Yevropaning shimolida joylashgan Skandinaviya yarim oroli hududlarida kufiy xati bilan zarb qilingan tangalar xazinasi borligi isbotlanganiga bir yarim asr boʻldi. Somoniylar tangasi boʻlgan “boylik” asosan janubiy Shvetsiya va Gotland orolidan topilgan. Bundan tashqari Gʻarbiy Rossiya, Qozon hududlari, Volganing oʻrta oqimlaridan topilgan koʻplab xazinalar mavjud. Shuningdek, bunday xazinalar Polshaning gʻarbidagi Chexova hududi va hatto Angliyada ham uchraydi. Bugungi kungacha islom namunasidagi tangalar Shvetsiya va unga yondosh boʻlgan Yevropa hududlaridan muntazam topib kelinmoqda. Bu xazinalar u masofalarga tasodifan borib qolmagan. Xazinalar ayniqsa milodiy X asrlarda rus va Yevropa manbalarida varangiylar (varyaglar) nomi bilan eslanuvchi vikinglar faol boʻlgan hududlarda uchraydi. Qizigʻi, bunday xazinalar tarkibining asosiy qismini Oʻrta Osiyo kumush tangalari tashkil qiladi. Buni uch xil asos bilan izohlashimiz mumkin:

1.                 Oʻsha paytda Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilayotgan Somoniylar davlati Buyuk Ipak yoʻlining qoq markazida joylashgan va uning tarkibiga kiruvchi Xorazm shimoliy hududlar bilan savdoda mutloq yetakchi edi;

2.                 IX–X asrlarda Somoniylar oltin tangasidan koʻra, kumush tangasi xalqaro pul darajasiga koʻtarilgan va Buyuk Ipak yoʻli boʻylab turli davlatlarga yetib borgan;

3.                 X asrda Somoniylar davlati hududidagi kumush konlari faol ishlayotgan va qazib olinayotgan kumush xomashyosi nafaqat Somoniylar davlati, balki butun Sharqiy Yevropa hududlarini taʼminlar edi.

Shimoliy va Sharqiy Yevropaning koʻplab hududlaridan topilgan xazinalardan bilish mumkinki, Somoniylar davlati vikinglarning eng asosiy kumush xomashyo bazasi hisoblangan. Lekin shuni ham unitmaslik joiz, ular Somoniylardan tashqari bir nechta kumush yetkazib beruvchi savdo sheriklariga ega edilar. Masalan, topilgan xazinalar tarkibida Vizantiya kumush tangalari, Abbosiylar tangalari koʻproq, kam boʻlsa-da, Xorazmshohlar tangalari ham uchrab turadi.

Xorazm va viking savdogarlari ilk bor 900-yillar atrofida Volganing oʻrta oqimi hududlarida toʻqnash kelgan. Shuningdek, taxminan 880-yillar atrofida Vikinglar Volga daryosi orqali Kaspiy dengizga chiqib, uni kesib oʻtishgan va dengizning janubiy-sharqida joylashgan Ziyoriylar davlatiga qarashli Jurjon shahrigacha borgani haqida maʼlumotlar bor. Vikinglar mana shu sayohatlaridan biroz oldin Quyi Volga hududlarini oʻzlari uchun kashf qilishgan boʻlsa, xorazmliklar bu yerlar bilan ancha yillar oldin ham savdo qilishardi. Volganing quyi va oʻrta oqimi ularning savdo hududlariga aylanib boʻlgandi. Biroq bu hududlardan aynan mana shu davrda Xorazmda hukmronlik qilgan mahalliy Afrigʻiylarga mansub tangalar juda ham kam topilgan. Buni oʻsha davrlarda Somoniylar va Abbosiy xalifalarning tangalari xalqaro savdoda ustunlikga ega ekani va Xorazmshohlar davlati ham rasman Somoniylar davlati tarkibida boʻlib, ularning tangasidan koʻproq foydalanishgani bilan izohlashimiz mumkin.

Bu paytda oʻrta Volga daryosi va janubiy Qozon hududlarida Bulgʻor xonligi davlati joylashgandi. Vikinglar va xorazmliklar boshqa hududlarga tijorat maqsadida sayohat qilishgan boʻlishsa-da, aynan Bulgʻor xonligi hududi ular oʻrtasida savdo munosabatlari koʻprigi edi. Xorazmliklar va vikinglar oʻrtasidagi savdo munosabatlarida asosiy xomashyo qullar va teri mahsulotlari boʻlgan. Ibn Fadlan oʻz esdaliklarida Somoniylar sotib oladigan asosiy tovar bu qullarligi, ular koʻproq turkiylardan iboratligi, asosan qoʻshin sonini orttirishga xizmat qilishlari haqida maʼlumotlar bergan. Fikrimiz isboti sifatida Oʻrta Osiyo va Eron hududlarida paydo boʻlgan yangi davlatlardan biri Gʻaznaviylar hokimiyatining asoschisi Alp Tegin ham Somoniy hukmdorlarning turkiy quli boʻlib, keyinchalik Gʻazna atroflarini oʻziga boʻysundirib olganini kyeltirishimiz mumkin.

Endi mavzumizning asosiy mazmuniga qaytsak. Yuqoridagi fikrlardan soʻng, Vikinglar bilan boʻlgan savdoda Xorazmshohlar tangasi ishlatilganmi, degan savol paydo boʻladi. Albatta ishlatilgan! Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Shimoliy Yevropa sarhadlaridan topilgan kufiy tangalar orasida Abbosiylar va Somoniylar tangalari, shuningdek, Sosoniylar, Vizantiya va kam miqdorda boʻlsa-da Xorazm kumush tangalari mavjud. Yaʼni, Xorazmshoh Ahmad ibn Muhammadning kumush tangasi ham.

Ahmad ibn Muhammad kim boʻlgan?

Bu vaqtda Xorazmda koʻpchilik tarixchilar tomonidan “Banu Iroq” sulolasi nomi bilan tilga olinuvchi mahalliy Afrigʻiylar xonadoni hukmdorlik qilar edi. Bu hududni 896-yilda Buxoro hukmdori Ismoil Somoniy egallagach, u yerga Iroq ibn Mansurni Xorazmshoh etib tayinlaydi.

Shvesiyadan topilgan Ahmad ibn Muhammad kumush tangasi. Shvesiya tarix muzeyi. SMH 16184.

Tadqiqotchilar ot tasviri bilan zarb qilingan tangasiga tayanab uni milodiy 893-yilda (hijriy 280-yil) Xorazm taxtini egallagan deb taʼkidlashadi. Hijriy 295-yilda (907-yil) Ismoil Somoniyning oʻlimidan soʻng Somoniylar hokimyatining turli hududlarida qoʻzgʻolonlar boʻlib, siyosiy beqarorlik boshlanadi va Iroq ibn Mansur oldida mustaqillikga erishish imkoniyati paydo boʻladi. Lekin bu davrning tarixi haqida toʻliq maʼlumotga ega emasmiz. Iroq ibn Mansur tomonidan zarb qilingan va bugungi kunda fanga maʼlum boʻlgan tangalaridan xulosa qilsak, u birontasida Xorazmshoh sifatida qayd etilmagan, – arab tilida “Moʻminlar amirining xizmatkori” bitigi bilan zarb qilgan.

Iroq ibn Mansurning hukmronligi qachongacha davom etgani haqida ham maʼlumot yoʻq. Lekin, yuqorida aytilganidek, xalifa Al-Muqtodirning (908–932) Bulgʻor davlatiga yuborgan elchisi Ibn Fadlan 921-yilda (hij. 309-yil) Kot shahriga kelganida, hukmdor Iroq ibn Mansurning oʻgʻli Muhammad Xorazmshoh edi, deb qayd etgan. Muhammad Xorazmshoh Abu Rayhon Beruniyning ustozi – matematik olim Abu Nasr ibn Iroqning amakisi boʻlgan. Yaʼni, u Muhammad ibn Iroqning ukasi Ali ibn Iroqning oʻgʻli edi. U haqida maʼlumot juda kam, hatto bugungi kungacha hukmronligida zarb qilingan tangalar ham topilmagan. Biroq, qandaydir nomaʼlum sababga koʻra, Ibn Al-Asir asarida 943-yilda (hij 332-yil) Xorazmshoh taxtiga Muhammadning oʻgʻli Ahmad emas, Abdulloh ibn Ashkom degan shaxs oʻtirdi, deb qayd etgan. Demak, Muhammad ibn Iroq shu yilgacha hukmronlik qilgan.

Beruniy Muhammad ibn Iroqni Xorazmning 22 nafar hukmdori safiga kiritmagan. Vaziyatga qaraganda Abdulloh ibn Ashkom taxtni oʻzboshimchalik bilan egallab, Somoniylar hokimyatiga qarshi chiqqan. Keyinroq, Nuh ibn Nasr Somoniy unga qarshi qoʻshin yuborgach, u “Turklar hukmdori xuzuriga”, yaʼni Oʻgʻuzlar davlatiga qochib ketadi. O‘rniga Somoniylar poytaxtida garov sifatida ushlab turilgan Muhammadning oʻgʻli Abu Said Ahmad Xorazmshoh sifatida qoʻyiladi. Ahmad ibn Muhammadning taxtga oʻtirgan yili toʻgʻrisida ham aniq maʼlumot yoʻq. Beruniyning “Osor ul-boqiya” asarida u haqida bir qancha maʼlumotlar berilgan. Maʼlumotga koʻra, u taxtga oʻtirgach Xorazmning mahalliy Ajgʻar (inglizcha matnda – Ajghar) nomli bayrami (mahalliy taqvimdagi xatolik sabab vaqti oʻzgarib ketgandi) kunini toʻgʻirlash uchun Xorazm taqvimini isloh qiladi. Beruniyning aytishicha, bu voqea Aleksandr vafotidan 1270 yil keyin, yaʼni 959-yilda sodir boʻlgan va bu masala haqida Xorazmshoh Ahmad 7 yil oldin, Buxorodan qaytgan payti oʻylay boshlagan. Bundan kelib chiqadiki, Abu Said Ahmad taxtga 952-yil oʻtirgan. Uning oʻz ajdodlaridan farqli jihati shundaki, tangalarida hukmdor aynan “Xorazmshoh” unvoni bilan qayd qilingan. Shunga asoslanib bu davrda Xorazm Somoniylar taʼsiridan mustaqil tarzda faoliyat yuritgan, degan xulosaga kelsak boʻladi.

Ahmad ibn Muhammadning Vikinglar xazinasidan topilgan tangasi

Xorazm X asrlarda shimoldagi hududlar bilan savdoda mutloq yetakchi edi. Shuning uchun ham shimoliy hududlardan Xorazm tangalari ham topilishi tabiiy hol. Rossiyalik tadqiqotchi Mixayl Feodorvning “Banu Iroq Xorazmshohlari (X asr)” maqolasida Shvetsiya tarix muzeyida saqlanayotgan Xorazmshoh Ahmad ibn Muhammadning 2 ta kumush dirham tangasi haqida qisqacha maʼlumot beriladi. Bu tangalarning aynan qaysi xazina tarkibidan va qachon topilgani haqida aniq maʼlumotimiz boʻlmasa-da, ularning Shvetsiya hududidan topilgani aniq. Chunki bu tangalar SMH 9136 va SMH 16184 raqamlari ostida Shvetsiya tarix muzeyi tarkibidagi Qirollik tangalari kolleksiyasida saqlanmoqda.

Ahmad ibn Muhammadning Shvetsiya tarix muzeyida saqlanayotgan tangalarining har ikkalasi ham taxminan Xorazm taqvimi isloh qilingan yili, yaʼni hijriy 348-yil (mil. 959 yoki 960-yil) Xorazmda zarb qiligan. Tanganing old tomoni markazida oyati kalima, yaʼni “Allohdan oʻzga iloh yoʻq, u yagonadir va sherigi yoʻqdir” deb yozilgan. Ushbu jumlaning atrofida ikki qator qilib arab tili, kufiy yozuvida xat bitilgan. Bu yozuvning ichki aylanasida “Alloh nomi bilan ushbu dirham Xorazmda 348-yilda (milodiy 959) zarb qilindi” degan yozuv mavjud. Tanganing old tomoni tashqi aylanasi boʻylab esa Qurʼoni karimning Rum surasi 4-oyatidagi “Bundan oldin ham, keyin ham barcha ish Ollohdandir. Oʻsha kunda moʻminlar shodlanurlar” degan jumlasi bitilgan.

Tanganing orqa tomoni markazida esa “Muhammad Allohning rasulidir. Ahmad ibn Muhammad Xorazmshoh” deb yozilgan. Tanganing orqa tomoni qirrasi boʻylab Qurʼoni karimning Tavba surasi 33-oyatida yoki Saf surasi 9-oyatlarida kelgan “Muhammad Ollohning elchisidir. Oʻz paygʻambarini hidoyat va haq din bilan, garchi mushriklar istamasalar ham barcha dinlarga gʻolib qilish uchun yuborgan zotdir” kalimasi yozilgan. Tangalarning hajmida yillar taʼsiridagi karroziya va turli yemirilishlar sabab oʻzgarishlar boʻlgan.

Umuman olganda, tanga Samoniylar tangasidan yaqqol nusxa olib yasalgan. Uning uslubidan tortib, yozuv husnixatigacha deyarli bir xil. Lekin shuni ham taʼkidlash kerakki, u arab yozuvida zarb qilingan tangalar ichidagi Xorazmshoh unvoni qayd qilingan birinchisidir. Bundan tashqari, ustiga Qurʼoni karim oyatlari yozilgan ilk tangadir.

Ushbu tangalardan 3 nusxasi bugungi kunda Shvetsiya tarix muzeyi Qirollik tangalar kolleksiyasida saqlanmoqda. Ushbu 3 nusxa tanga turli ekspedisiyalar davomida Shvetsiyaning turli hududlaridan topilgan. Masalan, ulardan 2 nusxasi Zoʻdermanland hududidan 1892 va 1924-yillarda, 1 nusxasi 1918-yilda Gotland hududidan topilgan.

Shohruxmirzo ISMOILOV,

Mamun universiteti, “Tarix” kafedrasi dotsenti v.b. Tarix fanlari falsafa doktori