16–18-sentyabr kunlari Xivada oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston mushoirasi” adabiyot ahli uchun kutilmagan damlarni tuhfa etdi. Birinchi kun – poyezddan qolib ketib, oʻn toʻrt soatlik masofani taksida bosib oʻtish dastavval ogʻir tuyulgani rost, lekin yoʻl davomida oʻlkaning kengliklarini tomosha qilib, ichimni tartibga keltirib ham bordim.
Poyezdga ulgurganimda Xorazm tuprogʻiga safarim buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan vokzaldan boshlangan boʻlarkan. Shu nomdagi mehmonxonada qoʻnim topishim ham oʻtmish va bugun uygʻunligini yaqqol his ettirdi.
Xiva – shunchaki qadimiy shahar emas, u tirik tarix. Badiiy kitoblarda oʻqib, XVIII asrning osoyishtaligini his qilishni orzu qilgan inson uchun bu maskan chinakam ruhiy terapiyaga aylandi. Ichanqalʼaning qalin devorlari orasida vaqt goʻyo oʻz oqimini sekinlashtiradi. Shovqin-suronsiz koʻchalar, milliy arxitektura namoyishidagi imoratlar, odamlarning xotirjam nigohlari zamonaviy dunyoning charchoqlarini bir zumda yuvib yuboradi. Yana bir eʼtiborli jihati, Toshkentdan yoʻlga chiqqan taksimdan tortib to yemakxonalar, doʻkonlar-u ichki transportlargacha yangragan musiqalarning bari Xorazm navolaridan iborat boʻldi. Milliy taomlarining turi, mazasi esa alohida mavzu.
Bu tuproqqa qadam qoʻygan har bir ijodkor Xorazm adabiy muhitining boy va salmoqli tarixini eslaydi. Mazkur maskan oʻtmishda dunyoga koʻplab mutafakkirlarni bergan: buyuk tarixnavis va shoir Munis Xorazmiy, qomusiy adib, tarjimon va shoir Ogahiy, Xiva xoni va shoir, oʻz davrida sanʼat va adabiyot ahlini atrofiga toʻplab, butun bir adabiy maktabga asos solgan Feruz (Muhammad Rahimxon II), shoir, tarjimon va mashhur sozanda, oʻzbek nota tizimini yaratuvchilardan biri Komil Xorazmiy, maʼrifatparvar shoir Avaz Oʻtar. Shuningdek, keyingi davr adabiyotimizda oʻz oʻrni va betakror ovoziga ega boʻlgan marhum shoirlardan Omon Matjon, soʻz sanʼatining fidoyisi Oshiq Erkin, falsafiy sheʼrlari bilan qalblardan joy olgan Matnazar Abdulhakim hamda yozuvchi va dramaturg, tarixiy romanlar va dramalar yozgan Erkin Samandar kabi buyuk ijodkorlarni adabiyotga shu zamin bergan. Bu sehrli shaharni kezarkansiz, ularning ruhi hamon shu koʻchalarda, qadimiy devorlar orasida aylanib yurgandek tuyuladi. U ijodkorlarning nafasi singgan bu maskan hamisha yangi avlod shoirlariga ilhom baxsh etib kelishi shundandir.
Asosiy tadbir 17-sentyabr kuni boʻlib oʻtdi. Turli avlod vakillari bir davrada jam boʻlishi esa loyihaning eng muhim jihatlaridan biri boʻldi. Odatdagi katta adabiy kechalardan farqli oʻlaroq, avlodlar vakillari tarozi posangisini teng ushladi. Turkiya va Turkmanistondan kelgan qardosh ijodkorlarning qatnashishi tadbirga xalqaro ruh berdi, deyish mumkin. 60 nafar shoir qatnashgan bu bayram chinakam adabiy muloqot maydoniga aylandi.
Usmon Azimning “Hali butun roʻyi jahon sheʼr boʻlajak” degan xitobini Mahmud Toir, Xosiyat Bobomurodova, Minhojiddin Mirzo, Salim Ashur, Rustam Musurmon, Ibodat Rajabova, Zebo Mirzo, Farida Afroʻz, Munavvara Usmonova kabi ustoz shoirlar va keyingi avlod vakillari davom ettirdi. Toʻrt soat davom etgan mushoirada zaldan biror kishi chiqib ketmadi. Tomoshabinlar oyoqqa turib, shoirlarga joʻr boʻlgan holda sheʼrni birgalikda oʻqidi. Sokinlik va joʻshqinlik uygʻunlashgan bunday manzara adabiyotning kuchi barhayotligini koʻrsatdi.