Muchal taqvimi
Qadimgi turklarning oylari haqida gapirishdan oldin muchal hisobiga toʻxtalishga toʻgʻri keladi. Islomgacha turklarda hafta tushunchasi boʻlmagan, ammo oy, yil va 12 yillik muchal tizimi bor edi. 12 yillik tizim nafaqat turklar, balki xitoy, qoʻriyo, vyetnam, moʻgʻul va boshqa Sharq xalqlarida ham boʻlib, ilmiy doiralarda Sharq taqvimi, Xitoy taqvimi, shuningdek, turklarning muchal taqvimi deb ham ataladi.
12 yillik muchal turklar tomonidan asrlar davomida qoʻllab kelingan boʻlsa-da, ildizi aslida Xitoyga borib taqaladi. Chunki bu taqvimning mohiyati qadimgi Xitoyda mavjud boʻlgan falsafa, metafizika, diniy qarashlar bilan ochiladi. Qadimgi Xitoy tarixiga oid yozma manbalar, arxeologik topilmalar bundan qariyb 5 ming yil oldin ham Xitoyda 12 hayvon nomi bilan ataluvchi va har 12 yilda takrorlanuvchi 60 yillik taqvim boʻlganidan darak beradi. Mutaxassislarga koʻra, 60 yillik bu taqvim Xitoyda hukmronlik qilgan sulolalar tarixini hisoblash, qayd etish uchun joriy etilgan. Xitoyda 12 hayvon nomi bilan ataluvchi yillar: sichqon, hoʻkiz, yoʻlbars, quyon, ajdarho, ilon, ot, qoʻy, maymun, tovuq, it, toʻngʻiz. Ayni paytda, bu 12 yil har yili xitoy metafizikasida mavjud boʻlgan 5 unsurdan (daraxt, olov, tuproq, maʼdan, suv) biriga hamda yan (erkaklik) yoki in (urgʻochilik) asosiga mansub deb qaraladi (12x5=60). Munajjimlar esa ushbu 60 yillik taqvimni Mushtariy (Yupiter) sayyorasining ekliptika yoki burjlar silsilasini qariyb 12 yilda bir marta aylanib chiqishi (12x5=60) hamda Zuhal (Saturn) sayyorasining aylanish davri – 29 yilga (qariyb 30 yilga) tengligi (30x2=60) bilan ham izohlashadi.
Qadimgi turklarda ushbu taqvim 60 yillik emas, balki 12 yillik muchal tarzida qabul qilingan. “Muchal” soʻzi etimologiyasi xususida turli qarashlar bor, shulardan haqiqatga eng yaqini: “muchal” – “boʻlak”, “aʼzo” maʼnosidagi “mucha” soʻzidan, degan fikr boʻlib, unda har bir hayvon oʻsha 12 yillik davrning bir boʻlagi, bir aʼzosi, mantigʻi anglashiladi (Shu oʻrinda men oʻzimning yana bir taxminimni ham aytib oʻtmoqchiman: qadimgi turkiyda “mыchы” (“mičĭ”) soʻzi – “mushuk”, “maymun”, “quyon” kabi hayvonlarga nisbatan ishlatilgan. Ehtimol, “muchal” soʻzi “hayvon yili” maʼnosida – “mičĭ” va “jil” soʻzlarining qoʻshilishidan yasalgan boʻlishi ham mumkin).
Mahmud Koshgʻariy muchal haqida
Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” asarida “muchal” soʻzi uchramaydi. Bu esa “muchal” soʻzining, ehtimol, keyingi davrlarda isteʼmolga kirgani yoki Koshgʻariy davrida u qadar mashhur boʻlmaganidan darak beradi. Ammo Bobomiz “Devon”da mazkur taqvim haqida, uni “muchal” deb atamasdan, batafsil maʼlumot beradi va, jumladan, shunday yozadi: “Turklar oʻn ikki xil hayvon ismini oʻn ikki yilga ot qoʻyganlar. Tugʻilish, jang tarixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk xoqonlaridan biri oʻzidan bir necha yil oldin boʻlib oʻtgan urushni oʻrganmoqchi boʻlgan, shunda urush boʻlib oʻtgan yilni aniqlashda yanglishganlar. Bu masala yuzasidan (xoqon) qavmi bilan kengashdi va aytdi: “Biz bu tarixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan boʻlsak, bizdan keyin ham shunday yanglishadilar. Shunday boʻlgach, biz endi oʻn ikki oy va osmondagi oʻn ikki burjga asoslanib, oʻn ikki yilga ot qoʻyishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik boʻlib qolsin”. Ular “aytganingizday boʻlsin”, deyishdi.
Xoqon ovga chiqdi va odamlarga vahshiy hayvonlarni Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib hayvonlarni suv tomon hayday boshladilar, shunda oʻn ikki hayvon suvdan oʻtdi. Oʻn ikki yilni ana shu oʻn ikki hayvon ismi bilan atadilar. Eng oldin suvdan oʻtgan hayvon sïchgʻan – sichqon boʻldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu soʻzga yil qoʻshib sïchgʻan jïlï – sichqon yili deb atadilar” (DLT. I. T. 1960. 330-331).
Shundan soʻng “Devon”da muchal yillarining toʻliq roʻyxati keltiriladi:
“1. Sïchgʻan jïlï – sichqon yili;
2. Ud jïlï – sigir yili;
3. Bars jïlï – bars yili;
4. Tawĭshgʻan jïlï – quyon yili;
5. Nӭk jïlï – timsoh yili;
6. Jĭlan jïlï – ilon yili;
7. Jund jïlï – ot yili;
8. Qoj jïlï – qoʻy yili;
9. Bičin jïlï – maymun yili;
10. Taqagʻu jïlï – tovuq yili;
11. Ït jïlï – it yili;
12. Toңuz jïlï – toʻngʻiz yili.
Guvohi boʻlganimizdek, Koshgʻariy muchalning kelib chiqishi borasida xalq ogʻzida mashhur boʻlgan rivoyatga tayangan. Ammo turk muchali va qadimgi Xitoyda joriy etilgan 60 yillik taqvim va unga amal qiluvchi barcha xalqlarda yillarning nomlari hamda boshlanishi bir xilligi ular bir oʻzakka borib taqalishini bildiradi. Ehtimol, bu taqvim xitoydan ham oldin barcha uchun mushtarak boʻlgan qadim bir madaniyatdan barchaga meros boʻlib oʻtgandir.
Turk muchali va Xitoy taqvimi oʻrtasidagi kichik bir farq – toʻrtinchi yil xitoy taqvimida – ajdaho boʻlsa, Koshgʻariy uni – nӭk jïlï, yaʼni timsoh yili deb keltiradi. Hozirda esa bu yil turk xalqlarida – baliq yili deb ataladi. Qolgan yillarning nomlanishi va milodiy yilga toʻgʻri kelishi bir xil.
Oylar
Koshgʻariy turklarning oylari haqida shunday yozadi: “Turklarda haftadagi yetti kunning ismi yoʻq, chunki hafta Islomdan soʻng shuhratlandi. Shunga oʻxshash oy ismlari ham shaharlarda arabcha yuritiladi. Koʻchmanchi va musulmon boʻlmagan turklar oylarni toʻrt fasl bilan ataydilar. Har uch oyni bir ism bilan yuritadilar. Yil oʻtishini shunday biladilar. Masalan, navroʻz (yangi kun)dan keyingi avval bahorga – اُغْلاق اَىْ ogʻlaq aj, soʻngra – اُلُغْ اُغْلاق اَىْ ulug‘ ogʻlaq aj derlar. Chunki oy bu vaqtda katta boʻlib qoladi. Bundan keyingisiga – اُلُغْ اَىْ ulug‘ aj deyiladi. Chunki bu oy yozning oʻrtasida boʻlib, bu vaqtda sut va yer neʼmatlari moʻl-koʻl boʻladi. Bu ismlar kam qoʻllangani uchun hammasini aytishni munosib koʻrmadik” (DLT. I. T. 1960. 332).
Demak, Koshgʻariy zamoniga kelib shaharlarda islomni qabul qilgan turklar toʻliq hijriy yil va oy hisobiga oʻtib, turkcha oy nomlarini deyarli unutishgan (arabcha hijriy-qamariy oy nomlarini eslatib oʻtamiz: muharram, safar, rabi ul-avval, rabi us-soniy, jumodul-avval, jumodus-soniy, rajab, shaʼbon, ramazon, shavvol, zulqaʼda, zulhijja).
Ammo keltirilgan ana shu dastlabki uch oy nomidan ham anglashiladiki, qadimgi turklarning oylari arablarniki singari faqat Oy taqvimi emas, balki ham Quyosh, ham Oy (shamsiy-qamariy) taqvimiga asoslangan. Yaʼni, yil erta bahorda – yilboshidan boshlanib, Koshgʻariyga koʻra, birinchi oy – “ogʻlaq oyi” (uloq oyi) deb atalgan.
Koshgʻariy bobomizning ushbu gapini boshqa bir manba ham quvvatlaydi. Bu manba Koshgʻariy yashagan davrdan qariyb uch yuz yil keyin – XIII–XIV asrlarda Sharqiy Ovroʻpa, Qirim yarimoroli hududlarida ovrupalik missionerlar tomonidan qumon-qipchoqlarning tilini oʻrganish maqsadida tuzilgan “Kodeks kumanikus” lugʻati boʻlib, unda qumonlar qoʻllagan oy nomlari ham keltirilgan. Albatta missionerlar mazkur lugʻatni tuzishda qumonlar bilan bevosita muloqotda soʻzlarni qanday eshitgan boʻlsa, shunday yozib olishgan. Shu sababli xato va gʻalizliklar koʻp, shunga qaramay ularni anglash mumkin. Lugʻat 3 ustun shaklida tuzilgan boʻlib, birinchi ustunda – lotincha (italyancha, olmoncha) soʻzlar, ikkinchi ustunda – oʻsha soʻzning forscha muqobili, uchinchi ustunda esa – turkchasi (qumon-qipchoqchasi) berilgan.
Lugʻatda dastlab “yilning birinchi kuni”, “yilboshi” maʼnosidagi lotincha “kalendas” soʻzining muqobili sifatida qipchoqcha – “aybashi” (ay basi) keltiriladi va soʻng lotincha oy nomlari va ularga mos deb topilgan forscha va qipchoqcha oy nomlari beriladi. Deylik, birinchi ustunda keltirilgan lotincha oy nomlari: januarius (yanvar), februarius (fevral), martius (mart), aprilis (aprel), maius (may), junius (iyun), julius (iyul), augustus (avgust), september (sentyabr), octobris (oktyabr), nouember (noyabr), december (dekabr). Ikkinchi ustunda esa mazkur lotincha oylarning muqobili sifatida forscha emas, balki arabcha islomiy hijriy-qamariy oylar keltiriladi (Maʼlumki, hijriy oylar har yili 10 kunga suriladi va ularning lotincha shamsiy taqvimga mos kelishi mumkin emas. Lugʻatda ular qayd etilgan paytda rumliklarning qaysi oyiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, oʻsha shaklda yozib olingan).
Uchinchi ustunda turkiy (qumoncha) oy nomlari shunday keltirilgan: 1. Safar ay (safar ay – bu aslida hijriy ikkinchi oyning nomi); 2. Soʻng ay (counz ay); 3. Ilk yaz ay (ylias ay); 4. Tob ay – bu oyning nomi forscha “yoz” maʼnosidagi “tobiston” yoki toʻbalang, toʻpolon, shamolli oy boʻlishi mumkin; 5. Soʻng yaz ay (songusax ay); 6. Kuz ay (cus ay); 7. Oʻrta kuz ay (orta cux ay); 8. Soʻng kuz ay (sonchitx ay); 9. Qish ay (ches ay); 10. Oʻrta qish ay (orta ches ay); 11. Qurban bayram ay (curban baran ay); 12 asuk yoki ajuz ay (asuc ay).
Koʻrinib turibdiki, bu roʻyxatda ancha chalkashlik bor. Deylik, Qurbon hayiti hijriy zulhijja oyining oʻninchi (ashuro) kuni nishonlanadi. Mazkur roʻyxatda “Qurbon bayram” ham oy sifatida qayd etilgan. Aslida, ularni fasllarga shunday taqsimlash mumkin:
Koʻklam: 1. aybashi, 2. safar (“bahor” boʻlishi ham mumkin), 3. soʻng ay;
Yoz: 1. ilk yaz ay, 2. tob ay, 3. soʻng yaz ay;
Kuz: 1. kuz ay, 2. oʻrta kuz ay, 3. soʻng kuz ay;
Qish: 1. qish ay, 2. oʻrta qish ay, 3. ajuz ay (Aziz momo).
Ajaz, aziz – turkiy xalqlarda qishning oxirgi kunlari, bu soʻzning etimologiyasi “ayoz” soʻziga borib taqaladi, degan taxmin bor. Oʻzbek shevalarida qishning bu oxirgi kunlari – “aziz momo” deb atalib, taxminan bir hafta davom etadi. Shunday naql bor: “Aziz momo olti kun, qahri kelsa – yetti kun”. Yoki qish oylari tuqson (kun) ham deyilgan va ilgari xalq ogʻzida shunday naql ham bor ediki, Aziz momo qattiq kelsa, tuqsonga qarata: “Tuqson, bir kunimcha yoʻqsan”, derkan.
Qishning ilk oyi nomi sifatida xalq tilida “qantar” (“qangtar”), “qantar ogʻdi” nomlari ham ishlatilgan. “Qangtar”, “qangtarmoq” deb ilgari – ot jilovini egarning qoshiga tortib bogʻlab, otning boshini yuqori koʻtarib qoʻyishga nisbatan aytilgan. Deylik, “qangtar” kuz oylarida boshlansa, “qangtarning ogʻishi” qish oylariga toʻgʻri kelgan. Bu davrda ot uchun yem-xashakning kamayishi sabab shunday nom berilgan boʻlishi mumkin.
Shuningdek, ilgari turk xalqlarida, ular yashagan hududlarga bogʻliq ravishda, chorvachilik, dehqonchilikka oid “qirqim”, “oʻroq”, “dugʻal” kabi turli oy, mavsum nomlari boʻlgan, ammo ular ilmiy asoslangan muayyan tizimga solinmaganligi sabab rasmiy taqvimga aylanmagan.
Eng qadimgi turkiy oy nomlari
Shunday qilib, qadimgi turklar nazdida tabiatning uygʻonishi va yilning boshlanishi mushtarak tushunchalar edi, laylakning kelishi – bu yoz (koʻklam) kelganidan darak, tabiatning oʻygʻonishi esa – yilboshi, yilning boshlanishi ramzi boʻlgan. Abu Rayhon Beruniy oʻzining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida turklarning oylari jadvalini keltiradi. Jadvaldagi dastlabki “ulug‘ oy” va “kichik oy”lar – qish oylari boʻlsa, ulardan keyingi “birinchi oy” bahorga toʻgʻri keladi:
“1. Ulug‘ oy;
2. Kichik oy;
3. Birinchi oy;
4. Ikkinchi oy;
5. Uchinchi oy;
6. Toʻrtinchi oy;
7. Beshinchi oy;
8. Oltinchi oy;
9. Yettinchi oy;
10. Sakkizinchi oy;
11. Toʻqqizinchi oy;
12. Oʻninchi oy.
Beruniy mazkur jadvalni keltirar ekan: “Bularning miqdorlari, maʼnolari va kayfiyatlaridan voqif boʻlmadim”, deb turklarning oylari necha kundan iborat va qachon boshlanishi haqida aniq maʼlumotga ega emasligini taʼkidlaydi va jadvalda turklarning birinchi oyi – “ulug‘ oy”ni rumliklarning birinchi oyi – yanvariyus, ikkinchi oy – “kichik oy”ni rumliklarning ikkinchi oyi – febrariyus muqobilida keltiradi (B. Tanlangan asarlar. I. T: “Fan”. 1968. 104-105-b.).
Umuman, oylarga nom bermasdan “yilning birinchi oyi”, “ikkinchi oy” qabilida tartib sonlari bilan atash nafaqat turklar, balki boshqa xalqlarda ham boʻlgan. Deylik, Xitoyda ham oylar qadimda: birinchi bahor oyi, ikkinchi bahor oyi, uchinchi bahor oyi, birinchi yoz oyi, ikkinchi yoz oyi... kabi nomlangan.
Hozirda butun dunyoda amal qiladigan Grigoriy taqvimi ham aslida qadimgi rimliklarning taqvimiga borib taqaladi (Rim taqvimi oʻz navbatida qadimgi yunon taqvimiga asoslangan). Qadimgi Rim taqvimi ham (eramizdan oldingi VIII asr) bahordan boshlanib, 10 oy yoki 304 kundan iborat boʻlgan. Yaʼni, qish oylari dastlab taqvimga kiritilmagan. Maʼlumotlarga koʻra, Rim taqvimida ham dastlab oylar: birinchi, ikkinchi... oʻninchi oy qabilida tartib sonlari bilan atalgan va keyinchalik bahor avvalida keladigan birinchi oyga – urush xudosi Mars sharafiga “mart” nomi berilgan. Keyingi davrlarda bu taqvim koʻplab oʻzgarishlarga uchrab, koʻpgina oylar nomga ega boʻldi (yanvar, fevral, mart, aprel, may, iyun, iyul, avgust), ammo baʼzilari tartib raqami bilan bugungi kungacha yetib keldi, deylik: sentyabr (september) – yettinchi, oktyabr (october) – sakkizinchi, noyabr (november) – toʻqqizinchi, dekabr (december) – oʻninchi.
Shunday qilib, yuqorida Beruniydan keltirgan, tartib sonlari bilan belgilangan oylarni qadimgi turklarning haqiqiy rasmiy taqvimi deyishimiz mumkin. Boshqa bir jadvalda Beruniy muchal yil nomlarini ham oy nomlari sifatida shunday keltiradi: sichqon, ud, bars, tovushqon, luy, yilon, yunt, qoʻy, pichin, tovuq, it, toʻngʻiz (Mazkur asar, 104-bet). Ammo hayotda ulardan oy nomlari sifatida ham foydalanilgani bizga maʼlum emas.
Manbalarda
Islomgacha boʻlgan qadimgi turkiy yodgorliklarda sana asosan muchal yili, oy va kun shaklida keltiriladi. Deylik, VIII asrga oid Koʻkturklar davri obidasi Bilga xoqon mangu toshida shunday yozuv bor: “Бунча қазғанып қаңым қаған ыт jыл (734) онынч aï алты отузка уча барды. Лағзын jыл 6iciнч ai jiтi отузка joғ äртўртiм”. Maʼnosi: “Shuncha gʻalaba qozonib, xoqon otam it yilining oʻninchi oyi yigirma oltinchi kunida vafot etdi. Toʻngʻiz yilining beshinchi oyi yigirma yettinchi kuni “yoʻgʻi”ni, yaʼni motam marosimini oʻtkazdim”.
Yana oʻsha davri obidasi – Koʻltigin toshbitigidan:
“Кўл тiгiн қоң jылқа jiтi jäгiрмiкä учды: тоқузынч аĭ jäтi отузқа jоғ äртўртiмiз. Барқын бäдiзiн бiтiг таш(ын) бiчiн jылқа jiтiнч аĭ jiтi отузқа қоп алқады(м)ыз”. – Maʼnosi: “Kultigin qoʻy yilining (birinchi oyi) oʻn yettinchi kun uchdi (oʻldi): toʻqqizinchi oy yigirma yettinchi kuni “yoʻgʻini”, yaʼni motam marosimini oʻtkazdik. Qabri ustidagi maqbara va oʻyma (harflar bilan yozilgan) bitig toshining hammasini maymun yili yettinchi oyining yigirma yettinchi kuni bagʻishlab bitdik”.
Eʼtibor berilsa, matnlarda oy va kun aniq koʻrsatilgan. Savol tugʻiladi: xoʻsh, qadimgi turklar oy va kunni qanday aniqlashgan? Gap shundaki, ilgari ham hozirgiday yil deganda – toʻrt fasldan iborat Quyosh yili tushunilgan, ammo oy, qadimgi turklar nazdida, xuddi hijriy-qamariy taqvimdagi singari osmonda Oy koʻringan kundan boshlangan va ilk bahorda koʻringan birinchi Oy – muchal yilining birinchi oyi hisoblangan. Yaʼni, oylar hozirgi milodiy taqvimdagi singari har doim bir paytda emas, balki baʼzan oldin, baʼzan keyinroq boshlangan.
Bizgacha yetib kelgan tarixiy hujjat, vasiqalardan maʼlum boʻladiki, mazkur taqvim hali islomni qabul qilmagan, buddaviylik taʼsirida boʻlgan turkiy xalqlar, xususan, Sharqiy Turkistonda qariyb XIII asrgacha amalda boʻlgan. Turfondan topilgan X–XIII asrlarga oid baʼzi vasiqalarda qayd etilgan sanalarga eʼtibor qaratamiz:
“Тақиқу йил икинди аĭ секиз йгрмикä маңа Илчи кä тариғ тариғу кергäк болуп...” – Maʼnosi: “Tovuq yili, ikkinchi oyning oʻn sakkizinchi kunida menga, Elchiga, ekin ekish uchun yer kerak boʻlib...” (С.Малов. Памятники древнетюркской письменности. М. 1951. 216)
Yuqorida koʻrdikki, Beruniy oʻz asarida keltirgan turk oylari “ulug‘ oy” va “kichik oy”dan boshlanib “oʻninchi oy”gacha davom etadi. Ammo Turfondan topilgan hujjatlarda “oʻn birinchi oy” ham qayd etilganini koʻrish mumkin: “Кушку йил бир йгирминч аĭ алты йаңықа биз Толу қара, Мысыр Улуғ, Äнч қара Мысыр баслап онлуқларқа он öңдун индä бöз кргäк болуп...” – Maʼnosi: “Sichqon yili oʻn birinchi – yangi oyning oltinchi kunida biz: Toʻlu Qora, Misir Ulug‘, Ench Qoraga, Misir boshchiligidagi oʻn kishiga boʻz kerak boʻlib...” (oʻsha kitob, 206).
Tarixdan maʼlumki, VIII asrda turklarning toʻqqiz oʻgʻuz qabilalari Sharqiy Turk xoqonligidan ajralib chiqib Uygʻur xoqonligi va alohida uygʻur etnosiga asos soldi. Uygʻurlar ajdodlari – koʻkturklardan farqli oʻlaroq Xitoy bilan yaxshi munosabat oʻrnatgan va buddaviylikni qabul qilishgan edi. Shu bois Turfondan topilgan hujjatlarda oʻn ikkinchi oy oʻrnida yana bir oy – buddaviylarning roʻza oyini bildiruvchi – “chaqshaput” oyiga ham duch kelamiz:
“Биčин йил čақшапуд аĭ ики йаңықа маңа Тäдмилиг Қара Буқа икäгукä...” – Maʼnosi: “Maymun yili chaqshaput – yangi oyning ikkinchi kunida menga – Tedmilig va Qora Buqa ikkimizga...”
Alqissa, islomgacha qadimgi turklarning oylari shunday koʻrinishda edi. Turk xoqonliklari davridan keyin bu tizim uygʻurlarda to islomgacha, qariyb XIII asrlargacha amalda boʻldi. Keyingi davrlarda esa, garchi muchal sanasi saqlanib qolgan boʻlsa-da, butunlay islomiy hijriy-qamariy taqvimga oʻtildi.
Abduvohid HAYIT