashtirish, xalq jonli tiliga yaqinlashtirish uchun milliy grammatikaga yot boʻlgan arab, fors konstruksiyalarini chiqarib tashlash, xorijiy atamaning oʻzbek tilida sinonimi boʻlsa, uni qoldirib, ajnabiy soʻzni chiqarish, xorijiy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratishda shevalarga murojaat qilish, shevalarda topilmasa, qoʻshni qozoq, qirgʻiz birodarlarimiz tajribalarini oʻzlashtirib, ulardan soʻz olish takliflarini ilgari surdilar. Bu esa, qardosh turkiy xalqlar bilan ilmiy-madaniy jihatdan yanada yaqinlashish uchun qoʻyilgan muhim qadam edi.          

Yana Rossiyaning yangi tahrirdagi qonuniga qaytamiz. Qonun hujjatlariga muvofiq, majburiy normativ lugʻatlar va maʼlumotnomalar joriy etiladi. Aynan ularga muvofiq rus tilining davlat tili sifatidagi standartlari belgilanishi kerak. Shunga koʻra, ushbu standartlarga mos kelmaydigan soʻz va iboralardan foydalanish taqiqlanadi. Bunday amaliyotning qoʻllanilishi milliy tilning sofligini saqlashga, nufuzining yanada oshishiga xizmat qiladi. Bizning yangi tahrirdagi qonunimizga ham aynan shunday moddalar kiritilishi shart deb oʻylaymiz.

Bir narsani taʼkidlashni istardim, biz juda ehtiyotkor xalqmiz. Bizda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. Lekin davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 1-yanvardagi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 84,4 foizini oʻzbeklar tashkil qiladi. Shunday boʻlsa-da, xatti-harakatimiz bilan ularning tilini kamsitayotgandek boʻlib qolmaslik kerak, davlat tili mavqeyini oʻylaganda, mana shu omillarni inobatga olish kerak, degan andisha hammamizda bor. Oʻzbek tilini himoya qilmoqchi boʻlganlar millatchiga chiqariladi. Lekin gap Oʻzbekistonda davlat tilining mavqeyini oshirish haqida ketyapti. Yoki misol uchun, Qozogʻiston yoxud Qirgʻizistonda oʻzbek tilining qoʻllanilishi masalasi emas. Xohlagan davlatning qonunini koʻring, oʻz tilini eng yuqoriga qoʻyish birinchi planga olib chiqilgan.

Rossiya dumasining madaniyat boʻyicha qoʻmitasi raisi Yelena Yampolskayaning taʼkidlashicha, hech kim chet tillarini taqiqlashni yoki Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bilan himoyalangan va roʻyxatga olingan tovar belgilarini bir kechada oʻzgartirishni talab qilmaydi. Biz faqat Rossiyada yashayotganligimizni aytyapmiz. Bizning davlat tilimiz bor, u rus tilidir. Shu xolos. Va har qanday sababga ko‘ra har qanday kreativlik yoki har qanday fantaziya uchun yoki bo‘lmasa mamlakat hududida qandaydir savdo-sotiqni amalga oshirish uchun rus tili manfaatlarining buzilishini qabul qilish mumkin emas.

Avvalroq Yampolskaya uy-joy sohasida xorijiy nomlarni taqiqlashni taklif qilgan edi. “Mamlakatimizda turar-joy majmualari va kottejlar qanday nomlanishiga eʼtibor berganmisiz? Bu cheksiz “klablar”, “haus”, “fild”, “hill”, “forest”, “villaj”, “steytlar”, deydi u.

Ayni vaqtdagi bizdagi eng katta muammo, keng jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʻlayotgan holat ham shu, yaʼni koʻchadagi turli yozuvlar, eʼlonlar, yangi qurilayotgan turar-joylarning nomlanishi, ulardagi davlat tiliga boʻlgan eʼtibor masalasi. Yurtboshimizning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali yigʻilishda soʻzlagan nutqida ham ayni masalaga alohida eʼtibor qaratildi: “Afsuski, jamoat joylarida, koʻchalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar koʻpincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.

Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va maʼnaviy saviyamizni yaqqol koʻrsatadigan oʻziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak”.

Birgina misol. Yaqinda xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oʻquv markazlari nomlari inventarizatsiya qilinganda, qariyb 90 foiz nomlar oʻzga tilda ekanligi maʼlum boʻldi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 144-sonli qarori eʼlon qilindi. Qaror asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida nomlash xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, Markaz tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun davlat tilida nomlashning lingvistik meʼyorlari va metodikasi asosida yaratilgan nomlar zaxirasining elektron dasturiy taʼminoti ishlab chiqildi. Lekin bu sohada qilinishi lozim boʻlgan ishlar talaygina.

Yana bir muammoga eʼtiboringizni qaratmoqchiman, yaʼni taʼlim sohasida davlat tilining qoʻllanilishi. Bu masala ham eski qonunimizda alohida modda, unchalik tushunarsiz ikkita gap bilan yozilib qoʻyilgan:

6-modda.

Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda ham umumiy, hunar-texnika, oʻrta maxsus va oliy maʼlumot olishni taʼminlaydi.

Endi boshqa davlatlar qonunlaridan namunalarga eʼtiboringizni qaratamiz:

Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan taʼlim muassasalarida ozarboyjon tilini oʻqitish majburiy.

Oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalariga kirishda “ozarboyjon tili” fanidan imtihon topshiriladi.

Armaniston Respublikasining barcha oʻrta maxsus, oliy taʼlim muassasalarida arman tilidan kirish imtihonlari va arman tilining oʻqitilishi majburiy hisoblanadi.

Umumtaʼlim tashkilotlari (maktab, gimnaziya, litsey)da majburiy tarzda davlat tilidan yozma ish (sinfdan sinfga koʻchirishda), bitiruv imtihonlari, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlimda kirish va bitiruv imtihonlari oʻtkaziladi (Qirgʻiziston).

Koʻrib turganingizdek, amaldagi qonunimizda “davlat tilini oʻqitish majburiy” degan jumlaning oʻzi yoʻq. Shuning uchun ham aksar rahbarlarimizda “oʻzbek tili nimaga kerak?” degan savol koʻp takrorlanadi. Nimaga kerak? jumlasi tufayli tilimiz mana shu ahvolga keldi, bir paytlar oʻzga tilli guruhlar uchun joriy qilingan Davlat attestatsiyasi olib tashlandi, oʻquv soatlari qisqartirildi, hatto oʻzbek tilini fan sifatida mensimaslik darajasiga olib kelindi. Agar nimaga kerak? deyilmaganda, boshqa davlatlardagi kabi taʼlim rus tilida olib boriladigan yoʻnalishlarda ham davlat tilidan kirish imtihonlari qoʻyilgan boʻlardi.

Oʻtgan davr mobaynida koʻp xatolarga yoʻl qoʻydik, koʻp narsani boy berdik. Davlatimiz rahbarining tilimiz toʻgʻrisidagi farmoni ham shuning uchun qabul qilindi. Endi ortga qarab qilgan xatolarimizni toʻgʻrilash, yoʻqotganlarimizni qayta tiklash uchun imkoniyat tugʻildi, nimaga kerak? degan savoldan butunlay voz kechish payti keldi. Farmonning nomini eslang: “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “tubdan” soʻziga alohida eʼtibor bering. Demak, tilimizning nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish uchun harakat qilishimiz kerak.

Yuqoridagi tahlillardan koʻrinib turibdiki, bizning ong-u shuurimiz hali toʻlaligicha oʻzgargani yoʻq, nimaga kerak? degan savoldan voz kecha olmayapmiz, afsus. Haqiqatan ham, kim boʻlishimizdan qatʼi nazar, xoh oddiy fuqaro, xoh katta-yu kichik lavozimdagi rahbar boʻlamizmi, ona tilimizga mehr-muhabbat hissi boʻlmas ekan, “...milliy tilni yoʻqotmak – millatning ruhini yoʻqotmakdur (A.Avloniy)” degan purhikmat jumlani ongimizga singdirmas ekanmiz, ona tilimiz himoyasi, nufuzi, mavqeyi masalasi mavhumligicha qolaveradi.

Zero, yurtboshimiz aytganidek: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.

Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.

Inomjon AZIMOV,

Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish

va malaka oshirish markazi direktori,

filolofiya fanlari nomzodi