Soʻnggi kunlarda Qoraqalpogʻistonda kuzatilgan notinch vaziyat boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz oʻz fikrlarini bildiryapti. Jumladan, ziyoli qatlam – yozuvchilar, shoirlar, sanʼatkorlar, olimlar ham bu masalaga befarq boʻlmay, barchani birdamlik, tinchlikka chorlamoqda. Oyina.uz ayrim mulohazalarni bir joyga jamladi.

 

Ibrohim Gʻafurov,

Oʻzbekiston Qahramoni:

– Oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari yer yuzidagi eng qadimiy, madaniy xalqlar qatoriga kiradi.

Ularni insoniyat tarixining otasi Herodot oʻz tarix kitoblarida bayon qilib ketgan va yer yuziga tanitgan. Oʻsha soʻzlar hamon haqiqatini yoʻqotgan emas. Biz 10 ming yillarcha ogʻa-ini, qavm-qarindosh boʻlib yonma-yon yashagan jigar xalqlarmiz. Ulug‘ daryolardan birga ob-hayot – tiriklik suvini ichganmiz,  yurtimizni obod farovon shonu-sharafli qilib tiklaganmiz. Tomirlarimiz ajralmas boʻlib tutashib yotibdi.

Tarix yoʻllaridan yelkama-yelka borar ekanmiz, bugun yelkalarimizning kuch-qudratini har qachongidan koʻra kuchliroq ishonchliroq sezmoqdamiz. Gʻalamislar, xalqaro kazzoblar, igʻvogarlar, yoʻq yerlardan nizo chiqaradigan qabihlar hech qachon oʻzlarining mashʼum va shum maqsadlariga yetmagaylar.  Ularning iftirolari va buhtonlariga qaramasdan biz abadiy birgamiz. Bizni yengadigan kuch yoʻq. Igʻvogarlar, nizogarlar faqat qonxoʻrlik va talotumlarni istaydilar. Begunohdan-begunoh odamlarni qurbon qilishdan toymaydilar. Ammo bu yoʻllar tarixda ham sarob boʻlgan edi, hozir ham sarob va kelajakda ham sarobdir.

Xoʻp, Konstitusiya loyihasi umumxalq muhokamasi ekan, har qancha fikr boʻlsa aytingiz. Diskussiyasiga qoʻshilingiz. Konsitusiyaning odil umum Oʻzbekiston xalqi uchun manfaatli qonun-qoidalar bilan boyib borishiga oʻz aqli xizmatlaringizni ayamay sarflasangiz. Chunki haqiqat faqat adolatli bahslar, munozalarda yuzaga chiqadi. Hozir aql-idrok va matonatni zarracha yoʻqotmaslik haqida gap bormoqda. Bizning bunga ishonchimiz toʻla va tom. Ortiqcha ehtiroslarga berilish, tinch-farovon yurtda toʻzon koʻtarish hech qachon ijobiy natijalarga olib kelmas!

Biz Oʻzbeklar va Qoraqalpoqlar hamisha birgamiz!

Tarix va tabiat buni maʼrifatli xalqlarimizga meros qilib qoldirgan. Zero, haqiqat shundaki, tushungan tushunib olsin!

 

Xurshid Doʻstmuhammad,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi:

– Bovurim – jigarim!

Mambet ogʻam! “Umr” ismli qush bunchalar tez uchmasa! Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetini tugatganimizga roppa-rosa 50 yil boʻlibdi-ya! Aytishga oson. Ne zamonlar ortda qoldi, kim nasibasini qayerdan topdi – oʻziga ayon, lekin Siz bilan biz oʻsha oliy dargohda orttirgan kasbimizning etagini biron kun qoʻldan qoʻyganimiz yoʻq: jurnalistikaning qattiq nonini baham koʻrdik, bola-chaqa boqdik.

Talabalikning zavq-shavqqa toʻla qaynoq lahzalaridan meros xotiralarimiz shu qadar moʻl-koʻlki, ularni aytib ado qilolmaymiz. Yil oralab goh Toshkentda, goh Nukusda diydorlashganimizda, tongotar diydorlashuvlarda oʻsha oʻsmir yoshligimizga qaytishlarimiz-chi? Diydor aziz, mehr-oqibat aziz boʻlgan joyda azizdan-aziz xotiralar yana va yana Sizu bizni yaqinlashtirdi, birodarlashtirdi. Qozoq Joʻldosh, turkman Bayram, qoraqalpoq Quyosh, tojikistonlik Oʻrinboy, qirgʻizistonlik Muzaffar va boshqa doʻstlarimiz orasida Siz yoshi ulugʻimizsiz, shu bois ham joʻraboshimiz sifatida Sizning soʻzingiz – soʻz, gapingiz – gap, shunday emasmi? Illo, ogʻa, jigitlik soʻzini aytish mavridi keldi, shu-uncha yillik diydorlashuv onlarida biron marta oʻzbek va qoraqalpoq millati orasiga zarracha sovuqchilik tushgani yoʻq, manfaatlar tarafkashligi kuzatilmadi. Xayolimizga ham kelgani yoʻq bunday mashmashalar, shunday emasmi, Mambet ogʻa?  

Koʻrib, koʻzimizga, eshitib, qulogʻimizga ishonmadik. Shu yoshga chiqib koʻrmagan-eshitmagan voqealarimiz yuz berayapti-ku, Qoraqalpogʻistonda. Ustyurt vodiysini yayov kezish, olisdan boʻlsa-da, Orol sohillariga nigoh tashlashni qoʻya turaylik, “Keyingi 4-5 yil ichida Qoraqalpogʻistonda yuz berayotgan yangiliklarni birga-birga tomosha qilib toliqib qolmaysizlarmi, bovurlarim?” deya ichimizga oʻt-olov yoqib, mehmonga chorlagan oʻzingiz.

Boramiz ham, koʻramiz ham, faqat unutmang, Toshkentda ham, Nukusda ham hammamiz birdek mezbon, hammamiz birdek mehmonmiz!

Xalqlarimiz odatiga koʻra, chinakam bovurlik sharti ana shunday, Mambet ogʻa!

 

Qoʻngʻirotboy Sharipov,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor:

– Kuni kecha Nukus shahrida boʻlib oʻtgan noxush xabarni eshitib yuragim zirqirab ketdi. Bu xalq oʻzlari yashaydigan kengliklar singari bagʻri keng, qalbi daryo xalq.

Oʻrni kelganida yana shuni iftihor va faxr bilan aytaman Qoʻngʻirot tumanida tugʻilganligim uchun mening ismimni Qoʻngʻirotboy qoʻyishgan. Bizga maʼlumki Qoʻngʻirot, oʻzbek va qoraqalpoqning eng qadimiy urugʻlaridan birining nomi. Birgina shuning oʻzi ikki elning mangu doʻstligining mustahkam rishtalariga ishora. Bu elning qalbiga qutqu solmoqchi boʻlgan yot unsurlar adashadi. Bu yot unsur kimsalar qalbi daryo ikki xalqning oshiga ogʻu qoʻsha olmaydi.

Qahramon shoirimiz Ibroyim Yusupov oʻz sheʼru baytlarida gʻurur bilan eʼtirof etganidek, qoraqalpoq doʻsti soʻrasa oʻzi minib yurgan otini ham tortiq qilib yuboradigan  tanti va hotamtoy el. Mening kindik qonim shu yurtga tomgan, shu yurt tuprogʻida voyaga yetganman. Qarich yoshdan shu elning ichida oʻsganman. Vijdon bilan shuni aytaman, yuragi  qora fitnachilar qadim-qadimdan bir-biriga koʻrar koʻzning qorachigʻidek vobasta va kamarbasta elning koʻziga choʻp suqaman desa qattiq  adashadi. Hozirgi pallada butun dunyo turkiylari yagona maslak, qutlug‘ maqsad yoʻlida birlashish gʻoyasini oldinga surayotgan paytda ogʻa-ini bu xalqlar oʻrtasiga qutqu solishiga aslo yoʻl qoʻymasligimiz lozim.

Yaqinda ish yuzasidan respublika markazi Nukus shahrida boʻldim, bu yerdagi osmonoʻpar binolar va boshqa ishlab chiqarish inshootlari, keng va ravon koʻchalarni koʻrib koʻzlarimga ishonmay ketdim. Biroq bu ertaklardagiga monand muhtasham imoratlar, zamonaviy rusumdagi yengil mashinalar, qator oliy oʻquv maskanlari bu yurtning ertasi yanada porloq ekaniga kafolatdir. Donishmand va ijodkor sarboni bor mamlakatning kelajagi yanada nurli boʻlishiga kishi koʻnglida eʼtirozga oʻrin qoldirmaydi. Chunki amaldagi olib borilayotgan ishlar ana shunday deyishimizga katta asos boʻla oladi. Zero bunga zarracha shak shubha yoʻq.

 

Hayrulla Lutfullayev,

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Xalq artisti, OʻzDSMI professori:

– Qoraqalpogʻiston mening ikkinchi Ona yurtim. Chunki umrimning koʻp qismini, aziz onlarimni shu yurtda ijodiy uchrashuvlar va konsertlar oʻtkazdim, el ardogʻiga tushdim, obro‘-eʼtibor qozondim. Oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarini bir daraxtning ikki shohiga oʻxshataman, bir ildizdan oziqlanib, kamol topmoqda. Shunday boʻlib ham qoladi, bunga ishonchim komil. Qoraqalpogʻistonda mening hamkasblarim, doʻstlarim va shogirdlarim benihoya koʻp. Ular bilan koʻp marotaba tuz totishganmiz. Qoraqalpogʻistonda madaniyat va sanʼat borasida boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlar meni hursand kiladi.

Men yaxshi bilaman qoraqalpoqlar ning buyuk sanʼati bor, u uzoq oʻtmishga ega. Bu muqaddas madaniyat namunalarini, sanʼat durdonalarini kelajak avlodga yetkazishda Qoraqalpoq elida bunyod etilayotgan Bolalar musiqa va sanʼat maktablari, Opera maktabi, OʻzDSMIning Nukus filiali, yangi tashkil etilgan Konservatoriyaning Nukus filiallarining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Biz bunday ezgu ishlarimizning roʻyobi uchun birga mehnat qilishimiz lozim.

Shuhrat Rizayev,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi:

– Bizni hech kim ajratolmaydi!

Bugun Oʻzbekiston shunday shitob va mahobat bilan rivojlanib boryaptiki, unga yorug‘ havas bilan qarayotganlar qatorida qora hasad bilan qarayotgan kuchlar ham kam emas. Ular mamlakatimizda muhim ijtimoiy-siyosiy hodisa – Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida fitna-fasod qoʻzgʻab, xalqimizning hamjihatligiga putur yetkazishga urinmoqda.

Mana shunday vaziyatda hamjihatlik va birdamlik muhimlardan-muhim ekanini hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Biz Qoraqalpoq xalqi bilan asrlar osha bir tanu bir jon boʻlgan xalqlarmiz. Berdaqu Ajiniyoz Toʻlipbergen ogʻayu, Ibroyim ogʻalar yonib kuylagan mustahkam doʻstligimiz bor. Bugun Oʻrozboy Abdurahmonov, Kenesboy Karimov, Baxtiyor Genjamurod kabi asl Qoraqalpoq Oʻgʻlonlari bitiklarida bu ezgu anʼana bardavomdir. Yurtboshimizning Qoraqalpoq zaminiga koʻrsatayotgan himmatini asrlar davomida hech kim qilolgan emas. Ana shu sharoitda bunday bagʻrikenglik va saxovatini bilmaslik, shukronalik tuygʻusini his qilmaslik na Allohga na bandasiga xush kelmas. Biz tashqi hasadgoʻy kuchlarga faqat ahilligimiz bilangina qarshi turishimiz mumkin. Bizni hech bir kuch ajrata olmaydi.

 

Yodgor Saʼdiyev,

Oʻzbek Milliy akademik drama teatri direktori, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti:

– Qoraqalpoq doʻstlarimizning chiroyli bir gapi bor. Yaʼni, ular yaxshi insonlarga baho berganda, “Bul adamning juragi qabirgʻasining astinnan koʻrinip turadi!” deydilar. Tili bilan dili, soʻzi bilan ishi bir boʻlgan shunday olijanob xalq, albatta, yuksak hurmat va eʼtiborga sazovordir.

Men qoraqalpoq elini juda yaxshi koʻraman. Qoraqalpogʻistonga borsam, yuzi issiq, qalbi toza bu odamlar bilan soatlab gurung qilaman. Kelganimda bagʻriga bosib kutib olishsa, ketayotganimda yana qayta-qayta bagʻriga bosib xayrlashishadi.

Biz ham shunday: qoraqalpoq inilarimiz, sanʼatkor doʻstlarimiz kelsa, boshimiz osmonga yetadi. Doim bir-birimizni sogʻinib, bir-birimizga talpinamiz.

Shunday ikki buyuk xalqning qiloʻtmas doʻstligini koʻrolmay, chetdan fitna uyushtirganlarni eshitib, gʻazabim keldi.

Biz bunday nayranglarga, turli axborot xurujlariga aldanmasligimiz kerak. Aksincha, yanada inoq boʻlib, hamjihatligimizni koʻrsatib qoʻyishimiz lozim.

Prezidentimiz Nukusga borib, hamma masalaga aniq-tiniq yechim aytdi. Konstitusiyaviy islohotlar faqatgina xalqning xohish-istagiga qarab amalga oshirilishini taʼkidladi. Boʻldi, bu mavzuda ortiqcha gap-soʻz, masalaga oʻrin yoʻq. Nuqta qoʻyildi.

Adolatli va toʻgʻri qaror qabul qilindi. Buyogʻiga biz bir musht boʻlsak, oramizga hech kim nifoq sololmaydi.

Oʻzbek va qoraqalpoq eli yana asrlar davomida birga boʻlib, yuksak marralarni egallayversin!

 

Abduqayum Yoʻldoshev,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi:

– Qoraqalpoq bilan oʻzbek halqlarining oʻxshash jihatlari juda-juda koʻp. Axir biz bitta xalqmiz. Baayni et bilan tirnoq. Et bilan tirnoqni esa aslo va aslo ajratib boʻlmaydi.

Bugun, ikki qadim-qadimdan ildizlari bir xalq orasiga nifoq solishga urinayotganlar bizning azaliy, ulugʻvor qadriyatlarimizga qarshi borishayotganliklari aniq.

Umuman, odam baʼzan bunday kaslarni tushunmay hayron qoladi: ularga nima yetishmaydi oʻzi? Ikki el bir boʻlib, doʻst-birodar, ogʻa-ini, qarindosh-urug‘ boʻlib yashayotganini koʻrolmayaptilarmi? Axir, ayniqsa, keyingi besh-olti yil ichida qoraqalpok qardoshlarimiz yashayotgan zamin yanada chiroy ochib, u yogʻi Nukusdan bu yogʻi Moʻynoqqacha kishining havasini keltiradigan maskanlarga aylanganligini hammamiz koʻrib-bilib, havas qilib turibmiz-ku. Albatta, zahmatkash qoraqalpoq eli bundan ham ortiq toʻkis-farovon, munosib yashashga haqli. Ammo bunday ezgu istaklarga mehnat va yana mehnat orqali erishiladi, nifoq olovini tutatish, abadiy qarindosh-birodarlik rishtalariga raxna solish bilan emas.

Ha, taassufki, “demokratiya”, “erkinlik” niqoblari ostida yaqin-uzoq xorijdan gʻoyaviy-moddiy sadaqa olib kun koʻrayotgan kimsalar hali ham uchrab turibdi. Qoʻshnining uyida janjal koʻtarilsa, ich-ichidan quvonadigan badxohlar ham yetarlicha topiladi. Biroq boʻladigan el bunday kaslarning igʻvo-gʻiybatiga aslo uchmaydi, havoyi ehtiroslarga berilmaydi. It huraveradi, ulugʻvor karvon oʻz yoʻlidan ogʻishmay oʻtaveradi, ulugʻvor maqsad manzili tomon boraveradi.

Bugun qoraqalpoq eliga zimdan nashtar urmoqchi boʻlayotganlar, bilib qoʻysin, bu ogʻuli nashtar avvalo oʻzbekning qalbiga sanchiladi...

Yurtimiz yetakchisining shaxsan oʻzi Qoraqalpogʻistonda boʻlib, vazminlik va jiddiyat bilan masalani hal etayotganligi esa qardoshlarimiz osmonida paydo boʻlgan qora bulut tezda tarqalib ketishiga komil ishonch uygʻotadi bizda.

Biz mard va tanti, mehnatkash va bagʻrikeng qoraqalpoq xalqi bilan yelkama-yelka boʻlib, yaqin kunlarda bu sinovni mardona yengib oʻtishimizga ishonaman!