Xiyobondagi oʻrindiqqa oʻtirdim. Oʻsmir yigit telefonidan koʻz uzmay, biroz siljib joy berdi. Uning telefonida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur boʻlgan ayol er-xotin munosabatlari haqida beparda gaplar bilan fikr bildirardi. Oʻsmir yigit yonida oʻtirganimga, yoʻlakdan xotinlar, qizlar oʻtib qaytayotganiga parvo ham qilmay baland ovozdagi bu gaplarni bemalol tinglardi. Men esa nafaqat oʻzbeklarga, balki Sharq xalqlariga xos uyat, andisha qayerga yoʻqoldi deya oʻyladim. “Mana shunday tuygʻularga darz ketishi aslida oʻzlikdan uzoqlashish, insoniylikni yoʻqotish emasmi?”, “Bugungi shiddatli, global dunyoda asl qadriyatlarni qanday asrashimiz kerak?”, “Yoʻqotilgan tuygʻularimizni qanday tiklaymiz?” kabi savollarga javob topish, millat oʻzligini asrash borasida fikr almashish uchun adabiyotshunos, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov va filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Rahmon Qoʻchqor domlalarni suhbatga chorladik.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Zuhriddin aka, siz tengi avlod – Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, qolaversa, sizdan katta avlod – Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinovlar tengi bir guruh ziyolilar xalqni oʻzlikni tanishga chaqirdi. Vaholanki, oʻsha paytlar hali sovet tuzumining dinsizlik, oʻzlikni yoʻqotishga qaratilgan qattol siyosati oʻz kuchida edi. Ular oʻzining gʻoyasini majburan tiqishtirayotgan bir vaqtda qanday kuch, nima sabab tufayli oʻsha davrning yosh yigit-qizlari oʻzlikka qaytish, mustaqil boʻlish degan gʻoya atrofida birlasha oldi?
Shu oʻrinda qiziq ziddiyat bor. Bugun hukumat oʻzlikni tanish, jamiyatni bir butun millat sifatida yuksaltirish kerak degan siyosatni yuritmoqda. Qolaversa, ildizi, qadriyatlari bir boʻlgan turkiy xalqlar orasida hamjihatlik gʻoyasi ilgari surilmoqda. Yaʼni bizga kerak boʻlgan, bir zamonlar orzu qilingan murod yoʻli ochiq. Ammo yoshlar orasida boshqa xalqlar madaniyatiga mahliyolik, ularga oʻxshashga qiziqish kuchayib borayapti. Olomon madaniyati, “faqat men” degan gʻoya kuchaymoqda. Buning sabablari nimada deb oʻylaysiz?
Zuhriddin Isomiddinov:
– Avvalo mavzuga biroz kengroq qaraydigan boʻlsak, hamma zamonlarda katta avlod yoshlar aynib borayapti deb yozgʻirgan. Lekin siz taʼkidlagan maʼnoda, 1960-yillarga nazar tashlasak, istibdod davri, mustabidlar oʻrislashish siyosatini yurgizayotgan edi. Hatto oʻzbeklarni “grob”ga solib, janozasiz koʻmganlarini koʻrdik. Bu kommunistcha dafn etish deyilardi. Lekin uning kommunizmga aloqasi yoʻqligini yaxshi bilardik. Oʻsha vaqtlardan boshlab yoshlarda ichki bir isyon shakllandi. Uygʻonish boshlandi. Toʻgʻri, ular birdan bayroq koʻtarib koʻchaga chiqmagan. Bu xatarli ham edi. Chunki oʻn besh yil oldin, 1950-yillar boshidagi repressiya siyosatining dahshati, sovuq shamoli uzoqlashib ulgurmagandi. Endi ular qanday yurak yutib, repressiyadan 10-15 yil oʻtmasdan oʻzlikka qaytish gʻoyasi atrofida birlashdi?! Mening bitta javobim bor, oʻsha avlod maʼrifatli avlod edi!
Oʻzbek xalqi tarixida bir necha bor madaniy koʻtarilish boʻlgan. Hech shubhasiz, oʻtgan asrning 60-yillarida xalqimizning milliyligi barq urib gulladi. Ular biz bugun erisha olmayotgan milliylik darajasiga ham chiqa olgan. Biz nomini tilga olganimiz Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar koʻzga koʻringan bayroqdorlar edi. Ularning atrofida turli soha kishilaridan iborat juda katta ziyolilar guruhi bor edi. Ular tinimsiz kitob oʻqirdi. Umuman butun xalq kitobxon edi. “Fan va turmush” degan jurnal oʻsha paytda oʻzbek xalqining oʻqituvchisiga aylangan edi. Keyinroq “Guliston” jurnali chop etila boshladi. Yoki “Toshkent oqshomi” gazetasi yuz minglab nusxada bosilardi. Bunday nashrlar har bir xonadonga kirib borardi. Demoqchimanki, 1960-yillar avlodining uygʻonishiga sabab ulardagi maʼrifat kuchi edi. Hozir ham ayrim qishloqlarga borganimda gohida yoshi saksondan oshib ham mutolaadan toʻxtamagan oʻsha avlod vakillariga duch kelaman. Suhbatlashgandayoq seziladi, ular bilimli odamlar. Faqat bilimligina emas, maʼrifatli, nihoyatda ziyoli odamlar.
Nazarimda, ular oʻzbek xalqi hali kelajakda yuksak choʻqqilarni zabt etishiga ishonardi. Afsuski, men bugun yana ikki yuz yildan keyin xalqimizning qanday qiyofada boʻlishini tasavvur qila olmayman. Shu haqida oʻylab, jamiyatimizni kuzatganimda ichimda bir hadik paydo boʻladi.
Rahmon Qoʻchqor:
– Ustoz, (Zuhriddin Isomiddinovga yuzlanib) yaxshi bilasiz, tarix aylanadi. Xohlaysizmi-yoʻqmi, jamiyat hayotida Hegeldan qolgan oʻsha dialektika amal qiladi. Endi mavzuning ildiziga teranroq nazar tashlasak...
Shu mavzuda oʻylab kelayotgan fikrlarimni savol shaklida oʻrtaga tashladingiz. Darhaqiqat, yetmish uch yil xudosizlikni targʻib qilgan, oʻzbekning jismi-joni qolsa ham, maʼnaviyatini ildizi bilan yoʻq qilib yuboraman degan imperiya davrida ham xalq oʻzini saqlab qoldi. Shunga tomirlari dosh berdi. Zuhriddin aka, ilmiy ishim sabab arxivda “Туркестанские ведомости” gazetasini oʻrganganman. Oʻsha gazetaning 1905-yilgi 28-sonida missioner, oʻsha mashhur Likoshinning maqolasi eʼlon qilingan. Bilasiz, oʻsha davrda Turkiston bolalariga oʻris tilini oʻrgatish siyosati yuritilgan. Likoshin ana shu til oʻqitish jarayonini oʻzicha tahlil qilib, oʻzbek bolalari oʻris tilini oʻrganishga qiynalayotganini bayon etadi va buning sababini oʻzbeklar asli layoqatsiz xalq boʻlsa kerak degan qoʻpol va bemaʼni fikr bilan ifodalaydi. Xudoga shukurki, oʻsha gazetada oz-moz boʻlsa ham tarixni biladigan ziyoli odamlar ishlagan ekan. Ular aynan shu fikrni belgilab, quyida izoh beradi. Bu izoh aslida bizning kim ekanimizni ochib bergan, xalqimizga chetdan turib xolis berilgan baho edi. Unda muallif xato fikrda ekaniga urgʻu berilib, oʻzbeklarning yashash sharoitiga mos uzoq tarixga ega maʼnaviy, madaniy boyligi borligi, u toʻla-toʻkis xalqning xohish-istaklariga javob berishi, shu bois oʻzbeklarga boshqa millatlarning madaniyati qiziq emasligi taʼkidlanadi. Shu bilan birga oʻzbekni mavh etish oson emasligi, uning maʼnaviyatini shariat ilmining olimlari (bu albatta, johil mullalar emas!), ziyolilar qoʻriqlashi aytiladi.
Bu izohni oʻqib mustabidlar 1980-yillarda xalqimizni oʻgʻridan olib oʻgʻriga solayotgan bir paytda buyuk adib Chingiz Aytmatov “Правда” gazetasida eʼlon qilgan “Hayot daraxti” maqolasi yodimga tushgan edi. Oʻsha maqolada Chingiz ogʻa oʻzbek xalqiga haqli ravishda katta baho berib, “oʻris madaniyatining shakllanishiga koʻhna Vizantiya sivilizatsiyasi qanchalar kuchli taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, Oʻrta Osiyo xalqlarining madaniy jihatdan oyoqqa turishida oʻzbek xalqi madaniyati shunchalar katta rol oʻynagan” degan edi.
Yana oʻsha “Туркестанские ведомости” gazetasidagi maqolaga berilgan izohga qaytsak... Eʼtibor qiling, bu Qodiriy bobo eslatgan tariximizning eng kir va qora kunlarida boʻlayotgan voqelik! Lekin oʻshanda ham bu intelligensiya qanchalik kuchini saqlagan-a?! Ustoz, bu hozir siz aytgan ziyoli qatlamning qudrati. Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy domla yashagan 1930-yillarga qadar ham oʻzbek xalqining “men”i bor edi. Ularni-ku qoʻya turing, hatto yosh shoir Gʻafur Gʻulom 1920-yillarning oxirida “Tillarda “Oh uring, yangi turmush-chun”, / Zehn okurkaday oyoq ostida” deb yozgan edi (okurka – tamaki qoldigʻi).
Eʼtibor bering, “tillarda yangi turmush qilamiz deya bong urayapmiz. Shu paytda zehn, tafakkur, iymon-eʼtiqod, maʼrifat – hamma-hammasi sigaret qoldigʻiday oyoq ostida ezilib yotibdi” deydi. Mana oʻsha davrga berilgan baho, dahshat! Demoqchimanki, 1930-yillardan to 1960-yillargacha boʻlgan oraliqda katta boʻshliq paydo boʻldi. Baribir siyosiy muhitning ham taʼsirini tan olishimiz kerak. Xudoga shukur, 1950-yillarga kelib Stalinning oʻlimi bilan qatagʻon siyosati biroz yumshadi va siz aytayotgan ziyolilar maydonga chiqishiga imkon tugʻildi. Umuman, muhit mana shunday vaziyatga yetilib kelgan edi. Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Said Ahmad domlalar avlodida fikr erkinligi, uygʻonish boshlandi. Keyin uni Abdulla aka, Erkin aka, Omon Matjon, Halima opalar keng koʻlamda yoya bildi. Shu nuqtai nazardan savolingiz oʻzagiga kelsak, bugun qanday?
Bugun davlat siyosati oʻzlikni anglash, milliy madaniyatni gurkiratishni maqsad qilayotgan paytda, “ommaviy madaniyat”ni yengishga qiynalayotganimiz... Demak, hamma gap ziyolilarimizning ahvoliga kelib taqalayapti. Ziyoli degani faqat shoir-yozuvchi emas. Biz hozir faqat shoir-yozuvchilarimizni eslayapmiz. Zuhriddin aka, yodingizda boʻlsa, oʻshanda qanday tarixchilarimiz, aniq fanlardan yuqori natijalarga erishgan olimlarimiz bor edi. Ulardagi ahillik, jipslikka havas qilsa arzir edi. Demoqchimanki, yalovbardor boʻlishi kerak. Eng katta kema ham mayoqni moʻljal olib manzilga yetadi. Shu maʼnoda yalov kimning qoʻlida?! Bugungi kunning yalovni baland koʻtara oladigan Abdulla Oripovi yoki Erkin Vohidovi bormi? Boʻlsa, qani?!
Afsuski, aksarimiz ozgina ijodimizni tama, bachki bir narsalar yoʻlida xarob qilayapmiz. Ana endi ayting-chi, siz aytayotgan bugungi avlod kimga ergashsin, kimning etagiga namoz oʻqisin?! Oʻsha qatlam toʻshagining bir chetida oʻtirgan odam sifatida oʻzimga ham mana shu savolni beraman. Biz xalq intilayotgan ideallarni berayapmizmi? Yoʻq! Boʻshliq esa nafaqat tabiatda, mafkurada ham, madaniyatda ham boʻlmaydi.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Rahmon aka, hozir yalovbardor yoʻq dedingiz. Siz 1990-yillarda tayyorlagan koʻrsatuvlaringizda tuygʻular haqida gapirgansiz. Oʻshanda uyat haqida aytib, hammaning ham oldida aytib boʻlmaydigan gaplar borligi haqida fikr yuritgansiz. Kechirasiz, ammo oʻsha koʻrsatuvdagi fikrlarni bugungi avlod qabul qila olmaydi. Negaki, faqat er-xotin oʻrtasida boʻladigan gaplarni ham ijtimoiy tarmoqlarda bemalol aytayapmiz. Bunday gaplar qandaydir maslahat berish yoki bilmagan narsani soʻrash uchun emas. Shunchaki hazil tariqasida ham bemalol aytilayapti. Aytmoqchi boʻlganim, tuygʻular ham, siz aytgan mayoq ham oʻzgardi. Bugun mayoq faqat yozuvchi-shoir, umuman ziyoli boʻlishi shart emas degan qarash shakllandi. Masalan, AQShni oling, u yerda mafkura borasida ancha erkinlik bor. Biz uyat deb biladigan baʼzi gʻoyalar bilan ham ular bemalol yashamoqda. Yoshlarimiz maʼnaviy jihatdan mutlaq erkin boʻlsa ham oʻshanday iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakat barpo etishni istaydi. Tasavvur qiling, kimlardadir oʻsha mayoqni baland koʻtarish uchun istak ham, kuch va shijoat ham yetarli boʻlsa, mana shunday dunyoqarashga ega yoshlarni qanday qilib ortidan ergashtira oladi?
Rahmon Qoʻchqor:
– Avvalo tuygʻular oʻzgardi degan gaplarga mutlaqo qoʻshilmayman! Odam bolasi yaralgandan to qiyomat qadar uning tuygʻulari oʻzgarmaydi. Deylik, Odam Ato Momo Havoning qoʻlini ilk bor ushlaganida yuragida qanday hodisa roʻy bergan boʻlsa, XXI asrdagi balogʻat yoshiga yetgan yigitning qoʻli suygan qizining barmogʻiga tegib ketganida ham xuddi oʻsha tuygʻuni his etadi. Insoniyatga berilgan tuygʻular oʻzgarmaydi ham, yoʻqolmaydi ham. Gap oʻsha tuygʻularning qoʻzgʻatuvchisida. Yaxshi bilasiz, insonning jism-u jonida ham shayton, ham rahmon yashaydi. Taʼlim-tarbiya, maʼrifat orqali rahmoniy tuygʻular kuchaysa, aksi boʻlganida shaytoniy tuygʻular markazga chiqadi.
Gʻarb, umuman rivojlangan mamlakatlar hayotidan birmuncha xabardor inson sifatida aytishim mumkinki, ularda siz aytayotgan “ommaviy madaniyat”ga ergashgan olomon biz oʻylagandan ancha kam. Masalan, uch million aholi yashaydigan shaharida nari borsa oʻnta xonadonda oʻshalarning bayrogʻi bor, xolos. Va bu narsa ularning asriy anʼanalariga, mumtoz madaniyatiga daxl qila olmaydi. Oʻsha jamiyatlarda yoʻldan adashganlarga shusiz oʻlib borayotgan boʻlsang yashayver qabilida ish tutiladi. Hech qachon ular dominant rolga chiqa olmaydi. Xuddi shu Gʻarbning kutubxonalari, biz yurish mumkin emas degan yozuv osib qoʻyadigan oʻtloqlari kitobxon yoshlar bilan toʻla. Istagan odam istalgan vaqtda bemalol kirib kitob, siyohi qurimagan gazeta-jurnallarni oʻqishi mumkin. Ularda maʼnaviyat, maʼrifat, oʻzining ichki “men”ini asrash biz oʻylagandan ancha kuchli. Bitta misol, butun dunyo ingliz tilini jahon tili deb biladi. Lekin Fransiyaga borib inglizcha savol berib koʻring, birov javob berar ekanmi?! Ular inglizchani biladi, lekin fransuzcha gapir deydi. Agar shu aynish boʻlsa, ular tilidan tonishi, oʻzligini unutishi kerak edi.
Shu maʼnoda, birodar, siz bitta gapni toʻgʻri aytdingiz, mayoqlar oʻzgarib ketdi. Suhbatimiz boshida eslaganimiz milliy istiqlol gʻoyasi Oripovni, Vohidovni, Omon Matjonni tugʻdirdi. Xudoga shukur, bugun milliy istiqlolga erishdik. Ochigʻi, 32 yil mobaynida oʻzbek xalqi laylak haydab yurgani yoʻq, juda koʻp yutuqlarga erishdik. Endi bizga yangi manzillar kerak. Bu manzillarni kimlar belgilaydi-yu, kimlar unga olib boradi? Shubhasiz, ziyolilar! Ular oʻz missiyasini bajarishi kerak. Kechirasiz-u, gaz yetishmasa, tok oʻchib qolsa yoki yoʻllardagi nosozliklarni koʻrsak, unga javobgar boʻlgan mutasaddini qidirib qolmaymizmi?! Bunga kim javob beradi demaymizmi? Biz muhokama qilayotgan mavzuning egasi bormi? Maʼnaviy boʻshliqlarimizning sabablarini soʻrashga, sizlar dars oʻtayapsizlar-ku, gazetalar chiqarayapsizlar, yana qanday ishlar qilayapsizlar deyishga xalqning haqqi bormi? Xalq ziyolilardan nega bu savollariga javob soʻramasligi kerak?!
Zuhriddin Isomiddinov:
– Falsafada miqdor-sifat oʻzgarishi degan tushuncha bor. Tomchi toshni teshgani kabi xalqning mentaliteti oʻzgarmas narsa emas. Bir jihatdan qaraganda oʻzgarishning oʻzi taraqqiyot ham. Bugun oʻzbek xalqining mentaliteti oʻzgarayapti deb oʻylayapman. Bu bir tomondan yaxshi, boshqa jihatdan xatarli ham. Negaki, yangilik, taraqqiyot yoʻqotishlarsiz boʻlmaydi. Hayotiy misol qaraydigan boʻlsak, maktab oʻquvchilarining 90 foizida asosiy maqsad oliy oʻquv yurtiga kirish boʻlib qolgan. Maktablarning reytingi nima uchundir qancha oʻquvchisi oliy oʻquv yurtiga kirgani bilan belgilanadi. Holbuki, u maktabda yaxshi oʻqigani uchun emas, repetitorga borgani uchun talaba boʻlgan boʻlishi mumkin. Biz maktabda oʻqiganimizda bilim olamiz deb oʻqirdik. Oliy oʻquv yurtiga kirish uchun emas. Yashashdan maqsad faqat institutga kirish degan qarash boʻlib qolmasligi kerak.
Qaysi maktab oʻquvchilari institutga kamroq qabul qilingan boʻlsa, oʻsha oʻquv yurti malomatga qoladi. Boshqalar olqish oladi. Chunki mezon oliy taʼlimga kirish. Hatto shu darajadaki, maktab oʻquvchisiga beshdan boshqa baho qoʻyilmaydi. Oʻquvchi bir kunda bitta fandan ikkita-uchta besh oladi. Negaki, oʻqituvchi bechora shunga majbur. Agar oʻqituvchi ikki, uch baho qoʻysa, u darsni yaxshi oʻta olmagan hisoblanar ekan. Bunday paytda u bahoni “koʻtarishi” tabiiy. Oʻqituvchi ham oylik, mukofot olishi kerak. Noiloj sunʼiy baho qoʻyadi. Bilsa-bilmasa besh baho olgan oʻquvchi savodli boʻladimi?! Yoki oliy oʻquv yurtini olib qarang. Baʼzi hollarda yarim ball kam toʻplagani uchun bir talaba toʻrt yil kontrakt toʻlab oʻqiydi, boshqasi tasodifan toʻgʻri javobni belgilab budjetda, stipendiya olib universitetni tamomlaydi. Aslida birinchi semestrdan keyingi natijaga qarab stipendiya berib oʻqitsa boʻlmaydimi?! Buni hozir tiyinigacha hisoblab beradigan texnik imkoniyat bor-ku! Talabalar orasida ommaviy ravishda oʻqishga, bilim olishga intilish yoʻq. Chunki toʻrt yil stipendiya olishi yoki olmasligi aniq. Bir amallab diplomni qoʻlga kiritsa boʻldi. Eng katta maqsad shu.
Odam doim gʻoyaga intilib yashaydi. Xuddi xudojoʻy jannatga intilgani kabi. U jannat sabab oʻz axloqini saqlaydi, toʻgʻri yashashga intiladi. Baʼzi odamlarimizda hozir yaxshi yashash, birovning hisobiga boʻlsa ham farovon turmush kechirish maqsad boʻlib qoldi. Butun jamiyatni toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan gʻoya muhim. Bu ozchilikning ishi emas, shu bois gʻoyani ziyolilar oʻrtaga tashlasin. Yana bir masala, yaqinda AQShning samolyotida Turkiyaga uchdim. Nega biz ular yasagan samolyotda uchayapmiz? Chunki, Rahmonjon aytganiday, intellekt yuqori. Oʻsha safar chogʻida amin boʻldimki, oʻzbek styuardessalari oʻzbek tilini yaxshi bilmaydi. Oʻzbekistondan ketib, yana shu yerga qaytgan samolyotda hamma eʼlonlar turk va ingliz tillarida boʻldi. Vaholanki, samolyotda bironta ingliz yoʻq. Biz milliy gʻururni shior qilib olganmiz. Aslida u kundalik amalimiz boʻlishi kerak. Buning barchasiga bilim, maorif orqali erishish mumkin.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Biz tomonda dara bor. Eski karvon yoʻli. U oʻsha zamonlardan beri sinov yoʻli hisoblangan. Yaqin-yaqingacha yoʻlovchilar, ayniqsa haydovchilar yolgʻiz oʻzi bu yoʻldan yurmas edi. Yurishdan avval esa u yoq-bu yogʻiga qarab, oʻzini oʻnglab olardi. Oʻn yillik tanaffusdan soʻng oʻsha yoʻldan yurdim. Daraning avvalgi haybati, u yurakka soladigan hadik yoʻq edi. Dara boshqa tog‘ yoʻllari kabi oddiy edi. Hatto undan oqib oʻtadigan bir ariq suvdan ham baraka qochibdi. Avvaliga yillar oʻtgach yoshim biroz ulgʻayib, menga shunday koʻrinayapti deb oʻyladim. Daraning narigi boshiga yetganimda bildimki, u yerda katta zavod qurilayotgan ekan. Yuzlab texnika va minglab odamlar ishlayapti. Bildimki, oʻsha texnikaning nuqsi daraning narigi boshigacha urgan, uning sehrini yoʻqotgan ekan.
Daradan chiqib oʻyladim. Texnik taraqqiyot, zararli axborotning kuchli bosimda berilayotgani oʻsha daraning narigi boshigacha nuqsini urdirgan boʻlsa, sizlar taʼkidlayotgan maʼrifatsizlikni yengib chiqish uchun nima qilish kerak? Tiktoker degan toifa paydo boʻldi. Ularda hatto universitetda oʻqish degan maqsad ham yoʻq. Ularni qanday oʻzgartirish mumkin?
Rahmon Qoʻchqor:
– Boboravshan, hozir siz eslagan, bolaligingiz oʻtgan, ota-bobolaringizni koʻrgan, bolaligingizga, xarakteringizga, didingizga taʼsir qilgan darani yoʻqotib qoʻyganingiz uchun texnikani aybdor deyapsiz.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Yoʻq...
Rahmon Qoʻchqor:
– Sizni tushundim, hozir aytaman... Texnika kerak. Hatto undan kuchliroq buldozer ham boʻlishi kerak. Gap oʻshani ishlatayotgan odamlarda, gap oʻsha daradan qandaydir kommunikativ narsani olib oʻtmoqchi boʻlgan kishilarning maʼrifatida, darajasida, insofi, iymoni va estetik didida qolayapti. Xuddi shu nuqtai nazarda Yevropaga, Amerikaga boring. Nuy-Yorkdagi bogʻning bir metr joyiga birov egalik qilsin-chi! Uni hukumat ham, xalq ham butun Nuy-Yorkning oʻpkasi deb biladi. Bironta milliarder bitta ham daraxt kesolmaydi. Germaniyaga bir necha bor borib bildim. Avvalo juda zarur, masalan, shifoxona uchun ham yer olish azob. Oʻshani bir amallab olgandan keyin ham qazish vaqtida bitta koʻza topilsa qurilish batamom toʻxtaydi. U yer tarixiy joy sifatida roʻyxatga olinadi va arxeologlar chaqiriladi. Yaponiyaga havas qilayapmiz-a?! Ularda yer osti, yer usti boyliklari tugul nafas olishga havosi yetishmaydi. Lekin ular shuncha taraqqiyotga qaramay, uyiga vagon eshigiday ochiladigan milliy eshik oʻrnatgan. Hatto milliarder boʻlsa ham. Hali hamon yaponiyalik ayollar erini kimonosida kutib oladi. Xorijning yaltir-yultur xalatida emas. Taraqqiyotni toʻxtatib boʻlmaydi. Faqat gap oʻsha texnikani ishlatadigan odamlarda.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Men ham shu haqida aytayapman. Dara deganda mafkurani nazarda tutayapman. Ular daraxtni kestirmasligi uchun vatansevarlik tuygʻusi boʻlishi kerak. Mana shu narsani bugungi tiktokerga qanday singdirasiz?
Rahmon Qoʻchqor:
– Oʻsha tiktokchi qayerda tugʻildi? Oilada! Uning qulogʻiga kimdir azon aytdi. Shunga oʻxshab hammasi oilada boshlandi. Men oliy oʻquv yurtida ishlayman. U yerga har xil oilalarning farzandlari oʻqishga qabul qilinadi. Ayrim domlalarimiz bor edi, hozir ular nafaqaga chiqdi. Ular birinchi kurslarga darsga kiradi-da, ogʻrinib chiqadi, “falonchilar odam boʻlmaydi, bittasi amaldorning, boshqasi puldorning bolasi” deb. Dars oʻtishning foydasi yoʻq, bir balo qilib vaqtni oʻtkazsam boʻldi degan gapni aytardi. Ularning gapini bir-ikki marta indamay eshitdim. Oxiri aytdim. Ular bogʻchaga borganida mudir tarbiyachini chaqirib, bu falonchi akaning bolasi deb maxsus guruhga qabul qilgan. Oddiy odamlarning bolasi sokin yurganida ham shappat yeganda, u ayb qilsa ham boshi silangan. Keyin maktabda ham shu jarayon davom etgan. Keyin oliy oʻquv yurtiga keldi. Endi men ham odam boʻlmaydi desam, aniq odam boʻlmaydi. Chunki u taʼlimga qaytib kelmaydi. Shuning uchun yuqorida oʻqituvchilar dars oʻtayapti-yu dedim. Bogʻcha opalar, oʻqituvchilar ozmi-koʻpmi oylik olayapti. Oʻsha joyni band qilib yaxshidir-yomondir, ishlayaptimi, vazifasini sidqidildan bajarsin. Bola oliy oʻquv yurtigacha kamida ellik oʻqituvchidan dars oladi. Nahotki shuncha taʼlimchi, tarbiyachi bitta tirmizakning qalbini, tuygʻusini, aqlini uygʻota olmasa?!
Ha, yana bir gap, bilasizmi, jamiyatga hatto oʻsha tiktokchi ham kerak. Gap pichoqni nima maqsadda ishlatishda. Tiktokchi boʻlib ham odamlarga dars beradigan lavhalar olayotganlar, ibrat koʻrsatayotganlar bor.
Zuhriddin Isomiddinov:
– Qanday qilsak oʻnglanamiz deb soʻradingiz. Biz bozor iqtisodiyotiga oʻtdik dedik. Xalqimizda bir tomonga ogʻish boʻlsa oxirigacha oʻsha tarafga oʻtib olish odati bor. Feʼlimiz shunaqa. Hozir bozor iqtisodiyotiga oʻtdik deb uni ideallashtirib yubordik. U hech ham ideal boʻlishi kerak emas. U iqtisodiy mexanizm, xolos. U bizga xizmat qilishi kerak. Aksincha, biz unga xizmatkor boʻlib qoldik. Nimaiki soha boʻlsa, u maʼnaviyat boʻladimi, taʼlimmi yoki iqtisodmi, bozor iqtisodiyotiga oʻtkazib, uni ideallashtirdik. Mana shu, menimcha, muammolarimiz sababchisi. Maʼnaviyat sohasida bozor iqtisodiyotiga oʻtilmaydi. Umuman, maʼnaviyat bozorga chiqarilmaydi.
Boboravshan, dara haqidagi misolingiz yaxshi boʻldi. Haybat degan soʻz bor. Oʻsha haybat degan narsa boʻlishi kerak. Adashmasam, 1977-yilda shoir Mirtermir domla institutimizga uchrashuvga keldi. Qoʻpol qilib aytganda, boʻyi mening yelkamdan sal balandroq odam ekan. Lekin haybati boʻlgan. Mirtemir domla tarjimasidagi “Manas” dostonini ilmiy ish uchun tanlab olgandim. Uchrashuvdan soʻng shu haqida domlaga aytib, fikr almashmoqchi edim. Mirtermir domla Izzat Sulton kabi katta olimlar bilan suhbatlashib turganini koʻrib yoniga borishga jurʼatimiz yetmagan. Hozir istalgan tirrancha har qancha katta olim bilan ham tap tortmasdan gaplashadi. Iymanish, tortinish, hayiqish degan tushunchalar eskirdi. Bu haqida Asqad Muxtor “Chinor” romanida yozgan. Asarda Sumbiltomchi degan qishloq aholisi boshqa joylarni oʻzlashtirish uchun koʻchiriladi. Sumbiltomchi esa qarovsizlikdan xarobaga aylanib qoladi. Asar mazmunida bitta qishloqni emas, oʻzlikni saqlab qolish maʼnosi bor edi. Oʻzlikni yoʻqotish qanday oqibatga olib keladi degan savolga yangi qishloq tasviri bilan javob beradi. Ular koʻchib borgan yangi qishloqni cheksiz-cheksiz ketgan uylar, bir imorat, bir badrafxona, yaʼni hojatxona, hammasi bir xil deb taʼriflaydi. Asqad aka oʻsha vaqtdayoq bozor iqtisodiyotiga oʻtishni ifodalaganday goʻyo... Ana shunday bir xillik xalqning didini oʻtmaslashtiradi.
Oʻzimizda ideal yoʻqligi uchun bolalarimizga ham bera olmayapmiz. Biz endi keng maʼnoda oʻzbek xalqining kelajagini oʻylab topishimiz kerak. Bitta misol aytaman. Bizda “Yor-yor” degan kino boʻlardi. Uni xalqimiz sevib tomosha qilgan. Vaholanki, aslida u boʻlmagʻur kino. Unda birinchi marta ichkilik reklama qilingan. Kelin bilan kuyovni sahnaga chiqarib qoʻshiq ayttirgan. Qaysi oʻzbek otasi oʻgʻli bilan koʻchama-koʻcha sangʻib kelin qaraydi? Bu bizning mentalitetni buzish uchun ataylab olingan kino. Mana shu kinodan keyin bizda komsomol toʻyi modaga aylandi. Kelin-kuyovlar xuddi oʻsha kinodagi qiliqlarni qiladigan boʻldi... Lekin mana, mustaqil boʻlganimizga 30 yildan oshib ketdi. Shu vaqt mobaynida mahalla, nuroniylar kabi mutasaddi tashkilotlar oʻzbek toʻyining bironta modelini ishlab chiqa oldimi? Yoʻq! Oʻzbekona toʻy qanday boʻlishini koʻrsatib beradigan, “Yor-yor”ning xato ekanini isbotlaydigan kino olindimi? Axir kino sanʼatidagi kishilar ham oʻzini ziyoli hisoblaydi-ku! Ular ziyoli sifatida hech boʻlmaganda toʻylarimiz qanday boʻlishini jamiyatga koʻrsatib bera oldimi? ...Koʻrsatib berdi. “Osmondagi bolalar – 2” degan kinoni ozgina tomosha qildim. Sahnada toʻyi boʻlayotgan qiz, uning otasi va sinfdoshlari oʻtiribdi. Sinfdosh yigit qadah koʻtarib qizga “sen tezda bu eringdan ajrashib menga teg” deydi. Qaysi oʻzbek shunday tilak aytadi? Uni eshitgan ota qanday chidab oʻtiribdi?!
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Gʻoyasizlik haqida gapirildi. Gʻoya qanday boʻlishi kerak?
Rahmon Qoʻchqor:
– Boboravshan, hozir ustoz javobni aytdi. Gʻoyani ziyolilar bersin dedi. Abdulla Oripov “Birinchi muhabbatim” degan gʻoyani berdi. Mumkin ekanmi?! Erkin Vohidov “Oʻzbegim” dedi. Omon Matjon “Nuy-Yorkda mendan bir zot, – Oʻziyam sal merovmi, “Oʻzbek qanday xalq? – deb qoldi, Toshkenting bu Maskovmi?” deb boshlanadigan sheʼrida oʻzbek kim degan gʻoyani berdi. Demoqchimanki, bitta soʻz, ibora bilan ifoda etiladigan gʻoyani siyosatchi olimlarga qoʻyib bersak-da, oʻzbek xalq sifatida intilishi lozim boʻlgan gʻoyalarni ziyolilar oʻrtaga tashlasa. Oʻqituvchi bugun millatga, vatanga boʻlgan mehrni bitta harakati, birgina lutfi bilan bolalarga yuqtirsin. Oʻn bir yil dars oʻtadigan ellikta oʻqituvchi ellikta tuygʻuni singdirsin. Shoir-yozuvchi, sanʼatkorlar ham yuqorida taʼkidlaganimiz oʻz vazifalarini bajarsin...
Soʻzimni ulug‘ Abdulla Qodiriyning Yusufbek hojining tiliga solgan gaplari bilan tugatmoqchiman. Toshkentning ziyolilari, beklari, katta xonadon sohiblarining egalari oldidagi suhbatda Yusufbek hoji “siz bilan men, Turkiston boyonlari, sen qorachopon, sen qipchoq deb bir-birimizning tegimizga suv quyadurgʻon boʻlsak, uzoqmaski, shundoq ostonamizda turgan kofirning harom oyoqlari muqaddas tufrogʻimizni toʻngʻizxonaga aylantirib yuboradi. Kelajak avlodlar bizni laʼnatlaydi” degan mazmunda gapiradi. Shu maʼnoda millatni asraydigan, unga umumiy muammo, savol qilmasdan yechim beradigan kuch – ziyolilar. Yusufbek hoji biz turkistonlik otalar deganda ziyolilarni nazarda tutgan. Ziyoli qatlam oʻzini oʻnglab olmas ekan, men nima vazifani bajarishim kerak edi-yu, nima qildim degan savolga har birimiz javob topmas ekanmiz, kelajak oldida aybdor boʻlib qolamiz.
Zuhriddin Isomiddinov:
– Koʻchalarda, ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni kuzating, bir-birimizga toqatsizlik kuchaygan. Yuqorida Turkiyaga borganimni aytdim. Oʻsha qisqa safarim davomida ularda tolerantlik borligini bildim. Ularda ikkita roʻmolni yuziga oʻragan ham, yarim-yalangʻochlar ham bir-biriga qoʻlini bigiz qilmay bemalol yuribdi. Ularning har ikkisini ham oqlamoqchi emasman. Faqat hammani bitta qolipga solishga qarshiman. Bu xuddi hammaning qon guruhi bir xil boʻlsin deganday bemaʼni. Demoqchimanki, ularda bir-birini tushunish bor. Bizda ham mana shunday ahillik shakllanishi kerak. Yaʼni ichki, bemaʼni, mayda-chuyda narsalar bilan andarmon boʻlib qolmasligimiz lozim. Aynan shunday vaziyatda boshqalar ishini bitirib oladi. Shu bois xalqimizning saviyasi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar ahil boʻlishimiz shart. Qolaversa, maʼrifat boʻlmasa hech narsaga erishib boʻlmaydi. Anqarada bitta tuman meri bilan suhbatda boʻldik. U mehmondorchilik vaqtida hech qanday qogʻozga qaramasdan ikkita turkiy dostonni qiyoslab tahlil qilib berdi. Uning boshida iqtisod, boshqa sohalardagi tashvishlar, hujjatlar bor. Shunga qaramay u dostonlarni qiyoslay oladigan darajada maʼrifatli. Demoqchimanki, mahalla oqsoqolidan tortib, hokimlargacha rahbarlar ziyoli boʻlmaguncha avom ziyoli boʻlmaydi. Jamiyatda ilm-maʼrifat qancha keng quloch yoysa, oʻzlikni tanish, asriy qadriyatlar shunchalik chuqur ildiz otaveradi.
Subhatni Boboravshan GʻOZIDDINOV uyushtirdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Maʼnaviyat bozorga chiqarilmaydi!” suhbati