Qariyapman shekilli.

Bolalik xotiralarimning koʻpidan tafsilotlar oʻchib ketgan. Lekin, xayriyatki, mohiyat esimdan chiqmagan. Shulardan biri ilk bor durbinni qoʻlga olganim. Hayajondan yuragim qinidan chiqib ketay degan.

Oʻsha paytlar koʻzim juda oʻtkir edi desam, balki yolgʻondir. Lekin koʻzimdan sira nolimaganim aniq. Hamma narsani oʻz oʻrnida va oʻz shaklida koʻrar, tushunar edim. Lekin durbin fikratimni ostin-ustin qilib yubordi. Olisdagi narsa qoʻl uzatsam yetadigan masofaga kelib qolganday boʻldi. Beixtiyor qoʻlimni ham choʻzdim. Durbin oynasida bahaybat barmoqlarimni koʻrib, ularni shartta tortib oldim. Menga durbin bergan yigit kulib, qoʻlimdan durbinni oldi va uni aylantirib, yana qoʻlimga tutqazdi. Dunyo birdan uzoqlashib ketganidan battar talvasaga tushdim. Boyagina koʻz oldimda turgan daraxt bir chaqirim masofaga borib qolganday edi.

Albatta, bu hol optik illyuziya (tabiiyki, bu soʻzni oʻsha paytda bilmasdim) ekanini anglaydigan yoshda edim. Har qalay bu paytda talay kitoblarni oʻqigan edim. Durbinni avval koʻrmagan boʻlsam ham, u haqida oʻqigan, maʼlum tasavvurim bor edi. Biroq mavhum bilish boshqa, koʻz bilan koʻrib, qoʻl bilan ushlab koʻrish boshqa. Empirik bilim nazariy bilimdan ustun tuyulishining sababi ham shunda. Holbuki, ularning ikkalasi ham notoʻgʻri boʻlishi mumkin.

Durbin bilan bogʻliq yana bir xotira.

Qishlogʻimiz tepasidagi baland qir ustida olislarni tomosha qilardim. Bobotogʻning kunbotarida – Surxon vohasining gʻarbida Boysun togʻi bor. U menga ulkan qalʼa devori kabi tuyuldi. Bu “qalʼa devori” tarixini keyinlar oʻylaganimda, bolalikda oʻsha xotira endi tarixiy dalillar bilan toʻyinib quyidagi ifodani kasb etardi: Anvar posho Mirshodida toʻxtab, Ibrohim laqayni kutib oʻtirmaganida, Boysunni janubdan aylanib, Darband tepasidagi Temir darvoza darasini dushmandan oldinroq qoʻlga olganida edi, shoʻrolarni bu yurtga oʻtkazmagan boʻlardi... Ehtimol oʻshanda tariximiz ham butunlay boshqacha kecharmidi?!

Keyin durbin murvatini burab, yaqinroqdagi Soʻfi Ollohyor boboning qabri joylashgan Vaxshivor togʻini kuzatdim. Har darasidan bir soy yo jilgʻa shovullab enayotgan, qirlar yonbagʻrini qalin uzumzor qoplagan, quyuq daraxtlari tagiga tangaday soya tushmaydigan qishloqlarni tomosha qila turib, asli Samarqand ham jannatday joy, Soʻfi Ollohyor bobomiz uzlatni ixtiyor qilganda nega bu yurtga keldi ekan degan savolga javob qidirdim.

Durbinni janubga burib, juda olisda, saraton toʻzoni orqasida xira koʻrinayotgan maʼvolardan Jarqoʻrgʻon minorasini izladim. Mening bola paytimda bu minorani koʻpchilik bilmas, darsliklarda ham u koʻhna obida haqida yozishmasdi. Ammo jarqoʻrgʻonlik bir kishi bizning qishloqqa kelishi asnosida bu haqda bilib olgandim. Minorani topsam, har kimki uzlat ixtiyor qilsa, kimsasiz yurtlarga koʻchadi degan siyqa fikrdan gʻolib boʻlishimni bilardim.  Katta shaharda emas, kichik bir qishlogʻida shunday ulkan minorasi boʻlgan yurtni Soʻfi Ollohyor boboning uzlat uchun maskan tutishi, u bu yurtga tinchlik va ezgulik istab kelgan degan xulosani ustuvor qilishi lozim edi. Biroq uni topolmadim.

Durbin emas, teleskop boʻlganida uni albatta topardim, hatto Termizdagi Sulton Saodat majmuasini ham tomosha qilib, Termiz otaning qabrini koʻz bilan ziyorat qilardim deb oʻylaganim hozir ham yodimda.

* * *

Uch-toʻrt yil dorilfununda talabalarga saboq berdim. Keyin bu yumushni tashladim. Gap – eshitadigan quloqni emas, tushunadigan boshlarni topolmaganimda.

Bir kuni darsda badiiy asarlarga turlicha yondashish mumkinligini tushuntirish uchun misollarni qalashtirdim. Falon asar haqida pistonchi bunday fikr aytgan, pismadonchi uning bu fikriga qoʻshilmay munday degan, mening nazarimda esa... deb gapirib turgan edim. Toʻsatdan aytayotgan gaplarim talabalar ongiga yetib bormayotganini his qildim. Ularga bu fikrlar mutlaqo qiziqmas edi. Ayrimlarigina daftariga nimalarnidir yozib olardi. Qator oralab yurar ekanman, shunday daftarlardan biriga oʻgʻrincha qaradim... unday degan... munday degan...

“Gap nima deganidagina emas, nima uchun shunday deganida” dedim. Keyin “nega birontang savol bermaysan?” dedim zarda qilib. Hamma boshini egdi.

Nazarimda eng qobiliyatli tuyulgan bir talaba roʻparasida toʻxtab, qoʻlimdagi qalamni uning koʻz oʻngida tutdim. “Nimani koʻrayapsiz?” deb soʻradim. “Qalamni” dedi u. “Suvrat emas, shakl haqida gapiring” dedim ovozimdagi zarda ohangini bosishga urinib. “Nima shakl koʻrayapsiz?”. “Qalamni” dedi u yana.

Qalam uchini uning koʻziga toʻgʻriladim. “Endi nimani koʻryapsiz?”. “Qalamni” dedi u yana.

“Iltimos, – dedim oʻzimni bosishga va mehribon ustoz qiyofasiga kirishga urinib, – siz buning qalam ekanini bilasiz, lekin hozir bilganingiz haqida emas, koʻrib turganingiz haqida ayting! Qaysi shaklni koʻrayapsiz?”.

Jimlik.

Borib, doskaga katta bir nuqta chizdim va talabaning yoniga qaytdim. Uning yonida turib doskaga qaradim. Nihoyat, u mening nima javob kutayotganimni tushundi va shodon holda “qalamni emas, nuqtani koʻrdim” dedi.

Qoʻlimdagi qalamni yana uning koʻz oldiga tutib, bu safar yarim aylantirdim: “endi nimani koʻrayapsiz?”.

“Qalamni” dedi u ishonch bilan.

“Yana boyagi savolimni takrorlayman, siz buning qalam ekanini bilasiz, lekin hozir sizdan buning qalam yo qalam emasligini emas, aynan qanday shaklni koʻrayotganingizni soʻrayapman?”.

Yana jimlik.

Men yana doska oldiga qaytdim va qalin chiziq chizdim.

Ortimdan oʻziga ishonqiramagan ovoz eshitildi: “chiziqni koʻrayapman”.

Men yana dars mavzusiga qaytdim. Gap adabiyot haqida ketayotgan boʻlsa ham, biroz falsafa soʻqdim. Dedimki, gap doimo bizning narsa va hodisalarga qaysi nuqtadan qarashimizga bogʻliq. Qalamni tikka ushlasak tikka chiziqni, yotiq ushlasak gorizontal chiziqni, koʻzimizga qaratib ushlasak nuqtani koʻramiz. Lekin biz qaysi shaklni koʻrayotganimizdan qatʼi nazar, qalamning mohiyati oʻzgarib qolmaydi. U doimo qalamligicha qolaveradi.

Misolimiz konkret jism edi. Va bu jismni hammamiz yaxshi bilamiz. Mavhum narsalar haqida gap ketganda esa koʻpincha oʻsha mavhumiyatning shakli haqida gapiramiz. Asli, yaʼni mohiyatini esa shu shaklga bogʻliq ravishda tushunib olamiz.

Keyin umrida ilk bor filga duch kelgan koʻr odamlar haqidagi rivoyatni aytib berdim. Filning oyogʻini ushlagan koʻr uni ustunga, xartumini ushlagani ilonga oʻxshatadi. Ularning har ikkisi haq edi. Lekin aslida fil ustunga ham, ilonga ham oʻxshamaydi. U sizlar hayvonot bogʻida yo televizorda koʻrgan fil boʻlib qolaveradi.

Adabiyotshunoslik ilmida buni rakurs deydilar.

* * *

Bot-bot “Oʻtgan kunlar” romaniga toshlar otilib qolishi maʼlum. Ikki yilcha burun ham shunday xurujlardan biri sodir boʻldi. Shunda yana talabaga qalam koʻrsatganimni esladim.

Akrom Malikning “Oʻtgan kunlar” asari qahramonlari boʻlmish Yusufbek hoji, Otabek, Kumush, Zaynab haqidagi gaplari bahslarga sabab boʻldi. Biroq bu Akrom Malikning nuqtai nazari ekanini unutmaylik. Uning adabiyot, tarix va hayot haqidagi qarashlari choʻqqisidan turib qaralganda shunday koʻrinishi shubhasiz. Faqat bir nozik jihati bor: u asar haqida emas, uning qahramonlari haqida gapirgan. Xuddi filning oyogʻini ushlagan koʻr haq boʻlgani kabi, Yusufbek hoji oila izmini bir qadar xotiniga topshirib qoʻygani ham haq. Lekin nisbiy haqiqatlar har doim ham asl haqiqatga olib kelavermaydi. Millatning eng oldi odamlaridan biri boʻshang, boshqasi landovur boʻlsa, bundan “Xalq qalbiga “Sen shu qadar xorsan!” degan gʻoyani quyadi” deb hukm chiqarish adolatdan boʻlmaydi. Yusufbek hoji sirayam ideal odam emas. Otabek ham ideal odam emas. Margʻilonda yaxshi koʻrgan, sevgan xotini boʻla turib, “boʻshang”ligi uchun onasining gapi bilan ikkinchi xotinga uylanadi. Ammo bir jihatni ham sira unutmaslik kerak: boʻshang, landovur deyotgan qahramonlarimiz sira qoʻrqoq kishilar ham emas. Oʻzbekona, sharqona, iymonli kishining andishasining oʻrni ham bu xarakterlarda yaxshigina tosh bosadi.

Bu odamlar nihoyat bir kuni oʻziga “Bas!” deya olgani uchun ham bizning koʻz oldimizda qahramonga aylanadi. Mabodo, bu odamlar ideal qahramon boʻlishganida “Oʻtgan kunlar” romani ham paydo boʻlmasdi.

Aybsiz – parvardigor. Qodiriy bobomizning asarida ham kamchilik boʻlishi mumkin. Biroq avval goʻzallikni koʻra bilishga oʻrganish darkor. Eng avval el-yurt gʻamida sochi oqargan Yusufbek hojini, koʻnglini asrab qolmoqchi boʻlayotgan Otabekni, oʻlim toʻshagida yotganida ham qaynota hurmati uchun oʻrnidan qoʻzgʻolgan Kumushni, “Men – Kumush!” deb yolvorgan baxtiqaro Zaynabni koʻrishni oʻrganmasak, adabiyotimiz orqaga ketaveradi.

Oʻrganish... goʻzallikni koʻrishga oʻrganmasak, nuqul kamchilik, xato topaveramiz. Chunki goʻzallikni koʻrmasak, demak, xunukni koʻrayotgan boʻlamiz. Qalamni goh chiziq, goh nuqta shaklida koʻrganimiz bilan qalamning mohiyati oʻzgarib qolmaydi axir.

Durbin olib qarasak, Navoiy bobomizning saltanat hukmdori Boyqaroga bagʻishlab yozgan oʻnlab  madhiyalariga duch kelamiz. Bemalol “iya, Navoiy bobomiz ham maddohlik qilganmi?” deb yuborishimiz mumkin. Durbinni aylantirsak-chi? Koʻz oldimizda buyuk Navoiy paydo boʻladi va birdan anglab yetamizki, Navoiy bobomiz hukmdorga qarata “Siz shunchalar buyuksizki, yomon qiliqlar bunday buyuk odamga sira yarashmaydi” deb tarbiyalayotgan boʻlib chiqadi. Bobomiz el-yurt manfaati uchun maddohlik jandasini yelkasiga ilishdan sira or qilmagan ekan deymiz.

Bu koʻhna tarixni idrok qila turib tushundimki, Navoiy Boyqaro yonida siz buyuksiz deb turgan chogʻlarda shoh ham oʻz buyukligiga ishongan va faqat buyuklarga xos ishlar qilgan ekan. Navoiy shoh yonidan uzoqlashgandagina Boyqaro fitratidagi badbinlik, jaholatga yoʻl ochilgan. Chunki Navoiy qoʻrgʻon edi.

* * *

Adabiyot er-xotin munosabatlari, qoʻydi-chiqdi mavzulariga oʻralashib qolayotgan, sheʼrlar oh-vohga, nasriy asarlar nuqul umurtqasiz qahramonlarga toʻlib ketayotgan boʻlsa, bunga jamiyat sababchi emas. Qalam ahli qoʻlida durbin yoʻqligidan. Yoki qalamni aylantirib koʻrmayotganidan.

Musulmon NAMOZ

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Durbin va qalam” maqolasi