...Jaloliddin mendan qochib qutildi, ammo men 

Torobiydan qochib qutulolmadim...

Chingizxon iqrori

Torobtepaga borish avvali sayyohlar tilida “Labi haus” tarzida yangraydigan soʻlim “Labi hovuz” boʻyida qoʻnim topdim. Besh yillar burun bu yerga kelganimda Afandining eshak minib turgan oʻsha mashhur haykali hovuz boʻyida edi. Oʻng qoʻli koʻksida, chapi bilan tanga tutib turgan Xoʻja Nasriddinning nega bunday tasvirlangani haqida oʻsha yerlik aholidan ajib rivoyat eshitgan edim. Emishki, mol-dunyoga mukkasidan ketgan boy bexosdan hovuzga tushib ketadi. Xoʻppasemizni suvdan tortib chiqarishga hech kimsaning chogʻi kelmabdi. Shunda Afandi boyga “ma, ol... ma, ol...” deya tilla tanga bermoqchi boʻlib, boyni suvdan chiqishga majburlagan ekan. Buyam bir nafs yoʻlidagi hiyla-da.. Afsuski, bugun shunday afsonaning mohiyati yerparchin, Afandi esa eshagi bilan hovuzning bir chetiga “surgun” qilingan.

Ammo bu gal ham “Labi Hovuz” hangomalaridan yana birini tinglab, toza miriqdim. Podshoh Afandini mot qilmoqchi boʻlib, xalq oldida savol beribdi:

– Xoʻja Nasriddin, siz nihoyatda zakiy odamsiz. Ayting-chi, “Labi hovuz”da nechchi kosa suv borligini aniq ayta olasizmi?

– Bosh ustiga, – debdi Xoʻja Nasriddin xotirjam jilmayib. – Agar kosaning kattaligi shu hovuzcha boʻlsa, aniq bir kosa suv bor, podshohim...

Latifani inglizchada eshitgan sayyoh ham yayrab kuldi.

Qamchi: Nazarimda, tarixiy obidalar muhofazasi deganda inshoot yoxud buyumgina emas, uning madaniy tarixi, asotir-u afsonalari ham birdek asralishi kerak. Shunday emasmi?

“Torobtepa”ga yoʻl

Xullas, “Varaxsha”dan Torobtepaga borish uchun Jondor tumaniga yoʻnaldik. Yoʻlimizda muhtasham “Qiz-bibi” majmuasi yaraqlab koʻrindi. Ichkari kirib, salom-duodan soʻng, qorovul bilan suhbat qurdik. Mir-Arabning vaziri Sodiqxon asl ismi Mastura xonim boʻlgan Qiz-bibining ismiga atab ajoyib ansambl barpo etgan. Qiz-bibi sufiy ayol boʻlib, rivoyatlarga koʻra ibodatxonaning bir qismida gʻoyib boʻlgan. Mahalliy aholining aytishicha, bu yerda ayollar uch kunlab, hech kimni koʻrmasdan roʻza tutib, farzand soʻrashadi. Eʼtiborimni devorga omonat suyab qoʻyilgan koʻhna yogʻoch darvoza tortdi. Qorovulning aytishicha, u XV asrga tegishli ekan. Naqshlaridan davr oʻymakorligini, burama metall tutqichidan temirchilikni oʻrgansa boʻlar, degan fikr keldi xayolimga. Ammo Buxoro muzeylaridagi uncha-muncha eksponat bilan joy almashtirsa boʻladigan noyob meros, Navoiyga zamondosh darvozani bu qadar qadrsiz va tashlandiq holiga izoh topolmadim.

Yoʻl yurib, Mahmud Torobiy qabristoniga yetib bordik. Narshaxiy oʻzining “Buxoro tarixi” asarida bu joy xalq tilida kichraytirish, erkalash maʼnosida “Tarovcha” deb ham atalishini yozadi. “Oʻzbekiston joy nomlarining izohli lugʻati”da Torob (kitobda Tarob shaklida berilgan – muallif) Buxorodan qadimiyroq ekani aytiladi. Xullas, “Torobtepa” – Buxoroning mashhur qishlogʻi, bir nechta Torobiylarning boqiy maskani qoʻnim topgan joy... Yana oʻsha mashhur Mahmud Torobiy tugʻilib oʻsgan, kurashgan, jon olib, jon bergan maskan, mozorot. Koʻpchilik Torobiy kimligini maktabdanoq oʻqigan yoxud eshitgan chiqar. Ammo uning shaxsiyati, tarixi va buguni oʻrtasidagi noayon haqiqatlar borligini bilmas, ehtimol.

Taniqli adib va jurnalist Jahongir Ismoilov qadrdon doʻstiga borishimizni aytgan ekan, oʻsha yerda koʻrishdik. Butun umri ichki ishlar organida kechgan isteʼfodagi polkovnik Rajabboy Ochilov menda Buxoroning chinakam jonkuyari sifatida taassurot qoldirdi. Rajabboy aka Torobiy haqidagi boʻlar-boʻlmas gaplar urchigani, yosh tarixchilarda sinchi koʻzi yoʻqligi, bilib-bilmasdan aytilayotgan asossiz faktlar televizorda ham yangrayotganini oʻkinib aytdi.

Biz bilgan qahramon – asarlarda...

Siz-u biz oʻqigan adabiyotlarda Mahmud Torobiy shaxsiyati qanday edi-ya? Bilamiz, Ikkinchi jahon urushi chogʻida Hamid Olimjon Muqanna, Maqsud Shayxzoda Jaloliddin, Oybek esa Mahmud Torobiy qahramonligini madh etuvchi asarlar yozishdi.

Oybek fashizmga boʻlgan nafratini “Mahmud Torobiy operasi”da (1941-yil 15-sentyabr – 10-oktyabr) yuqori pardalarda kuyladi:

...Torobiy: (Xalq bayrogʻini koʻtarib)

Yengdi el, yengdi Haqiqat va Haq,

Dushmandan ozodmiz, hur bizning tuproq.

Mangu poydor boʻlsin el tutgan bayroq!

Dushmanga omon yoʻq, zolimga kun yoʻq.

Aslo yiqilmaydi el tutgan bayroq!

U haqida yana Raxim Vohidov “Qasoskorning nomi barhayot”, Asad Dilmurod “Mahmud Torobiy” tarixiy romanini yozdi. Koʻplab ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Ularning aksarida Torobiy moʻgʻullar bosqiniga qarshi kurashgan xalq qahramoni sifatida gavdalanadi.

Endi mavzuning muhim va nozik tomoniga oʻtsak. Mahmud Torobiy zamonida yashagan tarixchilarning asarlarini oʻqir ekanmiz, yillar davomida oʻzbek oʻquvchisi ongiga singdirilgan xalq qahramonlari koʻzboʻyamachi, munofiq va amalparast kimsalar sifatida aks ettirilganiga guvoh boʻlamiz. Masalan, Alouddin Atomalik Juvayniyni olaylik. U XIII asrda Mahmud Torobiy qoʻzgʻolon haqida yozgan ilk tarixchilardan biri. Keyingi davr tarixchilari (Hamdulloh Qazviniy, Vassaf al-Hazrat, Fosihi Hafiy, Sharaf ad-din Ali Yazdiy, Mirzo Ulugʻbek, Mirxond, Xondamir va boshqalar) ham voqealar tusini aynan Juvayniydan olganiga shubha yoʻq.

Juvayniy oʻzining “Tarixi Jahongusho” asarida Torobiy haqida shunday deydi:

– ...636 (1238) yilda Qisqichbaqa burjida ikki yovuzlik keltiruvchi yulduz koʻrindi. Munajjimlar buni bezovtalik yoki yolgʻon paygʻambarning paydo boʻlajagi tarzida sharhladilar. Buxorodan uch farsax uzoqlikda Torob degan qishloqda gʻalvirchi Mahmud ismli bir odam bor edi. Aytishlariga qaraganda, nihoyatda johil bu odam oʻzining pari va jinlar bilan aloqasi borligi va ular sirli narsalardan xabar keltirishini daʼvo qildi...