Ruscha “tormoz” soʻzi etimologiyasida bu soʻz yunoncha “tormos” (“τόρμος”) yoki turkcha “turmaz”ga borib taqaladi, degan ikki xil fikr mavjud.
Olmon olimi Maks Fasmerning “Этимологический словарь русского языка” lugʻatida, jumladan, shunday deyiladi: “Odatda, bu soʻzni yunoncha: “tiqin, mix, qoziq kabilar chiqib turadigan, har xil narsalar tiqib qoʻyiladigan teshik” maʼnosidagi “tormos” (“τόρμος”) soʻzidan, deb tushuntirishadi” (ЭСРЯ. Т. 4. М. “Прогресс”. 1987. 84). Ammo izoh davomida M.Fasmer bu fikrga baʼzi tilshunoslar qarshiligi va ular “tormoz” – turkiy “turmaz” soʻzidan, degan taxminni ilgari surishini aytadi (“предполагает заимств. из тюрк. turmaz “он не стоит”, также “подкладыш для колес арбы”). “Turmaz” bu – tilimizdagi “turmaydi” maʼnosidagi “turmas”, yaʼni “turmoq” feʼlining boʻlishsizlik shakli. Lekin shunisi ajablanarliki, “turmas” deganda biz bir joyda turmaydigan, harakatdan toʻxtamaydigan narsani tushunamiz, “tormoz”ning maʼnosi esa aksincha, yaʼni “tormoz”, “tormozlanish”da harakatdagi narsaning sekinlashuvi va toʻxtab bir joyda TURISHINI tushunamiz.
Shu nuqtai nazardan yunoncha “tormos” (“τόρμος”) jozibaliroq tuyuladi, chunki bu soʻz gʻildirakning oʻq oʻtadigan teshigi va uning atrofidagi qismlar, shuningdek, soat kabi mexanizmlar ichidagi tishli gʻildiraklarning tishlariga nisbatan ham ishlatilgan. Savol tugʻiladi: xoʻsh, oʻtgan asrlarda rus tiliga yunon tilidan texnikaga oid soʻzlar ham oʻtganmi? Pyotr I dan boshlab, Romanovlar davriga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, dastlab kemasozlikka oid barcha atamalar nederland tilidan, keyinchalik, texnikaga oid soʻzlar asosan olmon tilidan rus tiliga oʻzlashgan. Boringki, istisno tarzida faqat “tormoz” qadimgi yunonchadan olingan deylik, baribir bu soʻz dastlab olmon yoki boshqa ovroʻpa tillarida texnik atama sifatida qoʻllangan va keyin rus tiliga oʻtgan boʻlsa, mantiqqa toʻgʻri kelar edi. Lekin “tormoz” rus tilidan boshqa biron ovroʻpa tili, hatto slavyan tillari, boringki, yunon tilining oʻzida ham mazkur maʼnoda ishlatilmaydi. Lugʻatlarda esa: “bu soʻz yunoncha YOKI turkcha etimologiyaga ega” degan mavhum jumla takrorlanaveradi. Bizga esa aniq xulosa kerak.
Yunonchami yo turkcha?
Bu soʻzning ildizlarini paypaslab koʻrish uchun atoqli rus olimi Vladimir Dalning XIX asrda tartib berilgan “Толковый словарь живаго великорускаго языка” lugʻati (Lugʻat nomining oʻsha davrdagi imlosi saqlandi. A.H.) 4-tomi 1866-yil nashriga murojaat qilamiz. Shu oʻrinda muallif haqida ikki ogʻiz soʻz: V.Dal (1801–1872) – rus yozuvchisi, etnograf, tilshunos, folklorshunos, harbiy shifokor; rus shoiri A.S.Pushkinning zamondoshi va yaqin doʻsti; kelib chiqishiga koʻra asli daniyalik (shuning uchun familiyasi – Dahl), qonida bir tomchiyam rus qoni boʻlmasa-da, u oʻzini ruhan rus millatiga mansub deb bilgan. Undan qolgan eng katta meros toʻrt tomli “Ulugʻrus jonli tilining izohli lugʻati” (“Толковый словарь живого великорусского языка”) boʻlib, lugʻat ustida olim deyarli butun umr – 53 yil mehnat qilgan. Bu lugʻat shunisi bilan ham qimmatliki, V.Dal 19 yoshidan boshlab unda izohlangan soʻzlarni oddiy xalqning jonli soʻzlashuv tilidan yigʻishni boshlagan. Lugʻatda biz juda koʻp turkiy soʻzlarga ham duch kelamiz (V.Dal tilshunos sifatida bir qancha tillarni, shu jumladan, turk tillarini ham yaxshi bilgan. Shu bois u birinchi rus turkshunosi sifatida ham eʼtirof etiladi).
Xullas, mazkur lugʻatda “tormoz” soʻzi – “тóрмаз(с)ъ” shaklida yozilib, shunday izohlangan: “chanalar kamroq sirpanishi uchun ularning sirpanchiq temir oyoqlari tagidagi kesilgan joy, uzun temir tasma; || aravalarda gʻildiraklar oʻqi tagidagi temir tasmaga yoki arava shotisiga qoqib qoʻyilgan zanjirli ilgak yoki boshmoq: tepalikdan tushishda aravani tutib turish uchun ilgak gʻildirak kegayiga (spisasiga) ildiriladi, boshmoq esa gʻildirak tagiga tushuriladi. || mashinalarda changak, stopor, harakatni toʻxtatish moslamasi” (“Тóрмаз(с)ъ м. У саней, пóдрѣзъ, желѣзная полоса подъ полозомъ, чтобы сани менѣе раскатывались; || у повозокъ, крюкъ или башмакъ на цѣпи, прикованый къ дрожинѣ или подоселинѣ: крюкъ закладывается за спицу, а башмакъ подводится подъ ободъ колеса, для удержанья повозки, при спускѣ съ горы. || Въ машинахъ: палъ, клевъ, стопоръ, устройство, для остановки ходу, оборота”. ТСЖВЯ. В. Даль. IV. Москва-1966. стр. 384)
Bu izoh XIX asrning birinchi yarmida, qariyb bundan ikki yuz yil oldin yozilgan. Ayni paytda uning qandaydir texnikaga oid qoʻllanmadan emas, xalq tilidan olinganligi shundoq koʻrinib turibdi. Xalq tilidagi soʻzlar bir kunda paydo boʻlib qolmaydi, balki uzoq oʻtmishga ega boʻladi. Guvohi boʻldikki, izohda yana bir turkiy soʻz – “boshmoq” (“башмакъ”) ham bor. “Boshmoq” – turkiy xalqlarda oyoq kiyimi boʻlib, rus tilida ham faol ishlatilgan. Rus tilida, shuningdek, shaklan boshmoqqa oʻxshash boshqa baʼzi narsalar, jumladan, arava, keyinchalik, vagon gʻildiraklari tagiga toʻxtatish uchun qoʻyiladigan uchburchak moslama ham “boshmoq” deb atalgan.
Izoh davomida keltirilishicha, oʻsha davrda rus tilida “тóрмаз(с)ъ” soʻzidan yasalgan “торма(о)зить” feʼli ham faol boʻlgan. V.Dal bunga misol qilib: “Yugurging kelgan joyda toʻxtatishadi” (“Где скакать хочется, тамъ и тормозять”), – xalq maqolini keltiradi. Yana lugʻatda “торможенье” (“toʻxtash”), “тормазка”, “тормозила” (“toʻxtatuvchi”, “biror ishga toʻsqinlik qiluvchi odam”), “тормозникъ” (“arava shotisidagi boshmoq ilinadigan ilgak”) kabi soʻzlar keltiriladi. “Тормозилка” esa lugʻatda – “dehqonlar va aravakashlar aravaning baland tepalikdan tushishida gʻildiraklari aylanmasdan sirgʻalib tushishi uchun gʻildirak kegaylari orasiga tiqib qoʻyadigan qoziq, tayoq”, deb tushuntirilgan. Tabiiyki, mutlaqo savodsiz krestyan dehqonlar bu kabi moslamalarni nomlashda qadimgi yunon tiliga murojaat qilishi mumkin emas edi, balki ular hamon Oltin Oʻrda, turkiy madaniyat taʼsirida boʻlib, Ovroʻpa madaniyatiga esa faqat tepadagi bir qism dvoryanlar yaqin edi. Umuman, V.Dal lugʻatini varaqlaganda minglab shu kabi turkiy soʻzlarni koʻramiz, baʼzi oʻrinlarda lugʻat hatto turkiy soʻzlarning ruscha izohli lugʻatiday taassurot qoldiradi.
Oʻylaymanki, ushbu misollar: “tormoz – yunoncha” degan qarashni butunlay unutish uchun yetarli boʻladi. Xoʻsh, endi uning turkiy soʻz ekanligini qanday isbotlaymiz?
“’” (“Ъ”) – unlimi yo unsiz?
V.Dal lugʻatidagi “тóрмаз(с)ъ” soʻzining yozilishiga eʼtibor qaratamiz: hozirgi rus tilida “тормоз” soʻzi ikkinchi boʻgʻinida “m” tovushidan keyin “o” yoziladi, V.Dal esa uni “a” bilan yozgan, hozirda oxirgi harf “z”, V.Dal lugʻatida bu – “z” bilan “s” oraligʻidagi tovush, shu bois lugʻatda qavs ichida “s” ham keltirilgan. Nihoyat, soʻz oxirida kelgan “ъ” belgisi soʻzning muzakkarligini (mujskoy rod) bildirish bilan birga juda qisqa “i” unlisini ham ifodalaydi. Chunki eski rus yozuvidagi “ъ” belgisi 1918-yil islohotigacha uch xil vazifa bajargan: undosh bilan tugagan soʻzlar oxirida kelib, uning muzakkar jinsiga mansubligini bildirgan, yozuvda soʻzlarni bir-biridan ajratish uchun xizmat qilgan, undosh bilan tugagan soʻzlarning oxirida eshitiladigan qisqa unli tovushni ifodalagan.
Demak, “тóрмаз(с)ъ”ni – “тормас(и)” deb oʻqishimiz mumkin.
“-Mas” emas, “-ma”
Negadir barcha ruscha tadqiqot va lugʻatlarda (M.Fasmer, Dmitriyev, A.Semenov, N.Shanskiy) “тормоз”ning turkcha asli sifatida “turmaz” soʻzi keltiriladi va “он не стоит”, yaʼni, “turmaydi” deb tushuntiriladi. Bu yerda muammo shundaki, mazkur soʻz – “tur-” oʻzagiga “-mas” qoʻshimchasi qoʻshib yasalgan “turmoq” feʼlining boʻlishsizlik shakli – “turmas” emas.
Turk tillarida feʼldan ot yasaydigan “-ma” qoʻshimchasi hozir ham, ilgari ham faol boʻlgan. Bunday soʻzlarga “Devonu lugʻotit-turk”da ham koʻp duch kelamiz (tutma, oʻyma, bichma, tizma, tugma, tikma, chalma, suzma kabi). Shuningdek, turk tillarida koʻpgina yemak otlari ham “-ma” qoʻshimchasi bilan yasalgan: qovurma, dimlama, qiyma, doʻlma, chevirma va hokazo. Rus tiliga “тóрмаз(с)ъ” boʻlib oʻtgan turkiy soʻz ham aslida feʼldan ot yasovchi ana shu “-ma” qoʻshimchasini “tur-” oʻzagiga qoʻshib yasalgan “turma” soʻzi boʻlib, soʻz oxiridagi “-s” esa turkiy tillardagi uchinchi shaxs egalik qoʻshimchasi (“-si”,“-i”)dir, yaʼni bu soʻz: “(aravaning) tur+ma+si” shaklida yasalgan.
“Tormoz”ning oʻzbekchasi
Shunday qilib, “tormoz” oʻrnida oʻzbek tilida “turma” deb qoʻllashimiz mumkin ekan, bu bilan biz yangi soʻz yasamagan, balki tarixda mavjud boʻlib, unutilgan oʻz soʻzimizni yana isteʼmolga qaytargan boʻlamiz. Deylik, “mashinaning tormozi” emas – “mashina (ulov)ning turmasi”, “gidravlik tormoz tizimi” emas – “suyuqlikli turma tizimi” va hokazo. Uni oʻzbekchalashtirish shuning uchun ham muhimki, bugun u nafaqat arava, balki velosipeddan tortib uchoqgacha, umuman harakatlanuvchi barcha uskuna, mashina, moslamada bor. “Oʻzbek tilida “tormoz”ni “turma” deyish noqulay, biz “tormoz”ga oʻrganganmiz”, deguvchilar boʻlishi mumkin. Bir paytlar “tuman” emas – “rayon”, “viloyat” emas – “oblast” deyish biz uchun qulay tuyilgan. Endi esa “tuman” oʻrnida “rayon” deganimizga ishongimiz kelmaydi. Kimdir: “turma” desa, ruscha “тюрьма” bilan bir xil boʻlib qoladi”, deyishi ham mumkin. Darvoqe, finlandiyalik atoqli turkshunos olim A.Rasanen bir paytlar ruscha “тюрьма” soʻzi ham aynan ana shu turkcha “zindon” maʼnosidagi “turma” soʻzidan ekanligini isbotlab bergan. Shuningdek, Xorazmda ipakdan toʻqilgan roʻmol ham “turma” deb atalar ekan. Aslida uchalasi ham bitta soʻz, faqat turli vaziyatlarda turli maʼnolarda ishlatilib, keyinchalik omonim soʻzlarga aylangan. Umuman, tilimizda bunday omonimlar juda koʻp, misol uchun: “oʻq” – miltiqning oʻqi, gʻildirakning oʻqi, oʻq ildiz; “koʻk” – rang va osmon, “yoz” – fasl, dasturxon yozmoq, oyoqni yozmoq, xat yozmoq va hokazo. “Tuman” soʻzi ham tilimizda uch xil maʼnoga ega: hududiy birlik, yerdan namlik koʻtarilishi natijasida hosil boʻladigan tuman va qadimgi turkiyda: tuman – oʻn ming. Umuman, “tormoz” oʻrnida “turma” soʻzi isteʼmolga kiritilsa, oʻylaymanki, “tuman”, “viloyat”ga koʻnikkanimiz singari unga ham tezda koʻnikiladi, chunki u oʻzlashma emas, oʻz soʻzimizdir.
Abduvohid HAYIT