Bir qarashda har bir oʻzbek uchun kundalik hayotda tez-tez ishlatiladigan, har bir oʻzbek amal qiladigan “toʻr” tushunchasi barchamiz uchun shunchaki qoʻllanib kelinadigan urf-odatlardan biridek tuyuladi. Biroq bu odatning qachondan beri qoʻllanilib kelishi-yu, yana qaysi xalqlarda shunga oʻxshash anʼana borligini bir oʻylab koʻrsak, uning ildizi qanchalik teran, qoʻllanish koʻlami esa qanchalik keng ekaniga taniq – guvoh boʻlamiz. Koʻpchilik bu anʼanani islom inonchi bilan bogʻlab tushunadi va bu odat barcha musulmonlarda bor deb biladi. Biroq na arablarda va na forsiylarda bu soʻz yoki shunga yaqin biror atama uchramasligi oʻz-oʻzidan bizni “demak, “toʻr” turkiylarga xos tushuncha, ota-bobolarimizning ming yillar boʻyi asrab-avaylab, bizga meros qoldirgan tushunchalardan biri” deyishga undaydi.
Qizigʻi shundaki, yaqin qoʻni-qoʻshnilarimiz boʻlgan qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq va turkmanlarda “toʻr” koʻrinishida ishlatiladigan bu soʻz uzoqdagi turk, ozarboyjon kabi qardoshlarimizda deyarli unutilganiga guvoh boʻlamiz. Qozoq yoki qirgʻiz qardoshlarimizning uyida qoʻnoq boʻlganimizda uy egalarining qayta-qayta “toʻrga oʻting”, “toʻrlang” deb, uyning eng toʻriga oʻtirgʻizganda “bularda ham shunday odat bor ekan-da” deb quvonsak, ozarboyjon yoki turkiyalik qardoshlarnikiga borganda bu soʻzni eshitmagach, birdan “demak, ular bu odatni unutishgan, nega shunday ekan-a!” degan oʻyga tolamiz.
Boshqa turkiy ellarga qaraganda koʻproq Oʻrta Osiyo turklarida biror qadriyat darajasiga chiqqan “toʻr” tushunchasining negizini surishtira boshlasak, bu anʼananing musulmon boʻlmagan turkiy elatlarda ham keng tarqalganini koʻramiz. Oltoy va Sibir turklaridan biri boʻlmish xakaslarda tör “old burchak (xonaga kirilganda qarshidagi oʻrin)”, “uydagi ardoqli oʻrin” koʻrinishida uchrab, kelgan qoʻnoqqa qarata “törden irtinger” (toʻrga oʻtingizlar) deb iltifot koʻrsatiladi. Yana xakaslarda bu bilan bogʻliq quyidagicha soʻz va iboralar saqlangan: izik isker, tör kider – “eshik oldda, toʻr orqada”, yaʼni “uyning kirishi – eshigi kunchiqarda, uyning toʻri esa kunbotarda”. Bu bilan ular ota-bobolari uy qurishda eski turklarga xos oʻtov yoki uy eshigining kunchiqar tomonga qaratib qurishgani, uyning ardoqli yeri – toʻr esa xonaning burchagida, eshikka qarama-qarshi tomonda oʻrin olishiga urgʻu berganliklariga taniq boʻlamiz. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, oʻzbeklarda ham shunga oʻxshash irimlar uchraydi. Ular uy qurar ekan, boʻsagʻani kunchiqar yoki kuntushar tomonga qaratib qurishga intilganliklari, onda-sonda boʻlsa-da bu anʼanaga nisbatan “turkona uylar” iborasini ishlatganliklarini bilamiz.
Xakas turklari bilan yonma-yon yashaydigan Oltoy turklari – altay-kiji (oltoy-kishi)larda bu atamaga shu yoʻsinda ochiqlama berilgan: tör – 1) oʻtov kiraverishining qarama-qarshisi, uchoqning oldidagi bosh oʻrin; 2) ardoqli oʻrin; ayilchini törgö oturgʻizar – qoʻnoqni ardoqli oʻringa oʻtirgʻizish; 3) oldingi burchak; uyning oldingi qismi (Алтайско-русский словарь. 2018: 699).
Tilimizning ochiqlamali soʻzligi – “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “toʻr” soʻzi quyidagicha tushuntiriladi: “toʻr II – Poygakdagi joyga nisbatan yuqoridagi joy, umuman, joyning yuqori, yaʼni quyiga qarama-qarshi tomoni”. Shu bilan birga, ushbu soʻzlikda “Ardoqli mehmonni toʻrga oʻtkazmoq” degan oʻrnak keltirilib, “Gʻalchani izzat qilsang, chorigʻi bilan toʻrga chiqadi”, “Tentak toʻrini bermas” kabi maqol – otasoʻzlari keltirib oʻtiladi (OʻTIL. 2008: 344).
Bu soʻz bilan bogʻliq koʻplab atama, ibora va otasoʻzlari ilk bor bundan ming yillar ilgari qogʻozga tushirilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk” (Turkiy soʻzlar devoni)da uchraydi. Quvonarlisi shuki, buyuk tilchimiz keltirib oʻtgan bilgi – maʼlumotlar oradan shuncha yillar oʻtganiga qaramay, deyarli oʻzgarishga uchramasdan saqlanib qolgan: “Toʻr – uyning toʻri. Toʻrga kech – toʻrga oʻt” (Koshgʻariy. 1963, III: 133); “Toʻrä – (ingichka ö bilan) toʻr, uyning toʻri, yuqorisi. Toʻrä yuqladi – toʻrga chiqib oʻtirdi. Bu soʻz toʻr shaklida ham qoʻllanadi” (Koshgʻariy. 1963, III: 240).
Kezi kelganda aytib oʻtish kerak, bu soʻz “har qanday materialdan katak-katak koʻzli yoki bejamdor qilib toʻqilgan narsa; asbob, buyum va shu kabilarning shunday narsadan iborat qismi” deb ochiqlanib (OʻTIL. 2008: 343), turkiy tillarda, ayniqsa, oʻzbek tilida ancha keng qoʻllaniladigan “toʻr”, yaʼni qattiq “o‘” unlisi bilan ishlatiladigan soʻzga oʻxshab ketsa-da, ham aytilishi, ham bildiradigan anglamiga koʻra butunlay boshqachadir. Mahmud Koshgʻariy “toʻr” (tor) va “toʻr” (tör) soʻzlariga ayri-ayri toʻxtalgan boʻlib, ulardan birinchisiga “tor (toʻr) – qattiq o (o‘) bilan; qush va baliq tutiladigan toʻr, ov toʻri, matrap yoki yoyma kabi” deb ayricha urgʻu berib oʻtadi (Koshgʻariy. 1963, III: 133). Qizigʻi shundaki, bu ikkala soʻz koʻpchilik oʻzbek tilchilari tomonidan omonim soʻzlar, yaʼni aytilishi va yozilishi bir, maʼnosi turlicha deb qaralsa-da, oʻzbek shevalarida ularning oʻzaro farqli soʻzlar ekani, birinchisi – baliq yoki qush toʻri qattiq, ikkinchisi – uyning toʻri esa yumshoq aytilishi koʻzga tashlanadi.
“Toʻr” soʻzining eski chogʻlardayoq “toʻra” koʻrinishida ham ishlatilganini yuqorida “Devonu lugʻatit-turk”dan keltirilgan oʻrnakda ham koʻrib oʻtdik. Bu soʻz turkiy tillar orasida birmuncha boshqacharoq – “tuzuk, qonun, urf-odat” anglamida uchrasa-da, ayrim oʻrinlarda oʻzbek shevalarida “toʻra – uyning toʻri” koʻrinishida ishlatilishiga duch kelamiz. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Mahmud Koshgʻariy “toʻra” soʻziga ochiqlama bergach, undan keyingi soʻz “toʻru”ga rasm, odat maʼnolarini ilova qilgan. Maqolda shunday kelgan: el qalir toʻru qalmas – mamlakat tashlanadi-yu, odat tashlanmaydi. Bu maqol oldingilarning odatlarini saqlashga undalgan odamga nisbatan qoʻllanadi” deb yozadi (Koshgʻariy. 1963, III: 240). Toʻru soʻzi esa “Devonu lugʻatit-turk”dan deyarli 400 yil oldin toshga oʻyib yozilgan Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida “turkiylarning qonuni” oʻlaroq tilga olinib, uning qutlug‘ (muqaddas) ekaniga urgʻu beriladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, 732 yilda oʻrnatilgan Kul Tegin bitiktoshida el-ulusga qarata quyidagicha oʻgitlar beriladi:
“Uza Koʻk Tangri asra yagʻiz yer qilintuqda ikin ara kishi oʻgʻli qilinmish, kishi oʻgʻlinta uza echum, apam Bumin qagʻan, Istami qagʻan oʻlurmish, oʻlurupan turk bulun elin, toʻrusin tuta bermish – Ustta koʻk osmon, ostda qoʻngʻir yer yaratilganda ikkisi orasida kishi oʻgʻli (inson)lar yaratilgan. Kishi oʻgʻillari (bolalari) ustidan ota-bobom Bumin xoqon, Istami xoqon (ulug‘ oʻrun / taxtga) oʻrnashganlar. Ular (ulug‘ oʻrun)ga oʻrnashibon turk xalqining eli (davlati)ni, urf-odat (toʻrasi)ini tutib turganlar” (Abdurahmonov, Rustamov. 1982: 101).
Turkiy tillarda “toʻr” soʻzi bilan bogʻliq yana bir atama – “toʻrkun” soʻzi saqlanib qolgan boʻlib, bu soʻzning ham bir qator turkiy ellarda biror qadriyatga aylanganini koʻramiz. Qipchoq shevasida soʻzlashuvchi oʻzbeklarda “toʻrkun”, “toʻrkunlash” degan anʼana uchrab, unga koʻra, toʻydan bir-ikki oy oʻtib kelin ilk bor ota uyiga borgach, u bilan birga kelgan quda-andalar uchun kelin tomondagilar – ota-onasi ziyofat uyushtiradi. Qirgʻiz, qozoq, noʻgʻoy va yana bir qator turkiy xalqlarda “toʻrkunlav”, “toʻrkunnav” koʻrinishlarida uchraydigan ushbu odat bilan bogʻliq koʻplab irim-sirimlar saqlanib qolgan (Киргизско – русский словарь. 1985: 260; Керейтов. 2009: 353).
Ilk bor Mahmud Koshgʻariy bu soʻzni “toʻrkun – qizning ota-onasining uyi” deb ochiqlab oʻtgan. Koshgʻariy bu soʻz bilan bogʻliq “qïz toʻrko‘ӊä keldi” (“qiz toʻrkoʻnga keldi”) – qiz otasining uyiga keldi” degan bilgi keltirgan boʻlib (Koshgʻariy. 1963, III: 414), bu atama “toʻr” va “kun” koʻrinishida ikkita soʻzning birikuvidan kelib chiqqan. Chamasi, “toʻrkun” soʻzining ildizi “toʻr” eski turkcha “uydagi ardoqli burchak, oʻrin”; “kun” esa “el” anglamidagi soʻzga yoki -kun / -kin koʻrinishlaridagi soʻz yasovchi qoʻshimchalardan biriga borib taqaladi.
Bugungi kunga kelib koʻpgina turkiy el-uluslarda oʻz tilini saqlash, ota-bobolardan beri saqlanib kelayotgan soʻz va atamalarni asrab-avaylash va kelgusi urpoqlarga yetkazishga intilishlar kuzatilmoqda. Oʻrnak uchun, qozoq bovurlarimiz tomonidan yaqin yillarda “kengashni olib boruvchi kishi”, “rais” anglamida “toʻragʻa” (toʻrogʻa) atamasi yasalgan boʻlib, borgan sari bu soʻz keng qoʻllanilmoqda. Qozoqlarning bu yondashuvi olqishga arzigulik boʻlib, “toʻrogʻa” soʻzi ham aytilishi boʻyicha ancha yoqimli soʻzga aylangan, anglamiga koʻra oʻzini toʻlaqonli oqlaydi.
Dunyoning koʻplab el-uluslarida minglab yillardan beri unutilmay, ardoqlanib kelayotgan oʻnlab, hatto yuzlab qadriyatlardan biri uy, bino, yalpi olganda turarjoy va kengash oʻtkaziladigan makonlar bilan bogʻliq anʼanalar saqlanib qolgan. Ular orasida, ayniqsa, turkiylarga xos boʻlgan “toʻr” – “uydagi ardoqli yer” tushunchasi oʻzining toʻla-toʻkisligi bilan jamiyat hayotida oʻzgacha koʻrinish olib, bugun ham isteʼmolda. Ota-bobolarimiz ham qoʻnoq kutar ekan, ham el-yurt kelajagi koʻrib chiqiladigan “kengash” va “qurultoy”larda kishilarning oʻrnini belgilash, shu orqali ham qoʻnoqsevarlik, ham jamoatchilik yigʻinining tartibli oʻtishini taʼminlashga intilganlar. Shu yoʻsinda ming yillardir oʻziga xos axloqiy etiket yuzaga kelib, “toʻr” tizimi turkiy ellar uchun yuksak qadriyatga aylangan. Biror yozilmagan qonunga – toʻra-tuzukka aylangan bu tizimga qardosh ellar, ayniqsa, oʻzbeklar orasida bugungi kunda ham toʻlaqonli amal qilinayotgani koʻzlarni quvontiradi.
Gʻaybulla BOBOYOR,
professor