Toʻqson ikki bovli oʻzbek urugʻlaridan turklar Jizzax vohasi boʻylab keng yoyilgan. Ular boshqa urugʻlardan farq qiluvchi urf-odat va anʼanalarga ham ega. Jizzax vohasi Rusiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, turli etnografik ekspeditsiyalar tashkil etilgan. Jumladan, turk guruhi haqida ham qimmatli maʼlumotlar yozib olingan. Ayniqsa, harbiy zobit Afanasiy Grebenkin maʼlumotlari alohida ahamiyatga ega.
Turklar nihoyatda yopiq hayot kechirgan, nikoh ham faqat oʻzaro tuzilgan. Kelinga qalin sifatida sakkiz boshdan yuz boshgacha qoʻchqor yoki shu miqdorga teng pul toʻlangan. Ammo baʼzida qalinsiz ham turmush qurganlar. Turk urugʻi ayollari yuzini yashirmagan (Grebenkin A. Uzbeki. Russkiy Turkestan // Sbornik statey. Moskva, 1872. Str. 78-80). Qalin puli boshqa oʻzbek urugʻlarida ancha yuqori boʻlgan. Qalin berolmagan kuyov qiz xonadonida ishlab berishi kerak edi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonning turkiy xalqlari orasida qalin puli toʻlayolmagan kuyov “kuchkuyeye” – “ishchi kuyov” (qirgʻizlarda); “koʻchkuyov” – “koʻchib kelgan kuyov” (qarluqlarda), “ichkuyov” (qoʻngʻirotlarda) deb atalgan (Kislyakov N. Ocherki po istorii semi i braka u narodov Sredney Azii i Kazaxstana. Leningrad, 1969. Str. 96).
Har bir turkiy ayol oʻz iqtidori doirasida alla, oʻlan va yor-yor aytgan. D. Grebenkin oʻz tadqiqotlarida turk ayollari orasida qoʻshiq va lapar (oʻlan) aytish musobaqalari keng tarqalganini taʼkidlaydi. Turk urugʻi oʻzbek urugʻlari orasida mintaqada qadimdan yashab kelayotgan turkiy urug‘ boʻlib, koʻplab urf-odatlari fors tilli xalqlar urf-odatlari bilan yaqin hisoblanadi. Elshunos olima Balqis Qarmisheva ana shu jihatlarni chuqur tadqiq etgan. Oilaviy urf-odatlar va anʼanalar oʻtroq oʻzbek-tojik aholisi bilan koʻp umumiyliklarga ega edi. Asli dashtiqipchoqlik oʻzbeklar va turklarning toʻy marosimlarida koʻpgina umumiy xususiyatlar bilan bir qatorda jiddiy farqlar ham boʻlgan. Turklarda ham, oʻzbeklarda ham levirat nikohi qatʼiy hisoblangan, sororat nikohi esa ixtiyoriy edi (Karmыsheva B. Etnograficheskaya gruppa “tyurk” v sostave uzbekov // Sovetskaya etnografiya. 1960, №1. Str. 2-21).
Farzand dunyoga kelishi bilan bogʻliq marosimlar ham rang-barang boʻlgan. Eng avvalo, chaqaloq qulogʻiga azon va takbir aytilgan. Azonni chaqaloqning otasi, bobosi yoki qishloqning yoshi ulug‘, obroʻli oqsoqoli, mulla aytgan. Oʻtmishda bolalar, ayniqsa, chaqaloqlar orasida turli xil kasalliklar va oʻlim holati koʻp kuzatilgani maʼlum. Chaqaloqlar hayotini saqlab qolish, ularning sogʻligʻini mustahkamlash maqsadida turli xil choralar koʻrilgan, har xil urf-odatlarga amal qilingan. Chaqaloqqa kiygiziladigan dastlabki kiyimga alohida eʼtibor berilgan. Goʻdak tugʻilishi bilan doya uni bir enlik eski matoga oʻrab olgan. Chaqaloq uch kunlik (ayrim qishloqlarda toʻrt-besh kunlik) boʻlgach, ilk kiyim – qirq kunlik “chilla koʻylak” kiygizilgan. Boshqa viloyatlarda chaqaloqning chilla koʻylagi “musulmon kipta”, “koʻynakcha”, “kurtacha” va boshqa nomlar bilan atalgan (Rassudova R. Tradisionnaya odejda narodov Sredney Azii i Kazaxstana. Moskva, 1989. Str. 142-144).
Chaqaloqning sochi bir yoshga yetgandagina olingan. Birinchi soch – “qorin soch” deb atalib, uni olish ham bir marosimga aylangan. Agar chaqaloq qizbola boʻlsa, otinoyi yoki doya, yoshi ulug‘ kampir, oʻgʻilbola boʻlsa, mulla yoki yoshi ulug‘ chol taklif etilgan. Ular bolaning peshonasidagi sochga qaychi tekkizib bergach, chaqaloqning otasi yoki yaqin qarindoshlari ishni yakuniga yetkazgan. Xonadon egalari soch olish marosimi mehmonlariga sovgʻa-salom ulashgan. Boy xonadon egalari mulla yoki otinoyiga toʻn, qimmatbaho mato va pul, oddiy xonadon egalari belbog‘ va doʻppi bergan. “Qorin sochi” biror panaroq joy – qalin bargli daraxt (chinor, sada) kavagiga berkitilgan, baʼzi qishloqlarda mevali daraxt (uzum, olma, oʻrik) tagiga koʻmilgan (Yoʻldosheva G. Nurota vohasi ayollarining anʼanaviy kiyim va taqinchoqlari (XIX asr oxiri – XX asr boshlari): T.f.n. ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Toshkent, 1995. 98-bet).
Vohada keng tarqalgan qadimiy odatlardan biri – kokil qoʻyishdir. Chaqaloqlarning tugʻilib yoki bir-ikki yoshda vafot etishi kuzatilgan taqdirda ushbu udum ado etilgan. Bunda, yangi tugʻilgan farzand oʻgʻil boʻlsa Oʻlmas, Tursunboy kabi, qiz boʻlsa Oʻlmasoy, Tursunoy singari ismlar qoʻyilgan. Agar oʻgʻil farzand halok boʻlsa, keyingi tugʻilgan oʻgʻil farzand qizbola ismi bilan chaqirilib, boshining orqasida kokil oʻstirilgan. Bu holat birinchi muchal yoshga kirgunicha davom etgan. Farzandga atab biror ziyoratgohga borib, jonliq qurbon qilingan. Soch ham oʻsha vaqtda olingan va farzand oʻgʻilbolalar ismi bilan chaqirila boshlagan (dala-etnografik tadqiqotlarda oʻsmatlik 64 yashar Mamatqul Karimovdan yozib olindi).
Vohaning boshqa hududlarida yangi tugʻilgan bolaning “qorin sochi” olinayotgan kuni biror muqaddas mozorga nazr atab qoʻyilgan. Kokil qoʻygan bolaning otasi shu kundan boshlab “xudoning qarzdor bandasi” hisoblanib, bolasi 7 yoshga (xudoyi qilib berishga qurbi yetmagan oilalarda 12-13 yoshga) toʻlgandan keyin mozorda qoʻy yoki echki soʻyib, xudoyi qilgan. Bolaning sochini mozorning shayxi olgan. Shu tariqa ota qarzdan xalos boʻlgan. Olingan sochni koʻp yillar farzand koʻrmagan, bolasi tugʻilib yoki tugʻilmay nobud boʻlgan, kasallanib vafot etgan ayollar olib ketgan (“Nurota vohasi ayollarining anʼanaviy kiyim va taqinchoqlari”, 99-100-betlar).
Manbalarga koʻra, har bir urug‘ oʻzining muqaddas ziyoratgoh, qadamjo va mozoriga ega boʻlgan. Masalan, Zomin tumani Beshbuloq qishlogʻi turklari Qoplon ota, Baxmal turklari Bogʻimozor ota, Oʻsmat turklari Oʻsmat ota ziyoratgohlarida ana shunday marosimlarni oʻtkazgan. Bugungi kunda ham ushbu urug‘ mansublari, mamlakatimizning qayerida yashashidan qatʼi nazar, vaqti-vaqti bilan ana shu ziyoratgohlarga kelib, jonliq soʻyib, xudoyi qiladi.
Voha xalqlari aza va dafn marosimlariga ham puxta tayyorgarlik koʻrib borgan. Har bir insonni “oʻlimlik” kiyimi, yaʼni kafanligi oldindan hozirlab qoʻyilgan. Oʻzbeklarda vafot etgan ayol boʻlsa, marhumani yoshi ulug‘ eng yaqin ayol qarindoshlaridan biri yuvgan, unga ikki ayol koʻmak bergan. Vohadagi boshqa musulmon xalqlari singari oʻzbeklarda ham marhumni toq sonli guruh (uch yoki besh kishi) yuvgan. Turk urugʻlari orasida marhumlar uchun bir necha xotirlash marosimi oʻtkazilgan. Dafn marosimi kuni erkaklar ham, ayollar ham baland ovozda koʻksiga urib (sadr tepish) yigʻlab motam tutgan (“Etnograficheskaya gruppa “tyurk” v sostave uzbekov”, 2-21-betlar).
Aza marosimi bilan bogʻliq urf-odatlar asosan ayollar oʻrtasida kuchli boʻlgan. Buni kiyinish bilan bogʻliq udumlarda yaqqol koʻrishimiz mumkin. Azador ayollarning kiyimi mato rangiyu sifati hamda tikilishiga koʻra alohida ajralib turgan. Koʻylak uchun koʻk, yashil, havorang yoki toʻq kulrang, paxtadan toʻqilgan matolar tanlab olingan. Aza koʻylagi marhumning yili chiqquncha kiyilgan va bu odat “koʻk kiydi” deb atalgan. Marhumning yaqinlari koʻk kiyimni unga hurmat yuzasidan bir yilga yaqin kiyib yurgan boʻlsa, uzoq qarindoshlari bir oygacha gulsiz matolardan, uch oygacha mayda-mayda gulli paxtali matolardan libos kiygan. Eri yoki oʻgʻli vafot etgan ayollar toʻq koʻk yoki qora rangli koʻylakda yurgan (“Nurota vohasi ayollarining anʼanaviy kiyim va taqinchoqlari”, 82-83-betlar).
Azador xonadondagi ayollar marhumning “yettisi”gacha bosh, kir yuvishi mumkin boʻlmagan. Beva qolgan yoki farzandi vafot etgan ayollar sochini yoyib yurgan. Marhumning yaqin qarindoshlari bir yilgacha pardoz qilmagan, taqinchoq taqmagan. Marhumning “qirqi” oʻtgach, ayollar oq roʻmolini yechgan. Marhumning yili toq oylar – 7, 9 yoki 11-oyda oʻtkazilgan. Bu marosimda azador ayolning koʻk koʻylagi toʻplangan ayollar oldida yechilib, yirtilgan. Yoshi ulug‘ otinoyi aza tutgan ayolga oq yoki boshqa rangli matodan koʻylak kiydirgan. “Oq kiydi” udumi azadan chiqishni bildirgan. Xullas, xalqimiz qadimiy anʼanalarga sodiq boʻlib kelgan. Turli voqea-hodisalar xalq tajribasini orttirib borgan va uning urf-odat, anʼanalarida oʻz aksini topgan.
Muzaffar SUVONQULOV,
Guliston davlat universiteti tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil, 3-son
“Turkona udumlar” maqolasi