Maʼrifatparvar alloma Alixontoʻra Sogʻuniyning “Turkiston qaygʻusi” asari fransuz tilida nashr qilindi.
Asli chigʻatoy turkiy tilida yozilgan mazkur toʻplam fransiyalik taniqli sharqshunos va sogʻuniyshunos olim, professor Stefan Dudyuanyon (fransuzcha – Stéphane A.Dudoignon) tomonidan fransuzchaga 2024–2026-yillar davomida tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. Tarjima jarayonida professor Dudyuanyon Sogʻuniyning farzandi Qutlugʻxon Sogʻuniy bilan faol hamkorlik qildi.
Professor Stefan Dudyuanyon Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (“CNRS”) katta ilmiy xodimi, tarixchi, sharqshunos hamda oʻzbek adabiyoti va tarixining taniqli tadqiqotchisi. Olim Markaziy Osiyodagi islom tarixi, jamiyatlar va tasavvuf yoʻnalishlarini, shuningdek, mintaqadagi tarixiy shaxslar merosini oʻrganish bilan shugʻullanadi.

Stefan Dudyuanyon “Turkiston qaygʻusi” asari yevropalik oʻquvchilar ommasiga tushunarli boʻlishi uchun unga 400 sahifadan ziyod keng qamrovli sharhlar ham yozgan va uni kitobga ilova qilgan. Ushbu sharhlar chuqur tahlillar natijasi boʻlib, ingliz, amerikalik va yapon turkolog doiralari vakillari tomonidan yuksak baholandi hamda mukofotga tavsiya qilindi.
Taʼkidlash joiz, mazkur kitob Gʻarb dunyosi uchun Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkiston tarixini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
“Turkiston qaygʻusi” asari Parij kitob yarmarkasida namoyish etilmoqda va yevropalik kitobxonlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Alixontoʻra Sogʻuniyning oʻgʻli Qutlugʻxontoʻraning taʼkidlashicha, fransuz tilidagi ushbu nashr asarning Yevropa boʻylab keng tarqalishidagi ilk muhim qadamdir. Navbatdagi bosqichda asarni ingliz tiliga tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu loyiha ham qisqa fursatlarda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, ushbu kitob vatanimizning XX asrdagi fojiali va murakkab oʻtmishini haqqoniy yoritib bergan noyob manba sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etiladi. Unda sobiq SSSR va oʻsha davrdagi Xitoyning Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Turkistonda olib borgan siyosati atroflicha yoritilgan boʻlib, uygʻur, oʻzbek, qozoq, qirgʻiz va boshqa musulmon xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan.