Adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov bilan suhbat.

– Dilmurod aka, aslida, Siz bilan adabiy jarayon, soʻz sanʼati haqida suhbat qurishimiz kerak edi. Muzofotda yashasangiz-da, poytaxtning qaynoq muhitidan uzilmagansiz, talabchan olim, jonsarak ziyoli sifatida millat istiqboliga doir bahs-munozaralarda faol qatnashib kelasiz. Shu bois bu gal dunyoning ishlari, jamiyatning ravish-raftori xususida gurunglashmoqni maʼqul deb topdik.

Qush qanotsiz parvoz qila olmagani kabi ilm-fan ham akademik erkinliksiz taraqqiy etmaydi. Akademik erkinlik oliy taʼlim va ilmiy muassasalar xodimlari, professor-oʻqituvchilar hamda talabalarning tafakkur, tadqiqot hurligini anglatadi. Yanada aniqroq aytsak, olimlar, tolibi ilmlar ilmiy-ijodiy faoliyatda hokimiyat, siyosiy guruhlarning taqiq-u taʼqibidan, umuman, har qanday nazoratdan omonda boʻlmogʻidir. Nazarimizda, nainki ilm-fan va taʼlim sohalari, balki butun jamiyat ravnaqi uchun akademik erkinlik suv bilan havodek zarur.

Soʻnggi hisobotlar (Academic Freedom Index 2024) dunyoda akademik erkinlik bilan bogʻliq vaziyat maqtangudek emasligidan dalolat bermoqda. Ayniqsa, Gʻazo boʻlgasida urush boshlangach, demokratiya yalovbardori boʻlgan davlatlarda ham “qirol yalangʻoch” ekani alayno oshkor koʻrindi-qoldi. Masalan, Falastin zaminida sodir etilgan xunrezliklarni qoralagan amerikalik olimlar universitetlardan badargʻa qilindi. Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda koʻr, deydilar. Mutaraqqiy dunyoda roʻy berayotgan bu sira besaranjomliklar erkin jamiyat qurish yoʻlida saʼy-koʻshish qilayotgan yosh mustaqil davlatlarga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin...

Ilm-fan xizmatida sochi oqargan olim, taʼlimning yoqasidan kirib yengidan chiqqan pedagog oʻlaroq mamlakatimizda akademik erkinlik holatini qanday baholaysiz?

– Savol gʻoyat murakkabligidan, javobni soddadan boshlaganimiz maʼqul. Kamina oliy taʼlimda ish boshlagandan beri mudom bir holni kuzataman: rahbariyat professor-oʻqituvchilarning ishga kelib-ketishini qatʼiy nazoratga olishga intiladi. Koʻp yillardan beri “Ertalab soat 8 da ishga kelganda va 15:00 da – ketar choqda daftarga imzo qoʻyasizlar” degan talabni eshitamiz. Toʻgʻri, IT zamonida shakl oʻzgardi: “Universitetga kirishda moslama oʻrnatilgan, ishga kelganda va ketish chogʻi barmoq bosasiz – kelasi yildan tabel shu asosda tuziladi” deyishyapti endi. Eʼtirozga oʻrin yoʻqdek, professor-oʻqituvchiga olti soatlik ish kuni belgilangan, axir. Koʻngillarimizni faxrga toʻldirgan qizimiz, Kolumbiya universitetida professorlik maqomiga erishgan ilk oʻzbek olimasi Aziza Shonazarovaning “Daryo” nashriga intervyusida aytishicha, AQShda oliy taʼlim oʻqituvchilari kun tartibini oʻzi belgilar ekan. “Bu kasbning men uchun eng qulay tarafi ham ana shu. Bir semestr mobaynida haftada ikki yoki uch marta dars bergani boraman, xolos. Professorlar faoliyatiga daxlsiz ishlarga jalb etilmaydi va ulardan ertadan kechgacha ofisda oʻtirish talab qilinmaydi”, deydi u. Eʼtibor qildingizmi, Azizaxon qizimiz “Professorlar faoliyatiga daxlsiz ishlarga jalb etilmaydi” deb taʼkidlagan, chunki ona yurtida buning aksi ekanini yaxshi biladi-da. Bizda, masalan, oʻqituvchi tarjima ishiga oylab jalb etilishi, darslarini boshqa hamkasblari oʻtib yurishi oddiy hol. Yoki falon tumandagi maktabga “metodik yordam koʻrsatish uchun” professor-oʻqituvchini bogʻlab qoʻyish, haftada bir kun oʻsha maktabda boʻlish kabi talab ham bor. Rahbariyatni-ku aytmayoq qoʻyay, ularni chigit ekish yo bugʻdoy oʻrimiga masʼul etsa ham boʻladi, goʻyo oʻzlarining masʼuliyatidagi ishlar tugab-bitgan yo doʻndirib qoʻyilgan kabi...

Xalqaro istilohda akademik erkinlik taʼlim berish, tadqiqot yuritish, ilmiy izlanishlar natijalarini eʼlon qilish, fikr-qarashlarni ifodalash erkinliklarini, taʼlim muassasasi yoki davlat tomonidan senzuraga yoʻl qoʻyilmasligini anglatadi. Yaʼni u davlat, taʼlim muassasasi va shaxsiy miqyosda voqelanadi. Demak, shu uch miqyosda taʼmin etilmogʻi ham kerak. Davlat muayyan fan doirasida nimani va qanday oʻqitishni toʻlaligicha professor yoki oʻquv muassasasi belgilashiga yoʻl qoʻyib bera oladimi? Tabiiyki, yoʻq. Chunki davlatning ham nimani, qanday oʻqitishga doir manfaati bor, bas, pulini toʻlagach, musiqani ham tanlaydi-da!

Aslida, bu bugunning yo kechaning muammosi emas: salkam uch ming yil avval Aflotun xayolidagi ideal davlatda qanday miflarni oʻqitish mumkin-u, qandaylarini oʻqitish mumkin emasligini muhokama qilgan. Xuddi shu obyektiv sabab shoʻro zamonida jadid adabiyotining oʻqitilmagani-yu oʻzbek sovet adabiyotining “tirik klassiklari” keng targʻib etilganini izohlaydi. Mustaqillikdan keyin bunga mutlaqo ters holat kuzatilgani ham yana oʻsha obyektiv sabab bilan bogʻliq. Endi tasavvur qiling, shoʻro davrida bizga saboq bergan ustozlar Fitrat, Qodiriy, Choʻlponlar haqida gapirgisi kelmaganmi? Ular oʻzbek adabiyoti tarixi haqida berayotgan bilimlari chala, biryoqlama boʻlib qolayotganiga oʻkinmagan deysizmi? Oʻzimiz ham yaqin oʻtmishda – goh u, goh bu ijodkor darsliklardan chiqarilib, imi-jimida taqiqqa uchragan vaqtlar ularning asarlarisiz adabiyotimiz manzarasi notugal boʻlib qolayotganini mudom his qilib turmadikmi? Hozir-chi, hozir bu hisdan toʻliq forig‘ boʻlganmizmi?.. Sirasi, aytilganlar akademik erkinlikning ikkinchi qirrasi – tadqiqot erkinligiga ham bab-baravar tegishli. Albatta, azaldan shunday edi deganim qiyomatgacha shunday qoladi degani emas – munosabat rostlansa, holat ham oʻzgaradi. Buning uchun koʻp narsa talab etilmaydi: davlat manfaati xolislik, ilmiy obyektivlik prinsiplariga zid kelmasa, har ikki tomonga maqbul “oltin oraliq” topilsa bas.

Akademik erkinlikning fundamental shartlaridan biri – oliy taʼlim muassasasining avtonomligidir. Maʼlumki, soʻnggi yillarda bizda ham bu borada ilk qadamlar qoʻyildi: ayrim oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik, akademik erkinlik taqdim etildi. Bu yoʻlda tetapoya qila boshladik, ammo mavjud sharoitda goʻdak rasmana yurib keta olarmikan, degan andisha yoʻq emas. Yashirib nima qildik, hududlarda OTMlarga hokimiyat tuzilmalaridan biri deb qarash shakllanib qolgan. Hokimlik oʻtkazadigan barcha yigʻilishlarda OTM rahbarlarining qatnashishiga zarurat bormi? Ular bevosita taʼlim masalalari koʻriladigan majlis boʻlsagina taklif qilinishi kerak emasmi? OTM rahbarlariga hokimlarning yosh boladek dakki berishini-ku qoʻying, kotibiyat mudirlarining zir yugurtirishlari, xodimlarning siyosat qilishiga nima deysiz?! “Amirlarning yaxshisi – olimlarni ziyorat qilganlari” degan gaplar unut boʻlgandek. Dorilfununlarga asosiy faoliyatiga aloqasiz topshiriqlar berilishi odatiy holga aylangan. Zero, hokimiyat OTMlarni har vaqt safarbar qilish mumkin boʻlgan kuch deb biladi. Eng yomoni, hokimiyatning koʻziga OTMlar “kontraktdan jaraq-jaraq pul topayotgan” korxona boʻlib koʻrinadi. Toʻgʻri, ular joylarda hisobiga muntazam mablag‘ tushib turuvchi tashkilot boʻlib qoldi. Ammo oʻsha mablag‘ oʻquv jarayonini tashkil qilishga, taʼlimni takomillashtirishga sarf etilmogʻi kerak-da. Hokimiyat katta-kichik xarajat talab qiluvchi topshiriqlarni universitetlarga yuklayveradi: smetada koʻrsatilmagan sarf uchun mablagʻning noqonuniy yoʻl bilan “yoʻndirilishi”ni, yaʼni jinoyatga yoʻl ochilayotganini esa aytmasa ham boʻladi...

Xullas, koʻrgan-bilganlarim bizda akademik erkinlik haqida gapirishga hali bir oz ertaroq emasmikan, degan andishani tugʻdiradi. “Musulmonchilik asta-sekin, mana, ayrim universitetlarga moliyaviy mustaqillik, oʻquv jarayoni bilan bogʻliq erkinliklar berila boshladi-ku...” deyishingiz mumkin. Shunday, lekin bu boshlanmalar tomir yozadigan yer hali shoʻrxok, bas, avval shoʻrni yuvmoq lozim! Bizda akademik erkinlikni joriy etish tartibi boshqacha boʻlishi kerak. Eng avval universitetlar avtonomligi qonunan qatʼiy belgilanishi zarur. OTMlar nizom asosida mustaqil faoliyat olib borishi, vazirlik yoki markazga metodik jihatdangina boʻysunishi, ular ishiga chetdan aralashuvga yoʻl qoʻyilmasligi kerak. Ana shundagina akademik erkinlik roʻyobga chiqadi. Ana shundagina OTMlar butun kuch-quvvatini taʼlim sifatini oshirish va ilm-fan rivojiga yoʻnaltirishi mumkin.

– UNESKO eʼlon qilgan maʼlumotlarga qaraganda, Oʻzbekiston xorijda tahsil olayotgan talabalar soni boʻyicha dunyoning besh yetakchi davlatidan biri boʻlib turibdi. 150 ming chogʻli vatandoshimiz chet el oliy taʼlim muassasalarida tahsil koʻrmoqda ekan. “Yosh oʻzbek iqtisodchisi Harvardda doktorlik yoqladi”, “Oʻzbekistonlik olima ilk bor Kolumbiya universitetida professor unvonini oldi”, “Oʻzbek tadqiqotchisi Oksford universiteti shafeligida sunʼiy idrok boʻyicha salmoqli risola chop etdi”... Bu kabi xushxabarlar har birimizning qalbimizni gʻururga toʻldiradi. Ayni choqda koʻngilda xavotiromuz savol ham tugʻiladi: jahonning obod shahr-u kentlarida tup qoʻyib palak yozgan qorakoʻzlarimizning jillaqursa yarmi Vatanga qaytarmikan, yurt xizmatiga kamarbasta boʻlarmikan?..

Xabaringiz bor, bugun dunyoning boy davlatlari zakovat sohiblarini oʻziga ogʻdirish uchun raqobatga kirishgan. Oʻz sohasining peshqadamlari xorijda, taʼbir joiz boʻlsa, poyandoz solib qarshi olinadi. Oʻzbekistonlik koʻpdan-koʻp iqtidorli olimlar ham xorijiy davlatlarda faoliyat yuritmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hazil-mutoyibada aytilganidek, “Oʻzbekistonning oltin boshlari Gʻarbga, oltin qoʻllari Shimolga ravona boʻlayotir. Yurt ichida esa faqat oltin tishlar qoldi”. Xoʻsh, aqllar hijratini tabiiy hol deya qabul qilish kerakmi? Yo davlat iqtidorlarni qaytarish uchun tizimli chora-tadbir koʻrmogʻi lozimmi?

– Albatta, davlat iqtidorlarning yurtdan chiqib ketishi oldini olish (qaytarish) uchun tizimli chora-tadbirlar koʻrmogʻi zarur. Oʻz-oʻzidan keyingi savol qalqib chiqadi: u choralar qanday boʻladi? Shoʻro davri kabi chegarani pashsha ham uchib oʻtolmaydigan qilib toʻsishning endi hech imkoni yoʻq, qatʼiy taqiqlar bilan bir nimaga erishish dushvor, vatanparvarlik tuygʻusining oʻzi bilan ham uzoqqa borib boʻlmaydi. Yolgʻiz bitta yoʻli bor: iqtidorlar uchun oʻzimizda ham xorijdagi kabi shart-sharoit yaratish kerak, toki musofirlikda erisha oladiganiga muqimlikda erishsinlar... Chet eldagi kabi moddiy manfaatdorlik va badastir sharoit hozircha imkonsiz, deya eʼtiroz bildirilishi mumkin. Ehtimol, shundaydir. Lekin tarki vatan qiluvchilarning hammasi ham moddiy shart-sharoitdangina bezib ketyapti, desak toʻgʻri boʻladimi? Fikrimcha, yoʻq. Oʻzimizda ishlashni, ota­ona, yaqinlaru yor-doʻstdan yiroq tushmaslikni istovchilar kam emas, lekin... Xoʻsh, hozirda oliy maʼlumotli mutaxassisning ishga joylashish imkoniyati qanday? U oʻz bilimi, maʼlumotiga munosib joyni bemalol egallay oladimi? Yoʻq-da, aksar ish oʻrinlari band. Deylik, u ishlashi mumkin boʻlgan joyni yo oʻrta maʼlumotli birovi, yo boshqa mutaxassislikka oʻqigan boshqasi, yo diplom uchungina amal-taqal oʻqigan tagʻin biri egallagan. Asosiysi, ul mardum issiq oʻrnini aslo boʻshatmaydi – yo rahbarning xeshi, yo ishga kirishda “xarajat” qilgan, yo qoʻlida “kompromati” bor, yo...

Har qanday tekshirish-u attestatsiyalardan eson-omon oʻtadi deng! Holbuki, talabgor boʻlmish undan bir kalla baland, shu joyga koʻproq munosib ekanini anglaydi, illo qoʻlidan hech narsa kelmaydi: kamsitilgan, xorlangan sezadi oʻzini, ketgisi keladi. Muammoning kuchli ijtimoiy-psixologik omili ana shu. Afsuski, bu illat ajriq misoli tomir otyapti. Toki ijtimoiy-iqtisodiy muhit sogʻlomlashmas ekan, xususan, davlat tashkilotlariga ishga qabul qatʼiy belgilangan muddat va tanlov asosida oʻtkazilmas ekan, toki bu jarayon mutlaqo ochiq va imkon qadar inson omili aralashuvisiz kechmas ekan, undan xalos boʻlish amrimahol. Xoʻp, shunday tartib oʻrnatilib, illatdan qutuldik ham deylik, ammo bu muammoni hal qilish yoʻlidagi ilk qadam, xolos – endi iqtisodiy va demografik vaziyat bilan bogʻliq boshqa bir omil oʻrtaga chiqadi. Biz navqiron millatmiz, aholi tarkibida yoshlar nisbati yildan-yil ortib borayotir. Hammaga ish topib berishning imkoni yoʻq, jumladan, iqtidorlilarga ham. Albatta, imkoni yoʻq ekan deb qoʻl qovushtirib turilmaydi, ahvolni yaxshilash uchun zarur choralar koʻriladi. Ayni choqda, nafaqat mehnat resurslari, intellektual resurslarimizning ham xorijga oqishi tabiiy. Agarki oqimni butkul toʻxtatishga ojiz ekanmiz, uni boshqarmoq, mamlakat ravnaqi va istiqboli uchun manfaatli oʻzanga burishga harakat qilmoq lozim.

Avvalo, chet eldagi iqtidorlarimiz oʻzlarini “emigrant” emas, “xorijda muvaqqat ishlovchi” deb his qilsin. Bu esa ularning yurt bilan robitasi uzilmasligini taqozo etadi. Demak, ularning Vatan bilan bogʻliq faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish zarur: mamlakatimizdagi ilmiy markazlar bilan muntazam aloqani taʼminlash, sohasi boʻyicha markazlar, laboratoriyalar, klinikalar ochish, investitsiya kiritishi uchun qulay va imtiyozli sharoitlar yaratish... Qarangki, yechim yana birinchi omilga borib tutashyapti. Chindan ham, ijtimoiy-iqtisodiy muhit sogʻlomlashmay turib muammolarni adolatli va toʻgʻri hal qilib boʻlmaydi.

Darvoqe, avval ham oʻylab yurardim-u, shu kunlarda bir faktga duch kelgach, yanayam koʻproq oʻylayotirman: biz inson resurslari borasida ham “xomashyo” yetkazuvchigina boʻlib qolmayapmizmi?! Hozir hammaning ogʻzida shu gap: belorus klubi futbolchimiz Abduqodir Husanovni tekinga olib ketib, keyinroq Fransiyaning “Lans” jamoasiga 100 ming yevroga sotgan. Uch mavsum oʻtib mohir himoyachi 40 mln yevro evaziga ingliz klubiga oʻtdi. Endi oʻsha mablagʻdan belorus klubiga ham ulush tegadi, “Bunyodkor”ga-chi?.. Iqtidorlar bilan ishlash risoladagidek yoʻlga qoʻyilsa, bizning klub ham yaxshigina hissa olarmidi? U holda bir Abduqodir emas, uni tarbiyalagan klub, butun oʻzbek futboli manfaat koʻrgan boʻlarmidi?!

Xonasi kelib qoldi, futboldan yana bir misol keltiray. Hamyurtimiz Abbosbek Fayzullayev SSKA (Moskva) jamoasining peshqadam oʻyinchisi boʻlgani holda oyiga 10 ming yevroga yaqin maosh olarkan. Holbuki, oʻsha klubning boshqa bir yetakchisi Igor Akinfeyevga yiliga 1,6 mln yevro maosh berilar ekan. Ravshanki, bu bir Abbosbekning emas, oʻzbek futboli, umuman, Oʻzbekistonning zarari...

Xulosa shuki, iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash bilan birga ularni nomdor klublarga oʻtkazish ishini ham rejali yoʻlga qoʻyish, soha mutaxassislarini yetishtirish – pul tikishga loyiq ishdir. Maktabni bitiriboq Rossiyaga otlanib, “Hunaring nima?” soʻrogʻiga “raznorabochiy” (asli “chernorabochiy”) deb yurgan boʻy yigitlarga biron bir hunarni puxta egallash imkonini yaratish ham muhim. Hunar egasi oʻlaroq koʻproq maosh olsalar, topganlari oxir-oqibat yurt farovonligiga xizmat qiladi-da!..

Alhol, latifadagi “oltin qoʻl” va “oltin bosh”larning chiqib ketishi – obyektiv jarayon, uni butkul toʻxtatishga ojizmiz, lekin el-u yurtga zarari imkon qadar kam, foydasi esa koʻp boʻlishiga erishmogʻimiz shart.

– “Bugun Ovrupo xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari; ovrupoliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va kalta kiyim janjallari. Ovrupo shaharlari bugun elektr bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jugʻrofiya va tibbiyotni oʻqitish-oʻqitmaslik ixtiloflari...” Bu – jadid harakati sardori Munavvar qori Abdurashidxonovning 1923-yil “Turkiston” roʻznomasida chop etilgan maqolasidan iqtibos. Ne tongki, oradan bir asr oʻtgan boʻlsa-da, ahvoli ruhiyamiz deyarli oʻzgarmagandek. “Hayotning kurash maydonida va jahon xalqlari orasida islom olamining farsax-farsax orqada qolganligini bayon qilishga ehtiyoj yoʻqdir. Biz turkistonlilar esa boshqa islomiy jamiyatlarga nisbatan dunyoi jahon parishonlikka tushib, yoʻlimizdan adashganmiz”, deydi boshqa bir maʼrifatparvar Abdurauf Fitrat. Yuz vahki, bugun ham mutaraqqiy dunyo bilan oʻrtamizdagi farsax-farsax masofa qisqarmagan...

Toʻgʻri, millat zehniyatiga asrlar mobaynida oʻrnashgan zanglarni ketkazish oson kechmaydi. Ammo “to bir qavm oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha, Olloh ularning holini oʻzgartirmas”ligi ham ayon haqiqat. Nahot, Hollivudning “Sugʻur kuni” filmida tasvirlangani kabi yakrang holatni qayta-qayta boshdan kechirmoqqa abadiyan mahkum boʻlsak?! Fitrat domla kuyunib yozganidek, “bu parishonlikning sababi nedir?”

– Tushkunlik (pessimizm) – odamning oʻziga yuk boʻladigan narsa, marra yaqinlashgani sari nekbin (optimist) boʻlgingiz kelarkan. Shu maʼnoda, soʻnggi yillar ijobiy oʻzgarishlarni koʻproq koʻrayotgandekman. Avvalo, yoshlarda bilim olishga intilish kuchaydi – mustaqillikning ilk yillariga qiyoslansa, farq – osmon bilan yercha. Ikkinchidan, yoshlar ichida “Mana bu – halol, mana bu – harom” degan mezon bilan harakat qiladiganlar koʻpaymoqda. Umid shuki, ertami-indin ular “Davlatniki – hammaniki, men esa oʻsha hammaning biriman, demak, meniki ham” deydiganlar oʻrnini egallaydi. Ular endi “Davlatnikida yetim-yesirning, gʻarib-u miskinning, maktab-u xastaxonaning... magʻribdan mashriqqacha haqdorlarning ulushi bor” deb qaraydi. Shu tariqa yurtda haloldan farovonlik barpo boʻladi. Haloldan kelgan farovonlik anchayin toʻkinlik emas, bunday sharoitda non-u choy bilan kun kechirayotgan ham, umri jamshidona ziyofatda oʻtayotgan ham birdek qanoatda yashaydi – koʻnglida xotirjamlik hukmron, aql-u idroki yuksak materiyalar haqida oʻylashga ehtiyoj tuyadi. Utopiyaga oʻxshayaptimi? Yoʻq, bu xayolot emas! Xudo xohlasa, shunday kunlar keladi: xalqimiz chin maʼrifatga erishadi, uning tarixidagi eng shonli sahifalar oʻshanda bitiladi. Ha, aytgancha, qoloqlikning boisini soʻradingiz. Fikrimcha, koʻngil xotirjamligiga putur yetkazuvchi nimaiki boʻlsa bari “parishonlik sababidir” – xususan, nafsga magʻlubligimiz, shukronalik faqat tilda boʻlib qolgani...

– Olis oʻtmishda ham, yaqin kechmishda ham mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik illatlari xalqimiz boshiga ne-ne shoʻrishlarni solmagan deysiz. XIX asr mavlonosi “Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Fargʻonaman” deya shikva-shikoyat bitgan boʻlsa, XX asrda chaqmoqdek umr kechirib oʻtgan boshqa bir shoirimiz “Oʻzbekni quritar mahalliychilik” deya figʻon chekdi. Mahalliychilik millatning ogʻriq tishlaridan ekani haqrost. Negadir keyingi vaqtlarda bu illat yana bosh koʻtarib qoldi. Maishiy jabhadagi ayirmakashlikni qoʻyaturing, ijtimoiy tarmoqlarda hatto oʻn minglab “murid” yiqqan baʼzi blogerlar “Toshkentni qishloqilar bosib ketgani”dan yozgʻirmoqda. Bu illat faqat poytaxt ahliga xos desak adashamiz. Farazan, mamlakatning bosh kenti Fargʻona yoki Qashqadaryoga koʻchirilsa, vodiy, voha ahli ham “oʻzimiznikilar va oʻzgalar” tarzida ish tutmasligiga kafolat yoʻq. Davlatchiligimiz ildizi ming yillarga borib taqaladi. Zamonaviy respublika tuzilganiga ham bir asr boʻldi. Mahalliychilikdan hali-hanuz xalos boʻla olmaganimiz yagona millat oʻlaroq shakllanmaganimizdan dalolat emasmi? Taraqqiyot karvonining peshqadami boʻlmoqqa bel bogʻlagan millatga bu xil maydalik yarashadimi?!

– Hech shubha yoʻqki, mahalliychilik ham, urug‘-aymoqchilik ham taraqqiyotimizga tushov – buni hamma birdek eʼtirof etadi. Biroq amalga kelganda beixtiyor ularga dast berib qoʻyamiz. Hatto bu illatlarni siz-u biz qatori keskin tanqid qilib yurgan kishi falakning gardishi bilan mansabga tayinlanib qolsa-yu fursat oʻtkazib razm solsangiz, uning “komanda”si ham asosan qarindosh-urugʻlari-yu hamyurtlaridan iborat boʻlib chiqadi. Albatta, masʼuliyatli vazifa yuklangan odamning oʻz yonida ishonchli kishilar boʻlmogʻini istashi tabiiy. Lekin oʻsha vazifani bajarmoq uchun salohiyat kerak, axir. Munosib odam yon-atrofidan – qarindosh-urugʻi, hamshahar, hamqishloqlari, tanish-bilishlari orasidan boʻlsa-ku – eʼtiroz yoʻq, boʻlmasa – “chetdan” olinishi kerak-da! Afsuski, koʻpincha iqtidorli nomzod qolib, saviyasi bir kalla pastroq boʻlsa ham, qondosh-qarindoshlik yo quda-andalik rishtalari bilan bogʻlangan kishi yoki hamqavm tanlanadi...

Nazarimda, bu illatning psixologik ildizlari juda chuqur – ho‘-oʻv odamzod mamont ovlab yurgan zamonlarga qarab ketsa ajab emas. Ibtidoiy odam atrofidagi maxluqlar qarshisida oʻzini ojiz sezganidan hamisha qarindosh-u gʻordoshlari koʻmagiga muhtoj boʻlgan – ular yonida boʻlsagina oʻzini tabiat kuchlari-yu maxluqotdan himoyalangandek his etgan. Ayni shu ojizlik hissi suyak surib kelib har bir insonning kollektiv ongsizligida muqim oʻrin olgan. Ibtidoiy ajdodidan farq etaroq, bugungi kun kishisi oʻzini tabiat qarshisida ojiz sezmaydi; u tabiat mening izmimda degan yanglish ishonchida yasharkan, oʻzini jamiyat qarshisida ojiz his etadi. Bu his yuragidagi qoʻrquvni kuchaytiradi: atrofini dushmanlar qurshagan, muvaffaqiyatini hech kim koʻrolmaydi, hamma uni chalish payida, yoniga ishonchli odamlarni toʻplashi kerak, oʻzi ham kimningdir ishonchiga kirmogʻi darkor, aks holda yem boʻlib ketadi...

Mahalliychilik va qarindosh-urugʻchilik – shaxs sifatida yetilmaganlik asorati. Bu toifa kishilar uchun eng kichik ijtimoiy birlik shaxs emas, balki toʻda. Uning toʻdasidagi mutlaq hokimligi SHAXS ekaniga dalolat qilmaydi, chunki oʻzi doxil yuqoriroq toʻdada u mute bir aʼzo, xolos... Ha, afsuski, siz haqsiz: “Mahalliychilikdan hali-hanuz xalos boʻla olmaganimiz yagona millat oʻlaroq shakllanmaganimizdan dalolat”. Zotan, millat degani aksariyati oʻzligini, jamiyatdagi oʻrni va qadr-qimmatini, ijtimoiy missiyasini anglagan shaxslardan tarkiblanuvchi tuzilmadir.

– “Hujjat ul-islom”ning otdoshi, misrlik zabardast olim shayx Muhammad Gʻazzoliy (1917–1996) Gʻarb tamaddunini afsonaviy maxluq – inson siyoqli, hayvon jismli Abul Havlga (Sfinks) oʻxshatgan ekan. Alloma zamon kishisining tafakkuri bashariy, tabiati esa hayvoniy ekaniga ishora qilgan, nazarimizda. Aziz-u mukarram deb sifatlangan odamzod vakillari bugun sodir etayotgan koʻz koʻrib quloq eshitmagan qilgʻiliklarni kuzatib, Gʻazzoliy haq ekaniga takror va takror iymon keltirasiz. “Maʼrifat asri”da kechayotgan urushlarda lak-lak inson qoni toʻkilmayaptimi?! Harb ahli kiprik qoqmay maʼsum goʻdaklarni-da qatl qilmayaptimi?! Axloq, eʼtiqod, maʼnaviyat kabi muqaddasotlar poymol etilmayaptimi?! Tushovi uzilgan “nokas-u nojins” toifaning xurmacha qiliqlarini... eslagisi ham kelmaydi kishi. Holbuki, insoniyatning aql-u tafakkuri yuksalgani sari johiliyat chekinmogʻi lozim emasmidi?..

– Inson farishta bilan hayvon oraligʻidagi hodisa deyish bilan shayx Muhammad Gʻazzoliy aytgan, ungacha aytilgan va keyin ham aytilajak koʻplab purmaʼno taʼrif-u tashbehlar mohiyati ifodalab qoʻyilgan. Inson shu ikki qutb oraligʻida sargardon ekan, undan har ne ezgulikni ham, har ne tasavvurga sigʻmaydigan yovuzlikni ham kutish mumkin. Shu yoshgacha koʻrgan-bilganlarimni umumlashtirib, taraqqiyot degani bashariyat hayotining faqat ezgulik jabhasidagina emas, yovuzlik tomonida ham birdek kechaverar ekan, degan noxush xulosaga kelib qolaman-da, bundan qutulmoq uchun qayta boshdan mulohaza yuritaman – yana oʻsha natija, lekin uni tan olgingiz kelmaydi, oʻylayverasiz, oʻylayverasiz... Inson Yaratgan izmi bilan boʻlgan kor-amalni oʻzgartirishga urindimi, fojia muqarrar.

Tafakkurimizni yuksaltgan kitoblarda erkinlik eng oliy qadriyat deya talqin qilingan. Biz ham romantik kayfiyatda – erkinlikni sogʻinib, unga talpinib ulgʻaydik, hammaning soʻzda, fikrda, eʼtiqodda hur boʻlmogʻini orzu qildik. Bilmadim, bir men shundaymidim yo boshqalar hammi, mudom Gʻarb kishisini erkinroq bilib, unga havaslanib yashaganim rost. Endi, oʻsha havaslanganim hurlik kamalak bayroq koʻtarib koʻchalarni toʻldirgan dayus-u nojinslar timsolida yuz koʻrsata boshlaganida... bir nokasga Yevropa poytaxtlaridan birining keng maydonida turib bemalol Qurʼonni yoqish – ikki milliard musulmon koʻngliga tuflashga izn berganida... oʻzga din kishilarini-ku qoʻying, Olimpiya oʻyinlari yopilishida xristian aqidasini masxara qilganlarida... – bu erkinlikning endi aslo Rahmondan emas, naqd Shaytondan boʻlib qolganiga ishonib oʻtiribman. Yoshlikda erkinlikni orzulaganimiz xato edi demoqchi emasman, aslo! Ammo erkinlik tushunchasining “taraqqiyot”i uni shu qoʻrqinch holga keltirdi. Oʻtkir aqllar-u toza qalblarda mavhumot oʻlaroq yashagan kezlar u mutlaq ezgu edi, hayotga joriy boʻlgach esa inson botinidagi illatlarga ham qorishdi – odamzod erkinlik talabida haddan osha boshladi. Hadni unutish esa, bilasiz, inson uchun beshak halokatdir. Zero, had unutilsa, ezgu narsa ham yovuzlikka doʻnadi. Inson esa, afsuski, nafsiga magʻlub boʻlibmi yo iblisga aldanibmi, koʻpincha haddan oshishga moyil keladi.

– Dilmurod aka, yetti-sakkiz yil avval chop etilgan “Sheʼrda mantiq kerakmi?” degan maqolangiz qoʻlma-qoʻl oʻqilgani yodimizda. Oʻshanda Ahad Qayum otlig‘ havaskor qalamkashning qoralamalarini zoʻr hafsala bilan tahlil qilarak badiiy didning yalpi oʻtmaslashuvi haqida bong urgan edingiz. Taassufki, “shigʻirchi”lar shoirlik daʼvosidan voz kechgani yoʻq. Bilʼaks, keyingi yillarda nazmbozlik kasali yanada kuchaydi. Bu hol soʻz sanʼati oʻrtamiyonalikka yengilganini anglatmaydimi? Chin adabiyot ahli, nima, “oq bayroq”ni koʻtaraversinmi endi?

– Siz aytmoqchi, “zoʻr hafsala bilan tahlil qilganim” uchun ayrim hamkasblardan “Tanqiddan tuban narsalar haqida yozish nega kerak?!”, “Umrni zoye qilibsan!” qabilida dashnomlar ham eshitganman. Negadir bu maqolani koʻpchilik Ahad Qayumni tanqid qilish uchun yozilgan deb tushundi. Holbuki, u bir bahona, maqola adabiy jarayondagi hodisa haqida edi – nazmbozlik kasali kuchaygani-yu badiiy didning susayib borayotgani, yengil-yelpi sheʼrlarning kun sayin ommalashayotgani sabablarini anglashga harakat qilganman. Lekin, baribir, koʻpchilik uchun to hanuz oʻsha havaskor qalamkashni “boplab urib chiqqan”gina boʻlib qolayotirman. Hay, mayli, bu boshqa masala...

Toʻgʻri, shigʻirchilar shoirlik daʼvosidan voz kechgani yoʻq. Bu yogʻini soʻrasangiz, ularni taslim qilish, qalamini sindirish niyatini koʻzlamaganman ham. Zero, sheʼr yozish, toʻlib ketgan koʻngilni qogʻozga toʻkish ehtiyoji koʻpchilikda boʻladi. Jillaqursa, ilk muhabbatdan boshi gangigan mahal, toʻrt satr boʻlsin, sheʼr bitadida odam. Lekin satrlarga ajratib yozilganki matn sheʼr emasligini, ichidan toʻkilganki narsani boshqalarga koʻrsatsa boʻlavermasligini ham bilishi kerak-da odam degan! Ilgarilari ham koʻpchilik koʻngil holini mahram daftariga sheʼriy alfozda izhor etgan, lekin u qoralamalarga faqat xos kishilarning koʻzi tushgan. Endilikda esa xos daftarning nasibasi ham tarmoqda olamga yoyilyapti – bamisoli kelinchakning ichkiyimi balkondagi dorga yoyilgani kabi. Nashr imkoni ortganidan shaxsiy daftarlarni ham kitob qilib chiqarish koʻpaydi. Kitobki, muqova sanʼatkorona ishlangan, qogʻoz sifati aʼlo, matbaasi yuqori saviyada... xullas, qarshisida Alisher Navoiy nashrlari boʻynini qisib qoladigan darajada! Hech yoʻq hazratdan andisha qilinmasa-ya! Asli, maqola shu haqda – xos daftarlarga qaytish zarurligi toʻgʻrisida edi.

Nihoyat, “oq bayroq” koʻtarish masalasiga kelsak. Yoʻq, hartugul soʻnggi yillarda vaziyat oʻzgarayotgandek – matbuotdagi chiqishlar, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar shunday yaxshi gumon qilishga dastak beradi. Nazm sanʼati mudroqlik holatidan chiqqandek, chor tarafdan yaxshi sheʼrlar jarangi kelayotir. “Izlam” va u bilan bogʻliq tadbirlar, “Qaqnus”dagi chiqishlar, “Duel” singari joʻshqin bellashuvlar, yana qaytadan ommalasha boshlagan nazmiy konsertlar – bularning hammasi yuksak sheʼriyat, siz aytganga zid oʻlaroq, zafar tugʻini baland koʻtargancha hujumga oʻtganini koʻrsatadi.

Sobirjon YOQUBOV suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Halollik maslagi, qanoat matlabi” suhbati.