– Erkinjon aka, avvalo, maʼnaviyat tushunchasiga loʻnda izoh bersangiz...
– Men avvalo suhbatimni nufuzli jurnalga munosib koʻrganliklaringiz uchun minnatdorlik bildiraman. “Loʻnda” degan soʻzni juda oʻrnida ishlatdingiz, negaki soatlab gapirganimizda ham maʼnaviyat tushunchasining izohi tugamaydi. Bu haqda juda koʻp yozilgan va gapirilgan. Ammo men olim emasman. Shuning uchun bu tushunchani hayotiy ifodalamoqchiman. Maʼnaviyat ichki intizom, ilm, odob va farosatdan iborat.
– Siz tumanda yoki oʻrta taʼlim maktabida maʼnaviyat targʻibotchisi lavozimida faoliyat yuritsangiz qanday ish uslubini yoʻlga qoʻygan boʻlardingiz? Umuman, maʼnaviyat vakili qanday boʻlishi kerak deb oʻylaysiz?
– Biz oʻrta maktabda oʻqigan vaqtimizda bu ishga sinf rahbarlari, koʻpincha adabiyot muallimlari yetakchilik qilishardi. Tadbirlarda ishtiyoq bilan qatnashardik. Sheʼr oʻqiganlarim, xor safida ashula aytganlarim, dramatik sahnalarda qatnashganlarim hamon esimda. Aksariyat hollarda badiiy qahramonlar vositasida yaxshi odamlarga nisbatan biz yoshlarda havas uygʻotilgan. Yana bir narsa – muallimlarning shaxsiy ibrati ham biz uchun maʼnaviyat sabogʻi boʻlgan. Ular maktab hududini obodonlashtirishda biz bilan bab-baravar ishtirok etishardi. Shu sababli atrofdagi daraxt, gul va nihollarni payhon qilishdan uyalardik, butun sinf bilan darsdan soʻng xonani chinnidek tozalardik, yozgi taʼtil vaqtida yigitlar maktabimiz uchun gʻisht quyardik.
Aytganday, tozalik komissiyasining raisi bizning kiyimlarimizdan tortib, aft-u angorimiz, hatto tirnogʻimizgacha nazoratdan oʻtkazib turardi.
Iloji boricha muallimimizdan tanbeh eshitmaslikka intilarlik. Dakki olgan kunimiz esa ota-onamizdan uyalib turardik, ularga bildirmaslikka intilardik.
Bugun esa... Tadbirlar faqat sanalarga bagʻishlab oʻtkazilyapti. Badiiy kitoblar, badiiy filmlar muhokamasi deyarli yoʻq. Maktablarda maʼnaviyat tadbirlari oʻtkazilmayapti demoqchi emasman. Biroq, ularning tarbiyaviy taʼsiri kam sezilyapti. Chunki bu tadbirlarga koʻpincha bir xil toifadagi oʻqituvchi va oʻquvchilar jalb etiladi. Shuning uchun men hokim sifatida rahbarlarimizni, umuman ziyolilarimizni doimo oʻz maktabiga borishga, avvalo, muallimlarni qoʻllab-quvvatlashga, jonli uchrashuvlar oʻtkazishga chorlayman. Nazarimda, maktabdagi maʼnaviy tadbirlarga bolalarni oiladan tayyorlash kerak. Biz ota-onalarni, ayniqsa otalarni maktabdagi jarayonlarga koʻproq jalb etish mexanizmini yaratishimiz kerak. Bundan tashqari maʼnaviy tadbirlar nomiga emas, balki ehtiyoj tufayli oʻtkazilishi zarur. Umuman, men maktabdagi maʼnaviyatga masʼul kishining asosiy vazifasi uning oʻz burchiga sidqidildan yondoshishida, har qanday gap soʻzlardan qatʼiy nazar, ishini dadil va muntazam olib borishida deb tushunaman.
Oʻrta taʼlim maktabida maʼnaviyat targʻibotchisining obro‘-eʼtibori, shaxsiy ibrati uning asosiy ishining 60 foizini tashkil etadi. Bugun maʼruzalar vaqti oʻtdi. Bolalarni aniq, real hayotga ishontirish, ularni fikrlashga, tafakkur qilishga oʻrgatish payti keldi. Maktablarda faoliyat koʻrsatuvchi bahs-munozara klublarining ham davri kelganga oʻxshaydi. Zero, yangicha taʼlim tizimining talabi ham shu.
– “Xalqimizning juda boy maʼnaviy merosi bor!” Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros nimalardan iborat, uni biz bugun qanday istifoda etyapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– Bu savolingiz oʻrinli. Shaxsan oʻzim joylarga borganimda keksa-yu yoshdan, ayniqsa talaba va oʻquvchilardan eng avvalo ulugʻlarimizning meroslari haqida soʻrayman. Aksariyat odamlarimizda bu haqda yuzaki tushuncha bor, xolos. Hatto yoshi katta ziyolilarimiz ham asl maʼnaviy meros haqida talab darajasida bilimga ega emas.
Mana oddiy misol, Samarqandda Komilxon Kattayev degan zahmatkash matnshunos bor. Keyingi ikki yil ichida u viloyatimiz hududidagi oʻndan ziyod buyuk allomalar merosini oʻrganib chiqdi, biz bu ishlarni kitob holida chop ettirdik. Katta olimlarimiz uchun ham bu maʼlumotlar yangilik boʻldi. Yoki Bahodir Yalangtoʻsh haqida drama yozildi va oʻzimizning teatrda sahnalashtirildi. Birinchi boʻlib oʻzim, oila aʼzolarim bilan borib koʻrdim. Butun viloyat ziyolilari bu sahna asarini tomosha qilishdi va XVI asrda Samarqandga amirlik qilgan bu ulug‘ shaxsning juda katta bunyodkorlik ishlaridan, xususan, Siyob bozorini yangi joyda barpo etganidan, Nodir Devonbegi madrasasi, Sherdor va Tillakori madrasalarini qurganidan koʻpchilik xabardor boʻldi. Darvoqe, Bahodir Yalangtoʻsh haqida oʻzbekkino ijodkorlari shu kunlarda badiiy filmni suratga olishayapti.
Ajdodlar merosini albatta har bir soha mutaxassisi alohida oʻrganishi mumkin. Lekin hammamiz uchun bu izlanishlarning katta tarbiyaviy ahamiyati bor. Chunki hamma maʼnaviy meroslarga eʼtiqodli, iymonli boʻlish, ilmga intilish, yuksak insoniy fazilatlarga yetishish gʻoyasi singdirilgan.
Mir Alisher Navoiyning “El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam” degan shoh bayti oʻsha davrdayoq insoniyatni fuqarolik jamiyati talablariga undagan. Nodira esa “Soya paydo boʻlmagʻay devorsiz” bayti orqali falsafadagi sabab va oqibat kategoriyasini badiiy ifoda etgan, desam, xato qilmayman.
– Ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish, ularning nomini hadeb tilga olaverish baʼzan ayrim odamlarning meʼdasiga tegayapti, degan gaplar ham bor. Albatta ular bilan faxrlanish lozim, lekin ularga mos avlod boʻlish masalasi hamon dolzarbligicha qolayotgandek...
– Toʻgʻrisini aytsam, men bu fikringizga unchalik qoʻshilmayman. Toʻgʻri, baʼzi ajdodlarimizni yaxshi bilamiz va ularni tez-tez yod etamiz. Lekin, zamonlar suronlarida unutilgan ajdodlarimiz ham koʻp. Men Yalangtoʻsh Bahodir nomini bejiz keltirmadim. Bu safga Shayboniyxonni ham qoʻshish mumkin. Biz bu kabi tarixda nom qoldirgan juda koʻplab ulugʻlarimizning ismini eshitgan boʻlsak-da, ularning merosidan bexabarmiz, shu sababli ularning nomlarini kamdan-kam takrorlaymiz. Holbuki, bunday bobolarimizni qanchalik koʻp bilsak, qaddimiz shuncha tik boʻladi.
Bu borada bir taklifim bor: har bir viloyatda ijodiy guruhlar tashkil qilib, allomalarimiz faoliyati bilan bogʻliq ixcham roliklar yaratish va ijtimoiy tarmoqlarda ularni muntazam berib borishni uyushtirish kerak. Toki, xalqimiz oʻz ulug‘ ajdodlarining merosidan xabardor boʻlib borsin.
“Otang bilan emas, farzanding bilan faxrlan” degan naql bor. Chunki farzandga, uning kamoliga mehnatingiz singadi, u bilan faxrlanishga haqingiz bor. Ajdodlar bilan esa faqat ularning saboqlariga munosib boʻlgandagina faxrlanish mumkin.
Xususan, Sharqda – Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Singapur kabi mamlakatlarda aholi oʻz tarixi bilan xuddi oilasi tarixi bilan shugʻullanganday jiddiy shugʻullanadi, hammasi vatani, xalqi tarixini yaxshi biladi, har bir fuqaro oʻz hududidagi muzey va obidalarga muntazam qatnab turadi.
Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan xalqimiz tarixida muhim oʻrin tutgan ajdodlarimiz tarixini oʻrganishga jiddiy kirishildi. Ular haqida badiiy asarlar yozilyapti, kinolar olinyapti. Muayyan kunlarda muzeylar barcha aholiga bepul xizmat koʻrsatyapti. Bularning hammasi yurtdoshlarimizda ajdodlar merosini oʻrganishga qiziqish uygʻotish barobarida ularga munosib boʻlish masʼuliyatini ham oʻrgatadi degan umiddaman. Shu oʻrinda olimlarimizga oliy oʻquv yurtlari, maktablar, bolalar bogʻchalari, qolaversa mahalla ahli uchun ham ajdodlarimiz merosi haqida oddiy, tushunarli va qiziqarli kitoblar tayyorlashni taklif etaman. Bundan tashqari har bir alloma haqida ixcham hujjatli film tayyorlash, ularni nafaqat televideniyeda, balki jamoat joylarida muntazam namoyish etish choralarini koʻrish zarur. Chunki insonning farosati bilish, anglash va uni qoʻllash bosqichlaridan iborat. Soʻnggi bosqichda tasavvurdan koʻra, masalaning mohiyati muhim rol oʻynaydi.
– Xalqimiz sizni avvalo yetuk rahbar, tajribali hokimlardan biri deb biladi. Hokimning, umuman rahbarning maʼnaviy dunyosini qanday tasavvur etasiz?
– Rahbarlik bu kasb emas, qolaversa, bu hammaga ham nasib etavermaydi. Ming ishchiga bir boshchi, ammo ana shu rahbarlik tartib-tamoyillari, uning maʼrifati-yu madaniyati haqida juda koʻp yozilgan. “Avesto”, “Qobusnoma” asarlari buning misolidir. Buyuk yozuvchilarimizning asarlarida ham elni boshqarishda zarur boʻlgan yuksak fazilatlarga koʻp urgʻu beriladi. Xususan, Mir Alisher Navoiy oʻz asarlarida masʼul shaxsda ilm, farosat va fahm kuchli boʻlishi zarurligini aytgan. Yoki “Qobusnoma”da “Xodim boʻlgʻoningda hamisha rahbar huzurida hozir boʻlgʻil va har ishning otini (mohiyatini) bilgʻil. Barcha ishni imtihon qilgʻil, bir ishdan faromush boʻlmagʻil, hamma ishni yodingda saqlagʻil va barcha devondagi ishlar holidan ogoh boʻlgʻil. Hamma amaldorlarning muomalalarin bilgʻil va har turli ishni bilmakda qunt bilan izlangin. Barcha hisobga qodir boʻlgʻil va har daqiqa ish bilan mashgʻul boʻlgʻil. Rahbarning sirini aytmagʻil va har ishdan rahbarni ogoh qilib turgʻil” deyiladi.
Bugungi kunga keladigan boʻlsak, qabul qilingan qonunlarimizning barchasi rahbar uchun maʼnaviy ozuqadir. Yaʼni, qonunlarga rioya etish rahbarning maʼnaviyatini belgilaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev deyarli har bir chiqishida katta-kichik har bir rahbarning madaniyati, ilmi, iqtidori, maʼnaviyati masalasida toʻxtaladi. Ayrim oʻrinlarda bu borada nima ishlar qilishimiz zarurligini aniq koʻrsatib beradi. Misol uchun “Rahbarlar faoliyatiga endi xalq baho beradi”, degan gapining oʻzi istaymizmi-yoʻqmi, bizni ibrat koʻrsatishga chorlaydi. Yoki “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan shior ham faoliyatimiz mohiyatini aniq belgilab bergan. Binobarin, maʼnaviyatsiz rahbar bu talabni bajara olmaydi.
Gap u yoki bu rahbarning maʼnaviyatni qanday tasavvur etishidagina emas, balki zamon talablariga javob bera olishi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham bugungi islohotlarimizning asl mohiyati doimo xalq bilan maslahatlashishga, xalqning fikrini oʻrganishga, xalqning bahosiga qarab ishlashga qaratilgan. Bugun odamlarga tushuntirish emas, balki ularni ishontirish muhim. Men yigʻilishlarda “Tushunmaydigan odam yoʻq, tushuntira olmaydigan rahbarlar bor” degan iborani bot-bot takrorlayman.
– Milliy gʻurur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga oʻxshaydi. Inson uchun oʻzidan, oʻzligidan gʻururlanish aslida fazilat emasmi?
– Abdulla Oripovning: “Inson qalbi bilan hazillashmang siz, Unda millat yashar, unda til yashar” degan satrlari milliy gʻurur tushunchasining asl mohiyatini ochib beradi. Bundan tashqari, millatidan qatʼi nazar har bir insonning oʻz gʻururi boʻladi. Kibr qilayotganlarning esa, gʻururga aloqasi yoʻq, ular shuhratparastlik maqsadida oʻzlarini koʻrsatishga intiladi. Hech qachon boshqa millatning obroʻsini toʻkish bilan oʻz millatining obroʻsini koʻtarib boʻlmaydi. Biz uchun muhimi, millat, yaʼni Oʻzbekiston hududida yashovchi har bir fuqaro ana shu el maʼrifatiga xizmat qilgan odamlar bilan faxrlana olishidir. Gʻurur bu hamiyat va nomus bilan bogʻliq, faxr esa eʼtirof bilan, kibr manmanlik bilan.
Umuman, biz odamlarga qanchalik yaqin boʻlsak, koʻnglimizdagi kibr shu qadarlik yoʻqolib boraveradi.
– Erkinjon aka, oʻzbekning feʼl-atvori, yutugʻi-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarlarga (ilmiy asar, roman, kino va hokazo...) ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?
– Mavridi kelganda kitob oʻqib turaman. Ayniqsa, oʻzimga tanish muhit, odamlar hayoti haqidagi asarlarni shavq bilan mutolaa qilaman. Chunki hayotni yaxshi tushunaman, deb oʻylayman. Hatto tarixiy romanlarni oʻqiganda ham milliyligimiz anʼanalarini anglash qiyin emas.
Aslida milliylik degani bir hududda yashayotgan odamlar hayotiga daxldor maʼnaviy butunlikdir. Shuning uchun boʻlsa kerak, biz haligacha “Mahallada duv-duv gap”, “Toʻylar muborak”, “Maftuningman”, “Suyunchi”, “Shum bola” filmlarini qiziqib koʻramiz. Negaki ularda oʻzimiz yashab turgan va biz koʻnikkan anʼanalar, voqealar aks etgan.
Ming afsuski, bolalar uchun yaratilayotgan filmlarda, hatto badiiy asarlarda ham (“Sariq devni minib”dan tashqari) bu holatni uchratmaymiz. Xususan, multfilmlarda boshqa millat, yaʼni boshqa hayot tasvirlari bor. Hatto darsliklardagi gʻayrimilliy suratlarni ham haligacha asta-sekin almashtiryapmiz. Toʻgʻri, katta harakat boʻlyapti. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan allomalar, Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan odamlar haqidagi badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar yaratilyapti. Qishloqlarimizning yangi qiyofasi koʻrsatilyapti, lekin bu hali yetarli emas. Nazarimda “Chol va nabira”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi filmlarni koʻproq yaratish kerak. Chunki bunday asarlar odamlarni mushohada qilishga chorlaydi, milliyligimiz haqidagi tasavvurni boyitadi. Asar qahramonlariga havas uygʻotadi. Bu borada jamoatchilik koʻp gapirayapti, filmlarimiz koʻpaydi, ammo biz ibrat oladigan, biz havas qiladigan obrazlar, yaʼni qahramonlar yoʻq.
– Oʻzbekning, umuman xalqimizning feʼl-atvoriga begona boʻlgan ishlar ham sodir boʻlib turibdi. Maishiy hayotimizda ham, tashqi dunyomizda ham buni koʻrish mumkin. Maʼnaviyat va qadriyatlarga, anʼanalarga tahdidlar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Bu borada nima ishlar qilishni zarurat deb hisoblaysiz?
– Aslida bu savolingizga yuqorida qisman javob berdim. Shunday boʻlsa ham bir xulosamni aytib oʻtmoqchiman. Insonning barcha xislati tugʻma boʻladi. Tugʻma deganimning boisi shundaki, muayyan geografik muhitda yashash instinkti bilan tugʻiladi. Yana ham aniqroq qilib aytadigan boʻlsam, daryo yoki okean sohilida, vodiyda, choʻlda, togʻda yashayotgan aholining xislatlari ham oʻsha makonga munosib boʻladi. Oʻzbek feʼli deganda biz oʻzimiz anglagan halollik, ishonch, odamgarchilik, mehmondoʻstlik kabi fazilatlarni tushunamiz. Binobarin, bunday fazilat boshqa millatlarda ham yoʻq emas. Bir narsadan xavotirdamanki, keyingi paytda milliy mentalitetimiz, yaʼni oʻzbek feʼliga nomunosib xatti-harakatlarga nisbatan befarq boʻlyapmiz. Bu haqda jiddiy oʻylab koʻrish vaqti keldi. Sharqda, xususan Xitoy va Yaponiyada, Singapurda, Malayziya va Indoneziyada, keyingi paytlarda Vyetnamda ham ezgu milliy anʼanalarni buzganlarga qarshi jiddiy choralar koʻrilyapti.
Shu oʻrinda bir narsani taʼkidlash lozimki, maʼnaviy illatlarga qarshi kurash oson kechmaydi. Biz insonning, ayniqsa yoshlarning maʼnaviyatida oʻzgarish yasay oladigan choralarni koʻrishimiz, shunga sharoit yaratishimiz, yaʼni tarbiyaviy taʼsirning samarali usullarini yaratishimiz kerak.
– Xalqning yakdilligi hammasidan muhim. Shunday emasmi? Uning butunligini nimalarda koʻrasiz? Bugun shu butunlik bizda mavjudmi, qoniqarlimi?
– Tarixdan maʼlumki, xalq mashaqqatli va quvonchli kunlarda oʻz jipsligini koʻrsata oladi. Buni hayotimizda koʻrib turibmiz. Garchi qiyinchiliklar boʻlsa-da, xalqimiz oʻz hayotini farovon qilish yoʻlida birlashishga intilmoqda.
Biz ziyolilarning maqsadimiz bitta. U ham boʻlsa millatni birlashtirish. Yashirmayman, mustaqillikning dastlabki yillari ayrimlar erkinlikni boshqalardan ajralib yashash deb tushundi. Hatto aka-ukalar, ota-bolalar uylari-yu darvozalarini alohida qilib olishdi. Vaholanki, mustaqillik bu – dunyo bilan birga, qolganlar bilan bab-baravar yashash degani, faqat oʻz erkiga, oʻz davlati va tiliga, oʻz qonunlariga ega boʻlish degani. Biz dunyo hamjamiyatidan tashqarida yashay olmaymiz. Faqat ana shu hamjamiyatda mustahkam oʻrnimiz boʻlishi kerak.
Eʼtibor qilganmisiz, keyingi 6-7 yil ichida qabul qilingan strategik rejalar, dasturlar, loyihalar bitta maqsadga – yurtdoshlarimizning nuqtai nazarini, maqsadini, mamlakat kuch-qudratini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan. Bunday maqsadga faqat birgalikda, hamkorlikda ishlash orqali erishiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev elimiznigina emas, eng avvalo, atrofdagi qoʻshnilarimizni ham, Oʻzbekistonga samimiy munosabatda boʻlgan yaxshi insonlarni ham birlashtirishga intilmoqda va bu borada katta ishlar qilinmoqda. Shu tufayli Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi obroʻsi oshib bormoqda.
Ahillik, birlik maʼnaviyatning yuksalishiga xizmat qiladigan eng katta mezonlardir. Chunki yaxshi fazilatga, ilmga, farosatga ega insonlargina shodlig-u tashvishini, bor-yoʻgʻini oʻziga oʻxshaganlar bilan baham koʻra oladi.
Shodmunqul SALOM suhbatlashdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.