Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdulatif domla Tursunov javob berdi.
– Yaqinda bir kishi “Tandirni qiblaga qarab oʻrnatish kerak, yoʻqsa baraka boʻlmaydi, qiblaga orqa boʻlib non yopilmaydi” deganini eshitdim. Bu qanchalik toʻgʻri, bidʼat emasmi?
– Tandirni qaysi tomonga qaratib qurishning dinga aloqasi yoʻq. Qaysi tomon qulay boʻlsa, oʻsha tomonga qaratib qurilaveradi.
Savoldagi kabi eʼtiqodda boʻlish shumlanishdir. Dinimiz shumlanishdan qaytargan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday degan: “Kasallik yuqishi yoʻq, boyqushdan shumlanish yoʻq, ruhlarning qushga aylanib yurishi yoʻq, safar oyida shumlanish yoʻq” (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyatlari). Vallohu aʼlam.
* * *
– Turmushga chiqqan qiz farzandli boʻlsa, onasi unga beshik olib borishi shartmi? Olib bormasa, u dunyoda yostiq quchoqlab yotarkan degan gap bor emish. Men tuqqanimdan soʻng onamga beshik olib ovora boʻlib yurmasliklarini aytib, uyda beshik bor degandim. Ular shu gapni aytishdi. Shu gap qanchalik toʻgʻri?
– Shariatda unday gap yoʻq. Farzand tugʻilsa, uning nafaqasi otasiga vojib boʻladi. Nafaqa deganda farzandning yemoq-ichmogʻi, kiyim-kechagi va shunga oʻxshash zaruriy ehtiyojlari nazarda tutiladi. Jamiyatimizda nosharʼiy shakllangan bidʼatlardan biri siz savolda aytgan beshik toʻyi masalasidir. Yaʼni, bolaning beshigi va yana unga qoʻshimcha bir talay narsalarni qiz tomonning zimmasiga yuklab qoʻyishdir. Aslida bu muammolar otaning muammosi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday taʼlim bergan:
“Ularni (farzandlarni) maʼruf ila yedirib, kiyintirish tugʻdirganning zimmasidadir” (Baqara surasining 233-oyatidan).
* * *
– Bir tanishim juda ham semirib ketdi, endi semizlik sogʻligʻiga zarar berayotgan ekan. Bir ishonchli shifokor oshqozonning bir qismini kesib tashlash kerak debdi. Jarrohlik amaliyoti undan yaxshi chiqish kafolati bilan qilinar ekan. Semizlik dardidan qutulish maqsadida bunday amaliyot oʻtkazish mumkinmi?
– Savolda soʻralgan ushbu jarrohlik amaliyotida ruxsat berilgan va taqiqlangan holatlar bor. Chiroyli boʻlish, koʻrkam koʻrinish uchun boʻlsa, joiz emas. Chunki bu ishlar zarurat hisoblanmaydi. Tanadagi nuqsonni toʻgʻrilash maqsadida boʻlsa, joiz boʻladi. Chunki bu holat zaruratga aylanadi.
Zamonamizning koʻzga koʻringan ulamolari oshqozonni kichraytirish amaliyotiga bir necha shartlar bilan ruxsat bergan:
1. Bu shunchaki ozish yoki tananing shaklini chiroyli qilish uchun boʻlmasligi kerak.
2. Bu amaliyot natijasida boshqa kasallikka duchor boʻlmasligi kerak.
3. Semizlikni yoʻqotishning mazkur amaliyotdan boshqa chorasi boʻlmasligi kerak.
4. Avrat masalasiga rioya qilish kerak.
Ulamolar mazkur fatvolariga fiqhiy manbalarda kelgan quyidagi iboralarni asos qilib kelib keltiradi:
biror aʼzoga tushgan qorason kasalligi boshqa aʼzolarga tarqab ketmasligi uchun shu aʼzoni kesib tashlashda gunoh yoʻq. Qorason kasalligi tekkan qoʻlni kesishda, qorinning ichini davolash maqsadida qorinni yorishda gunoh yoʻq (“Fatavoi Olamgiriya”);
ortiqcha yogʻli shishi bor inson shu shishni olib tashlamoqchi. Agar bunday muolajalar aksar holatda halok boʻlish bilan tugasa, joiz emas. Agar unday boʻlmasa, yaʼni aksar holatda muvaffaqiyatli oʻtsa, zarari yoʻq. “Xizonatul-muftiyn”da shunday kelgan (“Fatavoi Olamgiriya”).
Ortiqcha aʼzoni kesib tashlash kabi ishlar Alloh taolo yaratgan narsani oʻzgartirishga kirmaydi. Balki u ayb yoki bemorlikni yoʻqotish qabilidan hisoblanadi (“Fathul-mulhim”).
Odam ozaman deb oshqozonini kestirishi yoki jarrohlik stoliga yotishiga zarurat yoʻq. Semirib ketmaslik uchun sport bilan muntazam shugʻullanish, parhez qilish, doimiy harakatda boʻlish, nafsni tiyish har jihatdan foydalidir.
* * *
– Doʻstlarimiz bilan qoʻl berib koʻrishamiz, xayrlashayotganda ham shunday qilamiz. Bir doʻstimiz “Ikki marta qoʻl berilmaydi, yaʼni salomlashganda qoʻl berib koʻrishdik, xayrlashayotganda ham qoʻl berilsa, makruh boʻladi” dedi. Chindan ham shundaymi?
– Suhbatning oxirida, xayrlashayotgan chogʻda ham uchrashuv avvalidagidek qoʻl berishish joizligi hadislarda kelgan. Chunonchi, Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi va sallam qachon biror kishi bilan vidolashsa u kishining qoʻlini tutib turar, to u kishi oʻzining qoʻlini qoʻyib yubormaguncha uning qoʻlini qoʻyib yubormasdi va “Allohdan diningni, omonatingni va oxirgi amalingni omonda qilishini soʻrayman” der edi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ana shu va shu kabi hadislarga suyanib, xayrlashayotgan paytda ham qoʻl berishish mustahab ekanligini aytgan.
* * *
– Men ustachilik qilaman. Bir kishi “Seshanba kuni yangi ish boshlama, ziyon koʻrasan, ishing yurishmaydi. Chorshanba kuni ish boshlasang yaxshi boʻladi” deb kitobda oʻqiganman deb qoldi. Ammo qaysi kitobda oʻqiganini aytmadi. Uning shu gapiga ishonsa boʻladimi?
– Seshanba yo haftaning boshqa biror kuni ish boshlagan kishining ziyon koʻrishi haqida biror hadis yoki diniy asarda maʼlumot uchratmadik. Balki dinimiz hafta kunlari va oylardan shumlanishdan qaytargan. Baʼzi olimlar ahamiyatli ishlarni chorshanba kuni boshlashni tavsiya qilib, bunga “Qaysi ish chorshanba kuni boshlansa albatta mukammal boʻladi” mazmunidagi hadisni dalil qilib keltirgan. Lekin muhaddis ulamolar ushbu rivoyat toʻqima ekanini taʼkidlashgan (“Mavzuotu Mulla Ali Qori”, “Al-Maqosidul-hasana”, “Asnal matolib” va boshqa kitoblar).
Shuningdek, Abulhasan Ali ibn Muhammad al-Kinoniy oʻzining “Tanzihush-sharia” degan kitobida mazkur rivoyat toʻqima ekanini aytib oʻtgandan keyin “Sahih hadislarda Alloh taolo nurni chorshanba kuni yaratgani rivoyat qilingan. Ilm ham nurdir. Agar ilm nur yaratilgan kun – chorshanba kuni boshlansa, Alloh Qurʼoni karimda aytib oʻtganidek, oʻz nurini (jumladan, ilm tahsilini ham) itmomiga – nihoyasiga yetkazadi deb yaxshi gumon qilish mumkin” deydi. Bu bilan ilm tahsilini chorshanba kuni boshlash xayrli ekani kelib chiqadi.
Xulosa qilib aytganda, chorshanbadan boshqa kunda ish boshlagan kishi albatta ziyon koʻradi degan eʼtiqodda boʻlish notoʻgʻri. Shariatga muvofiq har qanday ishni xohlagan kunda boshlash joiz. Haftaning qaysidir kunini kutish shart emas. Musulmon inson ishi rivoj topishini istasa, buning sabablarini ushlashi, halol mehnat qilishi, aldovdan va birovning haqidan hazar qilishi va Alloh taolodan ishining barakasini soʻrashi lozim boʻladi.
* * *
– Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan vaqtda koʻpchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Baʼzilar bu ish joiz emas deb qoldi. Shu masalada dinimizda nima deyilgan?
– Bu haqda Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilgan: “Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga boʻlinadi: 1) ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan boʻlishi mumkin; 2) ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan boʻlishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan boʻlsa, ekkan odamning mulki boʻladi. Shuning uchun daraxtlarning egasi tirik boʻlsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin isteʼmol qilish joiz boʻladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishini muboh qilgan (ruxsat bergan) boʻlsa, u holda soʻramasdan yeyish ham joiz. Ammo egasining niyati maʼlum boʻlmasa yoki egasi vafot etgan boʻlsa va nima maqsadda ekkani nomaʼlum boʻlsa, u holda ulardan yeyish joiz boʻlmaydi.
Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan boʻlsa, ushbu holatda ham ular egasining mulki hisoblanadi. Shunga koʻra bunda ham egasining niyatiga bogʻliq boʻladi. Agar egasi maʼlum boʻlmasa yoki uning niyati maʼlum boʻlmasa, u holda ular qabristonning mulki boʻlgani uchun ularni sotib, puli qabristonning ehtiyojlari va taʼmiri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish ularni ekkan egasining niyatiga bogʻliq boʻlar ekan. Agar boshqalar yeyishi yoki foydalanishi uchun ekkan boʻlsa, ulardan yeyish joiz boʻladi. Ammo oʻzi uchun ekkan boʻlsa yoki niyati maʼlum boʻlmasa yo kim ekkani maʼlum boʻlmasa, u holda ularni pulga sotib olib, yeyish yoxud uning daromadidan foydalanish joiz boʻladi, xolos.
Taʼkidlash joizki, baʼzilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun ularni yeyish makruh degan daʼvolarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu daʼvo oʻrinsiz deb hisoblashgan. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsaning butunlay boshqa narsaga aylanishi) yoʻli bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol boʻladi deganlar (“Ahkomul-janoiz”).
Shunday boʻlsa-da, qabristonga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlar oʻpirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu aʼlam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025 yil 3-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” maqolasi.