Gutenberg ixtirosidan qariyb besh asr oʻtib, Turkistonda matbaachilik kirib kelgan boʻlsa-da, uning jadal rivojlanishi oʻlka madaniy hayotida jiddiy ahamiyat kasb etdi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Andijon, Namangan kabi shaharlarda bosmaxonalar tashkil qilinib, ularda asosan mahalliy kitoblarni chop qilishga eʼtibor qaratilgan. Bunday manbalarning eng qiymatlilarini sanaganda, shubhasiz, Alisher Navoiy asarlari salmoqli oʻrin egallaydi, boshqacha aytganda, shoir lirik merosining qoʻlyozmalardan keyingi – ikkinchi umri boshlandi. Xususan, shoir devonlari ham shu davr mobaynida xalqqa minglab nusxada yetib bordi. Tadqiqotlarga koʻra, 1879–1917-yillar davomida ijodkor asarlari yetmish martadan ziyod nashr etilgan.

Ijodkorning olti asrdan beri avloddan avlodga oʻtib kelayotgan asarlariga qayta-qayta murojaat qilish sabablarini quyidagacha izohlash mumkin:

1.                          Kitobxonlarning talabi;

2.                          Madrasalarda darslik sifatida foydalanilganligi;

3.                          Millat ziyolisi oʻlaroq noshirlarning Navoiy asarlarini targʻib qilish maqsadi;

4.                          Qoʻlyozma kitoblarning qimmat va son jihatdan cheklangani.

Har bir kitobni chop etayotgan masʼul, birinchi navbatda, uning sotilishini, ehtiyoj mavjudligini hisobga olgan. Pirovardida, shoir asarlarining targʻibini ham yoʻlga qoʻygan. Shunga qaramay, kitoblarning Turkistonning barcha hududlarida bir xil tarqalishi imkonsiz edi. Zero, matbaa korxonalarining soni, joylashuvi bunga jiddiy taʼsir koʻrsatardi. Shu bois Navoiy asarlari nashrlarini hududlar kesimida oʻrganish mavzuga oydinlik kiritadi. Toshbosmalar ham oʻz vaqti adabiy muhitini koʻrsatuvchi muhim omillardan biridir.

Alisher Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari ilk tavsifini amalga oshirgan olim B.Qosimxonov shoir kitoblarini Toshkentdagi Breydenbax, Ilʼin, aka-uka Kamenskiylar, Laxtin, Portsev, Gʻulom Hasan Orifjonov, “Turkiston kuryeri” gazetasi, Turkiston harbiy okrugi shtabi, Samarqanddagi Demurov, Buxorodagi Desinskiy, Levin, Qoʻqondagi Vayner, Xivadagi Muhammad Rahimxon II matbaalari va Istanbuldagi Said Mahmudbek, Orif afandi hamda Bogʻchasaroy shaharlaridagi matbaalarda nashr etilgani haqida xabar beradi. Yuqoridagi roʻyxatdan kelib chiqib aytish mumkinki, xususiy bosmaxonalarda Navoiy asarlari koʻproq chop etilgan. Xususan, Ilʼin matbaasi 6 marta, Breydenbax 4 marta, Orifjonov 9 marta nashr qilgani haqida maʼlumotlar bor.

Taʼkidlash oʻrinliki, 1883-yildan boshlab Turkistondagi mahalliy senzura komitetining tugatilishi va Peterburgdagi bosh senzura komitetiga murojaat qilinishi mahalliy tillarda kitob chiqarilishini chegaralab qoʻydi. “Okraina” gazetasining maʼlumotlariga koʻra, baʼzi mahalliy kitoblar chop etilishi uchun ruxsatnomani ikki yilgacha kutishga majbur boʻlingan. Shunday bir holatda Ilʼin, Breydenbax, ayniqsa, Orifjonov matbaalarining nechogʻli fidokorlik koʻrsatganini Navoiy toshbosma kitoblarining koʻpligi isbotlaydi.

Navoiy “Xamsa”si toshbosma asarlarning ilk nashrlaridan boʻlib, Xiva matbaasida 1297(1879)-yilda chop qilingan. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti fondidagi manbalarga koʻra, 1878–1907-yillarda dastlab “Farhod va Shirin”, keyinchalik “Hayrat-ul-abror”, “Layli va Majnun”, “Sabbaʼi sayyor” “Iskandarnoma” dostonlari alohida holatda, “Majolis-un-nafois”, “Tarixi muluki ajam”, “Chihl hadis”, “Munshaot”, “Vaqfiya” “Mahbub-ul-qulub” kabi sheʼriy-nasriy asarlari ham turli litografiyalarda chop etildi. Maʼrifatparvar xattot Ashurali Zohiriy koʻchirgan “Muhokamat-ul-lugʻatayn” esa Vayner bosmaxonasida nashr etilgan noyob nusxalardan hisoblanadi. Bu davrdagi Navoiy ijodining ommaviy qamrovini esa devonlari bilan koʻrsatish ahamiyatlidir. Zero, birgina devonlarning oʻzi qirq martagacha eʼlon qilingani haqida qarashlar bor.

Navoiy merosining bosma nusxalari haqidagi ilk manba ham Xiva matbaasiga tegishlidir. Muhammad Rahimxon II matbaasida asosan oʻzbekcha kitoblar – Munis, Komil Xorazmiy, Rojiy, Xolis, Avaz, Tabibiy, Sanoiy, Ogahiy kabi davr shoirlarining asarlari bilan bir qatorda mumtoz adabiy namunalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. “Xamsa”dan ikki yil oʻtib, hijriy 1299 (milodiy 1881-1882)-yilda mahalliy xalq ichida “Chahor devon” nomi bilan mashhur boʻlgan 50 ming misradan iborat “Xazoyin-ul-maoniy” shoir va xattot Komil Xorazmiy soʻzboshisi bilan nashr qilinadi. Tarixchi M.Matyakubovaning xabar berishicha, Muhammad Rahimxon II Feruz nihoyatda nodir va yirik asarlarni nashrga tayyorlash va chop etishni faqat Muhammadrasul Mirzogagina ishonib topshirgan. Shu bois ham Navoiyning ikki noyob asari Muhammadrasul Mirzaboshi tahriri ostida nashr etilgan. Ushbu nusxa toshbosma kitoblar ichida “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining nisbatan mukammali hisoblanadi. Majmua xon topshirigʻi bilan xattot Ibrohim Sulton Eroniy tomonidan Komil Xorazmiy noshirligida Muhammad Rahimxon II matbaasida chop etilgan. Matnshunos R.Mahmudova “Chahor devon”ni sinchkovlik bilan tadqiq etib, “… lirik janrlar tarkibi devon tuzish qoidasiga muvofiq boʻlsa ham, lekin ular bir-biridan maʼlum darajada tarkibining har xilligi bilan farq qiladi”, deydi. Xususan, H.Sulaymon aniqlagan “Xazoyin-ul-maoniy” nashri bilan solishtirganda “Gʻaroyib-us-sigʻar”dagi gʻazallar 641 ta (aslida, har toʻrt devonda gʻazallar 650 tadan oʻrin olgani bizga maʼlum), ruboiy esa 126 ta (133 ta boʻlishi lozim), “Navodir-ush-shabob” devonida 634 ta gʻazal, qitʼa 21 ta (50 ta boʻlishi lozim), “Badoye’-ul-vasat”da 637 ta gʻazal, qitʼa 43 ta (60 ta boʻlishi lozim), mustazod va tuyuq (yoʻq), “Favoyid-ul-kibar” 610 ta gʻazal, fard 82 ta (86 ta boʻlishi lozim) kabi farqlarni kuzatadi. Shunga qaramay, ushbu devon Navoiy toshbosma asarlari ichidagi eng nodir, ilk nusxa sifatida qadrlidir.

Matbaa “Xazoyin-ul-maoniy” nashridan soʻng toʻrt devonni alohida chop qilishni maqsad qiladi. Xossatan, matnshunos M.Hakimov “Badoye’-ul-vasat”ning 1300/1882-yili kitobxonlarga taqdim qilingani, ushbu devon ham Muhammad Rahimxon II farmoni bilan Muhammadniyoz ibn Oxund Komil Xorazmiy tomonidan nashrga tayyorlangani, ammo kotibi koʻrsatilmagani, bundan tashqari, ayni yilda xattoti nomaʼlum terma devon ham chop etilgani haqida maʼlumot beradi. Respublikamizdagi turli fondlarni kuzatish davomida ushbu matbaada “Gʻaroyib-us-sigʻar”, “Navodir-ush-shabob”, “Favoyid-ul-kibar” devonlarining ham chop etilganiga guvoh boʻldik. Ularning xat uslubi “Chahor devon”nikidan farq qilmaydi, yaʼni ayni kotib koʻchirgan nusxaning alohida kitoblarga boʻlingan shaklidir.

Alisher Navoiy devonlari eng koʻp chop etilgan Turkistonning markaziy hududlaridan biri Toshkent hisoblangan. Bir tomondan, bu yerda bosmaxonalar koʻp boʻlgani, ikkinchi tomondan, bunda asosan oʻzbek tilidagi asarlar nashr etilishiga eʼtibor berilgani bilan bogʻliq. 1889-yili Furqat “Laxtin” bosmaxonasi bilan tanishadi va bu haqida “Turkiston viloyatining gazeti”da maʼlumot beradi. Muhim jihati, Laxtin Navoiy devonlarini nashr ettirgan Toshkentdagi dastlabki bosmaxonalardandir. Unda 1334/1884-yili “Amir Alisher Navoiy navvarallohu marqadahu devonlari” Sankt-Peterburgning 1884-yil 14-dekabrdagi 745-raqamli ruxsatnomasi bilan nashr etilgan. 288 betdan iborat devon Shohmurod Mullo Shohneʼmat oʻgʻli tomonidan koʻchirilib, Rahimxoʻja eshon ibn Alixoʻja eshon noshirligida chop etilgan. Shuningdek, “Laxtin”da Navoiy devonining ayni kotib va noshir hamkorligidagi 1888-yili chop etilgan nusxasi ham mavjud.

Navoiy devonlarining Turkiston va undan tashqaridagi hududlarda nashr etilishi va yoyilishi bir-biriga bogʻliq kechgan. Xususan, 1891-yili S.I.Laxtin matbaasi qarzdorlik tufayli aka-uka Kamenskiylar qoʻliga oʻtadi. Shu bois shoirning keyingi devonlari Kamenskiylar matbaasida chop etilgan. Bunda 1893-yili Mullo Ahmadning “Aqoidga sharh” kitobi hamda Navoiyning “Chihil hadis”i bilan bir qatorda terma devoni ham bosilgan. R.Mahmudova tadqiqotida ushbu bosmaxonada ikki marta (1893­–1894) chop etilgan deb yozsa, B.Qosimxonov Navoiy devonlarining uch tavsifi (barchasi 1893-yil)ni keltirgan. Ular: “Amir Alisher Navoiy navvarallohu marqadahu devonlari”, “Amir Alisher Navoiy devonlari”, “Devoni Amir Alisher Mulloqab bi-Navoiy” deb nomlangan intixob devonlardir. Ularning hajmi bir-biriga yaqin boʻlsa-da, janrlar soni jihatdan jiddiy farqalandi. Xususan, Shohmurod kotib koʻchirgan majmuada soqiynoma va tuyuq, Mullo Muhammad Yunus Mullo Gʻoyib oʻgʻli xattotlik qilgan devonda muxammas, mustazod, ruboiy, Hoji Abdulmalik Abdulnabi oʻgʻli noshirlik qilgan yana bir nashrda esa mavʼiza va qitʼa kabi janrlar oʻrin olgani bilan bir-biridan farqlanadi. Bundan koʻrinadiki, R.Mahmudovaning shoir devoni 1893-1894-yillarda ayni matbaada 2 marta nashr qilingan degan maʼlumoti haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Shuni aytish joizki, baʼzi manbalarda ushbu nusxalar “Badoye’ ul-vasat” devoni deb berilgan, aslida esa u terma devondir. Sababi boshlanma gʻazallar va tugallanma baytlarning hamda aksariyat sheʼrlar shu devondan olingani tavsif qiluvchida shunday taassurot uygʻotgan.

Aka-uka Kamenskiylar 1899-yili bosmaxonani V.M.Ilinga sotib yuboradilar. Bunga qadar Ilin 1896-yili uncha katta boʻlmagan bosmaxonaga ega boʻlgan. Matbaaning kengayishi bilan kitoblar turi ham oshib, “Amir Navoiy” (1318/1900), “Navoiy” (1319/1901), “Devoni mavlono Amir Alisher” (1324/1906), “Amir Alisher Navoiy” (1324/1906) devonlari shu yerda chop etilgan. R.Mahmudovaning xabar berishicha, bu matbaa Navoiy devonlarini sakkiz marta chiqarishga muyassar boʻlgan. Olima ularning 1900, 1903, 1906-yillardagi nashrlarini nisbatan toʻliqroq, deb hisoblaydi. Ammo bizga maʼlum 1906-yilgi nashrda toʻrt janr va 280 sheʼr mavjud. Boshqa devonlar bilan qiyoslaganda bu nusxani toʻliqroq deb boʻlmaydi. Chunki Laxtin va Aka-uka Kamenskiylar chiqargan devonlarda 500 ga yaqin sheʼrlar bor.

Toshkentda joylashgan Breydenbax litografiyasida esa “Navoiy” “Amir Alisher Navoiy devonlari”, “Navoiy devonlari” kabi asarlar 1896–1898-yillari besh marta chop qilingan. Ularning 1315 (1897)-yilgi nusxasidagina Sankt-Peterburg senzurasidan oʻtgani haqida ruxsatnoma bor.

Turkiston Harbiy okrug shtabi qoshida oʻlkadagi oʻzbek poligrafiya sohasiga asos solgan dastlabki bosmaxona 1867-yilda tashkil etilgan boʻlsa-da, unda mahalliy tildagi kitoblarga murojaat etilishi nisbatan kechroq kuzatiladi. Shtab bosmaxonasida Navoiy devoni ikki marta – 1900 va 1902-yillarda “Devoni Navoiy” va “Navoiy” kitoblari chop qilingan. Ahamiyatli tomoni, har ikkala nashr ham Shirkati “Xayriya” noshirligi va homiyligida tayyorlangan. Alisher Navoiy toshbosma devonlarining boshqa biror nashrida ushbu tashkilot haqida maʼlumot tilga olinmagan.

Yakovlevda 1908-yili bir marta hamda “Turkiston kuryeri” gazetasi matbaasida Mirza Ahmad Mirza Karim oʻgʻli noshirligida 1334 (1915)-yili 70 sahifadan iborat kichik hajmli “Amir Alisher Navoiy” devoni nashr qilingan.

Milliy matbaa va noshirlarning paydo boʻlishi Turkistonda turkiy kitoblarning soni ortishiga xizmat qilgani yuqorida taʼkidlandi. XIX asrning 90-yillarida margʻilonlik Azimxoʻja, toshkentlik Esonboy Husaynboyev kabi ziyolilar litografiya tashkil etgan, noshirlik faoliyatini olib borgan ilk mahalliy vakillar edi. Xususiy matbaa ochmoqchi boʻlgan mahalliy kishi chor hukumatining senzurasidan ruxsatnoma olishda bir qancha muammolarga duch kelardi. Buni yuqorida sanab oʻtilgan bosmaxonalarga egalik qiluvchilarning asosan rus millatiga mansub kishilar ekani yaqqol koʻrsatib turibdi. Shunga qaramay, oʻsha yillari mahalliy matbaachilar soni oshib boravergan. Zero, bu paytda hudud aholisining asosiy qismi, yaʼni 98 foizi mahalliy millat vakillaridan iborat edi.

Dastlabki faoliyatini sahhoflikdan boshlagan Gʻulom Hasan Orifjonov matbaachilik va noshirlik sohasida nafaqat Toshkent yoki Turkistonda, balki Markaziy Osiyo hududida ham muhim oʻringa ega boʻlgan. Orifjonov litografiyasining qachon tashkil etilganligi haqida turli qarashlar bor. R.Mahmudova bosmaxona ochilishining aynan yilini keltirmay, XX asr boshlarida deya umumiy maʼlumot bergan. A.Boboxonov esa “XIX asrning ikkinchi yarmi oxirlarida ish boshlagan” deb yozadi. A.Mirzoraximov oʻz tadqiqotida “Al-Kofiya maʼa fiqh” asari 1897-yili ushbu matbaada chop etilganini keltirib, shu yili toshbosmaxonaga asos solinganini dalillaydi. Bizningcha ham, aniq manbasi keltirilgan yil haqiqatga yaqinroq. Matbaaning oʻziga xosligi unda xalq ogʻzaki ijodi namunalari, mumtoz badiiy asarlar va diniy adabiyotlarning yuzdan ortigʻi chop qilingani edi. Bu bilan Orifjonov milliy matbaachilik tarixida jiddiy oʻrin tutgan, mahalliy kitoblarni targʻib qilishda fidoyilik koʻrsatgan hamda oʻzbek tilidagi kitoblar salmogʻining oshishiga katta hissa qoʻshgan. Birgina Alisher Navoiy asarlarining oʻn martadan oshiq nashr qilinganligi korxona faoliyatining koʻlamini koʻrsatib turibdi. B.Qosimxonov tuzgan Alisher Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari tavsifida esa toʻqqiz marta deb maʼlumot beriladi. Bosmaxona ulug‘ shoirning “Mavlono amir Navoiy”, “Kulliyoti devoni amir Navoiy”, “Amir Navoiy” kabi devonlarini “Gʻulomiya”, “Orifjonov”, “G‘ulom Hasan Orifjonov” nomlari bilan 1909–1916-yilga qadar nashr etib turgan.

“Gʻulomiya” matbaasining texnik imkoniyati boshqa matbaalarga qaraganda yuqoriroq boʻlgan deb qaraladi. Navoiy devonlarining tarqalish koʻlami nazarda tutilganda ayrim maʼlumotlar diqqatni tortadi. M.Rustamov va R.Mahmudova tadqiqotlarida yozilishicha, har bir kitob oʻrta hisobda 2000–3000 tirajda nashr etilgan. Ammo manbashunos M.Hakimov: “Toshbosmada bosilgan har bir nashrning tiraji (adadi) 500–600 nusxadan oshmagan. Kamdan-kam hollardagina bir nashrning adadi 1000 nusxaga borgan. Xattot tomonidan yozilib toshqolipga oʻtkazilgan matndan muayyan nusxa (koʻpincha 500–600 atrofida) olingach, matn siyqalanib oʻcha boshlagan. Natijada xattot oʻsha nashr matnini yangidan yozib bergan”, deya yozadi. Shu oʻrinda N.Abduazizovaning maʼlumoti ham oʻrinli: “Statistik maʼlumotlarga qaraganda, 1913-yili kitob nashri bor-yoʻgʻi 56 nusxani, shuningdek, oʻzbek tilida 33 nusxani tashkil etardi, xolos. Ularning umumiy tiraji 100 ming nusxani, oʻzbek tilidagisi atigi 8 ming nusxani tashkil qilar edi”.

Agarda 33 turdagi kitobning oʻrta hisobda 200–300 nusxadan chiqishi 8 ming nusxani tashkil qiladigan boʻlsa, toshbosmalar 2000–3000 nusxada nashr etilmaganligi maʼlum boʻladi. Bu M.Hakimov qarashlarida asos borligini koʻrsatadi. Shunga qaramay, birgina matbaada devonlarning oʻn martalab chop qilinishi hamda besh minglab kitobxonlarni Navoiyga oshufta qilgani noshir Gʻulom Hasan Orifjonovning xalq va shoir oldidagi tarixiy xizmati deyish mumkin.

Samarqanddagi Demurov matbaasi esa Oʻrta Osiyodagi bir necha rangli kitob mahsuloti bosa oladigan yirik yagona bosmaxona boʻlgan. Bunda noshir Solihxoʻja Buxoriy tashabbusi bilan 1322 (1904)-yili “Navoiy devoni” nashr etiladi. 1910-yili Qori Abdurrauf noshirligida kotib Sayyid Abdussalom Mahdum Samarqandiy xati bilan shoir devonining yana bir nusxasi chop qilingan. Samarqanddagi bu dastlabki nashr, yaʼni “Navoiy devoni” sheʼrlar miqdori va janrlar xilma-xilligi bilan keyingi yilgi nashridan toʻliqroqdir.

Yangi Buxorodagi Levin va Kogon matbaalari 1910–1916-yillarda shoir lirik asarlarini toʻrt marta nashr etgan. Xususan, Mullo Sayidxoʻja noshirligi va Mullo Muhammad Usmon kotibligida Kogon toshbosmasida “Mavlono Amir Navoiy” devoni, Levinda chop qilingan “Devoni mavlono amir Navoiy” ham oʻsha yillari Buxoro ahliga yetib borgan.

Qoʻqonda 1902-yili “Gʻaroyib-us-sigʻar” devoni Vayner bosmaxonasida chop etilgan. Bu yerda toshbosma asarlar soni boshqalariga nisbatan kam. Ammo Qoʻqon xoni Muhammadalixon topshirigʻi bilan “Xazoyin-ul-maoniy” 1254/1838–1839-yillari 300 nusxada koʻchirilgan va xonlikning turli shaharlariga joʻnatilgan. Shu bois bu davrda Qoʻqon Navoiy devonlari eng koʻp kitobat qilingan hududlardan biri boʻlgan, deb aytish mumkin. Ushbu adabiy muhitni chuqur oʻrgangan O.Joʻraboyevning fikricha, Navoiy devonlari “…XIX asr Qoʻqonda tartib berilgan devonlarning tuzilishida ham muhim rol oʻynadi; lirik janrlardagi asarlarda oʻziga xos anʼanalarning saqlanib qolishida muhim omil” boʻlgan.

Shu tariqa Xiva, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qoʻqonda chop qilingan toshbosma kitoblar Ozarboyjon, Koshgʻar, Turkiya, Hindiston, Eron, Afgʻoniston, Arab mamlakatlariga ham tarqalgan. Oʻz navbatida, bu yurtlardan, asosan, Boku va Istanbuldan olib kelingan manbalar orasida Navoiy devonlari ham uchraydi. 1319/1901-yilda “Mir Alisher Navoiy devoni” va “Devoni amir Navoiy” nusxalari Istanbulda Said Mahmudbek matbaasida turkistonlik Solihxoʻja Buxoriy va Muhammad Sodiq Afgʻon Qandahoriy noshirligida nashr qilingan. Bu ikki devon tuzilishi jihatidan farqlansa-da, ularni birlashtirib turadigan ikki muhim jihat bor, bular – bir matbaada chop etilgani va deyarli bir xil sheʼriy shakldagi kolofonga egaligidir. Albatta, har ikki kitobning aynan bir matbaada chop etilishida gʻayrioddiylik yoʻq. Ammo matbaachilikning Turkiston hududida 1870-yillari kirib kelganini hisobga olsak, bu yerda 1901-yillari kitob nashr qilish unchalik katta muammo tugʻdirmasdi. Shunday ekan, noshirlarning kitoblarni Istanbulda chop etishlarida qanday omillar muhim ahamiyatga ega boʻlgani haqida toʻxtalishni joiz deb bildik.

Mahmudbek matbaasi 1872-1873-yillarda Istanbulda zamonasining ziyolisi Mahmudbey tomonidan xususiy bosmaxona oʻlaroq tashkil etilgan. Aytish kerakki, Usmonli davlatida ushbu matbaaning alohida oʻrni boʻlgan. Unda XIX–XX asrlarda madaniyat va taʼlim sohalariga oid 2017 turdagi kitob, 63 ta jurnal va gazeta chop etilgan. Oʻz oʻrnida vazirlik maqomida boʻlgan Maorif nazorati matbaada chop etilayotgan har bir manbani tekshirib turgan. Buni yuqorida nomlarini keltirgan har ikki devonning 1-sahifasidagi nazoratdan oʻtgani haqidagi maʼlumotdan ham bilish mumkin. Nufuzga ega bu matbaada chop qilingan Navoiy devonlarini kitobat sanʼatining goʻzal namunasi va sifatli qogʻozdan foydalanilgan nashr deb baholash qiyin.

Bizningcha, Navoiy asarlarini kengroq yoyish bilan birgalikda ularning sotuvdagi ahvolini yaxshilash uchun ham aynan Mahmudbek matbaasi tanlangan. Zero, 1890-yillari bu bosmaxona oʻz kitob doʻkonini ochgan. Bugungi til bilan aytganda, unda kitob savdosi marketingi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan edi.

Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari tavsifini keltirgan manbashunos B.Qosimxonov Istanbulda chop qilingan devonlarning noshirlari – Hoji Muhammad Siddiq Xoʻjandiy va Solih xoʻja Buxoriylarni ham keltiradi. Albatta, kitob tayyorlashda saʼy-harakat koʻrsatgan, uning moddiy taʼminotini amalga oshirgan odamni noshir deyish joiz. Ammo har ikki manbaning 1-betidagi unvon ostida ular کتب تاجر – “tojiri kutub”, yaʼni “kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxs” deya koʻrsatilgan. Bizningcha, kitob savdogarlari devonlarning Istanbulda nashr qilinishida koʻproq savdo imkoniyatidan manfaatdor boʻlishgan.

Shuni ham eslatib oʻtish kerakki, matbaachilik sanoati oʻlkada kotiblik kasbi bilan shugʻullanuvchilar sonining oshishiga sabab boʻlgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkiston hududida 70 dan ortiq kotib (25 kotib Navoiy asarlarini koʻchirgani maʼlum), 80 dan ziyod noshir va bir qancha kitob savdogarlari bilan birgalikda davr ehtiyojidan kelib chiqib, kitoblar nashr qilishgan.

Navoiy toshbosma devonlarining barchasida ham kotiblari koʻrsatilmagan. Ammo biz koʻra olgan mavjud toshbosma kitoblarda Ibrohim Sulton Eroniy, Shohmurod ibn Shohneʼmatulloh, Mullo Ortuq Abdurasulboy oʻgʻli, Mullo Muhammadyunus Mullo Muhammadgʻoyub oʻgʻli, Abdulqayyum Xoʻqandiy, Xoja Najmuddin Xoʻqandiy, Muhammadsodiq Afgʻon Qandahoriy, Abdusamad Tabriziy, Abdulgʻafur, Mullo Muhammadusmon kotib, Sayyid Abdussalom Maxdum Samarqandiy, Shohislom Shohmuhammad oʻgʻli, Yusufjon Zokirjon oʻgʻli, Mullo Oʻtab Rasulmuhammad oʻgʻli kabi kotiblarning nomlari keltirilgan. Toshbosmaga matn koʻchirishda asosan nastaʼliq xat uslubidan foydalanilgan. Xatning chiroyli va tushunarliligi kitoblarning koʻproq sotilishiga xizmat qilgan.

Chindan ham, XIX asr Navoiy asarlari eng koʻp koʻchirilgan davr hisoblanadi.

Umuman olganda, devonlar noshir, kotib hamda xalq hamkorligida chop etilgan. Bunda noshirning dunyoqarashi, iqtisodiy imkoniyati, bozor sharoitini oldindan koʻra bilishi, kotibning shoir asarlarini bilishi va xat ilmini puxta egallagan boʻlishi, bularning barchasi esa xalq madaniy ehtiyojini qondirishga xizmat qilishi lozim edi.

Navoiy lirikasi bu davrda asosan terma devon tuzilishida chop qilingan. Matnshunos olim H.Sulaymon ushbu davr manbalariga nisbatan “shoirning toshbosmada nashr qilingan asarlari ichida eng koʻpi “Xazoyin-ul-maoniy” sheʼrlaridan tuzilgan turli hajm va tartibdagi kompelyativ devonlardir”, deya taʼrif beradi. Albatta, Xivada chop etilgan dastlabki devon bu taʼrifdan mustasnodir. Zero, “kompelyativ” (“turli manbalardan yigʻilgan” maʼnosini anglatadi) atamasini bu nashrga nisbatan qoʻllash joiz emas. Uni koʻproq terma devonlarga nisbatan ishlatish mumkin.

Intixob (tanlangan) devonlarning nashr etilishiga esa bir qancha omillar sabab boʻlgan. Birinchidan, matbaachilik bilan shugʻullanuvchi kishilar oʻz davrining ziyoli qatlami edi. Ular xalq qiziqishlari va ehtiyojiga qarab, xossatan, moddiy manfaatdorlikni ham koʻzlab kitoblar chop qilishgan. Lirik asarlar nasriy kitoblarga nisbatan oson va tez oʻqiladi. Qolaversa, “Xazoyin-ul-maoniy”ning toʻrt kitobdan iborat toʻliq nusxasini nashr qilish katta xarajatni talab etardi. Moddiy tomondan qiynalib, tez-tez yopilib turadigan matbaalarga bu qiyinchilik tugʻdirardi. Ikkinchidan, terma devonlarga xalq tomonidan sevib oʻqiladigan, qoʻshiq qilib kuylanadigan sheʼrlarning kiritilishi kitoblarning kengroq yoyilishiga sabab boʻlardi. Buni toshbosma devonlar mundarijasi bilan tanishish orqali ham bilish mumkin.

Yana bir muhim jihat, M.Hakimov Navoiy asarlarini koʻchirgan xattotlar faoliyatini oʻrganar ekan, aynan 1888–1916-yillari “Xazoyin-ul-manoiy”dan tanlab olingan terma devonlar 40 martadan ortiq nashr qilingani haqida xabar berib, shunday yozadi: “Navoiy terma devonlarining mana shu oʻnlab toshbosma nusxalari mavjud eski usul maktablarida hamda yangi usul maktablarida ilmi adab (adabiyot)dan darslik vazifasini ham bajargan”. Olimning ushbu xulosasi shoir terma devonlari ahamiyatining nechogʻli baland ekanligini koʻrsatadi. Zero, darsliklar boshqa toshbosma kitoblarga nisbatan koʻproq nashr etilgan boʻlishi, natijada kengroq tarqalgani oydinlashadi.

Jadid maktablarida yoshlarga dars bergan olim Poʻlotjon Qayyumiy “Eski usul maktablarida oʻqish kitoblari toʻgʻrisida” esdaliklarida shunday yozadi: “Yuqori sinflarga koʻtarilgach esa… shikasta xatli Mirzo Abdulqodir Bedilning devoni oʻqitilur edi. Bundan keyin “Devoni Navoiy” – Mavlono Alisher oʻqilur erdi”. Ahamiyatli tomoni, nazmiy asarlarni oʻrganish uchun ilmi tahlil, ilmi maʼoniy, ilmi muammo usullaridan foydalanilgan. Qolaversa, sharh ilmini oʻzlashtirishda “Hayrat-ul-abror”, “Lison-ut-tayr” dostonlari, aruz ilmida “Mezon-ul-avzon” asari adabiyot darsliklari vazifasini bajarib kelgan.

Demak, Alisher Navoiy devonlarining toshbosma nashrlari asosan terma devon tuzilishiga ega boʻlib, turli janrlardan tashkil topgan. Aslida, ularning barchasini terma devon talablariga toʻla amal qilib tayyorlangan, deb ham boʻlmaydi. Xususan, baʼzi nashrlarda “Kulliyoti devoni amir Navoiy” tarzida ham nomlangan. Bu esa shu davr adabiyotshunosligida atamalarga jiddiy ahamiyat berilmaganini koʻrsatadi. (Zero, kulliyot boʻlishi uchun ijodkorning barcha asarlari qamrab olinishi lozim, yuqoridagi holatda esa sheʼrlarning bir joyda jamlanishi maʼnosida kelgan). Xususan, H.Sulaymonning Navoiy qoʻlyozmalari kulliyotlariga oid tadqiqotida toshbosma kitoblarga nisbatan yaqin davr – XIX asrda (1240–1245/1824–1830) uygʻur adabiyotining mumtoz vakili Abdul Rahim Nizoriy tomonidan koʻchirilgan nusxada “Arbain”, “Lison-ut-tayr”, “Xamsa” dostonlarining barchasi, “Xamsat-ul-mutahhayyirin”, “Majolis-un-nafois”, “Vaqfiya”, “Munshaot”, “Mahbub-ul-qulub”, “Debocha” kabilar oʻrin olganligi haqida xabar beradi. Koʻringanidek, garchi kulliyot deb atalsa-da, shoir lirik asarlari ushbu majmuadan oʻrin olmagan. O.Madaliyeva Navoiy devonlari qoʻlyozmalarida ham “Kulliyoti Navoiy” deb nomlangani haqida yozadi: “Bu holat koʻpgina tadqiqotlarda toʻrt devondan iborat “Xazoyin-ul-maoniy”ning kulliyot deb yozilishiga oʻxshaydi. Bizningcha, har ikki holda ham kulliyot atamasi tor maʼnoda ishlatilmoqda... Alisher Navoiy asarlari, umuman, oʻrta asrlar sharq klassiklari asarlarining nomlanishida qatʼiy oʻlchovlar boʻlmagan”. Yuqoridagi fikrlar ham O.Madaliyeva qarashlariga mos keladi.

Kitobni nomlashdagi xatolik keyingi nashrlarda ham koʻzga tashlanadi. Toshbosmalardan soʻng chop etilgan lotin yozuvidagi birinchi devon ham maʼlum maʼnoda oʻzidan oldingi avloddan namuna olgani tabiiy. Buyuk shoir dunyoga kelganining besh yuz yilligi munosabati bilan Sobir Abdulla va Uygʻun 1940-yilda “Chor devon” majmuasini tayyorlaydi. “Chor devon” “Xazoyin-ul-maoniy”ning xalq orasidagi mashhur nomi boʻlishi bilan birga, toʻrt devonni jamlaganini ham anglatib turadi. Xiva matbaasidagi “Chahor devon” buning yorqin dalilidir. Qolaversa, nafaqat toshbosmalar, balki qoʻlyozma kitoblar ham “Chor devon” deb atalgan. Ammo bu nusxa terma devon boʻlib, nomlanishda anʼanadan kelib chiqilgan koʻrinadi. Binobarin, yangi lotin alifbosida chop etilgan bu toʻplamda toʻrt devondan saralangan jami 633 ta sheʼr, 10 janr – gʻazal, mustazod, muxammas, musaddas, musamman, masnaviy, soqiynoma, ruboiy, tuyuq, qitʼa mavjud. Mumtoz adabiyot namunalari tahlil qilingan matbuotdagi dastlabki chiqishlarda ham Navoiyning oʻttizdan ortiq asarlari qatorida “Chor devon” ham sanalgan.

Navoiy lirikasi har bir davr adabiy jarayonidan doimiy ravishda muhim oʻrin olgan. XIX asrda milliy matbaachilik yuzaga kelayotgan bir paytda Navoiy devonlarining faol ishtiroki esa uning barcha davrlar shoiri ekanini koʻrsatib turibdi. Toshbosma kitob sanoati qariyb 40 yillik faoliyati mobaynida daho ijodkor lirikasining kengroq yoyilishiga xizmat qilgan. Bu jarayon qoʻlyozma kitoblarni koʻchirishdagi bir shaxs xohish-irodasidan tashqari kitobxonlar adabiy ehtiyojidan kelib chiqib shakllangan. Shoir toshbosma devonlari matnida kuzatiladigan ayrim noqisliklar esa oʻrtadagi uzoq masofaning hosilasi sifatida adabiy manba qadr-qimmatiga soya solmaydi.

Dilnoza RUSTAMOVA,

OʻzR FA Davlat adabiyot muzeyi lektori

Foydalanilgan adabiyotlar

1.                 Alisher Navoiy. Chahor devon. №10293. OʻzR FAShI asosiy fondi.

2.                 Alisher Navoiy. Xamsa. №10363. OʻzR FAShI asosiy fondi. – B. 512.

3.                 Alisher Navoiy. Gʻaroyib-us-sigʻar. №18; Navodir-ush-shabob. №10293; Badoye’-ul-vasat. №18460; Favoyid-ul-kibar. №10511. OʻzR FAShI asosiy fondi.

4.                 Alisher Navoiy. Kulliyoti devoni amir Navoiy. OʻzR FA DAM fondi. – №220 toshbosma.

5.                 Alisher Navoiy nomidagi Davlar adabiyot muzeyida saqlanayotgan toshbosmalar katalogi. – Toshkent: Fan, 2020. – B. 20.

6.                 Qosimxonov B. Alisher Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari tavsifi. – Toshkent, 1988. – B. 61. 

7.                 Sirojiddinov Sh. Matnshunoslik saboqlari. – Toshkent: Navoiy universiteti NMU, 2019. – B. 72.

8.                 Sulaymon H. Alisher Navoiy kulliyoti qoʻlyozmalari tadqiqotidan // Adabiy meros. – Toshkent. – №3. 1973. – B. 86–89.

9.                 Ernazarov T. Turkistonda vaqtli matbuot. – Toshkent: Oʻzbekiston, 1959. – B. 13.

10.            Matyakubova M. XIX asr ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida Xiva xonligida kitobat va kutubxona tarixi. Tarix.fan. nomz. ...diss. – Toshkent, 2008. – B. 140.

11.            Mahmudova R. Toshbosma asarlar va ularning oʻzbek adabiyoti tarixidagi ahamiyati. Filol.fan. nomz. ...diss. – Toshkent. 1979. – B. 60

12.            Madaliyeva O. Navoiy devonlari qoʻlyozmalarining tarkibiy-qiyosiy tadqiqi. – Toshkent: Donishmand ziyosi, 2021. – B. 146.

13.            Hakimov M.  Navoiy asarlarini koʻchirgan xattotlar. – Toshkent: Fan, 1991. – B. 41.