Mustamlakachilik tarixini oʻrganishda siyosiy va iqtisodiy omillar bilan birga til siyosatini tahlil qilish muhim. Mustamlakachilik davrida til mafkuraviy qurolga aylanib, maorif va ijtimoiy munosabatlarga jiddiy taʼsir koʻrsatgan.
Hukmron tilning ustunligi mahalliy adabiy va ilmiy anʼanalarni ikkinchi darajaga tushirgani bilan birga, ona tili milliy birdamlik, tarixiy xotirani saqlash va qarshilik koʻrsatish vositasi sifatida ham xizmat qilgan.
Til va mustamlakachilik munosabatlarini tahlil qilishda Frans Fanonning 1952-yilda chop etilgan “Qora teri, oq niqoblar” asari muhim ahamiyat kasb etadi. U tilni oddiy grammatik qoidalar majmui emas, balki shaxsning ijtimoiy oʻrni va madaniy mansubligini belgilovchi hodisa deb biladi. Fanon qarashiga koʻra, tilni oʻzlashtirish insonning oʻzligini anglashi hamda tashqi olamga munosabatini tubdan oʻzgartirishi mumkin.
Mustamlakachilik sharoitida hukmron til muloqot vositasi emas, balki ijtimoiy mavqe va tan olinish mezoni hisoblanadi. Frans Fanon “Qora teri, oq niqoblar” asarida antik orollik qora tanli misolida til qanchalik oʻzlashtirilsa, shunchalik yuqori maqomga erishilishini taʼkidlaydi. Bu yondashuv tilning ijtimoiy qadr-qimmatni belgilovchi vositaga aylanganini koʻrsatadi.
Fanonning bu qarashlarini Turkiston tarixiga tatbiq etish imperiya va sovet davrida rus tilining ustun mavqeyi, uni bilish jamiyatda martabaga erishishning muhim omili boʻlganini chuqurroq anglashga yordam beradi.
Bunday jarayonlarning ildizlarini tushunish uchun Turkistonda turli davrlarda hukmron boʻlgan tillarning oʻrnini koʻrib chiqish muhim:
VIII asrdan boshlab Islom dini bilan birga arab yozuvi Movarounnahrda keng tarqaldi va mavjud sugʻd, turk hamda xorazmiy yozuvlari qatorida siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarni egalladi.
Oʻrta asrlarda Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarning asarlari turkiy grammatik asosga ega boʻlgan, arab va fors tillaridan soʻzlar oʻzlashtirgan chagʻatoy tilida yaratildi.
1920-yillargacha – maktablar, madrasalar, kitoblar va matbuotda arab yozuvi asosidagi turkiy til keng ishlatildi. 1929-yil – oʻzbek yozuvi lotin alifbosiga oʻtkazildi.
Chor Rossiyasi va sovet mustamlakachilarining Turkistondagi siyosati bir ildizdan tarqalgan qardosh xalqlarni bir-biridan ajratish va oʻzaro parchalashga qaratilgan edi. Tarixan yagona til va maʼrifatni ulashgan buyuk elni sunʼiy millat hamda elatlarga boʻlib, har biriga alohida “til” siyosatini yuritish mustamlakachilikning eng ayyorona rejalaridan biri boʻldi. Sovet mafkurasi xalqning jon tomiri boʻlgan tilni yoʻq qilish yoʻlida hech narsadan qaytmadi:
Birinchidan, mazkur siyosat qabilaviy boʻlinishni chuqurlashtirish: Bir-biriga tutash boʻlgan jonli shevalarni “mustaqil tillar” deb eʼlon qildilar, to millat bir-birining soʻzini anglay olmasin, oʻrtadagi birdamlik va birodarlik rishtalari uzilsin.
Ikkinchidan, alifbo oʻyinlari va makkorona lotinlashtirish: Dastlab har bir millat uchun sunʼiy ravishda, rus alifbosidagi har xil qatʼiy belgilarni aralashtirib alohida-alohida lotin yozuvlarini toʻqib chiqdilar. Yangi parchalangan alifbolarni xalq boʻyniga zoʻravonlik va tazyiq bilan tatbiq qildilar
Uchinchidan, tarixiy xotiradan ayirish: ming yillardan buyon dunyo ilm-faniga beshik boʻlgan Movarounnahr ilmiy merosini yoʻq qilish maqsadida xalqni oʻz tilidan mosuvo qilib, arslar davomida oʻz qadrini yoʻqotmagan qadimiy qoʻlyozmlarni yoʻq qildirlar.
Bu jarayonlar Turkiston ziyolilari qatori muhojirlikdagi jadidlarning ham bosh ogʻrigʻiga aylangan edi. Jumladan, “Milliy Turkiston” jurnalining 1951-yil 71-sonida H.Ikromning “Turkiston maktablarida rus tili” nomli maqolasi eʼlon qilingan. Unda 1940-yilda lotin alifbosi oʻrniga rus alifbosining zoʻravonlik bilan joriy etilishi maʼrifat va milliy oʻzlikka berilgan ogʻir zarba boʻlgani, maktablar va matbuot mustahkam ruslashtirilgani taʼkidlanadi.
Shu oʻrinda xalqimizni til boyligidan mosuvo etish davrida maʼrifatparvarlar yaratgan, keyinchalik taqiqlanib, qatagʻonga uchragan asarlarni yoʻnalishi va ilmiy vazifasiga koʻra 4 ta asosiy guruhga boʻlish mumkin:
1. Nazariy grammatika va tilshunoslik asarlari: Oʻzbek adabiy tilining ichki qonuniyatlari, fonetika, morfologiya va sintaksisini ilmiy asoslagan poydevor tadqiqotlar. Bunga Abdurauf Fitratning “Sarf” (1924–1930), “Nahv” (1925), “Tilimiz” (1919) asarlari kiradi.
2. Pedagogik adabiyotlar va darsliklar: Yangi usul maktablari uchun yaratilgan ilk metodik qoʻllanmalar. Bular jumlasiga Fitrat, Qayum Ramazon va Shorasul Zunnunning “Oʻzbek tili saboqlari” (1924–1926), Qayum Ramazonning “Ona tili darsligi” (1926–1930), Elbekning “Gʻuncha” va “Oʻyinda-oʻqish” (1923) kabi kitoblari kiradi.
3. Lugʻatlar va atamashunoslik: Tilning soʻz boyligini toʻplash va ikki tilli muloqotni shakllantirishga xizmat qilgan asarlar. Jumladan, Ashurali Zohiriyning “Imlo” (1916) va “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat” (1925), Elbekning “Oʻzbekcha-ruscha toʻla lugʻat” (1927) kitoblari shular jumlasidandir.
4. Dialektologiya va manbashunoslik: Xalq shevalari va tilning tarixiy ildizlarini oʻrganishga bagʻishlangan tadqiqotlar. Gʻozi Olim Yunusovning “Oʻzbek shevalari tasnifi”, Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” (1929) va Ashurali Zohiriyning “Turkiy xrestomatiya” (1912) asarlari shular sirasidan.
Ushbu tasnif 1940-yillarda oʻzbek tilshunosligining barcha tarmoqlarini qamrab olgan yuzlab ilmiy tizim qatagʻon qilinganini koʻrsatadi. Bolsheviklarning “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” siyosati Turkiston madaniyatini asta-sekin ruslashtirib yuborgan edi.
Rus tilini majburiy joriy etish siyosati imperiya va sovet hokimiyati davrida 7 bosqichda amalga oshirilgan:
Birinchi bosqich (1870-yil 26-mart): Xalq maorifi vazirligining “Yot elliklar uchun boshlangʻich maktablar haqida qoidalar”iga asosan “Rus-tuzem” maktablari tashkil etilib, rus tilini oʻqitishning huquqiy poydevori qoʻyildi.
Ikkinchi bosqich (1880–1890-yillar): General-gubernatorlik davrida arab yozuvidagi mahalliy darsliklar senzura qilinib, rus tili yagona maʼmuriy-taʼlim tili sifatida joriy etildi.
Uchinchi bosqich (1938-yil 13-mart): SSSR SNK va VKP(b) MQning rus tilini majburiy fan qilish toʻgʻrisidagi “Об обязательном изучении русского языка в школах национальных республик и областей” nomli umumittifoq qarori bilan rus tili milliy respublika maktablarida boshlangʻich sinflardan boshlab majburiy fanga aylantirildi (Mazkur bosqich haqida “Milliy Turkiston” jurnalida: “Ushbu qarordan soʻng Turkiston maktablarida, umuman, butun mintaqada rus tilini oʻqitish rasmiy siyosatga aylantirildi” deb yoziladi. “Правда Востока” gazetasi (1951-yil 26-yanvar)da esa: “Millionlab oʻquvchi yoshlar uchun buyuk rus xalqining bebaho xazinasi – rus tili, sotsialistik davlatning umumiy tili sifatida oʻqitilishi uchun minglab oʻqituvchilar tayyorlandi. Lenin-Stalin tilini oʻrgatish uchun maxsus oʻquv dasturlari, darsliklar va rus adabiyotlari tayyorlandi, shu bilan birga oʻqitish metodikasi ham qatʼiy belgilandi” deyilgan.
Toʻrtinchi bosqich (1938-yil): OʻzSSR XKS va Oʻzbekiston KP(b) MQning
“Oʻzbekiston SSR milliy maktablarida rus tilini oʻqitishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi mahalliy qaror bilan markaz koʻrsatmalari amaliyotga tatbiq etilib, dars soatlari oshirildi.
Beshinchi bosqich (1940-yil 8-may): OʻzSSR Oliy Soveti Rayosati tomonidan “Oʻzbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbodan rus grafikasi asosidagi yangi oʻzbek alifbosiga oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
Oltinchi bosqich (1950-yil 20-iyun): Stalinning “Marksizm va tilshunoslik masalalari” asari eʼlon qilinib, rus tilining boshqa tillar ustidan imtiyozli va hukmron mavqeyi mafkuraviy jihatdan oqlandi.
Yettinchi bosqich (1950-yil): Toshkentda “Oʻzbek va boshqa noʻrus maktablarida rus tili taʼlimini yaxshilash chora-tadbirlari” boʻyicha maxsus 11 sahifalik rasmiy hujjat (“Состояние преподавания русского языка и литературы в узбекских и других нерусских школах и меры по улучшению преподавания этих предметов в 1950–51 учебном году”) qabul qilindi.
Bu bosqichma-bosqich siyosat turkiy tilni turkistonliklar hayoti va ongidan siqib chiqarishga qaratilgan edi.
Taʼlimdagi ruslashtirish siyosati oʻzini hech kim anglamaydigan yot muhitga otilgan maʼsumning fojeasiga oʻxshaydi. “Milliy Turkiston” jurnalida qayd etilishicha, oʻzbek maktablari oldiga rus tilini mukammal oʻzlashtirish majburiyati qoʻyilib, bu tilni bilish jamiyatda yuqori lavozimga erishishning yagona shartiga aylantirilgan edi.
Majburiy ruslashtirish butun mintaqa – Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Qoraqalpogʻiston va Tojikiston maktablarini ham qamrab oldi. Maktablarda haftasiga oʻqitiladigan 34–36 soatlik dars jadvalining 8–10 soati rus tilini oʻrganishga ajratildi. Bu esa ona tili, milliy adabiyot, tarix kabi fanlar hisobiga amalga oshirildi. Bundan tashqari, ona tili va milliy adabiyot darslari uchun zarur boʻlgan kitoblarni yaratish va ularni oʻquvchilar bilan taʼminlashda bolsheviklar ataylab toʻsqinlik qilishdi. Mahalliy tilshunoslar tomonidan yozilgan va yaqinda foydalanilgan darsliklar “millatchilik mafkurasi bilan yoʻgʻrilgan” degan bahona bilan taqiqlanib yoʻq qilindi. Bu holat, hali ona tilining grammatikasi va asosiy qoida-qonunlarini toʻliq oʻzlashtirib ulgurmagan Turkiston yoshlari uchun, oʻz ona tili oʻrniga rus tilini oʻrganishni majburiy qilish orqali amalga oshirilgan til siyosatining ochiq ifodasidir.
Turkistonda rus tilini majburiy joriy etish va qatʼiy nazorat oʻquvchilarni ogʻir ahvolda qoldirib, taʼlim sifatini tushirib yubordi va maktabdan qochish holatlarini koʻpaytirdi. Tojikiston partiya markaz qoʻmitasi kotibi Gʻafurov “Kommunist Tojikistana” gazetasi (1950-yil 28-oktabr)dagi maqolasida bu haqda: “Xalq maorifi sohasidagi eng yirik kamchiliklardan biri – qator shahar va ayniqsa qishloq maktablarida oʻquv sifati pastligidir. Oʻquv sifati past darajada ekanligini yana shu asos tasdiqlaydiki, Stalinobodning oliy va maxsus oʻrta maktablariga viloyatlardan oʻqish uchun kelgan koʻp miqdordagi yigit-qizlar sinov imtihonidan oʻta olmadilar. Qozogʻistonning Mindigarin tumanidagi bir boshlangʻich maktabda 20 boladan faqat ikkitasigina ikkinchi sinfga oʻta olgan. Olmaota viloyatining Jalasan tuman oʻrta maktabida 10-sinf oʻquvchilaridan oʻn bola imtihonda yiqilgan”, deb yozadi. Bu siyosat milliy oʻzlikni zaiflashtirishga qaratilgan tizimli vosita edi.
Mustamlakachilik va sovet totalitar rejimi davrida Turkistonda darsliklarni taqiqlash, musodara qilish va yoʻq qilish siyosati milliy taʼlim hamda maʼrifat tizimiga urilgan eng ogʻir zarbalardan biri boʻlgan. Bu jarayon shunchaki oʻquv adabiyotlarini almashtirish emas, balki millatning intellektual salohiyatini sindirishga qaratilgan puxta oʻylangan mafkuraviy strategiya edi. “Milliy Turkiston” jurnalining 74-soniga koʻra: “Qirgʻizistonda 1949-1950-oʻquv yilida koʻp miqdordagi bolalar maktabga qatnashmay qolganlar. Ayniqsa yuqori sinflarda ahvol juda ogʻir. Oʻtgan oʻquv yilida 5-7-sinflarda planda koʻrsatilganga qaraganda 6000 bola, 8-9-sinflarda esa 3000 bola maktabga kam qatnashgan. Ayniqsa qizlar masalasi chidab boʻlmas darajada ogʻirdir. Turkistonning tilshunoslari tomonidan faqatgina 1937-yilda yaratilgan oʻquv kitoblarining va mualliflarining boshiga kelgan falokatdan ayrim misollar keltiramiz: Ergazi, Fayzulla va Qajumoʻgʻli tomonidan 3-sinf uchun tuzilgan “Adabiyot xrestomatiyasi” 50000 nusxada, Aʼbek tomonidan tuzilgan “4-sinf xrestomatiyasi” 80000 nusxada, Hamil Yoqub tomonidan tuzilgan “6-sinf xrestomatiyasi” 50000 nusxada bosilib, tarqatilish arafasida yigʻishtirib olindi. Bundan tashqari, Shakarchon Rahimning 3-sinflar uchun yozgan “Oʻqish kitobi” 17000 nusxada bosilib chiqqach, foydalanishga ruxsat etilmay yigʻishtirib olindi”.
Shunday yoʻllar bilan Turkiston bolalari ona tilidagi oʻquv kitoblaridan mahrum etilgan. 1937-yil sentyabrigacha 119 xil darslik kitoblari nashr etilishi lozim edi. Biroq davlat nashriyoti 35 turgina kitob chiqara oldi. Qirgʻiz tilshunoslari Umetali, Musa va Tashtemir tomonidan 1950-yilda yozilgan “Qirgʻiz adabiyotining xrestomatiyasi” qattiq tanqidga uchradi. Bu kitob mualliflari oʻz kitoblarida Marksizm-Leninizm taʼlimotiga eʼtibor bermaganliklari bilan, inqilobchi demokratlar Belinskiy, Chernyshevskiy, Dobrolyubov, Pushkin va Gorkiylarning folklor haqidagi taʼlimot va maqollaridan, dinga qarshi va hozirgi sovet maqollaridan foydalanmaganliklari bilan ayblanib, “Qirgʻiz adabiyotining xrestomatiyasi” butunlay yaroqsiz deb topildi.
Tarixdan maʼlumki, imperialistlar xalqlarni uzoq vaqt oʻz manfaatiga boʻysundirish uchun ularni ilm-maʼrifatdan mahrum qilish usulidan keng foydalanishgan. Bunga quyidagi koloniyalistik davlatlar yaqqol misol boʻla oladi.
1. Britaniya imperiyasining Hindiston va Afrikadagi “Parchala va hukmronlik qil” siyosati boʻlib, natijada “Makoley tizimi” (Macaulayism) tizimini joriy qilgan. Unga koʻra 1835-yilda Lord Makoley Britaniya parlamenti uchun tayyorlagan loyihasida Hindistondagi anʼanaviy taʼlim tizimini yoʻq qilishni taklif qildi. Maqsad – qon va tana tuzilishi hind, lekin didi, fikri va dunyoqarashi ingliz boʻlgan “vassal oʻrtakashlar” qatlamini yaratish edi. Shu bilan birga, Mahalliy tillar (sanskrit, fors, hind) ikkinchi darajali deb eʼlon qilinib, ilm-fan va davlat boshqaruvi faqat ingliz tiliga oʻtkazildi. Natijada, mustamlaka hududlarda Britaniya kelgunga qadar yuqori boʻlgan savodxonlik darajasi keskin tushib ketdi. (1947-yilda Hindiston mustaqillikka erishganda savodxonlik darajasi bor-yoʻgʻi 12% ni tashkil etardi).
2. Fransiya imperiyasining Shimoliy va Gʻarbiy Afrikadagi “Assimilatsiya” va til taqiqlari hisoblanib, Jazoir, Tunis va Senegal kabi fransuz mustamlakalarida mahalliy tillarda (arab, berber va mahalliy afrika tillarida) dars berish mutlaqo taqiqlandi. Jazoirda 1938-yilda chiqarilgan dekret bilan arab tili “xorijiy til” deb eʼlon qilindi. Fransiya Jazoirni 132 yil davomida mustamlakada tutgan davrda aholining asosiy qismi savodsizlashtirildi.
3. Kongo Belgiyaning mustamlakasi boʻlganda, “Elitasiz jamiyat” siyosati Belgiya qirolligi va mustamlaka maʼmuriyati Kongoda ataylab oliy taʼlim berishni taqiqlagan. Ularning shiori: “Oliy maʼlumotli kongolilar boʻlmasa – muammo ham boʻlmaydi” (No elites, no problems) edi. Oqibati: 1960-yilda Kongo mustaqillikka erishgan paytda, 14 millionli kutilmagan ulkan mamlakatda oliy maʼlumotga ega boʻlgan mahalliy fuqarolar soni 20 nafardan ham kam edi. Mamlakatda birorta ham kongolik shifokor, muhandis yoki polkovnik unvonli harbiy boʻlmagan. Bu holat mustaqillikdan soʻng mamlakatda oʻn yillik fuqarolar urushlari va inqirozga sabab boʻldi.
4. Ispaniya va Portugaliyaning Lotin Amerikasida yuritgan mustamlakachilik siyosati – Intellektual merosni yoqib tashlash boʻlgan. XVI asrda ispan konkistadorlari (Yepiskop Diego de Landa boshchiligida) Mayya va Astek sivilizatsiyalariga oid minglab qadimiy papiruslar, kodekslar hamda rasmli qoʻlyozmalarni “shaytoniy” deb eʼlon qilib, ommaviy ravishda yoqib yuborishgan.
Xalqni ilmisz va maʼrifatsiz qilish gʻoyalari Sovet totalitar tuzumini ham chetlab oʻtmadi. Xususan, “Milliy Turkiston” jurnalida: “Maktablarda oʻquv sifatining past boʻlishi, yaʼni oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirish darajasi yomonligi faqat adabiyot, ona tili, geografiya va fizika kabi fanlar hisobiga emas, shuningdek, rus tilini oʻrganish sifati ham nihoyatda yomon ahvoldadir. Andijondagi oʻqituvchilar institutiga kirish uchun 1950-yilda ariza bergan 185 oʻquvchidan 107 nafari ruscha yozma imtihondan oʻta olmagan. Chinoz tumanidagi 1-maktab, Voroshilov tumanidagi 27-maktab va Andijon tumanidagi 12-maktab bitiruvchilari ruscha yozma imtihonda 30-35 tadan xatolarga yoʻl qoʻyganlar. Shuningdek, Qirgʻiziston maktablarida bolalar rus tiliga nisbatan oʻz ona tillariga koʻproq qiziqqanlar. Natijada, 1950-yilda oʻrta maktabni bitirgan oʻquvchilar dasturda koʻrsatilgan miqdordagi rus soʻzlarining oʻndan birini ham oʻzlashtira olmaganlar. Qirgʻiziston partiya markaziy qoʻmitasi Qirgʻiz maktablarida rus tili oʻqitilishining orqada qolish sabablarini tekshirish uchun maxsus komissiya tuzib, shaharlarga va qishloqlarga yuborgan. Yuqorida keltirilgan barcha dalillar shuni koʻrsatadiki, maktablarda rus tilini oʻrganishni majburiy joriy etish va oʻquvchilar tomonidan uni oʻzlashtirishni kundalik qatʼiy nazorat ostiga olish natijasida qoʻrquv va sarosimada qolgan oʻquvchilar darslarni oʻzlashtira olmay, imtihonlardan yiqilib, natijada maktabdan qochish holatlari koʻplab yuz bermoqda. Maktablardagi oʻquv sifatining past boʻlishi va rus tilini oʻrganishning orqada qolish sabablarini izlayotgan bolsheviklar, butun aybni turkistonlik oʻqituvchilar zimmasiga yuklamoqdalar. Oʻqituvchilarning ilmiy darajalarini, ayniqsa ularning sinfiy va mafkuraviy jihatlarini tekshirish uchun Turkistonda yana keng va keskin kurash maydoni ochildi. Koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan va oʻquvchilar tomonidan sevilgan minglab oʻqituvchilar turli ayblovlar bilan maktab sahnasidan chiqarib tashlanmoqda. Masalan, Qozogʻiston maorif vaziri A.Senbayning gazetada eʼlon qilgan fikrlariga koʻra, 1950-yil 1-sentabrdagi maqolasiga koʻra, Qozogʻistonda 7000 dan ortiq oʻqituvchi hatto oʻrta maʼlumotga ham ega emas va rus tilidan dars berishga qobiliyatsiz deb topilgan. Xuddi shuningdek, Tojikistonda 4000 ga yaqin oʻqituvchi pedagogik maʼlumotga ega emas deb topilgan. Bunday hodisalar Turkiston sovet respublikalarida yuz bermoqda. Bolsheviklarning bu siyosatlari ostida yashiringan maqsad, oʻtmishda koʻp marta boʻlib oʻtgani kabi, yana bir bor Turkiston ziyolilarini turli boʻhtonlar bilan ayblab, qizil terror qurboniga aylantirish va ularning oʻrniga Turkiston maktablarida ruslarni joylashtirishdir. Demak, bolsheviklar bir tomondan rus tilini majburiy oʻrgatish, ikkinchi tomondan Turkiston ziyolilari hisobiga Turkiston maktablarini rus oʻqituvchilari bilan toʻldirish orqali Turkistonda ruslashtirish siyosatini shoshilinch va keskinlik bilan ilgari surmoqda edi”, deb yoziladi. Shu bilan birgalikda Turkiston maktablarini ruslashtirish siyosati faqatgina til erkinligini cheklash masalasi bilan qolib ketmay, Turkiston mintaqasida savodsizlik, maʼrifatsizlik hamda millatlarni johil bir qatlam sifatida saqlashni ham niyat qilgandi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, XIX asr fransuz soʻz sanʼati va siyosat ufqining yorqin timsoli Alfonse de Lamartinning: “Ozodligidan mahrum etilgan xalq oʻz ruhiyati, dili va ona tilini asrab qololsa, u qamoqxona kalitini oʻz qoʻlida tutgan mahbusga oʻxshaydi”, deb aytgan fikri Chor Rossiyasi va sovet rejimining Turkiston zaminida yurgizgan ruslashtirish siyosatining tub mohiyatini yaqqol oydinlashtiradi. Zero, imperiya bir muddat xalqimizning yeri va erkinligini bosib olgan boʻlsa-da, uning jon tomiri boʻlmish til va maʼnaviy ildizlarini uzishga kuchi yetmadi. Turkiston elining erkinlik kaliti ham, kelajak umidi ham mudom oʻz qoʻlida saqlanib qoldi.
Gulnoza ALIJONOVA,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
Foydalanilgan adabiyotlar va manbalar roʻyxati:
1. “Советская Киргизия” gazetasi, 1950-yil 12-avgust soni.
2. “Советская Киргизия” gazetasi, 1951-yil 21-mart soni.
3. “Правда Востока” gazetasi, 1951-yil 26-yanvar soni.
4. “Kazaxstanskaya Pravda” gazetasi, 1950-yil 1-sentyabr soni.
5. H. Ikrom. Turkiston maktablarida rus tili // “Milliy Turkiston” jurnali. 1951-yil avgust-sentabr. № 74. – B. 31–34.
6. Rossiya Davlat Tarix Arxivi (RGIA), 733-fond, 120-roʻyxat (Chor Rossiyasi Xalq maorifi vazirligining Turkistondagi maktablar va taʼlim siyosatiga oid hujjatlari).
7. Oʻzbekiston Milliy arxivi (OʻzMA), I-1-fond, 1-roʻyxat (Turkiston general-gubernatori kantselyariyasi materiallari).
8. Oʻzbekiston Milliy arxivi (OʻzMA), I-47-fond (Turkiston oʻquv okrugi homiysi kantselyariyasi hujjatlari).
9. Rossiya davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxivi (RGASPI), 17-fond, 3-roʻyxat, 997-ish, 103–107-varaqlar (SSSR SNK va VKP(b) MQning milliy maktablarda rus tilini majburiy oʻrganish haqidagi 1938-yilgi qarori).
10. Oʻzbekiston Milliy arxivi (OʻzMA), R-837-fond (OʻzSSR Xalq Komissarlari Soveti), 16-roʻyxat.
11. Газета «Правда», 1950 год, 20 июня (I.V.Stalinning “Marksizm va tilshunoslik masalalari” asari).
12. Rossiya Davlat Kutubxonasi (RGL) katalogi, Shifr: FB 50-18/141 (1950-yilda Toshkentda nashr etilgan rus tili va adabiyotini oʻqitish holatiga bagʻishlangan rasmiy hisobot-hujjat).