Bugungi axborot asrining zamonaviy fobiyalardan biri – “oddiy odam” boʻlib qolish qoʻrquvidir. Ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy kapitalizm bizni tinimsiz muvaffaqiyatga, cheksiz sayohatlarga va “komfort zonasidan chiqish”ga majbur qiladi. Har kunimizni qandaydir qolipni yorib oʻtishimiz, olamshumul ishlarni qilishimiz yoki hech boʻlmaganda kimnidir hayratda qoldirishimiz shartdek yashaymiz. Hayotimiz kinolardagidek yorqin va syujetlarga boy boʻlmasa, oʻzimizni omadsiz his qila boshlaymiz.
2023-yilda yapon ekranlaridan sokin kirib kelgan va 2024-yilgi “Oskar” mukofotiga nomzod boʻlib, dunyo kinosi ixlosmandlarini larzaga solgan Vim Vendersning “Mukammal kunlar” (Perfect Days) filmi bizni mutlaqo farqli oʻlchamlar bilan yuzlashtiradi. Kinoda portlashlar-u qochishlar yoki qonli sahnalar yoxud balandparvoz monologlar yoʻq. Biz shunchaki Tokiodagi jamoat hojatxonalarini yuvib tirikchilik qiluvchi, hamma narsasi bir xil, sokin va “zerikarli” boʻlgan qahramon – Hirayamaning hayotiga shoʻngʻiymiz. Xoʻsh, rejissyor nega bizga bu har kunlik “azobni” koʻrsatyapti? Nima uchun bu hojatxona farroshi bugungi kunning eng boy va muvaffaqiyatli odamlaridan-da erkinroqdek koʻrinadi?
Sizifning tabassumi
Filmni kuzatarkanmiz, qahramonning har kuni bir xil ssenariy asosida oʻtishiga guvoh boʻlamiz: u saharlab turadi, tishini yuvadi, koʻchadagi avtomatdan bir xil qutidagi qahvani oladi va mashinasiga oʻtirib ishga ketadi. Uning ishi – oʻzgalar iflos qilgan hojatxonalarni qunt va sadoqat bilan yuvish. Tayyor turing, ertasiga xuddi shu tartib yana boshidan takrorlanadi.
Bu aynan qadimgi yunon qahramoni Sizifning qismatiga oʻxshaydi: u toshni butun vujudi bilan tog‘ choʻqqisiga dumalatib olib chiqadi, tosh esa yana pastga tushib ketadi va bu jarayon abadiy davom etadi. Fransuz faylasufi Alber Kamyu oʻzining absurd falsafasida “Biz Sizifni baxtli deb tasavvur qilishimiz shart”, deb yozgan edi. Hirayama qiyofasida aynan oʻsha baxtli Sizifni koʻramiz.
Nima uchun bu monotonlik – bir xillik Hirayama uchun asirlik emas? 42 kilometrga yugurayotgan odam maʼlum masofadan keyin mushaklaridagi jismoniy charchoqni unga mutlaq erkinlik beruvchi sokin holatiga almashtirganidek, Hirayama ham oʻzining takrorlanuvchi ishi orqali ruhiy daxlsizlikka erishadi. Doimiy beqarorlik, urushlar va inflyatsiyadan titrab turgan bugungi dunyoda oʻzgarishsiz qoladigan bir xil odatlar asabni yemiruvchi qamoqxona emas, balki insonni aqldan ozishdan asrab turuvchi eng kuchli qalqondir. “Chinni idishlar”ni ishqalab yuvishdan chuqur maʼno topish orqali u yashashning ekzistensial ogʻirligini yengib oʻtadi.
Langar tashlash