Yozilishi kerak boʻlgan asar yoziladi, zamonlar osha qolishi shart boʻlmagan voqealar vaqt-soati yetib unutiladi, tarixda hujjat sifatida qolishga munosib gaplar esa toshga oʻyib yozilgani kabi bitiklarda muhrlanib qoladi.

Men “Rejissyor”ning yozilishini, qogʻozga tushib, tarixda qolishini juda-juda istadim. Buning bir necha sabablari bor:

Birinchidan, asarga debocha oʻrnida qoʻyilgan “U hamon oʻch olmoqda” maqolasini oʻqib, ijodi ayni gullagan paytida mahv etilgan (asarning ikkinchi nomi “Bevaqt uzilgan tor faryodi” ekani bejiz emas) buyuk rejissyor Toshxoʻja Xoʻjayevning taqdiri juda qisqa tasvirlangani (maqola qattiq siqilgan prujinaga oʻxshaydi), goʻzal, bir paytning oʻzida fojiali hayot tafsilotlarini qayta tiklash zarurati “men mavjudman, meni yuzaga chiqar”, degandek boʻlardi. Yaʼni siqilgan prujinani qoʻyib yuborish talab etilardi. Bu ishni maqola muallifidan boshqa hech kim qilolmasligi kundek ravshan edi. Men bunga qattiq ishonardim, shu bois Dilorom opani yaxshi maʼnoda holi-joniga qoʻymadim. Qatʼiyatimga hozir hayron qolaman, bunga meni qandaydir bir kuch tinimsiz daʼvat qilardi. Buyuk va mazlum insonlar ruhi hamisha tirik, deb bejiz aytishmaydi donolar.

Ikkinchidan, bunday qatʼiy daʼvat bekorga boʻlmagan deb oʻylayman. Toshxoʻja Xoʻjayev oʻzini “mutafakkir rejissyor” (rejissyor shogirdi Bahodir Yoʻldoshev iborasi) sifatida namoyon eta boshlagan paytlar – 60-yillar boshlarida men Toshkentda emasdim. Oʻsha yillari oʻzbek radiosi ulugʻlik choʻqqisiga chiqqan edi. Biz kabi poytaxtdan olisda boʻlganlar tom maʼnoda “radio farzandi” edik (xuddi mashhur adib Jonrid Abdullaxonov “Radio oʻgʻli” nomini olganidek. U kishi Namangandan yayov poytaxtga kelib, radioda ishlab, uy-joyi yoʻqligidan radio binosida yashab yurgan). Oʻsha paytlarda oʻzbek radiosida “Teatr mikrofon oldida” degan maxsus eshittirish bor edi. Unda oʻzbek teatrining qator spektakllari ovoz orqali yangrardi. Xotirlashlaricha, bu buyuk aktyor Shukur Burhonovning ukasi, Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi rais oʻrinbosari Ubay Burhonning tashabbusi bilan tashkil etilgan ekan. Ayni tashabbus bizning avlod uchun tom maʼnoda ijodiy maktab boʻlgan. Jumladan, unda Toshxoʻja Xoʻjayevning shox spektakllaridan biri – “Oʻgʻirlangan umr”ni bir necha bor tinglaganmiz. Kitob bilan bir qatorda, radiodan yangragan ushbu spektakllar mening maʼnaviy-estetik tarbiyamda qanday ulkan rol oʻynaganini endi-endi anglab yetyapman.

1968-yilda poytaxtga kelganimdan keyin Hamza nomidagi akademik teatrda namoyish etilayotgan spektakllarni bevosita tomosha qilish nasib etdi. “Oʻlimdan kuchli” dramasini oʻn martalab tomosha qilganim kechagidek yodimda. Ayniqsa, bosh roldagi Turgʻun Azizov (keyinchalik rejissyorning ashaddiy taʼqibchilardan biri) va salbiy qahramonni gavdalantirgan Qudrat Xoʻjayev ijrolari gʻoyat taʼsirchan boʻlib, bir yarim-ikki soat davomida butun zalni oʻz bosimida tutib turardi. Oʻsha paytdagi taassurotlar, oʻsha davr oʻzbek teatriga boʻlgan otashin mehrim Toshxoʻja Xoʻjayevning fojiali taqdiriga befarq boʻlmay, ichikib munosabat bildirishimga sabab boʻlgandir, balki. Men u paytlarda oddiy tomoshabin boʻlib, teatrning ichki olamidan mutlaq bexabar edim. Oʻzaro suhbatlarimizda Dilorom opadan rejissyorning ogʻir taqdiri haqida bir-biridan ogʻir voqealarni, uyushtirilgan fitnalarni eshitarkanman, ichki tafsilotlar kelajak uchun, oʻzbek teatrining haqqoniy oʻtmishi uchun yozib qoldirilishi shartligini, aks holda tarixda dogʻ qolishi muqarrarligini angladim. Yuqorida aytilganidek, opani shular haqida yozishga qatʼiy undadim. Hatto hozir “opa yana bir harakat qilsa, ushbu voqealar asosida bir drama yozishi, uni rejissyor oʻzi ijod qilgan akademik teatr sahnasida yangi avlod aktyor-rejissyorlari saʼy-harakati bilan namoyish etishi mumkin boʻlardi. Nega boʻlmasin?!” deb oʻylayapman.

Bugun jadid bobolarimiz, ularning ulugʻvor amallari va fojiali taqdirlari haqida jiddiy tadqiqotlar olib borilyapti. Mohiyatan, Toshxoʻja Xoʻjayev ham 60-yillarning chinakam jadidi edi. Biz odatda sovet davridagi qatagʻonlar haqida gapirganda, asosan 20-30-yillar va 40-50-yillar, yaʼni Stalin vafotiga qadar boʻlgan davrga eʼtibor qaratamiz. Vaholanki, qatagʻonlar “xalqlar otasi” vafotidan keyin ham ochiq yoki yopiq tarzda imperiya qulaguniga qadar davom etgan. Millatparvar buyuk rejissyorning asarda tasvir etilgan ayanchli taqdiri ham shunday qatagʻon, “sovetona qabihlik” namunasi edi. Fikrimni isbotlashga harakat qilaman.

Qissa-esseda (asarning janrini shunday belgilashga jurʼat etaman) shunday yoziladi: “Toʻla aka milliy ruhni his qilolmaydigan, oʻzbek teatrida ishlab turib, qadriyatlarimizni pisand etmaydigan “oqsuyak” aktyorlardan oʻzbekona rollarni qizgʻanar edi. Hayotda ham, sahnada ham yolgʻonni yomon koʻradigan rejissyor tomoshabin oldidagi ijodkor masʼuliyatini birinchi oʻringa qoʻyardi. Qarangki, endilikda batamom unutilayozgan bu oliy xislat unga “guruhbozlik qildi”, degan ayb qoʻyilishiga “asos” boʻlgandi”.

Totalitar tuzum aynan shunday ijodkorlardan nihoyatda choʻchir edi. Rejissyor tarjimai holidan bilamizki, uning faol ijodi 60-yillardan boshlangan. Bu davrda tuzumning qonxoʻr dohiysi oʻlgan, yer yuzining oltidan birini tashkil etgan mamlakatda bahor epkinlari esib, “eruvchanlik” jarayonlari boshlangan. Adabiyot va sanʼat maydoniga “oltmishinchilar” deb nomlangan nisbatan erkin avlod kirib, oʻzining yangi soʻzini ayta boshlagan edi. Milliy jumhuriyatlarda totalitarizm sharoitida boʻgʻilgan milliy his-tuygʻularni ochiq namoyish etish uchun noyob sharoit tugʻilgan edi.

T.Xoʻjayev yosh jihatidan “oltmishinchilar”ga kirmasa-da, ruhan va maʼnan ularning safida edi. 50-yillarda Stalinning mashʼum soyasi tufayli choʻkib qolgan oʻzbek teatrida yangi hayot boshlangan bir paytda “qadriyatlarimizni pisand etmaydigan “oqsuyak” aktyorlardan oʻzbekona rollarni qizgʻanadigan”, buni amalda oʻzi qoʻyayotgan spektakllarda namoyish qilayotgan rejissyor Kreml mafkurachilarida jiddiy xavotir uygʻotmasligi mumkin emasdi. Ulugʻ rejissyor boshiga tushgan kulfatlarning asl sababini, menimcha, ushbu mafkuraviy xavotirdan izlash lozim. Asarda batafsil ochib berilgan Toshxoʻja Xoʻjayevni teatr bosh rejissyorligidan olib tashlash “operatsiyasi” Kremldan qilingan qatʼiy imo bilan amalga oshirilganini katta aniqlik bilan taxmin qilish mumkin. Baʼzan oliy dargohning imosi yozma amri farmondan-da kuchli boʻlib, bunday paytda olchoq ijrochilar hamisha topiladi. Bular Moskvaga ketib ham omadi yurishmagan Ginzburg boʻladimi, uning hamtovogʻi Safronov yoki teatrshunos Ribnik yoki rejissyordan alamzada aktyorlar, yoxud sotqin shogirdlar, bu endi masalaning texnik tomoni. Shunday qilib, oʻzbekning buyuk milliy rejissyori mahv etiladi. Tafsilotlarni esa asardan oʻqiysiz.

Buyuk nemis faylasufi G.V.F.Hegelning “Tarix falsafasidan maʼruzalar” asarida shunday gap bor: “Dunyodagi ulugʻvor narsalarning hech biri ehtirossiz yuzaga chiqmaydi”. Qissa-essеni jozibador qilgan ilk omil oʻzbek teatri tarixida chuqur iz qoldirgan ulugʻ rejissyorning fojiali taqdiri boʻlsa, ikkinchi omil, shubhasiz, ushbu taqdir tasviridagi muallifning koʻngil tubidan chiqqan kuyunchakligidir. Bunga subyektiv bir sabab ham bor. Opaning padari buzrukvori rejissyor bilan tengdosh – 1922-yil va qisman ayrim nuqtalarda taqdirdosh boʻlgan. Ayni shu holat rejissyor taqdiriga farzandlarcha achinish, jabrdiyda ustozga farzandlarcha muhabbat bilan yondashuvga maʼnaviy zamin yaratgan. Asardagi ayrim oʻrinlarda Ota va Rejissyor yagona obrazga aylanib ketayotgandek goʻyo.

Dilorom Karimova xalqimizning sevimli sanʼatkori, Oʻzbekiston xalq artisti. Bundan tashqari, uzoq yillar Oʻzbekiston televideniyesida telerejissyor sifatida talay telespektakllarni ekranga chiqargan. Qator kinossenariylar yaratgan. Shu bois rejissyor haqidagi qissa-esseni oʻz sohasini yaxshi bilgan, teatr qozonida qaynagan odam yozgani yaqqol seziladi. Aktyorlik va rejissyorlik kasbi haqidagi qator noyob kuzatishlar har qanday sanʼat shinavandasini ham, sanʼat nazariyotchisini ham befarq qoldirmaydi. Bir oʻrinda muallif Toshxoʻja Xoʻjayev va uning sodiq shogirdi Bahodir Yoʻldoshevning rejissyorlik uslubi haqida fikr yuritar ekan, bu taqqos shunchalik aniq va adolatliki, shu yerda ham Toshxoʻja Xoʻjayevning noyob rejissyorlik dahosi yaqqol namoyon boʻladi. Muallif ustozni shogirdga qarshi qoʻymaydi, lekin haqiqatdan ham chekinmaydi. Ustoz-shogird ikki rejissyorni shunday taqqoslaydi:

“Toshxoʻja Xoʻjayev bilan birga ishlagan aktyorlar ham uning spektakllaridagi har bir sahna va har bir ijrochining sahnadagi hayoti kuchli mantiq asosiga qurilganini eʼtirof etishardi. Hayotiy mantiq buzilmagani uchun ham sahnada yaratilgan hayot juda ishonarli, tabiiy, tushunarli va taʼsirli chiqadi. U tomoshadan bu tomoshaga xiralashib emas, yarqirab, jilolanib boraverardi.

Bahodir Yoʻldoshev ustozidan shu tomonlari bilan farq qiladi. Koʻpgina hollarda u sahnalashtirgan spektaklning dastlabki tomoshalari tomoshabinni nechogʻlik lol etmasin, aktyorlar oʻz ijrolari bilan nechogʻlik qoyil qoldirmasin, vaqt oʻtishi bilan asosan, aktyorlar ijrosida oʻpirilishlar yuz berardi. Yaʼni rejissyor shahdidan kuch olgan aktyorlar bora-bora uning taʼsiridan chiqib borar, oqibatda sahnadagi qahramonning joʻshqin his-tuygʻulari yoʻqolib, uning oʻrnini quruq va jonsiz tashqi qiyofa egallab olardi. Alaloqibat spektakl dastlabki tarovatini yoʻqota borardi”.

Keyin Aleksandr Ginzburg Bahodir Yoʻldoshevning talantiga tan bergan holda uni shampan vinosiga oʻxshatgandi... (184-bet)

Muallif haqiqatni sevadi – bu sevgi noyobdan noyobdir. Bu yoʻlda oʻzini ham ayamaydi. Bilamizki, asarda tasvirlangan voqealarning aksarida muallif qatnashgan, ichida boʻlgan. Bir oʻrinda sindirilgan rejissyor bilan uchrashuv haqida shunday gap bor: “Beixtiyor koʻzimiz koʻzimizga tushdi. Indamadilar. Begona odamni koʻrgandek, nigohlarini boshqa tomonga olib oʻtdilar. Men-chi? Qarshilarida toʻxtab, hol-ahvol soʻrash u yoqda tursin, salobatlari bosib, salom berib ham oʻtolmadim. Jurʼat qilolmadim. Chunki men xonadonlariga qadam bosmay qoʻygandim, dardlarini tinglamay qoʻygandim. Men ham boshqalar qatori Toʻla akadan voz kechgandim. Oddiy, tushunarli, jaydari soʻz bilan aytganda, sotqinlik qilgandim”. (118-bet)

Bu bir jihatdan, aktyorlik kasbining mutlaq oʻziga xosligi, yaʼni amalda, taxtda boʻlgan rejissyorga qaramligidan – rolni rejissyor ulashadi, aktyor rolsiz suvdan ayrilgan baliq kabidir. Undan tashqari, biz bandalar hammamiz unutish kasali (ayrim oʻrinlarda fazilati)ga mubtalomiz. Kundan kunga yangilanib turadigan hayot voqealari har qanday adolatsizlikni ham unutishga, hech boʻlmasa ogʻriqning oʻtmaslashuviga olib keladi. Uchinchidan, kechagina yonimizda yurgan katta odam tirikligida uncha qadrlamaymiz – yoningda oqqan suvning qadri yoʻq. U bizni tark etgandan keyingina boshimizni changallaymiz, uning kimligini, kimni yoʻqotganimizni tuyqus anglab qolamiz. Oʻlim bizning aqlimizni kiritadi goʻyo Lekin endi kech boʻlgan boʻladi. Ming afsuski, odamzodning azaliy tabiati shunday.

Asar dastlabki nusxalarida Shekspirning 19-soneti bilan tugallanardi. Lekin tavsiyam bilan asarga bir xatboshi qoʻshildiki, nazarimda, munosib xotima boʻldi:

“Balkon. Usta qoʻllarini iyagiga tirab, bu kunni ham abadiyatga uzatib, qilmishidan qizarib botayotgan quyoshni kuzatib oʻtirardi. Asta soʻnayotgan quyosh nurlari ustoz qalbida yana oʻsha ogʻriqli savollarni qoʻzgʻatdi: “Qachonlardir shunday rejissyor oʻtgan edi, deb kimdir meni eslarmikan?...” Savolga javob yoʻq. Lekin yosh halqalanib turgan katta-katta koʻzlar qorachigʻida botayotgan oftob yolqinlanib, ertaga, albatta, quyosh charaqlab chiqishidan darak berardi…” (143-bet)

Bu savolga biz, yaʼni hozirgi tiriklar aniq javob bera olamiz – shunday rejissyor oʻtgan va u hamon tirik. Bundagi “shunday” degan soʻz qaʼrida “buyuk” degan yana bir soʻz yashirin. Bunday fojiali qismat hammaga ham nasib etavermaydi. Jahon dramaturgiyasida mashhur, deyarli barcha tragik qahramonlar – buyuk insonlardir. Asarda ustaning alam bilan bergan

– Inson nega yigʻlaydi?, degan savoliga oʻzi javob beradi:

– Inson oʻziga achinganidan yigʻlaydi”.

Oʻziga achinish – ilohiy tushuncha va ilohiy holat. Buni anglagan ham oddiy odam emas, bu yolgʻon dunyoning odami emas.

Shu bois ham kirish maqolani ”Ulugʻ yigʻi yoxud shunday rejissyor oʻtgan edi” deya nomlamoqchi edik. Lekin Toshxoʻja Xoʻjayev maktabi hamon tirikligi bois, ul zot haqida qator maqola va kitoblar, jumladan, ushbu xotira-esse buning goʻzal isboti, “oʻtgan edi”ning oʻrniga “bor” soʻzini qoʻyishga qaror qildik.

Kitobdagi ikkinchi asar – “Teatr” essesi vaqt jihatidan “Rejissyor” dan besh yilcha avval yozilgan va chop etilgan. “Teatr” avval yaratilganiga qaramay, kitobning ikkinchi qismida berilmoqda. Gap shundaki, “Rejissyor”dagi voqealar 60–70-yillarda sodir boʻlgan boʻlsa, “Teatr”da qalamga olingan Hamza nomli akademik teatr jamoasining qoq ikkiga boʻlinib ketishi 80-yillar soʻngida, SSSR nomli imperiya parchalanishi arafasida roʻy bergan. Bu ikki hodisa – mutafakkir rejissyor, badiiy rahbarning ayni kuch-quvvatga toʻlgan paytda mahv etilishi va teatrning ikkiga ajralishi, shu bilan bosh rejissyor Bahodir Yoʻldoshevning ham salkam sindirilishi sal vaqt oʻtib siyosiy mustaqillikka erishgan mamlakat madaniy hayotida kichik voqea emasdi. Ushbu ayanchli voqealarning mashʼum soyasi oradan shuncha vaqt oʻtgan esa-da, oʻzining ogʻuli taʼsirini oʻtkazib turibdi. Bugun teatrlarimizda yangi dramatik soʻz ayta oladigan rejissyorlar, bosh rejissyorlar taqchilligini oʻsha davrdagi alamli xatolardan izlashimiz kerakdir, balki. Essedagi quyidagi mulohazalar fikrimizni aniq dalillaydi:

“Kunimiz oʻrtamiyona, chala rejissyorlarga qoldi. Rejissyor qoʻliga tushgan asarning uyoq-buyogʻini puflab, sahnaga shundoq koʻchirib qoʻyguvchi hunarmand emas, asarga chuqur maʼno, gʻoya yuklab unga jon berguvchi ijodkor. Rejissyor aktyorni charxlab, tizginda ushlab turguvchi, tinimsiz oʻz ustida ishlashga undovchi hukmdor. Sahnada kasbkorlik bor, biroq sanʼatkorlik yoʻqoldi-ku! Bu dahshat emasmi, doʻstlar?!” (shu kitob, 265-bet)

Ushbu qoʻshaloq asarni muayyan maʼnoda oʻzbek teatrining fojiali taqdiri haqidagi ikki pardali drama, deyishimiz mumkin. Koʻchma maʼnoda, albatta. Mulohazalarimiz soʻngida teatrshunos va dramaturg Shuhrat Rizayevning “Teatr” essesi va uning muallifi haqida” deb nomlangan kichik, ammo sermazmun maqolasini keltiramiz:

“Men Dilorom Karimovaning, albatta, ijobiy maʼnoda “jununvash” tabiatini hamisha his qilib yurardim. Teatrga adoqsiz muhabbati va sadoqatini ham anglardim. Biroq bu qadar nuktadonlik bilan teatr va aktyor hodisasini tahlil ham tavsif qilib berishini kutmagan edim. Esse kamina uchun tom maʼnoda kashfiyot boʻldi. Oʻzim essedagi voqealarga guvoh va aytish mumkinki, ichida yashaganim uchun ular hammadan koʻra menga yaqin va menga tushunarli boʻldi, nazarimda.

Hech mubolagʻasiz mazkur esse men teatr haqida oʻqigan adabiyotlarning eng yaxshilaridan, oʻzbek teatri va aktyorlik tabiati haqidagi eng maqbuli boʻldi. Muallifning nihoyatda inja kuzatishlari, tahlil, tadqiqlari qatorida qalbidan sizib chiqqan choʻng tuygʻular meni toʻlqinlantirdi, muallif zakosiga tan berishga daʼvat etdi. Tasvirlarning aniq va boʻliqligi, tiniqligi va obrazli ifodalari muallifning yuksak badiiy iqtidorini koʻrsatadi.

Ochigʻi oʻzim bir kun yozishim kerak, degan ichki majburiyat-qiynogʻimning zaxmini bosdi. Balki men bunaqa yozolmasligim ham mumkin edi, chunki mahliyolik “kasali”dan batamom holi boʻlib, sovuqqon aql va har narsadan baland haqiqat tuygʻusi bilan yondashish hazilakam ruhiy quvvat talab etmaydi. Dilorom opaga rahmat — oʻzbek teatri, yoʻq, oʻzbek madaniyati uchun nihoyatda muhim tarix va ibratni qogʻozga tushirgani, qalb harorati va koʻz yoshlari uchun…”

Bu asarga aniq va chuqur baho!

“Teatr” essesi chop etilganda asarning asosiy qahramonlaridan biri Bahodir Yoʻldoshev hayot boʻlib, oʻzi haqida achchiq va ogʻir haqiqatlar aytilgan esa-da, asardan mamnun boʻlgan va uni sanʼat hamda madaniyat oliygohida darslik sifatida oʻqitilishini tavsiya qilgan edi.

Soʻzim oxirida, nokamtarlik boʻlsa-da, aytaman: shunday ikki goʻzal va haqqoniy asar yaralishida avvalo turtki, soʻng doyalik qilganim uchun, odatda erkak doyalar ham bor, taqdirdan minnatdorman. Ikki ustoz-shogird Rejissyorlar ruhi bizdan rozi boʻlgan boʻlsin. Omin!

Suvon MELI,

Filologiya fanlari doktori, professor