Bundan ming – bir yarim ming yil oldin ham yuzlab urugʻlarni oʻz ichiga olgan eski turk jamiyatida xotin-qizlarning oʻrni boʻlakcha boʻlgan. Xitoy yilnomalari, sugʻdiy, baqtriy, yunon, arman, arab va fors tilli yozma manbalarda “turk xotin-qizlari jamiyatda boshqa ellarga qaraganda ancha erkin” boʻlgani keltirilgan. Turk “xotun” – malikalari boshqaruvda qatnashib, “xoqon” oʻz oʻrnida boʻlmay, ovga yo boʻlmasa, savashga ketgan chogʻlarda uning oʻrniga davlatni boshqargan va elchilarni qabul qilgan. Misol sifatida Xun saltanati (mil.old. III – mil. III yuzyilliklar), Xioniylar, Kidariylar va Eftaliylar (IV – VI yuzyilliklar), Turk xoqonligi (552–744) boshqaruvida ayollarning oʻrnini keltirish mumkin. Holbuki, oʻsha kezlarda ayrim el-uluslarda xotin-qizlar erki anchagina cheklangan boʻlib, bu tutum bir necha yuz yillar boʻyi saqlanib qolgan.
Oʻz dindoshlari boʻlmish arab va forslardan farqli oʻlaroq musulmon turklar jamiyatida ham xotin-qizlarning oʻz erkiga ega boʻlganliklari Saljuqiylar (1038–1308), Xorazmshoh-Anushteginiylar (1097–1231) boshqaruvidagi Turkon xotunlar oʻrnagida koʻzga tashlanadi. Hindistondagi turkiy suloladan chiqqan, Eltutmishning qizi Sulton Roziya (1236–1240), Misr turk mamluklari boshqaruvchisi Shajar ad-Dur (1250) va boshqalar turkiy xotin-qizlarning dovrugʻini yot ellarda tarqata olgan edilar.
Turkiy ayollar jamiyat boshqaruvida, savash-u urushlarda yutuqlarga erishishi oʻz-oʻzidan boʻlmay, asrlar boʻyi turk el-uluslarida xotin-qizlarning oʻziga xos tutgan oʻrni bilan bogʻliq edi. Xitoy yilnomalarida Turk xoqonligi yoshlari toʻgʻrisida quyidagicha maʼlumotlar keltirilgan: “Aytishlaricha‚ qiz‚ yigit ogʻochlik‚ oʻtloq yerlarda (turli) oʻyin oʻynashadi. Yosh-yalanglar, oʻgʻil-qizlar ichiga qil toʻldirilgan toʻplar bilan oyoq toʻpi oʻynaydilar” (Syefu Yuankui) [Taşağıl 2003: 98, 113]. Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari orasida oʻnlab esdalik toshlarining xotin-qizlarga atab oʻrnatilgani, Kul tegin va Bilga xoqon bitiktoshlarida esa “(farishta) Umaydek onam El-bilga xotun qut (tolei)ga inim Kul tegin er-yigit boʻlib yetishdi” deb urgʻulanishi eski turklar jamiyatida erkaklar va xotin-qizlar teng boʻlganidan darak beradi.
Eski turkcha yozma asarlarda xotin-qizlar bilan bogʻliq koʻplab soʻz, atama va otasoʻzi (maqollar) uchrab, ularga tayanib, ayollarning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlganini koʻz oldimizga keltira olamiz. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻatit turk”da keltirib oʻtgan yuzlab bilgilar bu masalani yanada yorqinroq tushunib yetishimizga yordam beradi. Bilamizki, ayollarning oʻrni qanday boʻlganini belgilashda oʻsha jamiyatda ularga nisbatan qoʻllanilgan soʻz va iboralar, xotin-qizlar kiygan kiyim-kechaklarning turli-tumanligi, ularning goʻzallikka intilishlari-yu, yasan-tusan, bezak vositalari, bu masalada erkaklarning tutumi qanday boʻlganini aniqlash kerak boʻladi. Quyida “Devon”da oʻrin olgan xotin-qizlar pardoz-andozi, kiyim-kechaklarining ayrim turlari bilan bogʻliq soʻzlarga toʻxtalib oʻtamiz:
1. “englik – xotinlar yuzlariga (yonoqlariga) surtadigan pushti qizil rang, upa-elik” [Koshgʻariy 1960: 138]. Turkiy tillar orasida koʻproq oʻzbek tilida saqlanib qolgan “upa-elik” qoʻsh soʻzining “elik”i bundan ming yillar oldin “englik” deb qoʻllanilgan boʻlib, bu soʻz eski turkchadagi “eng” (äŋ) “yuz, bet” soʻziga borib taqaladi, chamasi.
2. “ubu – upa” [Koshgʻariy 1960: 114]. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, bir necha turkiy tillarda shu koʻrinishda saqlanib qolgan bu soʻz oʻrinda ayrim turkiy tillarda koʻpincha “pudra” (Onadoʻli va Ozarboyjon turklari), “untaq” (qozoq) soʻzlari ishlatiladi. Oʻzbek tilida “ubu – upa” soʻzi ayricha uchrashi bilan birga, “englik”ning “elik” koʻrinishi “upa-elik” qoʻshma soʻzi oʻrnagida saqlanib qolgani qiziq.
3. “kirshän – qoʻrgʻoshin upa” [Koshgʻariy 1960: 410]. Onadoʻli turklarida “kirshan” koʻrinishida shu maʼnoda saqlangan mazkur soʻz oʻzbek tilida eskirgan soʻz, atoqli ot – Kirshan “boʻronli, boʻron – tuzonli kuni tugʻilgan bola” anglamida onda-sonda uchrab qoladi [Begmatov 2007: 186].
4. “boʻdug‘ – boʻyoq”. “Oʻdlak qaritmishqa boʻdug‘ taliqmas – zamona qaritganda boʻyoq boʻyash ayb qilinmaydi” [Koshgʻariy 1963, II: 352]. Ushbu otasoʻzini keltirish orqali Koshgʻariy turkiylar jamiyatida xotin-qizlar boʻyanib, yasan-tusan qilishlari, kishi qarib, qartayib qolganda ham boʻyanishga intilishi tabiiy ekanini taʼkidlaydi.
5. “boʻz munchuq – xotinlar taqadigan bir xil munchoq” [Koshgʻariy 1963, III: 133]. Onadoʻli va Ozarboyjon turklarida “boʻnjuq” koʻrinishida uchraydigan bu soʻz oʻzbek va uygʻur tillarida “munchoq”, qirgʻizchada “moʻnchuq”, qozoq va qoraqalpoq tillarida “moʻnshaq”, tatarchada “moʻnchek” koʻrinishlarida saqlanib qolgan.
6. “kimsän – doʻppi va qalpoqlarga ishlatiladigan, taqiladigan yupqa, oltin girdaklari” [Koshgʻariy 1960: 410; DLT 2014: 190]. Bu soʻz turkiy tillarning koʻpchiligida deyarli saqlanib qolmagan. Oʻzbek tilidagi atoqli ot – Kimsan. E.Begmatovga koʻra, Kisan chamasi, “nodir bola. Oltin bilan ziynatlangan, chiroyli, guzal yoki, “kimsan uzi”, yaʼni yashaydigan (umri uzok,) bolamisan maʼnosida”dir [Begmatov 2007: 186].
7. “didim – nikoh kechasi kelinlarga kiydiriladigan toj (Qimmatbaho toshlar oʻrnatilgan bosh kiyim)” [Koshgʻariy 1960: 378]. Yunoncha “diadema” soʻzidan oʻzdlashtirilgan bu soʻz bundan ming yilcha oldin ham eski turklarda qoʻllanilgan.
8. “ich qur – xotinlarning qoʻltiq ostiga taqadigan ziynat buyumi” [Koshgʻariy 1960: 314; DLT 2014: 16]. Oʻzbek tilining Xorazm tarmogʻida “ichqir – xotinlarning ishton bogʻichi anglamida ishlatiladi [OʻXSHL 1971: 123].
9. “yipladi. Uragʻut yuzin yipladi – xotin yuzining tuklarini ip bilan terdirdi” [Koshgʻariy 1963, III: 322]. Bu odat bugungi kungacha saqlanib qolgan boʻlib, oʻzbek xotin-qizlari orasida yuz tuklarini “iplash”, “ip bilan terdirish” degan soʻzlar qoʻllaniladi.
10. “o‘ŋik – echki yungidan qilinadigan yasama soch”. O‘ŋik yoʻrgayak “ulama soch” [Koshgʻariy 1960: 154]. Bundan koʻrinadiki, ming yilcha oldin ham turkiy el-uluslarda xotin-qizlar toʻkilavergan sochlarini ulama taqish orqali benuqson koʻrsatishga tirishganlar.
11. “kezlik – xotinlarning kiyimlariga taqib, oʻzlari bilan olib yuradigan kichkina pichoqchasi” [Koshgʻariy 1960: 443]. Oʻzbek tilining ayrim shevalarida “gezlik – bolalar pichoqchasi” anglamida uchraydigan bu soʻz bundan ming yilcha oldin xotin-qizlar tomonidan ishlatilgani qiziq. Chamasi, kezlikni iplarni kesish, meva-chevalarni archishda qoʻllagan boʻlsalar kerak.
12. “kiz – mushk qutichasi, taxt, sandiq, chamadon va boshqalar. Kizdagi kiz yipar – mushk qutichasi sandiqda saqlanib qoladi. Bu maqol xotinlar ogʻzining hidini mushkka oʻxshatilgan vaqtda qoʻllaniladi” [Koshgʻariy 1960: 316].
13. “kerim – gulli parda, gul choyshab. Tam kerimi – ziynat uchun devorlarga tutiladigan narsa, kirpech” [Koshgʻariy 1960: 378].
14. “partu – yaxtak, bir qavatli ustki kiyim, partuq” [Koshgʻariy 1960: 393]. “Devonu lugʻatit turk”ni oʻzbekchaga oʻgirgan S.Mutallibov Shayx Sulaymon soʻzligida “partuq” degan soʻz borligiga urgʻu beradi. Chamasi, koʻpgina tillarda keng tarqalgan “fartuk” negizi bu soʻzga borib taqaladi.
15. “bukum: bukum etuk – xotinlar kiyadigan etik, maxsi (oʻgʻuzcha). Oʻgʻuzlardan boshqalar mükim, mükin deydilar” [DLT 1960: 376; DLT 2014: 170]. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “moʻkki – shevada xom teridan tikiladigan qoʻnji kalta oyoq kiyimi” deb ochiqlangan [OʻTIL 2006: 667].
Demak, keltirib oʻtilgan bu bilgilar eski turk ellarida xotin-qizlarning turmush yoʻsini qanday kechgani, kiyim-kechaklari-yu taqinchoqlari qay koʻrinishda boʻlgani, ularning yasan-tusanlarida nimalar qoʻllanilgani kabi masalalarni oydinlatishga xizmat qiladi. Bu esa turk el-uluslari bilan qoʻni-qoʻshni, aralash yashab, turkiylar jamiyatida ayollar ancha erkin ekaniga urgʻu bergan turli mualliflarning qaydlari toʻgʻri ekanini koʻrsatadi.
“Devonu lugʻatit turk”da aslida bu masalalar bilan bogʻliq yana koʻplab soʻz va atamalar uchraydi. Ularni boshqa yozma manbalar bilan solishtirish orqali eski turk jamiyatida xotin-qizlarning oʻrnini yanada teranroq aniqlash mumkin.
Gʻaybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, profyessor