Eftaliylarning ota-bobolari – Oltoy va Oʻrxun vodiysi (Moʻgʻuliston), Janubiy Sibir, Shimoliy Xitoyda hukmronlik qilgan Xun saltanati (mil.old. III – mil. II yuzyilliklar) oʻz davrida Yevroosiyoning eng kuchli otliq qoʻshiniga ega boʻlgan. Ularning harbiy ishlarini davom ettirib, Markaziy Osiyoning janubi-gʻarbiy oʻlkalari – Sharqiy Turkiston, Pomir – Badaxshon boʻylab Toʻxoriston va Sugʻdga yetib kelgan Eftaliylar sulolasi (450–565), yaʼni “oq xunlar” (Xunlarning gʻarbiy tarmogʻi) yoʻl-yoʻlakay boshqa elatlarni, jumladan, togʻlik jangovar elatlarni oʻzlariga qoʻshib olib, mintaqadagi eng yirik siyosiy va harbiy kuchga aylanadi.
Eftaliylarning harbiy salohiyati, yalpi olganda, qoʻshini, harbiylarning tarkibiy tuzilishi, askarlar soni, qurol-yarogʻlar, jang usullari va hokazolar haqida yozma manbalarda juda oz maʼlumotlar kelgan. Yozma manbalarni arxeologik topilmalar asosida birmuncha boyitish mumkin. Xitoycha “Bey-shi” yilnomasida “Yeda (Eftaliylar) ... Ularning davlatida aravalar yoʻq, ularning oʻrniga zambillardan foydalanishadi; ot va tuyalari koʻp ... Xalqi qattiqqoʻl va jasur boʻlib, jang qilishga mohirdir” [Bichurin 1950, II: 269].
Xitoycha “Suy-shu” yilnomasida esa “Idan (Eftaliylar)... Jangovar qoʻshini 5 mingdan 6 minggacha” maʼlumoti uchraydi [Bichurin 1950, II: 286]. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Eftaliylar davlatining “jangovar qoʻshini” 5-6 ming jangchidan iborat boʻlishi dalil talab qiladi. Chamasi, bu maʼlumotlar eftaliylar hukmdori yonida doimiy shay turadigan muntazam qoʻshin, yaʼni gvardiyani ifodalagan, yo ushbu davlat tashkil topgan ilk oʻn yilliklarga tegishli boʻlishi mumkin. Holbuki, Markaziy Osiyoning koʻchmanchi sulolalari oʻzlarining 100 minglab jangchilariga ega boʻlgan.
Qolaversa, yozma manbalarda eftaliylarni “30 ga yaqin hukmdorlikni bosib olgan” deyilgan, kamsonli qoʻshin bilan bu natijaga erishib boʻlmaydi. Oʻrta Osiyoning katta qismi, Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston, Kobul tevaragidagi afgʻon yerlari va Xurosonni boʻysundirgan, Sosoniylardek yirik saltanat ustidan ustunlik oʻrnatgan eftaliylarning qoʻshini soni koʻp boʻlgani tabiiy. Shu oʻrinda, eftaliylar bilan toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita bogʻliq ayrim bilgilarga toʻxtalib oʻtish kerak. Xitoycha “Tan-shu” yilnomasida yozilishicha: “Tuxolo (Toʻxoriston) ... Tuxololiklar Idan (Eftaliylar) bilan birga istiqomat qiladilar; jangovar qoʻshini 100 ming” [Bichurin 1950, II: 321]. Bu yerda Tuxolo (Toʻxoriston) muayyan bir oʻlka nomi, Idan, yaʼni Eftaliy esa xalq va davlat nomi ekanini koʻzda tutadigan boʻlsak, 100 ming qoʻshin eftaliylarga tegishli boʻlib chiqadi.
Eftaliylarning Sosoniylar hukmdori Feruzga yordam uchun 30 ming qoʻshin yuborgani haqida ham manbalarda yozib qoldirilgan [Kurbanov 2010: 154]. Bundan tashqari, asosiy qoʻshin otliqlardan iborat boʻlgani, shuningdek, 2000 ta fili boʻlgani toʻgʻrisida ham eslatib oʻtiladi [Kurbanov 2010: 216]. Chamasi, eftaliylar Shimoliy Hindistonni qoʻlga kiritgach, fillarga ega boʻlib, hindlar kabi jangda fillardan foydalana boshlagan. Shuningdek, xitoy yilnomalarida Yeda (Eftalit) davlati kuch-qudratga erishgan payt – 450-yillarda unga Gʻarbiy oʻlkalardagi Kangʻyuy (Choch yoki Sugʻd), Xoʻtan, Shale/Sule (Koshgʻar), Kucha‚ Qorashar kabi 30 ga yaqin kichik hukmdorliklar boʻysungani aytiladi [Bichurin 1950, II: 269]. Kangyuy, Xoʻtan, Koshgʻar, Kucha, Qorashahardan tashqari yana oʻnlab hukmdorliklarni qoʻlostiga olgan eftaliylar bunday natijalarga ham qoʻshin soni, ham harbiy intizomi kuchliligi sabab erishgan boʻlsa kerak. Eftaliylar 10–15 yil ichida – 449-yilda Sharqiy Turkistonda birinchilardan boʻlib Kucha hukmdorligini, 462-yilda Koshgʻarni, 468-yildan keyin esa Xoʻtanni bosib olgan [Borovkova 2008: 226].
Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, Chjuszyuybo, Szepanto, Shemi, Bochji, Boxe kabi Sharqiy Turkiston va Pomirdagi katta-kichik hukmdorliklar eftaliylarga boʻysungan boʻlib, ushbu oʻlkalarning geografik oʻrni Sharqiy Turkistonning Pomir togʻlariga tutash yerlari va Shimoliy Hindiston oraligʻidagi Toshqoʻrgʻon, Badaxshon va Hindikush etaklari oraligʻidagi Xorug‘, Voxon, Gibin, Bolor (Gilgit), Uchan (Chitral), Purshapur, Peshovar kabi bugungi Janubi-Sharqiy Tojikiston, Shimoli-Sharqiy Afgʻoniston va Shimoliy Pokistondagi tarixiy viloyat va tumanlarni qamrab olgan [Borovkova 2008: 226, 242–246]. Bu hududlar aholisi tor tog‘ daralarida yashab, soni unchalik koʻp boʻlmagan. Ular tog‘ sharoitida urushishga moslashgani uchun eftaliylarning koʻp sonli otliq qoʻshiniga oson yengilgan.
Hind yozma manbalarida “xuna”lar (Xunlar, yaʼni eftaliylar) 460–520-yillar orasida Hindistonda Gupta sulolasi bilan (Hindiston) tinimsiz urushlardan keyin Gandxara (Pokiston), Panjob, Sind, Rajaston, Jamna-Gang tekisligidan Gvaliorgacha boʻlgan bir necha oʻlkani qoʻlga kiritgani yozilib, ularning epchil urushganiga urgʻu beriladi. Ayniqsa, Toʻraman (490–515) boshchiligidagi eftaliylar Gupta imperatori Buddxagupta (467–500) qoʻshinini yengishi hindlarni hayratga soladi. Gupta sulolasi Hind oʻlkasida kuchli qoʻshinga ega boʻlib, qoʻshnilari ustidan yetakchilik qilar, jangchilari yengilmas deb dovruq qozongan edi. Biroq eftaliylarning ular ustidan katta ustunlik bilan gʻalaba qozonishi natijasida Shimoliy Hindistonda Markaziy osiyoliklarning navbatdagi boshqaruvi oʻrnatiladi. Eftaliy sulolasining Shimoli-Gʻarbiy Hindistondagi boshqaruv markazi ilk yillarda Malva, keyinchalik Sialkot shahri boʻlib, ular hind yerlarining ichkari hududlariga qayta-qayta yurishlar qilib, oʻz chegaralarini yanada kengaytiradi [Hudud al-olam 2008: 127].
Eftaliy qoʻshinining bir qismi yayov (piyoda) askarlardan iborat boʻlib, ular boshdan-oyoq poʻlat zirh kiyib, boshlarila dubulgʻa, qoʻllarida “qingʻiraq” yoki akinak (xanjarsimon uzun toʻgʻri qilich)ga oʻxshash qurollar bilan urushga kirgan [Kurbanov 2010: 216]. Buni koʻplab arxeologik topilmalar: qurol-yarogʻlar, saroy devoriy suratlaridagi tasvirlar ham koʻrsatib turibdi.
Qizil yodgorligi devoriy suratlarida eftaliy jangchilari.
(Sharqiy Turkiston)
Eftaliylarning harbiy qiyofasi yozma manbalardagina emas, ilk oʻrta asrlarga tegishli arxeologik topilmalar – qurol-yarogʻlar va tasviriy sanʼat namunalaridagi turli suratlar orqali ham oʻz tasdigʻini topgan. Ular orasida Tavka-qoʻrgʻon (Surxondaryo vil.)dan topilib, arxeologlar tomonidan harbiy istehkom yoki bojxona deb qaralayotgan bino qoldiqlari alohida ajralib turadi. Ushbu yodgorlik devorlarida qadimgi markaziy osiyoliklarni, ayniqsa, koʻchmanchi elatlarni eslatadigan tashqi koʻrinishga ega inson tasvirlarini koʻrish mumkin [Abdullayev 2010: 235–245].
Tavka-qoʻrgʻon (Surxondaryo) devoriy rasmlarida eftaliylar jangovar oti tasviri.