Turon hududida qadim-qadimdan insonlar va hayvonlar birgalikda yashab kelgan. Ayniqsa, bu yerlarda yirtqich hayvonlar juda koʻp boʻlgan. Ularning baʼzilari faqatgina shu mintaqada uchragani uchun hattoki oʻlka nomi bilan atalgan. Shunday yirtqich hayvonlardan biri va faqatgina Turon hududigagina xos boʻlgan va afsuski yaqin oʻtmishda yoʻqolib ketgan milliy xazina – Turon yoʻlbarslaridir.
Eʼtibor bersak, yoʻlbars soʻzining kelib chiqishi borasida ham tadqiqotchilar oʻrtasida turli xil nazariyalar mavjud. Baʼzi bir olimlarning fikricha, “Yoʻlbars” soʻzi qadimgi eroniy “tigra” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, uning maʼnosi “oʻq” deganidir.
Turon yoʻlbarsi (Panthera tigris virgata) alohida kenja turga mansub boʻlib, uning juni yumshoq, nisbatan uzun va ochroq rangda boʻlgan. Turkiston oʻlkasida yashagan Turon yoʻlbarsini tana uzunligi (dumidan tashqari) ikki metrdan ham oshganligi va u qonxoʻr, nihoyatda baquvvat va xavfli hayvon ekanligi toʻgʻrisida manbalarda bir qator maʼlumotlar uchraydi. U haqida qadimgi yunon-rim olimlari ham bir qancha maʼlumotlar yozib qoldirishgan. Masalan, Ptolemey uni “Girkaniya sheri” deb atagan. Chunki, asrlar davomida koʻpchilik yozuvchilar Turon yoʻlbarslarini “sher” deb atashganiga guvoh boʻlishimiz mumkin.
XIII asr sayyohi Marko Polo eslatmalarida Talixon hududidagi “sherlar” haqida yozadi. Ammo bu yerda ham aslida yoʻlbarslar nazarda tutilgan boʻlishi mumkinligini olimlar koʻp bor oʻz asarlarida taʼkidlashgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkin-ki, miloddan avvalgi 328-yilda Samarqand yaqinidagi Aleksandr Makedonskiy tomonidan oʻldirilgan yirik mushuksimon yirtqich ham aslida yoʻlbars boʻlgan. Shuningdek, VII asrda sugʻd hukmdorlari tomonidan elchilik sovgʻasi sifatida uzoq Xitoyga yuborilgan hayvonlar ham, XV asrda tarixchi Hofiz Abru yozishicha, Termiz yaqinidagi Amudaryo kechuvi – Burdaguy atrofidagi katta qamishzorlar orasida yashagan “sherlar” ham aslida turkiston yoʻlbarslari boʻlgan.
Bundan tashqari, tarixiy davrlar davomida yoʻlbarslarning oʻzi va hattoki nomidan ham turli xil maqsadlarda foydalanilganiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Masalan, oʻrta asrlarda qisman qoʻlga oʻrgatilgan yoʻlbarslardan hukmdorlar qoʻriqchi sifatida ham foydalanishgan. Hayotiga suiqasd boʻlishidan xavfsiragan ayrim hukmdorlar yoʻlbarsni oʻz yotoqxonalari yaqiniga zanjir bilan bogʻlatib qoʻyishgan. Maʼlumki, Somoniy hukmdori Nasr I (Ahmadning oʻgʻli, Ismoilning nabirasi) kechasi yotoqxonasi oldiga zanjirband yoʻlbars bogʻlatgan. Agar kimdir uxlayotgan hukmdor huzuriga kirishga urinsa, yoʻlbars uni darhol parchalab tashlashi kerak edi.
914-yil 23-yanvar kechasida Nasr Amudaryo boʻyida ov vaqtida chodirda tunab qoladi. Oʻsha kechasi xizmatkorlar unutganidanmi yoki ataylabmi, yoʻlbarsni chodir yoniga keltirmaydi. Natijada saroy gvardiyasidagi gʻulomlar orasidan chiqqan fitnachilar hukmdorni oʻldirishga muvaffaq boʻlishadi.
Baʼzi manbalarga koʻra, turonlik bahodirlarga jangdagi jasurligi uchun “Yoʻlbars” degan faxriy laqab berilgan. Baʼzan xonlarning farzandlariga ham shu ism qoʻyilgan-ki, bu orqali bolada kelajakda hukmdorga xos boʻlgan shohona fazilatlar shakllansin, deb ishonch bildirishgan.
Yozma tarixiy manbalarga koʻra, qadimda Turon yoʻlbarsining yashash hududi juda keng boʻlgan. Ular asosan yashash joyi sifatida qamishzorlar va zich, oʻtib boʻlmas toʻqaylarni yoqtirgan. Manbalarga koʻra, yoʻlbarslar Turonning quyidagi hududlarida yashaganligi maʼlum: Atrak, Sumbar, Tajang va Murgʻob daryolari boʻyida (Murgʻobda, Marvdan 3 farsax sharqda, X asrda “Shirnaxjir” – yaʼni “yoʻlbars oʻljasi” degan qishloq ham boʻlgan), butun Amudaryo boʻylab – Panj, Vaxsh, Kofirnihon hududlaridan tortib Xorazm va daryo deltasigacha, Zarafshon vodiysida, Sirdaryo boʻylab – Fargʻona, Angren va Chirchiq vodiylaridan to quyi oqimigacha, Talas va Chu daryolari atrofida, Jungʻor Olatogʻida, Balxash boʻylarida, Ili vodiysida – hatto Quljagacha.
Keyinchalik insonlarning katta hududlardagi yovvoyi oʻsimlikzorlarni oʻzlashtirib, ekin maydonlariga aylantirishi, qamishzorlarni yoqib yuborishi, natijada yoʻlbarslarning asosiy ozuqasi boʻlgan yovvoyi choʻchqalar sonining oz qolishi hamda yoʻlbarslarning bevosita qirib tashlanishi bu yirtqichlarning asta-sekin kamayib borishiga olib kelgan.
Moʻgʻul xoni Xulaku Qoraqorumdan Kesh va Shopurgʻon orqali Xurosonga tantanali yurish qilayotib, 1265-yil 1-yanvarda Amudaryoni Kelif yaqinida maxsus qurilgan ponton koʻprik orqali kesib oʻtadi. Ertasi kuni u hordiq chiqarish uchun daryoning chap sohili boʻylab sayrga chiqadi. Toʻsatdan qalin toʻqay va qamishzor ichidan yoʻlbarslar paydo boʻladi. Xulaku ularni oʻrab olib, ov qilishni buyuradi. Otlar yoʻlbarslardan qoʻrqib ketgani sababli, ovchilar tuyalarga minib olishadi. Natijada bir kunlik ov davomida oʻn dona yoʻlbars oʻldiriladi. Bu raqam XIII asr oʻrtalarida, moʻgʻullar istilosidan keyingi davrda Amudaryo boʻyida yoʻlbarslar ancha koʻpayganini koʻrsatadi.
XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida Turon yoʻlbarslarini yoʻq qilish muhim vazifaga aylana boshlaydi, biroq bu ish unchalik muvaffaqiyatli kechmagan. Aynan shu davrda Turkistonda rus bosqini ketayotgani tufayli, ruslar ham endi Turon yoʻlbarslarini oʻldirishni boshlaydilar. Chunki, ularning harbiy qalʼalari atrofida bu turdagi hayvonlar juda koʻp uchrar edi.
Bu davrga kelib ularni ovlashni turli xil yoʻllari qoʻllaniladi. Masalan, yakka tartibda yoʻlbarslarga qarshi kurashda ovchilar shunday yoʻl olib borgan: odatda yoʻlbarsni oʻldirib, bir martada yeb tugatmagan hayvon jasadi yotgan joyga tuzoqlar, oʻq-dorisi tayyor miltiqlar, hatto egiluvchan uzun tayoqlarga mahkamlangan pichoqlar oʻrnatilgan. Yoʻlbars yoʻliga tortilgan ipni bosib yuborsa, miltiq oʻz-oʻzidan otilgan. Yoki maxsus mexanizmni qoʻzgʻatib yuborsa, egiluvchan tayoq tezda tiklanib, unga oʻrnatilgan bir yoki ikki pichoq hayvonga sanchilgan. Biroq ayrim ovchilar yoʻlbars bilan yuzma-yuz chiqishga ham jurʼat etgan. Yirtqichni koʻrib qolgan ovchiga sekin, ammo qatʼiy ohangda shunday deyish tavsiya qilingan: “Shir-padsha! Mard, mard”, yaʼni: “Yoʻlbars podshoh! Bu – odam, odam”. Natijada xalq orasida, ayniqsa, yoʻlbarsga ataylab yakka oʻzi chiqadigan ovchilar katta shuhrat qozongan. Masalan, XIX asrda Fargʻonada bir oʻzbek bahodiri yashagan boʻlib, u Baliqchi yoki Mingbuloq atrofida yoʻlbarsni nayza bilan oʻldirganligi toʻgrisida qarashlar mavjud.
XIX asrda Rossiya Turkistonni bosib olgach, yoʻlbarslarga qarshi kurash ancha kuchayadi. Shunga qaramay, 1860–1880-yillarda ayrim hududlarda yoʻlbarslar hali ham yaxshi qurollanmagan mahalliy aholi uchun jiddiy xavf tugʻdirardi. Rus maʼmuriyati rasmiy maʼlumotlariga koʻra, 1882–1883-yillar qishida Chirchiq vodiysida, Saʼdirkul degan joydagi qamishzor orqali oʻtuvchi yoʻlda joylashib olgan bir juft yoʻlbars qoʻshni ovullar va bozorlarga qatnab yurgan 20 nafar kishini oʻldirgan. Bu hujumlar faqat bahor kelgach toʻxtagan. Natijada, yirtqichlar va yovvoyi choʻchqalarni yoʻq qilish uchun harbiy qismlar tarkibida maxsus ov otryadlari tuzilgan. Ular itlar yordamida hayvonlarni quvib, miltiqlar bilan otib tashlashgan. Shuningdek, xususiy tashabbuslar ham ragʻbatlantirilgan. Yoʻlbars oʻldirgan har qanday ovchiga 25 rubl mukofot berilgan. Keyingi har bir oʻldirilgan yoʻlbars uchun mukofot 5 rublga oshirib borilgan.
Turkistonga koʻchirib keltirilgan yosh Ural kazaklari orasida jasoratini koʻrsatmoqchi boʻlganlar ham topilgan. Ular uzun dastali bolta va pichoq bilan yoʻlbarsga yakka oʻzi qarshi chiqqan. XIX asr oʻrtalarida “Sirdaryo chizigʻi” deb atalgan harbiy hududda yoʻlbars ovchilari orasida Orenburg kazak qoʻshinining oddiy askari Mantiq (Mantyk) juda mashhur boʻlgan. U 1858-yilda Fort Perovskiy (Qoʻqon xonligiga tegishli Oqmachit qalʼasi, hozirgi Qiziloʻrda) yaqinida oʻzining navbatdagi – oʻn uchinchi yoʻlbarsini ovlash paytida yirtqich tomonidan tilka-pora qilingan.
Bundan tashqari, XIX asr oxirida Toshkentda nafaqaga chiqqan askar Gamov mashhur boʻlgan. U kichik boʻyli, ozgʻin boʻlishiga qaramasdan, bir necha oʻnlab yoʻlbarslarni oʻldirgan va hattoki bir marotaba yaralangan yirtqichning qoʻllari orasida qolib, uning dahshatli quchogʻida yarador boʻlishiga qaramasdan yoʻlbarsni oʻldirishga erishadi.
Ammo, XX asrda Turon yoʻlbarslarining soni keskin kamayib ketadi. Maʼlumotlarga koʻra, Sirdaryo viloyatida 1910–1915-yillarda sakkiz yoʻlbars oʻldirilgan. Bu davrda Turon yoʻlbarslari asosan, Amudaryoning yuqori oqimlari, Panj va Vaxsh daryolari boʻyidagina qoladi. Boshqa hududlarda, masalan, Ohangaron vodiysida oxirgi yoʻlbars 1920-yillarda oʻldirilib, uning oʻqlar bilan toʻldirilgan terisi uzoq yillar Toshkentdagi Ovchilar uyushmasida noyob eksponant sifatida saqlangan. Chirchiq vodiysida esa 1920-yillarning oʻrtalarida bir juft yoʻlbars mavjudligi haqida maʼlumotlar mavjud, xolos.
Umumiy jihatdan aytganda Turkiston hududidagi Turon yoʻlbarslari milliy xazina boʻlib, insonning tabiatni oʻzlashtirishga nisbatan keskin harakatlari tufayli bu tur yer yuzidan yoʻqolib ketdi.
Shohruz SHARIPOV,
Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va
texnologiyalar universiteti dotsenti,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)