Xabaringiz bor, ulug‘ mutafakkir Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 25-sentabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻz ishini boshladi. Konferensiya ishtirokchilari, xususan, Turkiya, Hindiston, Eron, Ozarboyjon, Tojikiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Afgʻoniston mamlakatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar uchun birinchi kun taassurotlarga boy ruhda oʻtdi.
Konferensiya ishtirokchilari ikkinchi kun Xorazm viloyatiga tashrif buyurdilar. Kimlardir tomosha bilan, kimlardir oʻzaro fikr almashish bilan band. Asosiysi, hammaning yuzida mamnunlik va iliq tabassumni koʻrish mumkin. Mana shu manzarada Oyina.uz konferensiya ishtirokchilarining taassurotlariga qiziqdi.
Mustafa Demirji, Turkiya:

Ancha yillardan beri Beruniy kitoblarini katta qiziqish bilan oʻqiyman va u yashagan tuproqqa kelganimdan juda baxtiyorman. Ayni damda Oʻrta Osiyo turk madaniyati tarixi fanidan yoshlarga dars beraman. Oʻquvchilar bilan birga Beruniy kitoblarini koʻp bora muhokama qilganmiz. Beruniy dunyo tan olgan 10 ta olimning biri va aynan Beruniydek yetuk ilm sohiblarining mamlakatida boʻlish men uchun faxr.
Beruniyning mavzularga qarashi maʼlumot beruvchi, tavsiflovchi va tushuntiruvchi – haqiqiy maʼnoda ilmiy va zamonaviy akademik qarashdir. Uning deyarli barcha asari fanlar tarixiga yangi ufq va yutuqlar olib keldi.
XIX asrning 70-yillarigacha olimning ilmiy merosini oʻrganish biroz cheklangan edi. Hozirda esa dunyo olimlari Beruniy asarlarini katta ishtiyoq bilan oʻrganmoqda va gʻururlanib aytamizki, biz ham shu yoʻldamiz.
Ashraf Ponnchethil, Hindiston:

“Beruniy” soʻzi “tashqarida” degan maʼnoni anglatadi. Olim oʻzini shunday atadi. Lekin eʼtiborlisi, Beruniy hech bir millatning tashqarisida qolmadi. Har bir xalq uni oʻz odami deb biladi, uning asarlari kirib bormagan hudud yoʻq.
Beruniy astronomiya, matematika va geografiya kabi sohalarga katta hissa qoʻshgan holda islom sivilizatsiyasining taniqli polimatiga aylandi. Gʻarb arboblarini indologiya, qiyosiy din va antropologiya asoschilari sifatida namoyon etish tashabbuslariga qaramay, musulmon dunyosidagi koʻplab olimlarni ijtimoiy fanlarning asoschisi va dastlabki tarafdori deb bilish mumkin. Jumladan, Beruniyni shubhasiz birinchi etnograf – Etnografiya otasi deb aytish mumkin.
Aynura Huseynova, Ozarboyjon:

Bir goʻzal shaxs uchun goʻzal anjuman tashkil etilganidan xursand boʻldim. Har bir tashkilotchiga, har bir qardoshlarimizga rahmatimni aytdim. Bu yerda turkiy xalqlarning oʻziga xos madaniyati shundoqqina ufurib turibdi. Bir qancha olimlar bilan buyuk Beruniy shaxsi haqida suhbatlashayapmiz.
Bilasizmi, men Beruniyni koʻplab ilmiy tushunchalar asoschisi deb bilaman. Aniqki, tushunchalar har qanday bilimning poydevori. Aynan men bu konferensiyada Abu Rayhon Beruniy ijodidagi tushunchalar mavzusidagi maʼruzam bilan ishtirok etayapman.
Abu Rayhon Beruniy oʻz davridan shu qadar oldinda ediki, uning ajoyib kashfiyotlari katta olimlar guruhi uchun hali maʼlum boʻlmagan. U Yerning Quyosh atrofida aylanishi haqida fikr bildirdi, shuningdek, bir geologik davrni boshqasiga davriy almashtirish gʻoyasini ishlab chiqdi. Yerning geologik rivojlanishi nazariyasining asosi sifatida u “vaqt oʻtishi bilan dengiz quruqlikka yoki quruq dengizga aylanadi”, deb taʼkidladi. Beruniyning har bir ilmiy farazlari va ilmni tushunchalar orqali izohlashi biz olimlarni taajublantiradi.
Ahamiyatlisi, u oʻzidan avvalgi va oʻz davridagi olimlarning ilmiy asarlarini ham oʻrgangan. Oʻz haqiqatiga mos tushunchalarni maqʼullagan, oʻzi xato deb bilgan qonuniyatlarni tanqidiy filtrdan oʻtkazgan. Beruniy hatto Aristotelning xatolarini ham topa olgan olim.
Baxtiyor Karimov, Oʻzbekiston:

Bu xalqaro konferensiyani juda katta bayram deyish mumkin. Dunyoning kuchli olimlari buyuk ajdodimiz ilmiy merosini shu qadar katta ishtiyoq va hurmat bilan oʻrganishganki, beixtiyor gʻururlandim. Shaxsan men ham umrimning asosiy qismini ilmga bagʻishlaganman. Abu Rayhon Beruniyning yirik ilmiy merosiga chuqurlashganim sari hayratda qolaman. Buyuk ensiklopedik olim Abu Rayhon Beruniy oʻzining koʻplab innovatsion gʻoyalari, tushunchalari va nazariyalari bilan jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Aynan shu mazmundagi ilmiy maqolam bilan konferensiyada ishtirok etayapman. Buyuk olimimizning qariyb 25 ta ixtirosini izohlashga uringanman.
Beruniy Demokritning ontologik taʼlimotini ishlab chiqdi, unda boʻshliq mavjudligini inkor etdi; tortishish maydoni nazariyasining asosiy gʻoyasini ilgari surdi; geodeziyaning fan sifatida shakllanishiga ulkan hissa qoʻshdi; sferik trigonometriya formulalaridan foydalangan holda geografiya rivojiga katta hissa qoʻshdi – yer radiusini, ekvator uzunligini katta aniqlik bilan oʻlchadi va katta globus yaratdi.
U Xristofor Kolumb va Amerigo Vespuchchidan koʻp asrlar oldin odamlar yashaydigan qitʼa sifatida Amerikaning mavjudligini, Taddey Bellingshauzen va Mixail Lazarevdan ancha oldinroq Antarktida materigi borligini bashorat qilgan yagona olim.
Abu Rayhon Beruniyning ilmiy gʻoya va tushunchalari dunyoning ilmiy manzarasini, oʻz davrining dunyoqarashini rivojlantirishga, binobarin, bu davr falsafasining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Taniqli fan tarixchilaridan biri Jorj Sarton XI asrning birinchi yarmini jahon fani taraqqiyotida “Beruniy davri”, olimning oʻzini esa oʻz davrining birinchi aqli deb atagan. Oʻtkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiya orqali olimning yanada buyukligi oʻz tasdigʻini topmoqda.
Oʻylaymizki, bu taassurotlar va bu ilmiy eʼtiroflar yurakdan otilib chiqmoqda. Buyuk ajdodimizga befarq boʻlmagan dunyodan minnatdormiz. Bu hali hammasi emas, xalqaro miqyosda beruniyshunoslik tadbirlari davom etmoqda.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz