Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya chin maʼnoda “ilm bayrami”ga aylandi.
Anjumanga dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan mutaxassislar tashrif buyurdi. Oyina.uz tadbirlar tafsilotlarini muntazam ravishda sizga ulashib bordi:
Ahamiyatli jihati, Beruniyning 150 asariga asoslangan 50 ga yaqin tadqiqotlar yagona toʻplam holiga keltirildi. Bu kitobning qiymatini soʻz bilan ifodalash qiyin. Chunki bu manba – buyuk olim ilmiga yetaklovchi 50 xil qarash, 50 xil rakurs degani.
Xorijliklar mana shu ilm yoʻlida Beruniy shaxsini yaqindan taniganlar va, oʻylaymizki, ularning mulohazalari sizlar uchun ham qiziq.
Budi Agung Sudarmanto, Indoneziya

Abu Rayhon Beruniyning Indoneziya madaniyatiga yaqinlik jihatlari bor. Alloma qadimiy sanskrit tili va dravid yozuvini oʻrganib, ilmiy izlanishlar olib borgan. Buni qarangki, aynan mana shu til keyinchalik Indoneziya tiliga aylandi. Zamonaviy indonez tilida sanskrit tilidan qolgan soʻzlar juda koʻp. Masalan, asara – aksara (yozuv), indra – indrara (maʼno), pravira – pervira (jasur), guru – guru (murabbiy, ustoz), devi – devi (iloha) va hokazo. Musulmon olimi sifatida Abu Rayhon Beruniyning merosi Indoneziya uchun muhim ahamiyatga ega. Biroq bizda bu haqda ilmiy adabiyotlar yetarli deb boʻlmaydi. Shu bois alloma merosi yuzasidan tadqiqotlarni, kitoblarni koʻpaytirishga katta ehtiyojimiz bor.
Massimiliano Borroni, Italiya

Beruniyning meteorologiyaga oid qarashlari bugun ham aktual. Uning aynan mana shu mavzuga atalgan asari boʻlmasa-da, barcha qoʻlyozmalarida meteorologik bayonlarni uchratish mumkin. Bu oʻz-oʻzidan olim tafakkurining yuksakligini anglatadi. Afsuski, uning bu sohaga oid qarashlari koʻproq ifodalangan “Kitob al-Anvoh” asari bizgacha yetib kelmagan.
Beruniy merosi bilan tanishayotganimda bir qiziq voqeaga duch keldim. U oʻz davrida hatto olimlar orasida ham mashhur boʻlgan yada (jada) toshini rad etgan. Oʻsha vaqtda bunday toshlar yomgʻir chaqiradi deb ishonilgan. Beruniy unga shunday tosh sovgʻa qilgan kimsadan yomgʻir yogʻdirishni soʻraydi. Tabiiyki, yomgʻir yogʻmaydi va sovgʻa egasi uyalib qoladi. Beruniy hududlarning iqlim sharoitlari bir-biriga oʻxshamasligini, yomgʻir yogʻish hodisasini turli marosimlar bilan emas, balki “togʻlarning joylashuvi, tuzilishi, shamol esishi va dengiz bulutlarining suzishi” bilan bogʻlash kerakligini taʼkidlagan.
Olimning meteorologiya, shu jumladan, iqlim sharoitlarini sezilarli darajada shakllantiruvchi, joiz boʻlsa, sivilizatsiyaga ham taʼsir koʻrsata oluvchi shamollar haqidagi fikrlari chuqur oʻrganilishga muhtoj.
Jalal Al Said Al Hafnaviy, Misr
.jpg)
Beruniyning asarlari juda ajoyib, uning kitoblari oradan X asr oʻtib ham dolzarbligini saqlab kelmoqda. Masalan, uning hind jamiyati va sivilizatsiyasi, urf-odatlari toʻgʻrisida yozilgan “Hindiston” asari bugungi kunda ham muhim, hindlarning qadimiy anʼanalarini oʻrganishda tengsiz manba hisoblanadi.
Beruniy oʻz davrida ilm-fan uchun katta hissa qoʻshdi. U boshqa dindagi xalqlar, mamlakatlarni oʻrganishga kuch sarfladi va bu bilan ilm olishda chegara yoʻqligini koʻrsatdi. Beruniy bilan tanishgan barcha sharqshunoslar uning qomusiy merosini eʼtirof etishadi. Olimning asosiy eʼtibori birinchi navbatda tabiiy fanlar, matematika, astronomiya va tibbiyotga qaratilgan boʻlsa-da, tarix haqida ham yozgan va arab manbalarida tajribali geograf sifatida tanilgan. Shuning uchun akademik Ignatiy Krachkovskiy arab geografiyasiga bagʻishlangan oʻz kitobida Beruniyga butun bir bobni ajratgan va unga nisbatan “shugʻullangan sohasini sanashdan koʻra shugʻullanmagan sohasini sanash osonroqdir” iborasini qoʻllagan.
Bachir Halafiy, Jazoir

Beruniy davrida hozirgidek maxsus taʼlim tizimi boʻlmagan, bilim asosan shaxsiy intilishlar orqali oʻzlashtirilgan. U davrda kitob tayyorlash oson ish emas edi, xattotning qoʻl mehnati bilan koʻchirib chiqilgan va bitta kitobni koʻpaytirish uzoq va qiyin jarayon boʻlgan. Ana shunday sharoitda Beruniy ilm olishga chanqoqligi tufayli insoniyat va islom tafakkuri tarixidagi eng yorqin mutafakkirlardan biriga aylandi.
Beruniy falsafa borasida chuqur bilimga ega boʻlgan. Uning falsafiy fikrlari teranligi mutaffakkirning Ibn Sino bilan suhbatlarida namoyon boʻladi. Ikki allomaning xat almashuvlari Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida qayd etilgan. Ibn Sino va Beruniy oʻrtasidagi bahslarda asosiy eʼtibor Aristotel falsafasi, yaʼni tabiiy mohiyat, koinot, ruh, his, metafizika kabi mavzularga qaratilgan. Bu olimning falsafa borasida mustaqil va oʻziga xos fikrlari mavjudligini isbotlaydi.
Amerikalik faylasuf va tarixchi Artur Upham Pope aytganidek, Beruniy dunyoning eng buyuk olimlari roʻyxatida yuqori oʻrinlarda turishi kerak. Na matematika, na astronomiya, na geografiya, na antropologiya yoki din tarixi uning ilmiy qarashlarisiz tugal boʻla olmaydi. Beruniy, shubhasiz, barcha zamonlarning eng buyuk aql sohiblaridan biri boʻlgan.
Muhammadqodir SOBIROV.
Oyina.uz
Oʻxshash maqola: