Kecha, 22-fevralda Turkiston muxtoriyatining qonga botirilganiga 108 yil toʻldi. Jadidchilik milliy siyosiy harakati namoyandalarining qatʼiyati va tashabbusi bilan 1917-yil 27-noyabrda tuzilgan Turkiston muxtoriyati 72 kun yashagan boʻlsa-da, uning tashabbuskorlari mustamlakachilarga Turkistonda hurriyat, erkinlik va ozodlik kurashlari doimiy davom etishini koʻrsatib bera oldilar. Muxtoriyat tugatilgach, Turkiston xalqi milliy qahramonlari boʻlmish qoʻrboshilari boshchiligida 1918–1935-yillarda, yaʼni 17 yil davomida istiqlolchilik kurashlarini olib bordilar. Bu esa turkistonliklarning Vatan va millat ozodligi uchun kurashining yorqin namunasi edi. Bu jarayonlar oʻz davridayoq milliy matbuot sahifalarida yoritib borildi.
Rus davlatini uch yuz yildan ortiq boshqarib kelgan romanovlar sulolasining soʻnggi vakili Nikolayning taxtdan voz kechishi oqibatida imperiyada ikki hokimiyatchilik vujudga kelgani yaxshi maʼlum. Ushbu jarayonlar taʼsiri oʻlaroq, 1917-yil martda Turkistonda mustaqillik va milliy davlatchilikni tiklash harakatlari boshlanib, uning boshida Turkiston jadidchiligining yirik namoyandalari Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev va boshqalar turgan. 1917-yil 16-aprelda Umumturkiston musulmonlarining birinchi qurultoyi oʻz faoliyatini boshlagan va “Najot” hamda “Ulug‘ Turkiston” gazetalarida ushbu yigʻin tafsilotlari yoritib borilgan. Xabarlarga koʻra, qurultoy taʼsischilari 1917-yil 17-aprel kuni milliy davlatchilik masalasini muhokama qilganlar. 22-apreldagi yigʻinda esa maktab, madrasa, vaqf, moliya ishlari, oziq-ovqat, mardikorlik, birinchi jahon urushi, “Shoʻroyi islomiya” markazini tuzish, yer-suv ishlari va boshqa masalalar koʻrib chiqilgan.
Turkistonda 1917-yil bahoridan mustahkamlanib olish uchun harakat qilayotgan bolsheviklar shu yilning iyulida Sherali Lapin boshchiligida tuzilgan “Shoʻroyi ulamo” aʼzolariga yirik mansab va amallar vaʼda qilib, jadidlarning milliy davlatchilikni qayta tiklash borasidagi harakatlariga qarshi targʻibotga chorlagan hamda buning uddasidan chiqqan. Gazeta sahifalarida “Shoʻroyi ulamo”ning qarshilik harakatlari, Turkiston ziyolilarining ikki guruhga ajralib ketishi keskin tanqid qilingan. Jumladan, “Ulug‘ Turkiston” gazetasida “Shoʻroyi ulamo”chilarning Umumturkiston musulmonlarining ikkinchi qurultoyi haqidagi shunday fikri ketgan: “Bu siyezd bir taqim dinsizlar siyezdi” deb atagani qoralangan va “Biz ... Turkiston oʻgʻli turkmiz. Shul sababli boʻlurgʻa kerakki, Turkiston musulmonlari orasinda boʻlgʻan bu ixtilofgʻa bizning ham jonimiz achiydir. Sherali Lapin va boshqa shuning kabi shaxsiy arizalarina berilgan zotlargʻa ayurub uchreditelniy sobraniyagʻa saylov kabi muhim bir “amr” oldida shunday ixtilof va iftiroq chiqariluvina butun Turkiston va butun doxili Russiya ham Qafqaz musulmonlari ranjiylar, deb bilamiz. Shul sababli igʻvo etub, ikki orada boʻlgʻan islomiyat va turklik muhabbatining qilinuvini va bundan soʻng birlashub, ulug‘ bir muvaqqat tashkil etiluvini rijo va niyoz qilamiz”.
Jadidlarning yana bir nashri – “Chayon” jurnalida Turkiston muxtoriyatiga oid chiqishlar talaygina boʻlib, ular boshqa gazeta va jurnallarga qaraganda oʻtkir, tanqidiy, hatto ehtiroslarga chegarasiz berilib ketilgani bilan ajralib turadi. Masalan, muallifi koʻrsatilmagan “Xoʻqand poytaxt” maqolasida muxtoriyatning Toshkentda eʼlon qilinmaganining sababchilari deb “ulamo va boylar” koʻrsatilgan: “Yashasun himmatlu, gʻayratlu Xoʻqand ulamosi va yoshlari! Ong bersun alloh Toshkandning rusgʻa sotilgʻan, sonliq vijdonliq, qalbsiz, koʻzsiz ulamo va boylarina, quvvat va gʻayrat bersin alloh ularning qoʻrqoq, jurʼatsiz yoshlarina, ziyoliylarina!!!”. Atigi oʻnta gapdan iborat mazkur chiqish oʻsha kezlarda oʻlkada hukm surgan qarashlar qarama-qarshiligining ayrim jihatlarini bilib olishda qoʻl keladi. Maqolaning “Xoʻqand burundan poytaxt edi. Tagʻinda poytaxt boʻldi” taʼkididan boshlangani mahalliychilik kayfiyati qay darajada boʻlganidan tashqari qirq yil burun oʻta ayanchli ravishda yoʻq qilingan Qoʻqon xonligini qoʻmsash alomatlari, umumlashtirganda esa Turkiston muxtoriyatining inqirozga uchrash omillariga yaxshigina ishora boʻla oladi, deb oʻylaymiz.
Davriy matbuot sahifalaridan yangi tuzilajak hukumatni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga oid Turkiston xalqiga murojaat va chaqiruvlar ham oʻrin olgan boʻlib, 17-noyabrni “Muxtoriyat kuni” deb atash va shu kuni imkoniyat doirasida pul yigʻish taklifi berilgan. Masalan, “Oʻz millat majlisina bir necha boʻlagi millatining buyukligi nisbatinda zoʻr boʻluvin tilagan har bir musulmongʻa bu kun molin ayamayja iona etumliy vijdoniy burchidir. Bu kun jivilgʻon ionalardan zoʻr bir milliy xazina tashkil etalajagin har bir musulmon xotiridan chigʻarmasqa teyush”ligi taʼkidlangan.
Milliy matbuotda kechikishlar va uzilishlar bilan 1917-yil 26-noyabrda Qoʻqonda boshlangan Umumturkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyi tafsilotlari, Turkiston muxtoriyatining tuzilishi, yangi hukumat va Millat majlisining tarkibi, muxtoriyatni olqishlab oʻtkazilgan namoyishlarga oid maqolalar, xabarlar muntazam chop qilib borilgan. Jumladan, “Hurriyat” gazetasida Turkiston muxtoriyatining Millat majlisi tarkibi haqida quyidagi maʼlumotlar bor: “Turkiston Millat majlisi 54 nafar aʼzodan iborat boʻlub, 36 nafari musulmonlar va 18 nafari gʻayrimusulmonlardan saylanur. 36 musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatindan bul ravishda saylanurlar: Fargʻona 10 nafar, Samarqand 5 nafar, Sirdaryo 9 nafar, Yettisuv 6 nafar, Zaqaspiy 2 nafar, 4 nafar esa butun Turkiston shahar dumalari tarafindan tayin boʻlurlar. Bu muxtoriyatning suratini vujudgʻa qoʻyilushini yaqin orada jumhuriyat idorasi Turkiston majlis muassinigʻa topshurur. Uning ila barobar Turkiston oʻlkasinda ozchilikni tashkil etgʻan millatlarning huquqlari har jihatdan muhofaza qilinur. Yashasun Turkiston Muxtoriyati!”.
Gazetaning 1917-yil 8-dekabr sonida esa Millat majlisiga saylangan 32 kishining ism, sharifi toʻliq keltirilgan boʻlib, ushbu maʼlumotlarga tayangan holda tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov Millat majlisi aʼzolarining bir qismining tarjimai hollarini tiklashga erishgan.
Matbuotda milliy hukumatning qonuniyligini koʻrsatuvchi chiqishlar ham oʻrin olgan: “Bolsheviklar hukumatining boshligʻi Lenin ham soʻnggʻi farmonida Rusiyada yashagan millatlarga va, shul jumladin, qozoqlar ila Turkiston musulmonlarina muxtoriyat eʼlon qilib, oʻz ishlarini oʻz qoʻllarigʻa olurgʻa mumkin boʻlgʻonligʻin bayon etdi. Shu naqldin, bugun Turkiston siyezdining Turkistonni muxtoriyatli eʼlon qilinishi ham xalq va ham markaz hukumatning tilagiga xilofi tugaldir. Zotan soʻnggʻi vaqtda Rusiyada yashagan millatlarning hammasi degan muxtoriyat eʼlon qilib yotadir. Millatlar hammasi nufusli boshqalargʻa qaragʻonda yuzda yetmish besh boʻlgʻon millatlar oldindanoq yerli muxtoriyat eʼlon qilinuvgʻa haqli edilar. Soʻnggʻi qoidalargʻa koʻra, yuzdan oltmish tashkil qilgʻon millatlarda muxtoriyat tashkil qiluv haqiqatga molik sanala boshladilar. Hol shu ila esa, yuzga toʻqson besh tashkil qilgʻon Turkiston musulmonlarining muxtoriyat tashkil qilishigʻa haqlari borligʻin hech kim inkor qila olmasa kerak”. Ammo shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, ikkiyuzlamachi bosqinchilar tomonidan berilgan vaʼdalar soxta va vaqtinchalik edi. Bolsheviklar Rossiyadagi qoʻshhokimiyatchilikka barham berguncha, goʻyoki oʻzini xaloskor, mustamlakalarga ozodlik beruvchi kabi qilib koʻrsatdi va hokimiyatni toʻliq egallab olgach, 1918-1919-yillari muxtoriyat eʼlon qilgan barcha xalqlarni qaytadan oʻzining mustamlakasiga aylantirdi.
Jadidlar Turkiston muxtoriyatining tashkil topishini mustaqillikning qayta tiklanishi deb bilganlar va uni asrab-avaylashga daʼvat etganlar. “Ulug‘ Turkiston” gazetasi muxbiri “Turkiston muxtoriyati” maqolasida Samarqanddan kelgan bir vakilning “Turkistonning yeri bizning tanamiz, suvi bizning qonimiz … kimda-kim bu ikkiga tegadurgʻon boʻlsa, bizning tanamiz bilan qonimizgʻa tegingʻon boʻlajaq”, degan fikrlarini keltirib oʻtadi. Samarqandlik vakil deb koʻrsatilgan shaxs Mahmudxoʻja Behbudiy boʻlib, u milliy davlatchilik asoschisi hamda butun Turon xalqini jipslashishga chaqirgan yoʻlboshchi edi.
“Chayon” jurnalining 1917-yil 1-dekabr sonida eʼlon qilingan “Turkiston muxtoriyati” maqolasida millatning inqiroziga hokimlar va ulamolar sabab qilib koʻrsatilgan hamda bu fikr turli jarayonlar orqali tahlillab berilgan: “Turk ulamolarindan birov: Millatning inqirozini yolgʻiz ikki sinf hozirlaydur. Birisi hokimlar, ikkinchisida ulamolari, deyadir. Bu soʻz shul qadar toʻgʻri va haq soʻzdirki, munkir, inkor qilgʻan kishi kofir boʻladir. Voqean Turkistonning favqulodda talantli, isteʼdodli millatlarin inqirozigʻa yolgʻiz aning olimlari hozirladi. Zaki turk bolalarina hokim boʻluv tugal, oʻz oʻzlarinada oʻz oralarindan hokim topolmasdan, allaqaydan, dengiz ortindan izlab, hokim topub hokim qoʻygʻon slavyan bolalarining Turkistonning ozgʻina bir kuch birla istilo qilub, hokim boʻluvini Turkistonning hokimlari ila ulamolari oʻzlari hozirladi”. Shuningdek, ushbu maqolada muxtoriyatni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyishda aholining oʻqqa tutilishi hamda 40–50 namoyishchining oʻldirilishi keskin tanqid qilingan. Yaponlar misolida millatsevarlik, birlik, mustaqillikni asrashga daʼvat etilgan.
Qoʻqon, Namangan, Andijon, Toshkent va boshqa shaharlarda muxtoriyatni olqishlab oʻtkazilgan yigʻin va namoyishlar haqida “Hurriyat”, “Najot”, “Ulug‘ Turkiston” gazetalari hamda “Chayon” jurnalida chop etilgan maqola va xabarlardan ular bolsheviklarning nayranglariga munosib javob boʻlganlari anglashiladi: “27 noyabrda Xoʻqand siyezdinda “Turkiston muxtoriyati” eʼlon qilindi. Soʻnggʻi qolub ishlangan bu ish bizning firqa bolshevikning kayfina birda oʻxshamadi. Ular Xoʻqand siyezdina burjavoy boylar siyezdi deya, onda eʼlon qilgʻon “muxtoriyat”ini qabul etmasga qaror berganlar. Xoʻqandda eʼlon qilingʻon “muxtoriyat” butun qray uchun boʻlgʻangʻa, muxtoriyatgʻa qoʻshilgʻanun bildirtuv uchun har bir shahar muxtoriyat kuni yasab “izhori mamnuniyat” qilgʻanlar. Eng soʻngidin bizim Toshkandgada navbat kelub jetdi”.
Har bir davlat yoki har bir hukumatning mustahkam boʻlishida iqtisodiy taʼminot muhim oʻrin tutadi. Barcha boyliklari uzoq muddat va muntazam ravishda imperiya markaziga tashib ketilgani sababli Turkiston muxtoriyati hukumati oldida iqtisodiy masalalarni hal qilish vazifasi turardi. Shuning uchun Turkiston boylari va aholiga matbuot orqali murojaat qilinib, yangi hukumatni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga chaqirilgan: “Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumati mamlakatning idora ishlarini yoʻlgʻa soluv xalqning ovqat va gʻalla ehtiyojini teyushdirmak uchun Turkiston oʻlkasinda 30 milliyon soʻmliq doxiliy zayom (qarz) yasargʻa qaror qilgʻan. Bu qarzdan bir milliyon soʻmini Xoʻqand, besh yuz ming soʻmini Namangan, besh yuz ming soʻmini Andijon shaharlari ushbu hafta ichinda jiyub bitarga vaʼda qilgʻanlar”. Yana bir maqolada millatning himmatli boylaridan yangi hukumatga homiylik qilishlari soʻralgan, ularning bu xizmatlari erkin Vatan kelajagi uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi taʼkidlangan.
Matbuot sahifalarida Rossiyaning Sibir va boshqa hududlarida asirlikda tutib turilgan usmonli turk askarlarining muxtoriyatni olqishlab yuborgan maktublari, sheʼrlari ham bosilganini diqqatdan qochirib boʻlmaydi. Ularda turkiy xalqlarning ozodlikka chiqib, milliy hukumat tuzishlari tarixiy adolatning tiklanishi sifatida eʼtirof etilgan: “Ey, turk-tatar oʻgʻlu! Shu ochdigʻing koʻk bayroq ostida butun islomiyat – turklik qitʼasi senga “bayraming qutlu oʻlsun!” deya faryod ediyur. Sening dadalaring muqaddas dinini, qiz qardoshlarining nomuslarini mahv edan u zolim ruslardan intiqom olmoq uchun eʼlon etdiging shu muxtoriyat bayraming muborak oʻlsun deya takmil turklik olami, islomiyat dunyosi tabrik ediyur”.
Bolsheviklarga xizmat qilgan ayrim shoʻroyi ulamochilar “sharofati” bilan tobora zaiflashib borgan muxtoriyat hukumati 1918-yil fevral boshlarida Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi bilan yakun topadi. Qoʻqon shahri kulining koʻkka sovurilishida bolsheviklar, arman dashnoqlari tomonidan amalga oshirilgan xunrezliklar, hukumat rahbarlarining taʼqib qilinishi, Mustafo Choʻqayning quvgʻindagi xotiralari va boshqalar matbuot sahifalarida yoritib borilgan. Jumladan, “Chayon” jurnalida Qoʻqon fojiasining sababchilari va shaharning ayanchli holati tasvirlab berilgan: “Mana bu favqulotda gʻoyat jirkanch jinoyatlarni kimlar ishladi? Albatta, bu jinoyatlarni bik koʻp kishilar ishladi. Rus soldatlari, rus rabochiylari, arman xoinlari, musulmon boylari, musulmon ulamosi. Rus soldatlari, rus rabochiylari ular gʻoyat yovuz, favqulotda nodon, ustina cheksiz vahshiy, ular Rusiya ichina qaytsalar, onda ularning oshargʻa ovqati yoʻq, turargʻa yeri yoʻq. Munda ular Turkiston yerini, ondagʻi erkin xalqni, munda ularning vahshat tomirlari tepa boshliy, oʻzlarining birgina prosent ekanliklarinda unutub, rus xalqning eski hunari, tarixiy kasbi boʻlgʻon oʻgʻriliq chin maʼnosila amalga qoʻyilar. Hoy, vijdonsiz xariflar! Qahrlar oʻlsun sizga! Alloh balongizni bersun! Hozirga qadar oʻz millatingizni bir-bir xarob etub, ularga qilgʻan yomonliklaringiz, qabohatlaringiz oz edimi?! Endi qavmi najib turk qonina suvsadingizmu?! Yoʻq bu mumkin tugal. Bunga bir chek boʻlurgʻa teyush!”.
“Ulug‘ Turkiston” sahifalarida esa arman dashnoqlarining Qoʻqonni talash, tinch aholini oʻldirish va qizlar nomusini toptashdek jirkanch jinoyatlari ochiq koʻrsatib berilgan: “Qizil armiyada boʻlgʻan bir-ikki kishining qutqusi ila qizil armiya kishilari Xoʻqand yaqininda boʻlgʻan “Yangi qoʻrgʻon” qishlogʻina borub, dehqonlardan bugʻdoy olgʻanlar. Oqcha bermaganlar. Qishloq xalqi qizub, oqcha va yoxud “talon” talab qila boshlagʻach, bunlar Xoʻqandga qaytub, “bizni Ergash kishilari tutub ura yozdilar, hozir bunlar shaharga hujum qilurgʻa hozirlanalar ekan” deb xabar berganlar. Shundan soʻng, 50 qadar armani ila 60 qizil armiya askari pilumut va qurollar ila chiqub, Ergash oʻturgʻan Bachqir ila Yangi Qoʻrgʻon qishloqlarini “taftish” qilgʻanlar. Eng koʻb kishilarni talab, otsizi otqa otlanub, otlisi araba chegub, har xil mol tuyab, boyub qaytqanlar. Musulmonlardan 12 kishi oʻldirilgan va bir necha qizning nomusi toptalgʻan”.
Xullas, soʻz ketayotgan davr matbuoti mustamlakachi va bosqinchilarning Turkiston muxtoriyatini yoʻqotish uchun qanday qabih yoʻllar va usullarni qoʻllaganlari, oʻz maqsadlari yoʻlida millat xoinlaridan ustamonlik bilan foydalanganlari, bir xalq, bir din vakillarini bir-biriga qarama-qarshi qoʻyganlari, ichki nizolarni avj oldirib, turli guruhlarga boʻlib tashlagach, birin-ketin barchalarini qirib tashlaganlariga oid oʻta qimmatli maʼlumotlarga boyligi bilan ahamiyatlidir.
Dilnoza JAMOLOVA,
FA Tarix instituti direktorining
ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari,
tarix fanlari doktori, professor