2000-yilda Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida bir guruh g‘alamislarning yo‘li to‘silgani hanuz el xotirasidan o‘chgani yo‘q. Kishtut archazorlarida tun-u kun davom etgan to‘qnashuvlarda jon olib, jon berildi. O‘nlab dushman kuchlari yo‘q qilindi. O‘sha mudhish voqea millatimizning bir qancha norg‘ul yigitlarini ham olib ketdi. Ular xalq ichida doston bo‘ldi va mudom yod etilmoqda.   

 

…Yigirmaga ham to‘lmagan, yoshligi, kuch-g‘ayrati jo‘sh urgan navqiron yigitlar yuragida Vatan degan muqaddas tushuncha bilan yashardi. Elomon Otajonov ham ular orasida edi. Ha, o‘sha sirdaryolik yigit. U haqida eshitganim bor: bo‘ychan, javonmard, to‘g‘riso‘z. Ismini aytmaysizmi, xuddi elning omonligini asraguvchi kabi – Elomon. Ko‘ngilni tuyqus o‘rtab yuboradi. Negadir bu yigitni safdoshlari o‘zgacha xotirlashadi. Birda quvnab so‘zlasa, birda ko‘zlariga yosh keladi. Garchi bugun quroldoshlarining yoshi 40 dan oshgan, oq-u ajin oralab qolgan. Elomon esa hamon 22 yoshli yigitcha.

 

***

Xotira albomini ko‘zdan kechiraman. Yigitchaning qarashlari mag‘rur, nigohlari tinchliksevar edi. Mashhur shoir yozgan bitiklar ko‘z oldimda gavdalandi: Jang. Tun qorasida – qalin daraxtlar ichra hamma vujudini o‘qdan berkitib yotar edi. Shu kez bir jangchi shart o‘rnidan turib, baralla hayqiradi. Uning holatiga boqing:     

 

Dunyo qotdi beshamollikda.
Hayot... battar tortmasin deb dim,
Bosh kutardim okopdan tikka:
– Hammangizni, dushman, kechirdim!

 

Elomon o‘sha yigit emasmikan, deb o‘ylab qolaman.

 

Bolaqalb

 

Elomon Otajonov 1978-yilning 17-sentyabrida Sirdaryo tuprog‘ida tug‘ildi. Otasi Xolmurod aka Otajonov oddiy dehqon edi. Onasi Yanglish opa esa sovxozda ishchi, bog‘chada tarbiyachi bo‘lib 30 yildan ortiq ishladi.

 

Elomon 1996-yilda 2-umumta’lim maktabini tamomladi. O‘quvchilik paytlari jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida birinchi edi. Sport bellashuvlari uningsiz o‘tmasdi hisob. Fursat o‘tib, oliygohga topshirdi, biroz ball yetmadi. So‘ngra mexanik haydovchilar tayyorlash kursida o‘qidi. Bir kuni u uydagilariga sezdirmay, tuman mudofaa ishlari bo‘limiga armiyaga jo‘natishlarini so‘rab ariza yozdi. Ko‘ngliga solgan ekan, ketadigan bo‘ldi. Ilk maktubini esa harbiy qasamyod qabul qilgan kuni to‘lqinlanib-to‘lqinlanib yozdi.

 

***

Elomon tug‘ilib o‘sgan qishloq bugun uning nomi bilan ataladi. Mo‘jaz hovlida qahramonning ota-onasi, u bilan jangda qon kechgan 2-3 nafar quroldoshi jam bo‘ldik. Hovli behi, anor, olma va turli daraxtlarga to‘la. Dehqonning yerida baribir. Ota quyuq hol so‘raydi, aya esa sog‘ingan ko‘zlari bilan nimanidir qidiradi. Bir dasturxon atrofidamiz. Mag‘rur yigit suratlari qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yuradi.

 

 

 

***

 Darvoqe, shoirning o‘sha qahramoni keyin nima qilgan edi-ya? Ha, esladim. U panalarda tish-tirnog‘igacha qurollanib yotgan dushman ko‘z oldida tik turar edi:

 

Mehr-u shafqat shamoli esdi,

G‘ash arigan mening ko‘nglimdan.

Kechirdim-u men baland o‘sdim,

Qurolni ham otdim qo‘limdan.

 

Xayolimda Elomon o‘sha yigit singari ko‘krak kerib turibdi. Bu uning notinch dunyoga, nizolarga, adovatlarga qarata ko‘targan isyoni edi. Unga nima bo‘lganini bilsangiz edi...

 

***

Quroldosh do‘stlarning xotiralari eslagan sayin tiniqlashib, jonlanib boradi. Ularning bari Elomonni o‘z voqealari bilan eslaydi.

 

Kichik serjant Otabek Ro‘ziyev: – 1999-yilning bahori edi. Yangi kelganlar ichida sirdaryolik yigitlar ham borligini aytishdi. Ismini eshitdim-u, izlagan kishi bo‘ldim.  

 

– Elomon kim?

 

– Men bo‘laman, – dedi bo‘ydor, qoshlari qalin, sport bilan yaxshigina shug‘ullangan yigitcha. Farg‘onadan – 15-brigadadan kelgan ekan. Bir tuproq farzandimiz, tezda chiqishib ketdik. Batalyonimiz bir, ammo otryadimiz boshqa-boshqa edi. Vaqti-vaqti bilan ko‘rishib turdik.

 

...Sariosiyo va Uzunga ham birga yo‘l oldik. Biz pistirmada, Elomonlar esa tozalash ishlari bilan shug‘ullandi. Ular dushmanni qisib borib,  pistirmaga tushirishi kerak edi. Xullas, rahmatli otryadning “ko‘z”i bo‘lib yurdi. Xavfni eng birinchi ular qarshi oldi.

 

 

 

***

Ularni diqqat bilan eshitdim. Elomon va ikki quroldoshiga Kishtut panagohlarida berkingan dushmanlarni topib, yakson qilish vazifasi yuklatiladi. O‘shanda g‘alamislarning ini yanchilgan, har yerda hushyor payt poylab yotar edi. Biznikilar esa yerga engashib borar, oldinda nimalar ro‘y berishi yolg‘iz O‘ziga ayon edi.

 

...Nogoh ketma-ket qarsillagan o‘q tovushi Elomonni qulatdi. Keyin Doniyor yer bag‘irladi. Sal narida esa Yunus...

 

Dushman ulardan qutilganini sezganday voqea joyiga yaqinlasha boshladi. Do‘stlari qimir etmas, Elomon esa qurolini mahkam tutib, bor majolicha “ratsiya” orqali ma’lumot bera boshlaydi.

 

Xayriyatki, o‘zi va dushman joylashgan nuqtalar haqida ma’lumotni yetkazishga imkon topdi. Aloqaning so‘nggi fursatlarini esa oilasi, yaqinlari rozi-rizochiligiga sarfladi. U do‘stlaridan ota-onasini yolg‘izlatib qo‘ymasliklarini iltimos qildi.

 

Aytishlaricha, o‘sha onda uning gaplari barchaning qalbini tilkalab yuborgan, hatto bir necha quroldoshlari g‘azabdan dushman tarafga bostirib borishga uringan ekan.

 

Voqea joyidagi kishilarning aytishicha, Elomonning o‘z vaqtida aytgan qimmatli ma’lumotlari tufayli 10-15 nafar yigitning joni omon qolgan ekan.

 

– Elomon va yana ikki quroldoshimizni pastga tushib olib chiqdik, – deydi marhumning quroldosh do‘sti Zohid aka. – Hech yodimdan ketmaydi, Elomonning nafaqat o‘zi, balki miltig‘i, hatto “stvol”larigacha o‘q yegan edi. Bundan dushmanning naqadar shafqatsiz va alamzada ekanini anglash qiyin emas.

 

Ha, aslida 20 yillik yarani tirnash osonmas. O‘tgan vaqt marhumga tengdosh bir avlodni ulg‘aytirdi. Ammo shunisi ahamiyatliki, bu mudhish voqealar o‘zbek armiyasini jiddiy sinovdan o‘tkazdi. O‘g‘lonlarimiz millatni, xalqni qanday asrash kerakligini amalda ko‘rsata olishdi. El-ulusning harbiy salohiyatimizga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi. 

 

Ota

 

Odamlar orasida Otajonovlar oilasining hurmati baland. Bu oila yana ikki o‘g‘il va ikki qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi. Ko‘pdan ko‘p nabiralarning rohatini ko‘rmoqda. 

 

 

 

Nima bo‘lganda ham o‘g‘lining o‘rni bilinadi. Ota u kunlarni o‘ksinib eslaydi:

 

– 2000-yilning avgust oylarida o‘g‘lim uyga bir kunginaga keldi. Xizmat safariga ketayotganini aytib, hol-ahvol so‘rdi. Xizmatchilik deb o‘zimni ovutdim. Bir kuni televizordan Surxondaryoning tog‘li hududlarida noqonuniy kuchlar bilan bo‘layotgan to‘qnashuvlar haqida ko‘rsatib qolishdi. Xayolimga yarq etib o‘g‘lim keldi-yu, o‘zimga o‘zim: – Elomon Toshkentda bo‘lsa, bu voqea Surxondaryoda. Orasi uzooooq. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin deb duo qildim.

 

...11-sentyabr kuni uyimizga sovuq xabar keldi: O‘g‘lim o‘sha janglardagi bosqinchilar bilan to‘qnashuvda mardlarcha halok bo‘libdi. So‘nggi manzilga kuzatishga tumonat odam yig‘ildi. O‘g‘limning xizmatdoshlari, do‘stlari...

 

Ona

 

Yanglish Otajonova o‘g‘lini doim duo qiladi. Jajji xotiralarni tez-tez eslaydi:

 

– O‘g‘lim kichkinaligidan harbiy bo‘laman derdi. Xulqi yaxshi, o‘rtoqlari bilan ahil edi. Ko‘p eslayman, o‘g‘lim armiyadan qaytsa mashina olib, meni aylantirib yurishni niyat qilar edi. Ta’tilga kelganida qarindoshmi, do‘stimi – hammasining uyiga birma-bir kirib chiqardi. Men esa qachon uylanasan deb qistovga olganim olgan edi. – Opa, (aya ma’nosida) poligonga borib kelay, so‘ng bir qiz haqida aytaman, sovchi bo‘lib borasiz, degandi. Endi u qiz, u kunlar meni o‘rtagani-o‘rtagan...

 

 

 

***

Aytgancha, bugun qahramonimiz ta’lim olgan maktabda Elomonning xotira burchagi tashkil etilib, uning byusti o‘rnatilgan. U O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi farmoniga muvofiq, “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

 

***

Endi shoir qahramonining qismati haqida aytmasam bo‘lmas. Balki u chindan ham Elomonning o‘zidir. Xuddi marhum jangchi tilidan yozilganga o‘xshaydi:

 

Kechirimsiz yashaysiz buncha!

O‘q otildi. Havo tortdi dim.

...O‘q bag‘rimni teshib o‘tguncha,

Hammangizdan uzoq yashadim*.

 

Bobur ELMURODOV