Chor mustamlakachiligi davrida ayollar masalasi “madaniyatlashtirish” va ruslashtirish siyosatining vositasiga aylantirilgan boʻlsa, sovet hokimiyati davrida u yangi tuzumni mustahkamlashning muhim instrumenti sifatida talqin qilindi. Ayniqsa, sovet davrida ayollarni “ozod qilish” siyosati koʻpincha ularni anʼanaviy oilaviy muhitdan ajratish, uy-roʻzgʻor va farzand tarbiyasidan “ijtimoiylashtirish” nomi ostida uzoqlashtirish bilan birga kechdi.
Maʼlumki, Turkiston(Oʻzbekiston)da matbuot chor Rossiyasi bosib olgandan keyin, Turkiston Rossiyaning bitta gubernasi deb belgilanib, general-gubernatorlik tashkil etilganidan keyin mustamlakachilar manfaatlarini koʻzlab chiqarildi.
Ilk davriy nashrlar – “Turkestanskiye vedomosti”, “Turkiston viloyatining gazeti” (1870–1917) general-gubernator fon Kaufmanning ixtiyoridagi nashr boʻlib, unda oʻlka hayotiga oid turli mavzular qatori xotin-qizlar huquqi va ularning jamiyatdagi oʻrniga bagʻishlangan oʻnlab maqolalar chop etilgan.
Rossiya imperiyasi va keyinchalik bolsheviklar hukmronligi davrida ham Turkiston (Oʻzbekiston) ayollariga nisbatan davlat siyosati mustamlakachilik mafkurasi va manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirildi.
Matbuotda ham bu mavzuga xotin-qizlar manfaatlari emas, balki mavjud jamiyatning siyosiy-ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqib yondashildi. Rossiya imperiyasi avval boshdanoq Turkistonni butunlay zabt etish uchun ayollardan unumli foydalanishni koʻzda tutgan. Taniqli rus akademi Bartold asarlaridan birida “Turkiston aholisi ichida rus maʼmuriyatining eng ishonchli tayanchi savdogarlar, dehqonlar va ayollardir", deydi.
Imperiya generali Korolkov Rossiya imperatoriga maktubida oʻlka xotin-qizlari va bolalarini ruscha hayot tarziga oʻrgatish haqida yozarkan, “Turkiston oʻlkasida oliy missiya oʻtkazishga chaqirilgan rus xalqining shifokor ayollari oʻzbek xotin-qizlarining erksiz, nursiz va huquqsiz turmush tarziga oʻzga tushunchalar olib kiradi va boshqacha intilishlar uygʻotadi”, deydi.
“Tuzemkaning, – deb yozadi general, – nasroniy ayol bilan bir joyda yashashi, u bilan doimiy va yaqin aloqasi hayot tarzini rus ayollarinikidek yaxshilash fikrini asta-sekin uygʻotadi, nasroniy tasavvurlarni singdirib boradi va bu hol farzandlarini tarbiyalash jarayoniga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Bunday ayolning oʻgʻil-qizlari musulmon boʻlmaganlarga nisbatan murosasiz va dushman boʻlmaydi”.
Ushbu maqsadni amalga oshirishi uchun Korolkov oʻlkada xotin-qizlar ambulatoriyalarini koʻpaytirishni taklif qiladi. Shuningdek, Turkiston xotin-qizlariga “pravoslav rus qarashlarini singdirish uchun” Rossiyadagi ayollar monastirlarini xizmatga jalb etish zaruratini ham taʼkidlab oʻtadi. Shu sababdanmi, Turkistonda ochilgan ambulatoriyalar haqida aksariyat muharrirlari harbiylardan iborat boʻlgan “Туркестанские ведомости” gazetasida muntazam hisobotlar berib borilgan. Ular koʻpincha gazetaning 2-3 sahifasini egallagan.
Hisobotni ambulatoriya mudirasi yozib, ayollar va bolalarning kasalxonaga murojaati, ular oʻrtasida keng tarqalgan kasalliklarning sabablari, bemorlarning milliy tarkibini koʻrsatib borgan.
Masalan, Toshkent shahar ayollar va bolalar ambulatoriyasi mudirasi A.V.Poslavskayaning hisobotida qayd etilishicha, 1885-yili ambulatoriyaga 1 749 nafar ayol murojaat kilib, ular kasalxonaga 3 812 marotaba qatnagan. Bemorlarning milliy tarkibi quyidagicha boʻlgan: oʻzbeklar va tojiklar 1 674 nafar boʻlib, umumiy murojaatchilarning 95,5%ini, qozoqlar 49 nafar (taxminan 2,9%), tatarlar 18 nafar 1,02 %), yahudiylar –8 nafar (0,4%)ni tashkil etgan.
Ushbu maqolaning toʻliq shakli yangicha — konvergent (audio, video, matn) jurnalistik formatda taqdim etilgan boʻlib, u bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.