Oʻzbekistonda keyingi 25–30 yil ichida roʻy bergan ijtimoiy-siyosiy evrilishlar haqida soʻz ketganda, mening koʻz oldimga Tanzaniyadagi Serengeti pasttekisligi keladi. Bu tekislik maydoni nihoyatda katta boʻlib, unga Keniya davlatining Masai-Mara qoʻriqxonasi ham kiradi. Ushbu goʻshada har yili bir marta tabiatning misli koʻrilmagan moʻjizasi roʻy beradi. Qurgʻoqchilik pallasida millionlab jonivorlar yoppasiga suv qidirib yoʻlga chiqadi. Aks holda suvsizlikdan halok boʻlishi mumkin... Bu gʻaroyib hodisa fanda “buyuk koʻchish” deb ataladi.
Mening Vatanimda ham Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya va Amerika tomonlarga “buyuk koʻchish” sodir boʻldi, hamon boʻlayotir. Ehtimol, odamlarni hayvonlar bilan qiyoslash nooʻrindir, lekin mushtarak bir jihat bor: ikkala holatda ham jon saqlab qolish uchun kurash ketyapti. Yalpisiga, ommaviy koʻchish shu qadar kuchayib ketdiki, baʼzi qishloqlarda hatto tobut koʻtargani toʻrt erkak topilmay qoldi. Baquvvatroq ayollardan biri toʻn ustidan belbogʻni mahkam bogʻlab, toʻrtinchi boʻlib tobut koʻtarganini eshitganmiz. Nima bu? Ikkinchi jahon urushi davrida shunaqa boʻlgan: hamma yumush ayollar, bolalar va qariyalarga qolib ketgan. Ammo xalqimiz uchun nihoyatda ogʻir boʻlgan oʻsha yillarda ham; qimmatchilik, ocharchilik, qahatchilik pallasi ham yurtimizda ayollar mardikorlikka chiqmagan!
Bu gaplarni nima uchun aytyapman? Shuning uchunki, jamiyatda ijtimoiy-siyosiy ahvol qanday boʻlsa, millatning maʼnaviy qiyofasi ham shunga muvofiq boʻladi. Zigʻircha kam ham, koʻp ham emas.
* * *
Hamma balo oʻshanda boshlandi. Bir kechada kolxoz va sovxoz degan tuzilmalar tarqatib yuborildi. Million-million kolxozchilar ertalab uygʻonib qarasa, oʻsha kundan eʼtiboran hech kim emas ekan! Bir kechada! Kolxoz-sovxoz tizimi moliyaviy, yuridik, ijtimoiy jihatdan toʻliq shakllangan tuzilma boʻlib, harna, odamlarning kuniga yarab turgan edi. Allaqayoqdan “fermer”, “ofis”, “supermarket”, “shef”, “shou” degan millatga yot tushunchalar paydo boʻldi. Bu soʻzlar chirib borayotgan kapitalizm dunyosiga mansub deb tushuntirilgan edi-ku bizga! Kolxoz “fermer xoʻjaligi”ga aylantirildi, birinchi sekretar “hokim” deb oʻzgartirildi. Xoʻsh, bu bilan nima oʻzgardi? Hech nima. Oʻsha “chirib borayotganlar”ga kulgi boʻlganimiz qoldi, xolos.
Fermerlik nimaligini oradan taxminan oʻttiz yil oʻtib, endi-endi sal tushungandek boʻlyapmiz. Avval boshda fermerlik – davlat yerlarini puldorlarga sotish boʻlsa kerak, deb taxmin qildik. Puli koʻp it ham, bit ham yer ola boshladi. Chayqovchi hokimlar dalalarimizni oʻng-u soʻlga pullayverdi. Natijada poraxoʻrlik, korrupsiya avjga chiqdi, millionlab kolxozchi va sovxoz ishchilari koʻchada qoldi. “Yer sotgan – er boʻlmas” degan naqlni unutib, hayot tarzimiz bugungidek tashvishli ahvolga kelib qoldi. Keyin bildikki, fermerlik degani butunlay boshqa narsa ekan. Gʻarbga sajda qiluvchilarning koʻngli uchun, mayli, kolxoz-sovxoz tizimi bilan baqamti fermer xoʻjaliklari ham ishlayversin edi. Xalqning oʻzi maʼqulini tanlab olardi, axir. Oʻshanda “buyuk koʻchish”lar sodir boʻlmasmidi deng... Hayronman, birinchi prezidentimiz oʻzi iqtisodchi boʻlaturib nega bunday yoʻl tutdi ekan? Keyin xatosini anglab qolib, “Yangisini qurmay turib eskisini buzmaslik kerak” degan shiorni oʻrtaga tashladi. Ammo endi kech, poyezd allaqachon ketib boʻlgan edi.
Bu ijtimoiy toʻs-toʻpolonda, ayniqsa, ayollarimizga qiyin boʻldi. “Temir xotin”dagi Qumrining ahvoli holva boʻlib qoldi. Ilgari oʻzbek ayoli deganda koʻz oldimizga ketmon koʻtargan zaifa obrazi kelardi, endi esa oʻzidan ham katta xoʻjalik sumkasini koʻtargan ayol qiyofasi gavdalanadi. Hozir ayrim odamlar oʻgʻil koʻrsa sevinmaydigan boʻlib qoldi, xudodan qiz soʻraydi. Chunki qiz toparmon-tutarmon boʻladi, oilasini (erini ham qoʻshib) boqadi. “Boquvchisini yoʻqotgan” deb otasi oʻlgan farzandlarga emas, onasi oʻlganlarga aytiladigan zamon keldi goʻyo. Hozir oʻgʻilni uylantirmaydilar, boyvachcharoq bir qizga “ilib qoʻyish” payida boʻladilar. Oʻgʻil bola biron ishning boshini tutib, hechqursa, oʻz qornini toʻygʻazsa ham katta gap boʻlib qoldi. Bizning zamonda boshqacha edi, otamiz uylantirib qoʻyardi – tamom, keyin oʻz aravamizni oʻzimiz tortar edik.
Maʼlumotlarga koʻra, million-million hamyurtlarimiz tirikchilik vajidan xorijga chiqib ketgan. Ularning har birida ikki-uch farzand bor. Bu yogʻi oddiy arifmetika. Necha million bola otasini koʻrmay boshi egik, tili qisiq, jurʼatsiz boʻlib oʻsyapti?! Bu yoshlardan nima kutamiz? Na oʻqishining tayini bor, na tarbiyasining!
Bir vaqtlar AQSh armiyasiga chaqirilgan yigitlarning ayrimlari ayolsifat qiliqlari, xotinchalish gap-soʻzi bilan qabul komissiyasini lol qoldirgan ekan. Darhol buning sababini qidirishga kirishilibdi. Harbiylarga gap yoʻq – darrov topishibdi. Oilada bolani ona tarbiyalaydi, unga qaraydigan enaga – ayol, bogʻchada ayol tarbiyachi, maktabda ayol oʻqituvchi, oliy oʻquv yurtida ham shu ahvol. Axir, bola umrida otasidan boshqa erkak zotini koʻrmagan boʻlsa, unda qatʼiyat, mardlik, jasorat kabi xislatlar qanday shakllansin?! AQSh harbiylarining talabiga binoan maktab, hatto bogʻchalarga erkaklar jalb qilina boshladi. Ularga ikki-uch barobar koʻp maosh belgilandi. Shoʻro mafkurachilariga xudo berib qoldi-ku: “Ana, kapitalistik mamlakatlarda xotin-qizlar mehnati kamsitilmoqda!” Ular parvo qilishmadi. Kino va teatrlarda haqiqiy erkak obrazlari paydo boʻldi. Arnold Shvarsenegger, Van Damm, Chak Norris, Silvestr Stallone, Stiven Sigal va boshqalarning jangari qahramonlari harbiylar buyurtmasiga binoan dunyoga kelgan.
* * *
Mard, jasur, adolatli odam birovni, hatto u eng katta rahbar boʻlsa ham, maqtab kun koʻrishni, bola-chaqa boqishni oʻzi uchun or deb biladi. Afsuski, yoshlarimizning maqta-maqtaga moyil “umurtqasiz” toifasi paydo boʻldiki, koʻrib lol qolasiz. Yoshlarning “umurtqasini toʻgʻrilash” uchun biz ham AQSh harbiylari tutgan yoʻlni tanlasak yomon boʻlmasdi, deb oʻylayman.
Biz adabiyot va sanʼatda zamon qahramonini yaratamiz deb chiranib yotibmiz. Lekin sira oʻxshamayapti qurmagʻur. Oʻxshamaydi ham. Chunki biz moʻljalni notoʻgʻri olyapmiz – asarlarimiz binosini maqtash va maqtanish negiziga quryapmiz. Vaholanki, zamonaviy qahramon deganda oʻquvchini (tomoshabinni) ijtimoiy faollikka undaydigan obrazlar tushunilishi kerak.
Tunov kuni televizor koʻrib oʻtirsam, bir shoir bola kattalarni maqtab sheʼr oʻqidi. Hali maktabbola boʻlgan bu yigitchaga maqtovbozlik nimaga kerak boʻlib qoldi ekan? Axir, hatto Prezidentning oʻzi “Kim meni maqtasa – dushmanim!” deb turibdi-ku. Ammo shunda ham maqtayveramiz! Jagʻimiz tushib qolguncha maqtaymiz! “Bugun sarbonimizni maqtab sheʼr yozolmadim” deb uxlolmay chiqqan shoirlarimiz qancha! Toʻgʻri, qiyin, xiyla mushkul. Lekin chidash kerak. Buning uchun odamda matonat boʻlmogʻi lozim. Tishingizni tishingizga qoʻyib sabr qiling, shoir inim, bir uxlab tursangiz koʻrmaganday boʻpketasiz!
Maqtayverib-maqtayverib, qay ahvolga keldik? Keyin nolib yuramiz: “Falonchi zulmkor boʻlib ketdi, ijod erkinligini boʻgʻib qoʻydi!” Oʻzimiz shunday qilib qoʻydik-ku, maqtayverib holi-joniga qoʻymadik-ku! Nahotki, hali-beri koʻzimiz ochilmasa?
Oʻtgan yil oxirida rejissyor Olimjon Salimov Oʻzbek davlat drama teatrida mening “Yer baribir aylanaveradi” degan pyesamni sahnalashtirdi. Asar nima haqida? Oʻzbek amaldorlari uchta masalada obroʻsi bir pul boʻlib, ishdan olinadi. Birinchisi hammaga maʼlum illat – poraxoʻrlik. Ikkinchisi – ayollar masalasi (chiroyli-chiroyli kotiba qizlar). Uchinchisi – farzandlar tufayli. Maʼlumki, katta amaldorning bolasiga hech kim eʼtiroz qilolmaydi. Oʻgʻli yoki qizi bosar-tusarini bilmay yuraveradi, chunki uning mushugini “pisht” deydigan mard anqoga shafe.
Men mazkur asarni yozish asnosida toʻrtinchi sababni ham kashf etdim. Bu – maqtov balosi ekan. Maqtov radiatsiyaday gap: hidi yoʻq, taʼmi yoʻq, rangi yoʻq, hujayra va toʻqimalarga singib borib, odamni shaxs sifatida ich-ichidan yemiradi, xarob qiladi. Maqtalayotgan kishi tashqaridan odamga oʻxshaydi, xolos, aslida, ichi chirib-irib ketgan boʻladi. Eng dahshatlisi – buni oʻzi sezmaydi.
Namangan viloyatida “Temir xotin” filmini suratga olib yuribmiz. Xalq artisti Nabi Rahimov keladigan boʻlib qoldi. Kichkinagina roli bor edi. Nabi akaning tashrifidan xabar topgan viloyat, tuman rahbarlari tipirchilab qolishdi-ku! Hali u yoqqa uchrashuvga olib ketib qolishadi, hali bu yoqqa ziyofatga. Rejissyorimiz jigʻibiyron. Shunday uchrashuvlardan navbatdagisi tuman tugʻruqxonasida boʻldi. Tumonat odam yigʻilgan. Tugʻruqxona bosh vrachi, koʻhlikkina ayol uchrashuvni ochib berdi:
– Oʻrtoqlar! Bizning tugʻruqxonamizda hamma sharoitlar muhayyo: chet eldan zamonaviy jihozlar, asbob-uskunalar olib kelib oʻrnatdik. Oʻtgan yili 85 nafar chaqaloq dunyoga kelgan boʻlsa, bu yil hokim buvamizning sharofatlari bilan 120 nafar chaqaloq tugʻildi!
Gap kelganda otasini ham ayamaydigan Nabi aka luqma tashladi:
– Bu gapdan chaqaloqlarning otalari xabardormi?..
Gurra kulgi koʻtarildi. Bosh shifokor qizarib, rahbarlarning rangi boʻzardi...
* * *
Qishlogʻimizda Koʻli bova degan chol boʻlardi. Shu deparada birinchi boʻlib shapka kiyganlardan. Partiya aʼzosimi-yoʻqmi – menga qorongʻi, lekin oʻzbek boʻlsa ham millati kommunist edi. Nihoyatda gapga chechan, zoʻr notiq, toʻy-maʼrakalarda doim oʻrtada – gapini hech kimga bermaydigan odam edi. Shahardagi qanaqadir texnikumni bitirib kelgan. Otamning sakkiz sinf maʼlumoti bilan maktabga direktorlik qilganiga qaraganda, texnikumni bitirgan mutaxassis bizning qishloq oʻlchovida akademik darajasidagi odam hisoblangan boʻlsa kerak. Urushdan keyingi yillar kadrlar masalasi eng dolzarb muammo edi-da.
Qish. Dala-dashtni, bel barobar desam lofdir, tizza boʻyi qor qoplagan. Koʻli bova toʻydan qaytyapti. Ziyofat quyuq boʻlgan koʻrinadi – kayf joyida. Bir payt zahar tang qilib, “yozilmoqchi” boʻladi. U yoq-bu yoqqa qaraydi: hech zog‘ yoʻq. Oppoq qorga sap-sariq boʻlib tushayotgan “yozuv” bova gandiraklab turgani uchun “P”ga oʻxshab ketadi. Kommunistlik qonda bor emasmi, darrov “P”ni “PARTIYA”ga aylantirib yuboradi... Buni uzoqdan bir choʻpon kuzatib turgan ekan. Yaqin kelib qarasa, haligi ahvol. Zudlik bilan selsovetga yuguradi. Selsovet raisi ikkita melisa bilan yetib kelib koʻrsaki, partiya “xor boʻlib” yotibdi! Bunday “bedodlik”ka chiday olmagan rais Koʻli bovani uxlab yotgan joyidan toʻppa-toʻgʻri Kolimaga, surgunga joʻnatib yuboradi.
Yoʻq, men zamonning telbavor ekaniga hayron boʻlmayman, meni boshqa narsa ajablantiradi. Haligi choʻponning psixologiyasini qarang. Qordagi yozuvni tayogʻi bilan oʻchirib tashlasa boʻlardi-ku. Harqalay, bir qishloqning odami – ertaga koʻz koʻzga tushadi. Xoʻsh, bu bilan nimaga erishdi u? Orden oldimi? Yo lavozimi koʻtarildimi? Keyin anglab yetdimki, bu ham maqtovning bir koʻrinishi ekan.
Koʻli bova surgunda koʻp boʻlmadi, Stalinning vafotidan soʻng oqlanib keldi. Biz, yoshlar u kishidan qamalishining sababini soʻraganimizda, miyigʻida kulimsiragancha “PARTIYA”ning oʻrniga “STALIN” deb yozsam boʻlar ekan” der edi. Eh, soddagina bovam-a... Koʻli bova men ikkinchi kursda oʻqiyotganimda vafot qildi. Bola-chaqa-yu nevara-chevaraning oldida, hamma bilan rozi-rizolik qilib, izzat-ikromda. Janozada tumonat odam yigʻildi. Viloyatdan, tumandan, hatto Toshkentdan yuzlab shogirdlari hozir boʻlishdi. Bizning qishloq qishloq boʻlganidan buyon bunaqa koʻp yengil mashina koʻrmagan boʻlsa kerak...
Otamning aytishicha, “siyosiy hushyor” choʻpon qishloqda bosh koʻtarolmaydigan boʻlib qolibdi. Hamma “Koʻli bovaning qamalishiga shu aybdor!” deya barmogʻi bilan koʻrsatadigan boʻlibdi. Qismati ham nihoyatda ayanchli yakun topgan ekan – boʻri yeb ketibdi. Qarindosh-urug‘ qolgan-qutgan suyaklarini yigʻishtirib, imi-jimida koʻmib kelgan ekan... Oʻshandan beri birovning shaʼniga hamd-u sano oʻqiyotgan odamni koʻrsam, “Ehtiyot boʻl, boʻri yeb ketmasin!” deb qoʻyaman.
Yana “Yer baribir aylanaveradi” spektakliga qaytamiz. Mansabning mazasini ham, azasini ham tatib koʻrgan sobiq amaldor bunday deydi: “Nega menga hech kim “yoʻq” demaydi? Gapimni inkor qilib, qarshi chiqsa nima boʻladi? Osmon uzilib yerga tushadimi, yo Yer aylanishdan toʻxtab qoladimi? Axir, hech nima boʻlmaydi-ku! Voy, xudoyim-ey, ijod ahlining ahvoli bu, ilm ziyolilarining ahvoli u – boshingni qaysi toshga urishni bilmaysan! Maqtov va laganbardorlik chidab boʻlmas darajaga yetdi! Qurvaqani bossang “vaq” deydi, bularni bossang “xoʻp” deydi! E, odamning har nima boʻlgani yaxshi!..”
Ha, laganbardorlik – maqtovning davomi. Bizdan bitta narsa talab qilinadi – u ham boʻlsa farzandlarimizni yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning yaxshisidan quvonib, yomonidan uyalib yashashga; eng muhimi, maqtashga emas, faxrlanishga oʻrgatmogʻimiz lozim.
Gohida aksar millatdoshlarim tomirida haligi choʻponning bir tomchi qoni qoʻshilib oqmayaptimikan, deb oʻylab qolaman. Aks holda Choʻlpon, Usmon Nosir, Qodiriylar juvonmarg boʻlib ketmasmi edi?! Televizorda sheʼr oʻqiyotgan haligi shoir bolaning, tugʻruqxona bosh vrachi – doʻxtir opamizning, otasiz va jurʼatsiz boʻlib oʻsayotgan bolalarimizning qoni tozamikan degan xayollar oʻrtaydi... Doim ham shunday boʻlib qolmas, deb oʻzimni yupataman. Bir kun kelib “boʻri yeb ketmaydigan”lar avlodi yetishib chiqishiga juda-juda ishongim keladi...
Sharof BOSHBEKOV
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son.
“Umurtqasiz odam” maqolasi