Sovet hokimiyatining qatagʻon siyosati Turkiston oʻlkasi tarixida eng ogʻir va fojeali sahifalardan biri hisoblanadi. Mazkur siyosat natijasida minglab ziyolilar, maʼrifatparvarlar, ijod ahli va ularning oila aʼzolari nohaq ravishda taʼqib qilindi, qamoqqa olindi, jisman yoʻq qilindi. Uzoq yillar davomida bu fojeali voqealar milliy tarixdan chetlatilib, qurbonlarning nomlari unuttirib kelindi.
Soʻnggi yillarda qatagʻon siyosatiga doir arxiv hujjatlari, xorijiy manbalar va muhojirlar davriy matbuoti asosida olib borilayotgan tadqiqotlar “unutilgan tarix”ni qayta tiklashga xizmat qilmoqda. Qatagʻon siyosatiga doir manbalarni aniqlash jarayonida xorij arxivlari va kutubxonalarida saqlanayotgan materiallar, shuningdek, turkistonlik muhojirlar tomonidan nashr etilgan davriy matbuot nashrlari ham oʻrganildi. Sovet mafkuraviy nazoratidan tashqarida chop etilgan ushbu nashrlarda Turkistonda amalga oshirilgan qatagʻon siyosati, uning koʻlami va oqibatlari haqida nisbatan xolis maʼlumotlar keltirilgan.
Xususan, Germaniyada nashr etilgan “Milliy Turkiston” jurnalining “Sovet terroriga uchragan turkistonliklar” sarlavhali ruknida qatagʻon qurbonlarining roʻyxati eʼlon qilingan. Ushbu roʻyxatda koʻplab nomaʼlum yoki ilmiy adabiyotlarda deyarli tilga olinmagan shaxslar nomi uchraydi.
Qatagʻon qurbonlari roʻyxatidagi shaxslar bilan yaqindan tanishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasidagi maxsus arxivlarda izlanishlar olib borildi. Shunday shaxslardan biri Abdulla Shokir boʻlib, u bolalar adabiyotchisi sifatida qayd etilgan. Ushbu shaxs haqida filolog olimlarga murojaat qilinganida, deyarli hech qanday ilmiy maʼlumot mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Koʻrinib turibdiki, Abdulla Shokirning ijodiy va hayotiy faoliyati tarixiy xotiradan chiqarib tashlangan.
Arxivlardagi izlanishlar natijasida Abdulla Shokir Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan maʼrifatparvar ziyoli ekani, bolalar uchun hikoyalar, sheʼrlar va bir qator adabiy asarlar yozgani aniqlandi. U oʻz davrida milliy maʼrifat, taʼlim va tarbiya masalalariga befarq boʻlmagan ijodkor sifatida faoliyat yuritgan.
Manbalardan anglanadiki, Abdulla Shokirning taqdiri yakka holda emas, balki butun bir oilaga nisbatan qaratilgan qatagʻon siyosati doirasida hal qilingan, jumladan, uning akalari ham “quloqning bolasi”, “ishonchsiz unsur”, “millatchi ziyoli”, “xalq dushmani” kabi soxta ayblovlar bilan taʼqib qilingan va qatagʻon qurbonlariga aylangan. Shu tarzda sovet qatagʻon siyosati natijasida bir oilaning maʼnaviy, ijtimoiy va madaniy salohiyati butunlay yoʻq qilingan.
Bu oilaga qoʻllanilgan qatagʻon siyosatining ildizlari avvalo Abdulla Shokirning otasi Shokir qozining ijtimoiy mavqei bilan bevosita bogʻliq edi. Shokir qozi Beshariq tumanida oʻz davrining yetuk ziyolisi boʻlib, 1917-yilga qadar yirik qishloq hokimi hamda diniy rahbar sifatida qozi, aʼlam va muftiy lavozimlarida faoliyat yuritgan. Uning turmush oʻrtogʻi Ambarxonim Qoʻqon shahrida tugʻilgan, oila maʼrifat va diniy anʼanalarga suyangan ijtimoiy muhitda shakllangan. Sovet hokimiyati tomonidan olib borilgan qatagʻon siyosati jarayonida Shokir qozi “quloq”lar roʻyxatiga kiritilgan, biroq arxiv hujjatlarida qayd etilishicha, uning 1919-yilda vafot etgani sababli amalda quloq qilinmagan. Shunga qaramay uning ijtimoiy kelib chiqishi va diniy-maʼrifiy faoliyati keyinchalik farzandlari taqdiriga hal qiluvchi darajada salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Abdullaning akasi Saʼdulla haqida arxiv va kutubxonalarda izlanishlar olib borildi, ammo deyarli maʼlumotlar topilmadi. Arxiv hujjatlarida Saʼdulla “Milliy Ittihod” (Milliy birlik) tashkiloti aʼzosi boʻlib, Isfara tumanida yashagan va ukasi Xayrulla bilan yozishmalar olib borgani haqida qisqacha maʼlumotlar mavjud. Keltirilgan maʼlumotlar uning ijtimoiy faoliyati va qatagʻon jarayonidagi taqdirini toʻliq yoritish uchun yetarlimas. Shuningdek, Abdulla Shokirovning qizi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ham Saʼdulla haqida qoʻshimcha maʼlumotlar mavjud emas.
Ikkinchi akasi Xayrulla 1896-yili Beshariq qishlogʻi, Kirov (hozirgi Beshariq) tumanida tugʻilgan. Xayrulla Turkiyada taʼlim olgandan soʻng Vatanga qaytib, Beshariq tumanida maorif sohasida faoliyat boshlagan va jumladan, 1931-yil 2-iyundan Kirov tumani Ipak tayyorlash idorasida instruktor sifatida ishlagan. U ommaviy qishloq xoʻjaligini jamoalashtirish davrida ham munosib xizmat qilgan. Arxiv hujjatlariga koʻra, “Rayon kolxoz soyuzining tut koʻchat rahbari oʻrtoq Shakiripni oʻz arizasiga binoan 7/I-1932-yildan etiboran vazifasidan ozod etiladi” deb qayd etilgan.
Sovet hokimiyati quloqlashtirish siyosati doirasida Xayrulla ham qatagʻon qurboniga aylanadi. 1937-yil 4-dekabrda u Qoʻqon turmasiga qamoqqa olinib, mol-mulklari va hovli-joylari musodara qilinib, oʻzi Rossiyaning uzoq hududlariga surgun qilinib, bolalari yetim qoladi.
Ayblov xulosasiga koʻra, Xayrulla Shokirxoʻjayevning oila aʼzolari ham shoʻro hokimiyati tomonidan “shubhali”, “aksilinqilobiy” deb baholangan. Ukasi Nasrulla “xalq dushmani” sifatida taʼriflanib, Afgʻonistonga qochib ketadi va oila bilan muntazam aloqa qilib turadi. Yana bir ukasi Abdulla Toshkentda adabiyot sohasidagi faoliyati uchun hibsga olinadi.
Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, u oʻz uyida va mahalliy jamoatchilardan biri Komil Tursmatov uyida noqonuniy yigʻilishlar tashkil qilgan. Bu yigʻilishlarda “sobiq quloqlar” va sobiq qozi Dovus Qori Abdurayimov ham ishtirok etib, shoʻro hokimiyatiga qarshi fikrlarni tarqatgan. Masalan, 1937-yil avgust oyida 11 kishi ishtirok etgan yigʻilishda Abdurayimov kommunistlarni “shafqatsiz jazolash” bilan tahdid qilgan va aksilinqilobiy fikrlarni tarqatgan. Shu yilning yana bir sanasida Xayrulla oʻz uyida yigʻilish tashkil qilib, Dovus Abdurayimovni Afgʻonistonga yashirincha olib chiqish masalasini muhokama qilgan.
Shu tarzda Xayrulla Shokirxoʻjayev va uning yaqinlari sovet davrida oilaviy, ijtimoiy kelib chiqishi asosida siyosiy taʼqib qurboniga aylangan. Uning aybi Vatanini sevishi, millati uchun jonini fido qilishi, xalq erkini, ozodligini, yurt mustaqilligi va taraqqiyoti uchun kurashishi edi. Shu yoʻlda Sibirda surgundaligida halok boʻlgan.
Yana bir akasi Nasrullaxon Hindistonda taʼlim olgan. U 10 yildan soʻng oʻz vataniga qaytib, maorif sohasida faoliyat boshlagan. Shu davrda u Qoʻqon shoʻba (GORONO) mudiri vazifasida ishlagan va sohasining yetuk bilimdoni sifatida obro‘ qozongan.
Rossiya imperiyasi davrida koʻp mashaqqatlar va hayot sinovlarini boshidan kechirgan Nasrullaxon Shokirov Sovet davrida ham siyosiy taʼqiblardan chetlanmagan. U “qoʻrboshi Shermuhammadbek bilan tanish va u bilan uchrashib turadi” degan ayblar bilan 5 yil muddatga Arxangelskga qamoqqa yuboriladi. Qamoqda jazo muddatini oʻtab boʻlgandan soʻng ham unga tinchlik berilmaydi, natijada oilasi, jumladan, ikki farzandi, turmush oʻrtogʻi va onasi bilan Turkiyaga ketishga majbur boʻlgan. Istanbul shahrida u Turkiya Prezidenti Ota Turk qabuliga kirib, ish soʻrab murojaat qiladi.
Ushbu vaqtda Nasrullaxon Shokirov 5-6 ta tilni mukammal egallagan, bu qobiliyatlari unga ish faoliyati, farzandlarini tarbiyalashda yordam beradi. Uning intizomi va talabchanligi natijasida farzandlari va nabiralari ham yuqori bilim egasi boʻlib, Turkiyada oʻz oʻrinlarini topadi. Ikki oʻgʻli maorif sohasida faoliyat koʻrsatgan, nabirasi Shokir nashriyotda ishlab, 1993-yilgacha 20 ta kitobi nashr qilingan. Yana bir nabirasi, Oʻrxon Qovunchi esa Kibernetika universitetining prorektori lavozimida faoliyat yuritadi, siyosiy-boshqaruv ishlarida ham faol ishtirok etib, davlat rivojiga hissa qoʻshadi. Fargʻonada maorif sohasida faoliyat boshlagan ushbu oila qatagʻon sababli vatandan uzilgan boʻlsa-da, oʻz intellektual salohiyatini xorijda namoyon etadi.
Nasrullaxon Shokirov oʻz yurtining mustaqilligini koʻrishni orzu qiladi, ammo bu nasib etmaydi. U farzandlari va nevaralariga mustaqillik kunlari kelishini intizorlik bilan kutishni vasiyat qiladi. Farzandlari mustaqillikning dastlabki oylarida Oʻzbekistonga kelib, otasining vasiyatini bajaradi.
Abdulla Shokirov 1912-yili Beshariq tumani, Olmazor qishlogʻining Mozor mahallasida tugʻilgan. Yoshligidanoq oʻta bilimdon va soʻz ustasi sifatida tanilgan Abdulla, Qoʻqon shahridagi 2-bosqich maktabda akasi Nasrulla Shokirov yordamida tahsil oladi, u yerda Usmon Nosir bilan birga oʻqigan. Keyinroq u Samarqand shahriga kelib Davlat universitetida taʼlimni davom ettiradi, oʻzining ilmi, zukkoligi bilan yoshlar orasida eʼtibor qozonadi.
Oʻquvchilik yillarida matbuotda faoliyat koʻrsatgan Abdulla Samarqanddagi muxbirlar syezdida delegat sifatida ham qatnashgan. Keyinchalik Toshkentga kelib ijodiy faoliyatni davom ettirgan; 16 yoshida “Lenin uchquni” gazetasining birinchi muharriri, soʻngra “Yosh leninchi” gazetalarida masʼul kotib boʻlib ishlagan. 1930-yildan Oʻzbekiston radiosida Siyosiy boʻlim mudiri sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Abdulla Shokirovning qizgʻin ijodiy yillari Oʻzbekiston davlat nashriyotining Bolalar boʻlimi mudiri vazifasiga toʻgʻri keladi. Shu davrda u Usmon Nosir, Adham Rahmat, Abdulla Suyumov va boshqa shoirlar, olimlar va adabiyotshunoslar bilan ijodiy muloqotda boʻladi. Uning asosiy asarlari qatoridan “Lagerda”, “Yot unsurlar”, “Sheflar” (1931), “Koʻklam” (1933), “Uch oʻrtoq” (1934) kitoblari nashr etilgan.
Ijodining gullab kelayotgan paytida, 1937-yili Abdulla Shokirov 25 yoshida “xalq dushmani” sifatida taʼriflanib, qamoqqa olingan. Oʻsha vaqtda u Toshkent shahrining sobiq Jar mahallasi, Pushkin koʻchasi 136/128-uyda istiqomat qilardi. Uyiga kirib, kitob va qoʻlyozmalarini tarqatishga ham ruxsat berilmagan va barcha kitoblari yoʻq qilingan. Abdulla Shokirov 18 yoshida akasi Nasrullaxonning iltimosi bilan Turkiyaga ketish imkoniyatiga ega edi, ammo oʻz Vatanini va ijodini tashlab ketolmaydi. Shu paytda u ota-onasi va akalaridan ayrilib, oʻz Vatanida yolgʻiz qolgan.
1937–1938-yillardagi “Katta qirgʻin”da Abdulla Shokirov ham nohaq qamoqqa olinadi. 1937-yil 13-avgustda 575-order bilan Toshkent turmasiga qamoqqa olingan va shu paytda qamoqda Abdulla Qodiriy ham bor edi. 6 oydan soʻng Abdulla Qodiriyni otishga hukm qilinadi, Abdulla Shokirov 2 yil davomida qamoq tergovida boʻladi. Tergov jarayonida uning tomoq va boʻynidan ombir bilan tortib azoblashgan. Qattiq qiynoqlardan soʻng u OʻzSSR Jinoyat kodeksining 66-modda 1-qismi bilan sakkiz (8) yil va 36-moddasiga asosan toʻrt (4) yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Jazoni oʻtash 1937-yil 14-avgustdan hisoblanib, Sibir qamoqxonalariga yuboriladi.
Qamoqdan keyin u Fargʻona viloyatining rayon maktablarida rus tilidan dars beradi va ijodiy faoliyatini ham davom ettiradi. Oʻqituvchilik davrida respublika matbuotiga ham metodik maqolalari bilan qatnashib turgan. Lekin repressiya qiynoqlari uning hayoti va ijodiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, – maqolalari, yozgan asarlari “xalq dushmani” tamgʻasi tufayli qabul qilinmaydi. Natijada doʻstlari orqali, ularning nomi bilan chiqariladi.
1956-yili boshlangan oqlov ishlari davrida Abdulla Shokirov Moskva va Toshkentdagi Oliy Sovetga murojaat qilib, oʻz ishini koʻrib chiqishni soʻraydi va “Ishingizni albatta koʻrib chiqayapmiz” degan rasmiy javob oladi. U Sibirda orttirgan tuberkulyoz kasalligi tufayli shu yili, 44 yoshida vafot etadi. Vafotidan 3 kun oʻtib rasman oqlangani haqida xabar keladi.
Abdulla Shokirovning turmush oʻrtogʻi Kumushoy Husanova oʻqituvchi boʻlgan. Qizi Kashifaxon rayon kutubxonalarida metodist sifatida ishlagan. Shuningdek, Abdulla Shokirovning oilasi repressiya paytida nafaqa va huquqiy hujjatlar bilan ham qiyinchiliklarga duchor boʻlgan.