Ikkinchi kun

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar uchun moʻljallangan “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi oʻquv-seminarning ikkinchi kuni (18-iyul) ham oʻtdi. Shubhasiz, seminar ishtirokchilari uchun ikkinchi kun ham manfaatli boʻldi. Sekundomerni ishga tushiramiz va kun taassurotlarini sizlarga ham ilinamiz.

9.35

Bugun hamma deyarli bir xil koʻrinishda. Seminar ishtirokchilari oromgoh amfiteatriga toʻplanishgan. Oʻquv seminarining rasmiy ochilishida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiri Abduhalil Mavrulov sohaning tarixi va bugungi kuniga xos haqiqatlar haqida gapirib oʻtishdi. Minhojiddin Hojimatovning fikrlari esa koʻpchilikda shukrona hissiyotini uygʻotdi:

– Shunday davrlar boʻlganki, soha egalarining bir soʻm puli boʻlmagan... Kerak boʻlsa oyliksiz ishlaganmiz. Bugun esa unday emas... Bugun pulimiz ham bor, ruhimiz ham baland.

10.05

Seminar ishtirokchilari uchun kutilmagan jarayon boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri   Mansur Bekmurodov hamda T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi Muhammadjon Quronov “Sotsiologik soʻrovnomalar oʻtkazish, natijalarini olish va tahlil qilish texnologiyalari” xususida dars olib bordilar. Qizigʻi, mentorlar bu darsni debat tarzida birgalikda olib bordilar. Bir-birlarini toʻldirishdi, bir-birlariga savollar berishdi, oʻrni kelsa bahslashishdi... Muhimi, dars jarayoni va turli qiziqarli fikrlar hammaga manzur boʻldi:

– Bir narsaga oʻxshatib boʻlmaydigan narsani tushuntirib boʻlmaydi!

– Odamlarni yomonlik osonroq birlashtiradi – agar maʼnaviyat zaif boʻlsa...

– Och odamga maʼnaviyat kerak emas deyishadi... Lekin och odam kosadagi shoʻrva qayerdaligini bilishi kerak – buning uchun ham bilim yaʼni, maʼnaviyat kerak boʻladi.

11.20

Viloyat mutaxassislari toʻrt guruhga ajralishgan. Har bir guruhda uzoq yillardan beri shu sohada faoliyat yuritayotgan rahbarlar tajribasi muhokama qilinyapti. Bu jarayon boʻyicha Samarqand shahar boʻlinmasi rahbari Nigora Sadinova oʻz fikrini bildirdi:

– Bu seminar biz uchun haqiqiy muloqot maydoniga aylandi. Shaxsan menga maʼqul boʻlgan eng muhim jarayonlardan biri sohadagi hamkasblarimiz tajribasi bilan tanishayapmiz. Albatta, bu tajribalarni biz oʻz faoliyatimizda qoʻllab koʻramiz.

13.02

Tushlik dasturxonida palov. Bugun seminar ishtirokchilari oʻzaro tanishishga ulgurgan. Dasturxon atrofidagi doʻstona hazillar va samimiy suhbatdan soʻng hamma “maʼnaviyatchilar” bir manzilda toʻplanishdi. 

13.32

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev seminar ishtirokchilari bilan dildan suhbatlashayapti. Suhbat avvalida ular tomonidan ikki taklif bildirildi.

Birinchi taklif, har bir tuman boʻlinmasining rahbarlari oʻquv seminarida oʻzlashtirgan bilimlarini oʻz hududlaridagi taʼlim muassasalari vakillari bilan boʻlishishi kerak.

Ikkinchi taklif, boʻlinmalar bundan keyin har bir mahalla yetakchisi bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu takliflar tizim xodimlari tomonidan iliq qabul qilindi.

Prezident maslahatchisi seminar ishtirokchilari zimmasiga yangidan yangi vazifalarni yuklar ekan, oromgohdagi kun tartibi boʻyicha hazilomus fikrni ham oʻrtaga tashladi:

– Oromgohda yana uch kun boʻlasiz. Mana shu uch kun davomida uxlamasangiz, bir yil mazza qilib ishlaysiz.

Suhbat davomida seminar ishtirokchilari ham soha rivojiga oid taklif va tavsiyalarini bildirib oʻtishdi.

15.15

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Munira Qahhorovaning mashgʻulotlariga start berildi. Avvaliga seminar ishtirokchilari jamiyat ijtimoiy maʼnaviy muhitini baholash va uni sogʻlomlashtirish texnologiyasini ishlab chiqishga oid soʻrovnomani toʻldirishdi. Bu jarayonda soʻrovnoma shakli va uning effektiv taʼsiri xususida qoʻshimcha bilimlar berildi. Mentorimiz auditoriya tahlili xususida gapirar ekan, bugungi kun uchun ogʻriqli boʻlgan bir masalani oʻrtaga tashladi:

– Ijtimoiy tarmoqlardagi bemaʼni va axloqsiz kontentlarga “layk” bosayotganlar asosan yoshlar. Mana kimlar bilan ishlash kerak!?

16.00

Biz seminar ishtirokchilarining fikrlarini oʻrganishga kirishdik. Navoiy viloyati Xatirchi tumani boʻlinmasi rahbari Zohidjon Neʼmatov kun taassurotlari haqida gapirar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev bilan boʻlib oʻtgan suhbatni ijobiy baholadi:

– Bu suhbatdan keyin oʻzimizga ishonchimiz yanada ortdi, motivatsiya oldik, kelajak uchun masʼuliyat paydo boʻldi. Prezident maslahatchisi bilan bu qadar erkin muloqot boʻladi deb sira oʻylamagandim...

16.10

“Targʻibotchining notiqlik mahorati va targʻibot jarayonida oʻzini tuta bilish qobiliyatini shakllantirish” mavzusida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozovning mashgʻuloti boʻlib oʻtyapti. Notiqlikka oid qiziqarli maʼlumotlar va interaktiv keyslar seminar ishtirokchilarini xursand qilmoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani boʻlinmasi rahbari Dilorom Gʻafforovaning fikriga koʻra, dars hamma uchun juda manfaatli boʻldi. Ayniqsa, ushbu fikr unga juda maʼqul boʻlibdi:

– Nutq orqali hatto yomonlik ulashuvchi negativ odamlarni ham oʻzgartirish mumkin.

17.40

Oromgohning hamma burchagida tizim xodimlarini koʻramiz. Xodimlar tasavvurida maʼnaviyat tushunchasi yangilanmoqda. Bu borada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

– “Maʼnaviyat kerak emas” degan mazmundagi aqlga sigʻmas fikrlar quloqqa chalinadi, kimdir aytadiki, maʼnaviyat yoʻq narsa, uni qoʻl bilan tutib boʻlmaydi. Yana shunday odamlar borki, hamma koʻngilsizlikda maʼnaviyatni aybdorga chiqaradi. Hamma oʻz bilganicha talqin qilmasligi uchun ham maʼnaviyat tushunchasining mezonlarini ishlab chiqish kerak. Seminar orqali xulosa qilayapmanki, bu tushunchaning mohiyatini yanada aniqlashtirish lozim.

20.20

Oromgoh amfiteatrida 14 xil ovoz va talqindagi alla jarangladi. “Onam aytgan allalar” respublika tanlovi seminar ishtirokchilari uchun kutilmagan hodisa boʻldi. Beshiklarga qoʻshilib tebrangan milliy gʻurur va anʼanalar sabab vaqt oʻtib ketgani ham bilinmadi. Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova boshchiligidagi hakamlar hayʼati baholariga koʻra qizgʻin tanlovning natijalari quyidagi ketma-ketlikni hosil qildi:

1-oʻrin – Fargʻona viloyati;

2-oʻrin – Qoraqalpogʻiston Respublikasi;

3-oʻrin – Navoiy viloyati;

4-oʻrin – Surxondaryo viloyati;

5-oʻrin – Andijon viloyati.

21.20

Kechki ovqatdan soʻng seminar ishtirokchilari faoliyatlariga oid taqdimotlar, maqolalar va dasturlar tayyorlash uchun yana bir manzilda toʻplanishdi. Uyquga qadar har bir tizim xodimi vaqtdan unumli foydalandi. Shu tariqa manfaatli yana bir kun yakunlandi.

Yana ikki kun davomida bizni kuzatishingiz mumkin.