Joriy yilning 26-oktyabridan boshlab “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi Toshkent va Islomobod shaharlari oʻrtasida qoʻshimcha muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyadi.
Hozirda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Toshkent–Islomobod–Toshkent” yoʻnalishida haftasiga ikki marta – seshanba va shanba kunlari parvozlarni amalga oshirmoqda. 26-oktyabrdan boshlab aviaqatnovlar jadvaliga oʻzgartirish kiritilib, reyslar dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Mazkur qoʻshimcha aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi yoʻlovchi tashish imkoniyatlarini kengaytirish, sayyohlar, tadbirkorlar va tranzit yoʻlovchilar uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Yangi jadval yoʻlovchilarga safarlarini rejalashtirishda koʻproq tanlov imkonini beradi. Natijada ikki mamlakat oʻrtasidagi ishbilarmonlik, turizm va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yuzaga keladi.