Afgʻoniston urushi haqida koʻp film suratga olgan mamlakatlar asosan Rossiya, AQSh va Eron hisoblanadi. Chunki aynan mana shu davlatlar aholisi bevosita Afgʻonistondagi siyosiy vaziyat tufayli yo koʻp aziyat chekkan, yo sirtdan tolibonlarning taʼsiriga yoʻliqqan.

Umuman, Gʻarb va Sharq kinematografiyasi tarixida afgʻon mavzusi koʻtarilgan mamlakatlar koʻp. Ular orasida Oʻzbekiston ham bor. Faqat bizning filmlarimizda koʻproq SSSR – Afgʻoniston urushining ogʻir asorati haqida hikoya qilinadi... Quyida aynan “doʻzax” ichkarisini koʻrsatadigan ayrim xorij filmlari haqida maʼlumot bermoqchimiz.

“Oppoq shakar” (“Белый песок”. Drama, 2009. Rossiya)

Ssenariy – Vladimir Valuskiy, Andrey Jitkov. Valeriy Draganovning shu nomli asari asosida suratga olingan. Rejissyorlar – Murad Aliev, Andree Puustuemaa. Asosiy rollarda: Valeriy Nikolaev, Zara, Aleksey Guskov, Zafar Mavlonov, Xoʻjajurdi Narliev, Saydullo Moldaxanov.

1982-yil. Afgʻoniston-SSSR urushi davom etayotgan palla. Rus zobiti Aleksandr Vetrov harbiy operatsiyalardan birida “dushman”ga asir tushadi. Besh yil davomida otboqar boʻlib ishonchga kirgan boʻlsa-da, yana bir sinovga yoʻliqadi. U afgʻon niqobi ostida 11 tonna geroinni Leningradga temir yoʻl orqali yetkazishi kerak. Agar xiyonat qilsa, uni allaqachon oʻlgan deb hisoblaydigan oʻgʻli va xotinining jasadini olishi tayin. “Afgʻoniston magʻizi” ortilgan vagonning boshqa xaridorlari yoʻlda yukni qoʻlga kiritadilarmi, yoʻqmi? “Sof” mol belgilangan manzilga yetib boradimi, yoʻqmi – film shu savolga qurilgan.

Amerika va Rossiya davlatlarining giyohvand modda savdosiga qarshi kurash boshqarmalari oʻzaro hamkorlikda Afgʻonistondan yoʻlga chiqqan vagonni qoʻlga tushirish uchun harakat qiladi. Lekin film mazmunida bu “hosil”ning buyurtmachisi aynan kimligi koʻrsatilmagan. U amerikalik ekanligi va ancha “baland kursi”da oʻtirishi shipshitib oʻtilgan.

Film 1982–1987-yillardagi voqealar asosida suratga olingan. Sarguzasht-jangari janrdagi kartinaga urush lavhalari film boshlanishida – Vetrovning qanday asirga olinishini koʻrsatish uchun kiritilgan. Keyingi syujetlarda jangovar sahnalar yoʻq, lekin detektiv hikoya yoʻnalishi davom etadi. Umumiy manzara choʻl, tuproq va somon suvoq uylardan iborat. Chodraga burkangan ayollar, ibtidoiy davrga xos sharoit afgʻon hududida qoʻrqinchli va ayanchli hayot hukm surayotganidan dalolat beradi. Odamlarning chehrasida qanday mavqeda ekanligidan qatʼi nazar mahzunlik hukmron. Mamlakatning asosiy “boyligi” – afyun va uning xaridori Kolumbiya, Rossiya va Amerika. Mantiqqa zidlik shundaki, “oq shakar” oldi sotdisiga qarshi kurashishda ham Rossiya va Amerika yetakchi...

Film yakunida “magʻiz” ortilgan vagon uni kutayotgan xaridorlarga yetib bormaydi. Vagon yoʻlga chiqqanidayoq Rossiya va AQSh maxsus xizmati tomonidan kuzatuvga olingan edi...

“Qandahor” (“Kandahar Break”. Drama, 2009. Buyuk Britaniya)

Ssenariy muallifi va rejissyor – David Uitni. Asosiy rollarda: Shoun Duley, Din Andryu, Rashid Naz.

1990-yil. Afgʻoniston. Buyuk Britaniya fuqarosi Richard Li tolibonlar maʼmuriyatida ishlaydi. U ikki oylik tanaffusdan soʻng ishini davom ettirish uchun Afgʻonistonga qaytadi. Ularning vazifasi afgʻon yerlaridagi sanoqsiz minalarni topib, zararsizlantirishdan iborat edi. Nihoyatda xavfli bu ishga ikki tarjimon qiz – Jamila va Aisha jalb etilgan boʻlib, jami besh kishi tolibonlar kuzatuvi ostida faoliyat yuritadi.

Bir kuni minalarni qidirish paytida tolibonlardan biri mumkin boʻlmagan yerga oʻtib, halok boʻladi. Portlash natijasida Aisha ham yaralanib kasalxonaga tushadi. Endi Jamilaning bir oʻzi tarjimonlik qilishi mumkin emas. Inglizlarga boshqa tarjimonni tavsiya etishadi. Lekin Richard tilni chala biladigan yigit bilan ishlashni xohlamaydi. Unga Jamila kerak...

Sarguzasht jangari janrida suratga olingan film tomoshabinni tahlikaga soladi. Har qadamda tolibon kuzatuvchilari boʻlgan hududda Richard va Jamila bir-biriga koʻngil qoʻygan. Buni sezib qolgan toliblar Jamila va uning dugonasi Aishani toshboʻron qilishadi. Jamilani toliblar changalidan qutqargan Richardning hayoti xavf ostida qoladi. U Qandahorni kesib oʻtib, Pokiston chegarasiga yetib olishga shoshadi...

Qandahorda toliblar oʻrnatgan tartib goʻyo shariat qonunlari asosida deyilsa ham, mamlakat razolat botqogʻiga botib ketgani filmda faktologik kadrlar asosida hikoya qilinadi. Oshiqxon hukmronligi ostidagi hudud qonunlariga hech qanday tashqi kuch taʼsir etolmaydi: “Siz hech qachon Afgʻonistonni tushunmaysiz. Bu sizga Hindiston yoki Pokiston emas...”

Rejissyor David Uitni Qandahordagi qoʻrqinchli muhitni Richard nigohi bilan koʻrsatadi. Qachonlardir yaxlit yirik davlat boʻlgan mamlakat Buyuk Britaniya dastidan Pokiston, Afgʻoniston va Eron hududiga boʻlinib ketgani, sovetlar bosqini paytida ularga qarshi barcha afgʻonlar birlashgani, amerikaliklar kelgach fuqarolar urushi avj olgani oddiygina tilda tushuntirib beriladi...

“Qandahorga safar” (“Safar-e Ghandehar”. Biografik drama, 2001. Eron/Fransiya)

Ssenariy muallifi va rejissyor – Moxsen Maxmalbaf. Asosiy rollarda: Nilufar Pazira, Hassan Tantai, Sadu Teymuri, Hayatulla Hakimi, Monika Xankievich, Noam Morgenshtern, Zahro Shafahi, Safdor Shujoi, Mullazohir Teymuri.

XX asrning oxirgi quyosh tutilishiga uch kun qoldi. Ayni oʻsha vaqtda Nafasning singlisi oʻz joniga qasd qilmoqchi. Opa uni mashʼum qaroridan qaytarish uchun Qandahorga yetib olishi kerak. Eron, Pokiston, Tojikiston orqali Afgʻonistonga borishga harakat qilyapti, lekin yigirma besh kundan beri yoʻlda sarson. Nafas qaerga ketayotganini yaxshi biladi, shuning uchun yoʻl sarguzashtlarini diktafonga yozib bormoqda. “Bu mening “qora qutim”. Agar menga bir narsa boʻlsa – portlab ketsam yoki ortga qaytmasam, odamlar nima boʻlganini shundan bilib oladilar...”

Nafas ikkinchi uyi – Amerikaga qaytib ketadimi yoki qaytmaydimi, film yakunida ham nomaʼlum qoladi. U sahroda yashayotgan afgʻon ayollarining, bolalarining nochor ahvolini koʻrarkan, oʻzicha tahlil qiladi: “Chegarada Afgʻonistonga oʻtmoqchi boʻlib turgan qizchalarga minalarning xavfliligini tushuntirishmoqda. Qoʻgʻirchoqlarga tegmaslikni oʻrgatishyapti. Bir vaqtlar sen (singlisiga murojaat – muallif) bilmasdan qoʻgʻirchoqni olib, oyogʻing portlab ketgan edi. Endi ular bilan bunday hol roʻy bermaydi...”

Afgʻon zaminida minalar son-sanoqsiz. Odamlar xatarning qaerga yashiringanini bilmaydi. Shuning uchun noxos minani bosib, oyoqsiz qolganlarga “Qizil xoch” jamiyatidan bir yilda bir marta yasama oyoq beriladi. Navbatda turganlar koʻp. Qoʻltiqtayoqli nogironlar osmonda vertolyotni koʻrib hakkalab chopadilar. Nigohlar osmonda, parashyutlarda ular kutgan yasama oyoqlar uchib tushmoqda...

“Qandahorga safar” kartinasi badiiy va hujjatli film sintezida yaratilgan. Shuning uchun ham maxsus sahnalashtirilgan kadrlarni sezmaysiz. Aktrisa Nilufar Pazira Nafas rolida xuddi oʻzining real hayotidan hikoya qilayotgandek tuyuladi. Aslida rejissyor Moxsen Maxmalbofning ijodiy uslubi shunday. U aksar filmlariga real voqealarni asos qilib oladi. Dekoratsiyalardan koʻra tabiiy makon, tabiat manzarasini afzal biladi.

Afgʻoniston mavzusi koʻtarilgan badiiy filmlar son-sanoqsiz. XX asrning oʻrtalaridan to bugunga qadar yaratilgan bunday kinoasarlarning ayrimlarida toʻqima syujetlar ustun tursa, baʼzilarida davlatlararo siyosiy munosabatlar yolgʻon oʻyinlarga qurilganini koʻrish mumkin. Shu bilan birga, oddiy xalq turmushidan hikoya qiladigan, oddiy odamlarning erkin hayot uchun kurashlari aks etgan filmlar ham behisob.

“Tarjimon” (“The Covenent”. Jangari drama, 2023. AQSh)

Ssenariy muallifi va rejissyor: Gay Richi. Bosh rollarda: Jek Jillenxoll, Dar Salim. Yetakchi rollarda: Aleksandr Lyudvig, Emili Bichem, Feriba Sheyxan, Entoni Starr.

Joriy yilning eng kassabop va reytingi yuqori boʻlayotgan “Tarjimon” filmi qisqacha axborot bilan boshlanadi: “2001-yil 7-oktyabr. Amerikadagi 11 sentyabr terror hurujiga javoban Afgʻonistonga 1300 ta  AQSh askari yuborildi. 2011 yil dekabriga kelib bu raqam 98 000 ta amerikalik soldatga koʻtarildi. 50.000 afgʻon tarjimonlari Amerikaga maxsus immigratsiya vizalariga ega boʻlish toʻgʻrisidagi kelishuvga asosan AQSh harbiylari tomonidan ishga olindi”.

Lekin film voqealari 2018-yil mart oyida boʻlib oʻtadi. Serjant Jon Kinli Afgʻoniston tolibonlarining oʻq-dori va portlovchi moddalar  yashiringan omborlarini topish va yoʻq qilish guruhiga boshchilik qiladi. Otryadning bir guruh harbiylari bilan birga tarjimon ham halok boʻlgach, ishga yangi tarjimon Ahmad keladi. Ahmad homilador rafiqasini olib AQShga ketish uchun jonini xatarga qoʻyib tarjimonlik qiladi. Har holda afgʻon tarjimonning AQSh tomonida ishlashi tolibonlar uchun sotqinlik va kofir boʻlish bilan barobar. Boshqa tomondan esa, AQSh harbiylarining ishonchini qozonish ham oson emas.

Gay Richi ssenariy muallifi sifatida syujet mazmunini maʼnaviy-maʼrifiy fikrlar bilan toʻldirmaydi. Kim haq, kim nohaqligini aniqlashdan ham qochadi. Shunchaki, boʻlib oʻtgan hayotiy voqeani kino sanʼati tilida namoyish etadi. “Toʻgʻrisini aytsam, biz ishkal qidiramiz”, deydi Ahmad bilan ilk tanishish chogʻida Jon Kinli.

Tolibonlarning oʻq-dorilar yashiringan ombori ishgʻol etilganida, 40 dan ortiq tolibon, 10 dan ortiq AQSh harbiylari halok boʻladi. Jon Kinli va Ahmad togʻlarga qochib yashirinadilar. Ularni tiriklayin qoʻlga olish topshirilgan tolibonlar bilan boʻlgan otishmada serjant Kinli ogʻir yaralanadi. Toliblar changalidan bir necha marta qutulib qolgan Ahmad va uning xushini yoʻqotgan yarador doʻsti Kinli nihoyat AQSh harbiylari tomoniga yetib kelganlarida ajraladilar.

Bir necha vaqtdan keyin Amerika kasalxonasida koʻzini ochgan Kinli qanday tirik qolganini eslolmaydi – “Hech nima yodimda yoʻq”... Ammo, asta-sekin xotirasi tiklanar ekan, jahannam oʻchogʻidagi “sayr” va Ahmadning siymosi koʻz oʻngidan ketmaydi. Oʻlim bilan bir necha bor roʻpara kelishgani, afgʻon tarjimoni bilan och-nahor kun-va tunni oʻtkazgani va tirik qolgani uchun undan qarzdor ekanini eslaydi. Afgʻonistonda Kinli va Ahmad boshi uchun katta tovon puli tikilgan. U esa bu yerda – issiq oʻrinda.

“Tarjimon” filmida Ahmad bosh qahramonmi yoki Jon Kinlimi, aniqlash qiyin. Ahmadning toshi Jon Kinli turgan pallani bosib ketadi. Hatto, ikkinchi qismga – qarzni qaytarish qismiga oʻtilganida ham tomoshabin Ahmadning taqdiriga koʻproq tashvishlanadi.

Gay Richi 2 soat davomida jangari drama janriga xos kuchli hayajonni hosil qiluvchi epizodlarni nozik didli professional rejissyor darajasida yaratgan. Aktyorlar ijro mahorati postanovkachi rassom, operator, rejissyor,  montaj ustasi va ovoz rejissyorining hamkorligi bilan hozirgi Afgʻoniston manzaralarini namoyish etadi. Goʻyo, ertakdagi ajdarni oʻldirib, doʻstini qutqarishga otlangan kenja botir kabi Jon Kinli oliyjanob amerikalik qiyofasida yana “Koʻhi Qof”ga joʻnaydi...

Jon Kinli ismi sharifini oʻzgartirib Afgʻonistonga qaytadi. U uch kun ichida doʻstini olib Amerikaga qaytishi kerak. Hamma yaxshi ertaklar kabi “Tarjimon”ning xotimasi yaxshilik bilan tugaydi.

Aytish kerakki, yaxshi film murakkab syujetlar zanjiri yoki faylasufona fikrlar jamlamasi emas. Yaxshi film ekran haqiqatiga tomoshabinni ishontirish mahoratidir. Bu maʼnoda, asli Buyuk britaniyalik Gay Richi zamonaviy yaxshi, lekin tomoshabinbop yengil film yaratgan. Sanab oʻtilgan tolibon mavzusi koʻtarilgan filmlar bilan “Tarjimon”ning oʻxshash jihati – mahalliy aholining mavjud tuzumga murosasiz munosabati boʻlsa, farqi zamonaviy harbiy jangari janrida ekanligida, xolos.

BBC, CNN kabi mashhur teleradiokompaniyalar ishlagan hujjatli filmlarda ham afgʻon mavzusi turli rakursda ochiladi. Shulardan biri “Harom” (2018) deb nomlanib, Rossiya telejurnalistlari tomonidan yaratilgan. Unda toliblarning ayollarga munosabati yoritilgan. Xususan, dizayner Atifa Fasahi, qoʻshiqchi Ariana Said, aktrisa Akila Rezay va rejissyor Royl Sadatga oʻz kasbi boʻyicha faoliyat yuritishni taqiqlab qolmasdan, ularga ochiqdan-ochiq oʻlim tahdidi bilan murojaat qilishadi. Hatto Ariana Saidning boshini keltirganga pul mukofoti vaʼda etilib, televidenieda eʼlon beriladi. Intervyuda mulla Azizulla Mufas qoʻshiqchi ayolni oʻldirish shariat boʻyicha toʻgʻriligini taʼkidlaydi. Keskin qarshiliklarga qaramay, “Harom” publitsistik filmi qahramonlari faoliyatdan toʻxtatmaydilar. Ularni qoʻllab-quvvatlovchi yoru birodarlari, oila aʼzolari bu bilan toliblar tartibiga oʻz munosabatini bildiradilar.

Inson hamisha erk uchun, hurlik uchun kurashib keladi. Bu yoʻlda hech qanday qoʻrquv uni yenga olmaydi. Ayni paytda, XXI asrda ham jahonning turli goʻshalarida zulm va zoʻravonlik ostida, erkin va farovon hayotni qoʻmsab har lahza tahlikada yashayotgan xalqlar yoʻq emas. Jaholatni targʻib qiluvchi mafkuraviy tuzumlar tezroq tugatilishini, insoniyat butkul ozodlikka erishishini tilab qolamiz.

Shohida EShONBOBOEVA.

Oyina.uz