Toʻti Yusupovaning tiynatida shaddod kelin, mushfiq ona, jafokash yor, mushtipar buvi qiyofalari birlashib ketgandi. Uning nigohlari bir necha asr hayot bilan olishib yashagan insonning dardlari, hasratlarini soʻzlardi goʻyo. Yaratgan obrazlari orqali kimgadir ona, kimgadir buvi, yana kim uchundir singil boʻlib koʻrinishining sababi oʻzbek ayoliga xos kuyunchaklik, samimiyat Toʻti Yusupova xarakteriga singib ketganida edi.

Oʻzbek milliy kino va teatr sanʼati betakror isteʼdodidan, sahna onasidan ayrildi. Soha, muxlislar, millat Toʻti Yusupovaning xizmatidan, mehnatidan hamisha minnatdor boʻlib qoladi. Oyina.uz bugun uning yaqinlari, hamkasblari, hayotdagi yelkadosh insonlari qalbidagi siymoni xotirlaydi.

Marhabo NASRIDDINOVA, dublaj muharriri, qizi

Yoshim ulgʻaygan sari onamga oʻxshab boryapman. Borliklari suyanchigʻim ekan, katta suyanchiq.

Yaratgan yaxshi koʻrgan bandasiga dard berib sinaydi, deyishadi. Oyimni juda koʻp sinadi... Oyim juda kuchli, irodasi mustahkam ayol edilar. Hech qachon nolimaganlar. Hech narsani bildirmas edilar. Bir xil paytlar yigʻlab oʻtirar edilar. “Oyi, kim xafa qildi, adamlar bilan urishib qoldingizmi”, desam, “Bor, rolimni yodlayapman”, der edilar. Men haqiqatdan shunaqa deb oʻylar edim. Balki, oʻsha payt rostdan ham urishib qolgandirlar...

Oyim juda sabr-qanoatli, nima kelsa mardona qabul qilgan ayol boʻlganlar. “Suv kelsa simiradi, tosh kelsa kemiradi” maqoli oyim haqida...

Erkin KOMILOV, Oʻzbekiston xalq artisti

Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupovani bagʻrimizdan olib ketgani nafaqat bizning milliy teatrga, qolaversa koʻp millionli Toʻti opamning muxlislarining qalbiga ham juda katta larza soldi. Toʻti opam 65 yil, 70 yil mana shu teatrning changini yaladi. Toʻti opamning har xil xarakter topib yaratgan barcha obrazlari dilimizda abadiy saqlanadi.

Masalan, “Ufq”da mening ayolim Jannatni oʻynagan. Shunday bir sahnasi bor edi. Men – Ikrom urushdan bir oyogʻimdan judo boʻlib kelganimda, darvozani “taq-taq” uraman. “Jannat” deyman. Mening ovozimni tanib toʻxtab qoladigan, pauza qilib, butun yuragi, qalbi larzaga kelgan sahnasini shunaqa oʻynaganki, menimcha, boshqa aktrisa bunaqa qilib oʻynolmaydi. Darvozani ochganda men kirib kelaman – bir oyogʻim yoʻq. Mendan aylanib, aylanib tikilib qolganda “Shunaqa boʻlib qoldi, Jannat”, deyman. “Voy, hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq. Voy, dadasi, oʻzingiz omon qolganinggizga shukur qilsangiz-chi”, deb olib kelib, meni oʻtirgʻizardi. Ana shu sahnadagi mana shu soʻzni eshitib butun vujudim larzaga kelardi. Endi bunaqa sahnalari judayam koʻp. “Kelinlar qoʻzgʻoloni”dagi butunlay boshqa xarakterdagi Sotti…

Toʻti opam xarakter yaratishga juda usta edi. “Oʻlimdan kuchli” asarida, men unda massovkaga chiqardim. Qoʻlimda bigiz bilan, soqchi boʻlib turadigan sahnam bor edi. Shunda Toʻti opam onani oʻynagan edi. Besh-oltitasini olib kelib qamashadi. Santyagoga qanaqadir bir sotqin oʻtib ketgan boʻladi. “Shuni topib bermasang, mana shu turmada jasading chiriydi”, deydi. Ularning hech qanaqangi aloqasi yoʻq bu voqeaga. Lekin oʻsha yerda ona, koʻkragiga sut kelganda shunaqa dod-u faryod qiladigan sahna bor ediki, men soqchi boʻlib turib chidolmasdim. Oʻsha yerda, turgan joyimda hoʻng-hoʻng yigʻlardim. Toʻti opam shunaqa, juda katta yurakli aktrisa edi.

Toʻti opam oq roʻmolda kirib kelganda teatr yonib ketardi. Xuddi quyosh nuri kirib kelganaday xursan boʻlardik. Toʻti opam Oʻzbek Milliy akademik drama teatrining onasi edi. Juda koʻp yosh aktyorlar, yosh aktrisalar undan saboq olardi. Qanaqa muammo boʻlsa Toʻti Yusupova aqli bilan, bosiqlik bilan maslahat berardi. Toʻti opamning duosini olgan aktrisalardan biri Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Lola Eltoyeva boʻladi. Lola Eltoyeva onasiga qaraganday qaradi. Nechi yil kasal boʻlsa har kuni –  ikki kunda bir, uch kunda bir Toʻti opamdan xabar olib turgan ham, Toʻti opamning duosini olgan ham Lola Eltoyeva boʻladi.

Joylari jannatdan boʻlsin. Qarangki, yomgʻir yogʻib turgan edi, janoza oʻqilib, tobutni koʻtarishimiz bilan Xudoning qudratidan yomgʻir tindi. Qabriston oralab borib, joyiga qoʻygunimizcha quyosh chiqdi. Joyiga qoʻydik, tuproq tortildi, Qurʼon tilovatlarni qilib, qaytdik. Toʻti opam yashagan uyda fotiha oʻqib, oʻrnimizdan turganimizdan keyin yana yomgʻir boshladi. Bu endi Ollohning, Yaratgan egamning shu bandasiga boʻlgan cheksiz bir inoyati, fazli-karami deb bilaman.

Toʻti opam, ilohim joylaringiz jannatdan boʻlsin, yotgan joylaringiz gul-u rayhon islari bilan toʻlsin.

Lola ELTOYEVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, shogirdi

“Jaholat alangasi” videofilmida onamning rolini Toʻti opam oʻynaydi, deyishganida judayam qatttiq hayajonda boʻlganman. Qanaqa boʻlarkin, nima derkinlar, meni qabul qiladilarmi, yoʻqmi, deb oʻylaganman. Endi sanʼatga kirib kelayotgan, kichkina aktrisa boʻlsam. Ham unda oʻzimni aktrisa deb hisoblamasdim. Birinchi rolni menga ishonib berishganidan xursand boʻlib ketganman. Ota-onam rahmatli ham xursand boʻlishgandi, Toʻti opam oʻynarkanlar, deganimda. Toʻti opam bilan oʻsha yerda, Namanganda syomkada tanishganman.

Oʻsha birinchi koʻrganimda juda qoʻrqqanman, qanaqa boʻlarkin, deb. Lekin oʻzlari juda kamtar, juda samimiy, gapirishlari xalqqa birlashib ketadigan oddiy inson ekanlar. Oʻsha birinchi koʻrgnimda xalq bilan muomalalarini koʻrib qoyil qolganman.

Oldilariga kelib oʻzimni tanishtarganimda, “Hm”, deb menga boshdan oyoq qarab chiqdilar-da, indamadilar. Shunaqa qirralari bor edi. Indamay, sukut saqlab qarab turardilar. Rol ijro etayotganimda, sahnalarda meni kuzatib yurarkanlar. Nuriddin Qosimov rejissorligidagi Xurshid Doʻstmuhammadning “Jaholat alangasi” videofilmida Gulshod rolini oʻynayapman, desam, “Bildim, bildim, qizim”, deganlar. Meni zimdan kuzatib yurarkanlar, men buni bilmaganman, sezmaganman, chunki oʻzimga hech narsa aytmaganlar.

Bir judayam kuchli, emotsional, dardli, bosh qahramonning hayotini ostin-ustun qilib yuboradigan sahna bor edi. Oʻsha yerda yugurib kelib, “Onajon, onajon”, deydigan joyi bor. Oʻsha sahnaning oʻzida, hech qanday repetitsiyasiz, imprivizatsiya boʻlib rol ijro etganmiz. Meni urib ketganlar, “Sen qiz meni sharmanda qilding”, deb. Men oʻsha holatda boʻlganim uchun oʻzimni yoʻqotib qoʻymasdan, oʻzimni hech narsa boʻlmaganday tutib, toʻgʻri ijro etib ketganman.  “Bu qizni albatta bizning teatrga olib kelaman men. Bizning teatrda ishlashi kerak, har tomonlama bizning teatrga mos ekan, xos ekan”, degan ekanlar.  Buni keyin menga rahmatli rejissorimiz Nuriddin aka Qosimov aytganlar. “Hali senda yangiliklar, hayotingda katta oʻzgarishlar boʻladi, seni mana shu teatrga loyiq deb ketdilar”, dedilar.

Oʻshanda, birinchi marta Toʻti opam bilan birga partnyor sifatida, ona-bolani ijro etganmiz. Ular qanaqa ich-ichlaridan his etishlari, rolni yashashlari, oʻsha narsani oʻzlariniki qilib olishlari – hamma-hammasini kuzatib, oʻrganishga harakat qilardim. Judayam katta maktab bor edi ularda. Men buni sezardim. Har bitta qadamlarini kuzatib qarardim. Ular menga indamas ekanlar, men ularga ortiqcha gap-soʻz qilmaganman.

Ota-onam rahmatlini berib qoʻyganimda judayam yomon qiynalganman. Hozir shunaqa holatdaman...

Haqiqatdan ham dardga judayam chidamli inson edilar. Bunaqa dardni hamma ham koʻtara olmaydi. Shu tomonlarini, menimcha, hamma shogirdlar koʻrib, oʻrganishyapti, oʻzlariga ibrat qilib olishdi. Ularga davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, eʼtiroflar, eʼzozda boʻlishlari, Ollohga beadad shukur, hammamizga nasib qilsin.

Toʻti opajonim nafaqat biz sanʼatkorlarning, balki butun Oʻzbekistonning mehridaryo onasi edilar...

Valixon UMAROV, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, rejissor

Toʻti Yusupovaning aktyorlik mahorati va insoniy tomonlarini bir-biridan ajratib, alohida-alohida taʼriflab boʻlmaydi. U kishining qanday insonligi oʻynagan rollarida yaqqol sezilib turadi. Toʻti Yusupova katta sanʼatkorlar maktabini koʻrgani uchun ham, ishiga juda masʼuliyatli edi.  Rejissyorning tajribasiga yoki yoshiga qaramas edi... Chunki Toʻti Yusupova professional edi, oʻzidan talab qilingan rolni mohirona ijro etib berardi. Men Toʻti opa bilan 2003-yili Milliy teatrda “Oʻtgan zamon hangomalari” (Gʻafur Gʻulom asarlari asosida U.Azim inssenirovkasi) spektaklida birga ishlaganman. Toʻti opaga Buvi roli berilgan edi (Gʻofur Gʻulomning buvisi). U kishi  repetitsiyalarga har doim vaqtida kelib, jarayonni jim kuzatardi. Oʻz rolining holat-xarakterini aniq his etib, rejissor qoʻygan vazifani aniq bajarar edi. Koʻplab film, spektakllarda Ona rollarini ijro qilgan boʻlsa ham, hech qaysi roli biri-biriga oʻxshamagan.

Mening nazarimda, Toʻti opaning rollari muvaffaqiyatli chiqishiga eng asosiy sabab tabiatidagi kenglik, insoniylik hislatlari edi. Sahnada boʻlamidi, ekrandami – oʻynagan rollarida oʻzining sanʼatkorlik iqtidori, boy ichki dunyosi sezilib turar edi. Shuning uchun  Toʻti opa yaratgan qahramonlari odamning esida qoladi, qalbiga, tuygʻulariga taʼsir qiladi.

Toʻti Yusupova umri boʻyi sahnaga xizmat qildi. U kishidan  ajoyib rollar va yaxshi nom qoldi. Toʻti Yusupova oʻzi haqida yorqin xotira qoldirdi... Toʻti Yusupova ketgani yoʻq, chiroyli afsonaga aylandi, xolos...

Dilfuza RAHMATULLAYEVA, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor

Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupova mening xotiramda farzandiga mehr bilan boqqan, nigohi munis ona qiyofasida qoldilar... Boshidan hamisha oppoq roʻmoli tushmagan millat onasi qiyofasi... millatga xos andisha, oriyat, mehrli nigoh egasi...

Aktrisa turli mavzu va janrlardagi spektakllarda rang-barang xarakterdagi ayollar obrazini mahorat bilan ijro eta oldi. U qattiqqoʻl, bagʻritosh, satang ayollarni ham, mehribon, mushtipar, munis ayollarni ham birdek mahorat bilan gavdalantira oldi. “Qutlug‘ qon”dagi Nuri, “Boy ila xizmatchi”dagi Xonzoda, “Ufq”dagi Jannat, “Xolisxon”dagi Mastura satang... Barchasi birdek mukammal obrazlar... Televideniye orqali bugun qayta-qayta namoyish etiladigan “Kelinlar qoʻzgʻaloni”dagi Sotti obrazidagi qaynonaga sadoqatli, shu bilan birga chaqimchi, ikkiyuzlamachi kelin obrazini nihoyatda mahorat bilan ijro etilgan qiyofasi...

Hayot ayani qattiq sinadi. Farzandlarining joniga oro boʻlish uchun  eng ogʻir ishlarni qilishdan ham ogʻrinmadi, zarur boʻlganda hatto okeanortiga borib ishlab ham keldi. Farzandini yerga qoʻyganda, kelinini qizidek koʻrib, qaynona emas, ona boʻlib uzatishga kuch topdi.

Aynan tabiatan ato etilgan mana shu kuch unga turli qiyofalardagi, asosan, jabrdiyda onalar qiyofalarini ishonchli talqin etishiga imkon yaratdi. Nafaqat sahnada, kinofilmlarda, telavideniyeda yaratgan obrazlari haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin.

Yozyapman-u, “Abdullajon” kartinasidagi Xolida koʻz oldimga kelyapti. Aktrisa yaratgan ushbu obraz qalbida gʻubori yoʻq ayol timsoli. Balki shuning uchundir, bolaning begonasi ham yoʻq unga. Hammasiga mehri yetadi. Yoki televideniyeda yaratgan “Togʻlik kuyov”dagi Momoni eslang. Nabirasini oq yuvib, oq taragan, yomon ish-u odamlardan ayro saqlab, mehrla tarbiyalagan mehribon buvi.

Bugungi kundagi koʻplab ayol qizlarimizga ibrat, oʻrnak boʻladigan hayot yoʻli, ijod yoʻli, ustozlik martabasi bu aktrisamizga xos ediki,  u qalbimizda shunday yashab qoladi.

Milliy sahna sanʼatimiz yana bir katta harflar bilan yoziladigan ONAni yoʻqotdi...

Nodira MAHMUDOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, aktrisa

Toʻti onamiz juda irodali ayol edilar. Taqdir taqazosi bilan koʻp marta yaqin insonlarini yoʻqotgan boʻlsalar ham, yurish turishlarida, yuz-koʻzlarida, muomalalarida ichki tugʻyonlarini bildirmasdilar, oʻzlarini oʻta sokin tutardilar.

Ayniqsa, turmush oʻrtoqlari Mirgʻiyos aka bilan munosabatlariga hammamizning havasimiz kelardi. Oralaridagi talabalik davrida paydo boʻlgan mehr-u muhabbatni shuncha yillar davomida asray olishdi, hayotning past-u baland yoʻllaridagi qiyinchiliklarni sabr-u bardosh bilan, matonat bilan birgalikda yengib oʻtishdi. Bu koʻpchilikka haqiqiy maktab, oʻrnak boʻla oladigan hislat edi! Toʻti onamiz biz uchun haqiqiy oʻzbek ayolining chin timsoli edilar va doim shunday boʻlib qoladi.

Yulduz FAYZIY, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali katta muharriri, jurnalist

Faoliyatim davomida qahramoni Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupova boʻlgan qator koʻrsatuvlar tayyorladim. Esimda, 2013-yil “Kelinlar qoʻzgʻaloni” spektakli haqidagi “Bir asar tarixi” nomli koʻrsatuvni tasvirga olish ishlarini boshladik. Sotti obrozi uchun oʻzi topilmalar qilgani, koʻylaklarini oʻzlari tikib, ziraklarigacha yasaganlarini aytib bergan edilar. Ellik yildan ziyodroq qoʻshimcha kasb, tikuvchilik ham qilganlar. Keyinchalik “Uyga qaytib...” koʻrsatuvimga taklif qildim. “Opajon, yuring qadrdon yurtga bir borib kelaylik”, desam, “Qizim, ozgina betobman, sogʻayib olay, Samarqandga albatta boramiz, uyim shaharga yaqin”, degan edilar. U vaqtlar turmush oʻrtoqlari Mirgʻiyos aka hayot, ularni tanigan borki, bu juftlikka havas qilishardi.

Soʻnggi koʻrsatuvimizni tasvirga olish oson boʻlmadi. Yaʼni, 8 oy kutdik. Betobliklari tufayli ekranlardan ancha uzoqlashib qolgan edilar. Qizlaridek boʻlib qolgan sevimli shogirdlari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Lola Eltoyeva koʻrsatuv tasvirga olinishida yaqindan yordam berdilar. Uch kun davomida Toʻti Yusupova bilan suhbatlashdik. Ularning teatrga kelganda quvonganlari, shogirdlari, sahnadoshlari bilan koʻrishganda aytgan duolari va hayotiy iqrorlari har qanday insonning yuragini toʻlqinlantirib yuboradi. Efirdan soʻng Lola opam bilan u-bu koʻtarib uylariga bordik. Dasturxondagi koʻk bichag va sumalakdangina totindilar. “Yangilik-da, shukur”, deb xursand boʻlganlari kechagidek koʻz oldimda.

Oʻsha kuni uzoq suhbatlashdik. Gap orasida Samarqandga borib, bir vaqtlar niyat qilib qoʻygan rejalarimizni amalga oshirmoqchi boʻldik. “Ota-onamni ziyorat qilmoqchiman, Samaraqandga borgim kelyapti”, dedilar. Kunlar isishini kutishga kelishdik. Kunlar ham isir, ammo Toʻti Yusupova endi oramizda yoʻq... Samarqand, yana bir farzandingdan ayrilding... Oʻzbek sanʼatining yana bir chinori quladi.

“Orqamda qolinglar, elda aziz boʻlinglar. Hammasi yaxshi, hammasi yaxshi boʻladi. Umringlar uzoq boʻlsin” – shu gaplar Toʻti Yusupova bilan boʻlgan soʻnggi suhbatimiz va menga bergan oxirgi duolari boʻldi...

Oʻzlari aytgandek orqalarida qoldik, butun muxlislari, yaqinlari ular uchun duoda. Joylari jannatdan, oxiratlari obod boʻlsin.

Zulfiqor MUSOQOV, rejissor va kinodramaturg

Yana bir yuragimdagi bitmaydigan yara... Alvido, Opa...

Afsuski, sanʼatda rahmatli boʻlgan safdoshlarimning soni koʻpchilikni tashkil etyapti...

Iltimos, hayot sanʼatkorlar, oʻzlaringizni ehtiyot qiling...

“Hammasi xuddi rejissyor tomonidan tuzilgan bir hayot ekan. Buni men endi-endi bilaman, u paytlar bilmas edim. Men oʻtgan hayotimdan hech qachon armon qilmaganman” – bu gaplar Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupovaning oʻz hayoti haqidagi iqrorlaridan edi.

Nargiza ODINAYEVA

oyina.uz