– Mavluda opa, xalq shoirining farzandi boʻlish kishiga faxr boʻlish bilan birga masʼuliyat ham yuklaydi...

– Tabiatan tortinchoq boʻlganim bois iloji boricha maktabda, universitetda otamning kimligini bildirmaslikka harakat qilardim. Chunki Abdulla Oripovning qizi, deya imtiyozga ega boʻlishni istamasdim. Meni oʻz kuchim, bilimim bilan tanishsin, derdim doim. Bu ikki narsa hayotimda aralashib ketishini xohlamaganman, ochigʻi.

Bolaligim zavqli va birmuncha qiyin oʻtgan. Sakkiz yil ayamning qistovi bilan Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida oʻqib, pianino chaldim. Soat 2-3 gacha oddiy fanlar oʻqitilar, kechki 7-8 gacha esa musiqa darslari oʻtilardi. Tengqur oʻrtoqlarim maktabdan kelib, koʻchada oʻynardi. Men boʻlsam uyda oʻtirib, yana kamida ikki-uch soat repetitsiya qilishim kerak edi. Shu narsa alam qilar, nega men ham boshqalardek oʻynolmayman, derdim. Bolalik ana shu – oʻzimni majburlab oʻqishlarim bilan ham xotiramda qolgan.

Musiqa men uchun emasligini ich-ichimdan his qilardim, ammo 8-sinfdan keyingina ayamga “muzikant” boʻlgim kelmayapti, deya oldim. Ota-onam vaziyatni toʻgʻri tushunib, oʻqishimni 64-maktabga oʻtkazishdi. Darslardan keyin boʻsh vaqtim koʻp edi, lekin endi koʻchaga chiqib oʻynagim kelmasdi. Doimiy mashgʻulotlarga oʻrganib qolganim uchun ingliz tili kurslariga qatnay boshladim. Repetitorim sen yaxshi oʻzlashtiryapsan, hatto roman-german fakultetiga kira olasan, dedi. Shu gap motivatsiya boʻlib, oʻqishga tayyorlana boshladim.

Test tizimiga oʻtishning birinchi yili edi. Gazetada chiqqan savollarni kesib olib yechar, tinimsiz kitob oʻqirdim. Kuchli tayyorgarlik bilan oʻtgan yoz oxirida talaba boʻldim. Dadam oʻqishga topshirganimni bilmas, Oʻzbekiston Milliy universitetining roman-german filologiyasi fakultetiga shartnoma asosida oʻqishga qabul qilinganimni uyala-uyala aytganimda, biroz indamay turib, “oʻqitaman”, deganlari yodimda.

– Lekin adashmasam, mutaxassisligingiz filologiya emas, biznes yoʻnalishini tamomlagansiz?

– Shunday. Birinchi kursni tugatganimizda, oʻrtogʻim Texnika universitetida Malayziyaning biznes fakulteti ochilganini aytib qoldi. Uning tavsiyasi bilan oʻsha yoqqa ham hujjat topshirib koʻrdim. Baxtni qarangki, oʻqishga kirdim. U vaqtlari biznesni olib-sotarlik deb tushunishardi. Endi “roman-german”ni tashlab, bozorchilikka oʻqiysanmi, ham deyishgan menga. Shuning uchun uyimdagilarga aytishga choʻchiganman. Lekin otam uzoqni koʻra oladigan odam boʻlgan ekanki, bu gal ham qarshilik qilmagan. Yangi oʻqish dunyoqarashimni tubdan oʻzgartirib yubordi. Bizga karerasini yoʻlga qoʻyib olgan ayol oʻqituvchilar dars berardi. Ularni koʻrib, oilasi va bolalari bor ayollar ham katta universitetlarda oʻqisa, ishlasa boʻlarkan-ku, degan fikr uygʻongan. Men ham shularday boʻlaman, degan maqsad tugʻilgan koʻnglimda.

– “Amerika orzusi” butun dunyoga yoyilgan. Ammo hamma ham uning roʻyobiga erishavermaydi. Sizda bu jarayon qanday kechgan? Umuman, Amerikaga ketish haqida avval boshdan oʻylaganmisiz?

– Turmushga chiqqach, 2000-yili Turkiyaga ketdim. Maktabga ishga kirib, ingliz tilidan dars bera boshladim. O‘qituvchilarning hurmati baland edi, qiynalmay ishlardim. Shuning uchun Qirgʻizistonga ishga taklif qilishganida, turmush oʻrtogʻim birdaniga koʻnib qoʻyganiga hayron qolganman. Sababini soʻrasam, “Oʻzing bilmaysan, lekin yurtingni juda sogʻinganding, Vataningga, oilangga yaqinroq boʻlishing, borib-kelish senga osonroq boʻlishi uchun rozilik berdim”, degandi kulib

Olti yilcha Qirgʻizistonning Talas shahrida yashadik. Bolalarni, kasbimni yaxshi koʻrib qolgandim. Shuning uchun u qadar yaxshi rivojlanmagan shaharda ham respublika miqyosidagi katta loyihalarni boshlagandik. Koʻp oʻtmay, oʻquvchilarimiz yaxshi natijalar koʻrsata boshladi. Lavozimim koʻtarildi. 2008-yili esa Amerikaga migrantlarga ingliz tilini oʻrgatish uchun ishga chaqirishdi.

2008–2018-yillari maktablarda direktor oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdim. 2018-yildan buyon Texas shtatida 72 ta maktablik tizimda oliy oʻquv yurtlari va kasb hunarga tayyorlash yoʻnalishi rahbariman (Harmony Public Schools, Director of College and Career Counseling). Bu oʻquv ishlarini, oʻqituvchilar faoliyatini boshqarish, test sistemasini, umuman, taʼlim yoʻnalishida nimaiki talab qilinsa, barchasini nazorat qilishga masʼul boʻlish degani. Bolalarni universitetga, kasb-hunarga tayyorlash ishlariga javobgarlik ham mening zimmamda. Pedagog kadrlarga trening oʻtishni tashkillashtirib, buning oʻqitish samaradorligiga qanday nafi tegayotganini tekshiraman.

– Ish jarayoningizda tizimga oʻzingiz ham biror yangilik kiritdingizmi?

– Amerikadagi ilk yillarimda ilgari surgan tashabbusim bugun butun shtat uchun dolzarb masalaga aylandi. “Miss Oripova, siz qilgan yangilik bizga endi yetib keldi”, deyishadi hamkasblarim hazillashib. Gap shundaki, shtat taʼlim vazirligi oʻquvchilar uchun barcha imkoniyat, imtiyozlarni beradi. 12-sinfni yakunlagan oʻgʻil-qizlar universitetda 2-kursdan oʻqishni davom ettirishi mumkin. Buning uchun oʻquvchi maktabdayoq universitetda oʻtiladigan darslarni oʻqiydi. Biroq bolalarda fanlarni toʻgʻri tanlolmaslik, imkoniyatlarini chamalay olmaslik koʻp kuzatiladi. Natijada fanlar ogʻirlik qiladi, maktab va universitetdagi baholar tushib ketadi. Koʻpchilik oliy taʼlimni bitira olmaydi hatto.

AQShda yana 20 yildan keyin kadrlar yetishmovchiligi boshlanishi prognoz qilinib, hozirdanoq tahlika boshlangan. Masalan, aytishniklar, matematiklar, injenerlar tanqisligi kuzatilishi mumkin. Chunki, aytganimdek, bu fanlarni oʻzlashtirib, oʻqishni tamomlab, diplom olish sezilarli kamayib ketgan. Sabab ayni shu – oʻquvchining iqtidoriga koʻra maktab davridayoq oliy taʼlimga moslashtirilmagani va notoʻgʻri tanlangan fanlar, kasblar...

Ishni maktabdan boshlash kerak, degan toʻxtamga kelindi. Holbuki, men buni 10 yil avval oʻz tajribamda isbotlab bergandim. Oʻquvchilarim bilan suhbatlashar, iqtidori, qiziqishlaridan kelib chiqib fan, yoʻnalish tanlardik. Natijada ularning oʻzlashtirishi tushib ketmas, universitetni bemalol tugatib, yaxshi kadrga aylanishardi. Doktorantura bosqichida xuddi shu sistemaning afzal tomonlarini tajribalarim misolida isbotlab dissertatsiya yoqladim. Bugun shtatda bu tizim deyarli majburiyga aylantirildi.

– Oʻzbekiston maktablarida oʻqigan va bugun xorijda shu tizimda ishlayotgan xodim sifatida taʼlimdagi farqlarni nimalarda koʻrasiz?

– Bugun Oʻzbekiston xalq taʼlimi tizimida ixtisoslashgan maktablar paydo boʻlganidan quvondim. Bu juda yaxshi siljish. Agar oʻquvchiga yoʻnaltirilgan bilim berilsa, kelajakda kuchli kadrga aylanadi. Lekin bu tabaqalanishga olib kelmasligi kerak.

O‘qituvchilar faoliyatini baholash tizimi ikki mamlakatda turlicha. Amerikada muallimlar ishining samaradorligi oʻquvchilarining bilimiga koʻra aniqlanadi. Oʻzbekistonda esa pedagoglarning oʻzlari attestatsiyadan oʻtkaziladi. Yaʼni, oʻqituvchi imtihonga tayyorlanish uchun bor eʼtiborini oʻzini rivojlantirishga qaratadi. Natijada bolaga yetarlicha bilim, eʼtibor berilmaydi. Shu tizim xatodek, axir oʻqituvchi oʻta aqlli boʻlgani, imtihondan yuqori ball olgani bilan oʻquvchiga yetkizib berolmasa, bunday ilm nimaga kerak?

Amerikada har chorak yakunida oʻquvchilarning bilimi imtihondan oʻtkaziladi va ular olgan natijalarga koʻra ustoz baholanadi. Shuning uchun oʻqituvchi bor kuchi bilan mavzuni bolalarga tushuntirishga, yaxshi dars oʻtishga harakat qiladi. Muallimning oʻzigina bilgani hech narsani oʻzgartirmaydi, u oʻquvchini ham oʻzgartirishi, oʻstirishi kerak.

– Oʻzbekistonda juda koʻp muammolar ildizi taʼlim sifatining pastligi, yaxshi kadrlar yetishmasligi bilan bogʻlanadi. Agar sizga imkon berilsa, milliy taʼlim tizimimizda nimalarni oʻzgartirgan, nimalar qilgan boʻlardingiz?

– Oʻrganganlarimni Oʻzbekistonda amalga tatbiq qilishni juda istayman. Amerikadagi biror dasturni oʻzimizda ham qoʻllasa boʻlarkan, degan oʻylar kechadi doim xayolimdan. Agar imkon berilsa, xalqaro miqyosda sinovdan oʻtgan tayyor dasturlarni avval bitta yaxshi natijali va bitta oʻzlashtirishi past, boshqarish qiyin maktabda sinab koʻrardim. Chunki hozir nimanidir yangidan yaratishdan koʻra, foydasi isbotlangan dasturlardan foydalanish toʻgʻriroq boʻladi. Bu vaqt va natijaga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Samarasi, oʻzgartirish kerak boʻlgan jihatlari bir-ikki yilda bilinadi. Shundan soʻng respublika boʻylab ommaviy tatbiq qilish mumkin boʻladi, nazarimda. Chunki har qanday dasturni sinamasdan, moslashtirmasdan birvarakayiga umumiy joriy etib boʻlmaydi. Bu aks taʼsir qilishi mumkin.

Amerikada taʼlimga biror yangilikni kiritish oldidan eng avval oʻqituvchilar fikri oʻrganiladi. Tashabbusni yoqlagan direktor va pedagoglarning maktabida dasturni sinovdan oʻtkazishni boshlaymiz. Chunki har qanday innovatsiya juda koʻp oʻzgarishlarni boshlab keladi. Koʻpgina o‘qituvchilar esa doimiy qulay muhitidan chiqishni istashmaydi, ularning yillar davomida koʻnikkan qoidalari, amallari bor. Shuncha yillik tajribasini bir chetga surib qoʻyib, umuman boshqa yangilikni kiritsangiz, oʻzlarida bosim, zoʻriqish sezadilar. Natijada bu oʻqitish sifatiga taʼsir qilmay qolmaydi. Oʻzgarishlarga oʻquvchilar tez oʻrganadi, lekin ustozlar qiynaladi. Har bir tizimda boʻlgani kabi taʼlimda ham innovatsiyani amaliyotga joriy etadigan odamlarni oʻzgartirish qiyin. Va yana, yangilikni amalga oshirish uchun hamma resurslarni berishingiz kerak. Boʻlmasa, quruq gap bilan hech narsaga erisha olmaysiz.

– Gʻarbda 16–18 yoshdayoq farzand mustaqil boʻladi va oliy taʼlim haqida uning oʻzi va oʻzigina qaygʻuradi. Bu hol oʻsha mamlakatlarni taraqqiyotdan toʻsmadi, aksincha, eng yaxshi olimlar, eng kuchli kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qilyapti. Bizda esa yaratilayotgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlarga qaramay, bugun mutaxassislar taqchilligi bor. Kelajagini xorijda koʻrayotgan yoshlar ham koʻpchilikni tashkil qiladi, afsuski. Ikki manzarani solishtirib, oʻzi yoshlarga imtiyozlar berilishi kerakmikan, degan savol tugʻiladi.

– Oʻquvchilarning toʻgʻridan-toʻgʻri, hech qanday imtihonsiz oʻqishga kirishlari notoʻgʻri, buni yoqlamagan boʻlardim. Amerikada ham imtiyozlar bor, faqat bu imtihonsiz talaba boʻlish imkonini bermaydi. Oliy taʼlim muassasalarida ikki bosqichda sinov oʻtkaziladi. Dastlab test sinovlarida nomzodlar birlamchi saralanadi. Keyin insho (esse) yozdiriladi, bunda koʻproq abituriyentning xarakteriga eʼtibor qaratiladi.

Hozir Amerika universitetlarida insho oʻqishga qabul qilishda asosiy argumentga aylangan. Agar bolaning maktabdagi baholari zoʻr boʻlib, testdan ham yaxshi oʻtsa-yu, inshosida shuni aks ettirolmasa, oʻqishga kirolmaydi. Chunki uning ichki motivatsiyasi, shaxsiy istagi yoʻq. Nega shu ishni qilganini bilmaydi. Nega injener yo shifokor boʻlmoqchisan, degan savolga javob berolmaydi.

Inshoda abituriyent oʻzi tanlagan yoʻnalish boʻyicha ilgari bajargan amaliy ishlarini koʻproq bayon etsa, unga shuncha yuqori baho qoʻyiladi. Chunki faqat bilim olmay, kelajak uchun nimalardir qilgan. Imtiyoz masalasiga kelsak, aytaylik, fanlar olimpiadasida gʻolib boʻlish imtiyoz sanalsa-da, inshodagi bitta plyus, xolos. Universitet buni istasa qabul qiladi, istamasa yoʻq. Sababi, oliy taʼlim dargohlari bu – akademik bilim markazi degani. Bilim olish uchun bilim bilan kirish kerak, imtiyoz bilan emas.

Oʻzbekistonda imtiyozlarning koʻpligi oʻquvchini asosiy ishi – bilim olishdan chalgʻitib qoʻyadi. Toʻgʻri, imtiyozga ega boʻlish uchun ham harakat qilinadi, lekin bilim olinadimi-yoʻqmi – soʻroq ostida qoladi baribir. Bu nafaqat oʻsha soha, balki jamiyatning kelajagi va oʻquvchining oʻz taqdiri uchun ham xatarli.

– AQShda bitiruvchi talabalarning ishga kirish jarayoni qanday, bu borada qiynalishmaydimi?

– Qoʻshma shtatlarda universitetlarning asosiy reytingi bitiruvchilarga ish topib berishi bilan oʻlchanadi. Shu bois ham oʻqishga qabul qilishda hech qanday korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilinadi. Chunki bilimsiz talabaning bitirishi va ishga joylashishi qiyin boʻladi, natijada universitet reytingi tushib ketadi. Amerikada universitetlar bilimli talaba uchun talashadi. Oʻquvchilar bir vaqtda bir nechta universitetga hujjat topshiradi va eng koʻp pul taklif qilganini tanlay oladi. O‘qishga kirish vaqtida bilimli abituriyent emas, universitetlar qiynaladi.

Feruza XAYRULLAYEVA

Oyina.uz