“Tuzsiz odam”, “gapining tuzi yoʻq” kabi iboralarni eshitganda – odam yoki gap ham “tuzsiz” boʻladimi? – degan savol xayolingizdan kechgan boʻlishi mumkin. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da shunday izoh keltiriladi: “Tuzsiz – 1. Tuzi yoʻq yoki past. Tuzsiz ovqat; 2. (koʻchma) Maʼnosi, mazmuni yoʻq; bemaʼni, tuturiqsiz. Maqol: O‘zi yuzsizning soʻzi tuzsiz. “Qoʻying tuzsiz gaplaringizni, sizga yarashmaydi”. M.Oʻrinxoʻjayev. “Unutilmas kunlar” (OʻTIL. II. 1981. 220). Yaʼni, izohli lugʻatda bu soʻz ovqatga solinadigan osh tuziga bogʻlab tushuntiriladi.
Lekin bu ibora bugun yo kecha paydo boʻlgan soʻz emas, hattoki u eng qadimgi turkiy obidalarda ham uchraydi, xususan VIII asr yodgorligi Kultegin toshbitigida shunday jumla bor: “Bägläri, buduni toʻzsiz oʻchoʻn, tabgʻach budun tabligin koʻrlig oʻchoʻn...”, – maʼnosi: “Beglari, xalqi tuzsiz (boʻlgani) uchun, tabgʻach elining yolgʻonlariga uchgani uchun...”
Xoʻsh, nega yodgorlikda turk beglari va buduniga nisbatan “tuzsiz” sifati ishlatilyapti? Bu yerda ham osh tuzi koʻzda tutilganmi?
Toʻgʻri, tuz maʼdani azaldan turkiyda – tuz, lekin unga shakldosh, ammo maʼnosi farqli boʻlgan boshqa “tuz” oʻzakli soʻzlar ham borki, Mahmud Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk”da shunday soʻzlardan beshtasini keltiradi: 1. (تُوزْ) Toʻz – qayish yoki kamarga taqiladigan va bogʻlanadigan halqa; 2. (تُوزْ) Toʻz: el toʻz netäk? – mamlakat, el qanday? (bu yerda “mamlakat”, “yurt” maʼnosida); 3. (تُوزْ) toʻz – asl, tag, asos. Misol: äning toʻbi, toʻzi kim? – uning tagi, zoti, asli kim? Kimga borib taqaladi? 4. (تُوزْ) Toʻz: toʻz jer – toʻgʻri, tekis yer; 5. (تُوزْ) toʻz – tuz (DLT. III. 1963. 135).
“Devon”da alohida maʼnolari koʻrsatilgan bu soʻzlarning aksariyati, aslida, kelib chiqishi jihatidan “tekis”, “toʻgʻri”, “tartibli” kabi maʼnolarga ega bir oʻzakka borib taqaladi. Shuningdek, bu oʻzakdan “tuzmoq”, “tuzatmoq”, “tuzuk”, “tuzum” kabi soʻzlar ham yasalgan.
Shunday qilib, Kultegin toshbitigida: “beglari va xalqi tuzsiz boʻlgani uchun” deyilganda “tuzsiz” sifati – “osh tuzi” emas, balki boshqa maʼnodagi “toʻz” oʻzagidan yasalgan boʻlib, jumlada: “Beglari va xalqi toʻgʻri, tartibli, asosli, xoqoniga sodiq boʻlmagani uchun, aksincha tabgʻach (xitoy) xalqining yoqimli narsalariga aldangani uchun” degan fikr aytilyapti.
Hozir ham “tuzsiz odam”, “gapining tuzi yoʻq” deganda “tartibsiz, asossiz, tuturiqsiz odam”, “gapining asosi, tartibi, tuturigʻi yoʻq, toʻgʻri emas” kabi maʼnolar tushuniladi. Yaʼni, uning osh tuziga aloqasi yoʻq.
Abduvohid HAYIT